Dunyodagi eng yaxshi sheʼr degan eʼtirof menga eng nufuzli mukofotlardan koʻra balandroq boʻlib tuyulardi – Luiza Glyukning Nobel maʼruzasi


Saqlash
15:10 / 18.10.2023 621 0

“Oʻzining qatʼiy jozibasi bilan individual mavjudlikni umumbashariy qila olgan sheʼriy ovozi uchun” adabiyot boʻyicha Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan amerikalik shoira Luiza Glyuk 2023-yilning 13-oktyabrida 80 yoshida olamdan oʻtdi. Sheʼriyatida ruhiy jarohatlar, oʻlim, azob, yoʻqotishlar yetakchi mavzular hisoblanuvchi ijodkor qator nufuzli adabiy mukofotlarni qoʻlga kiritgan. Jumladan, uning sovrinlari qatoridan sheʼriyat uchun Pulitser mukofoti (1993), Bollingen mukofoti (2001), Milliy Kitob Mukofoti (2014) kabilar joy olgan. Oyina.uz shoiraning 2020-yilda Nobel mukofotini olish paytida soʻzlagan maʼruzasini taqdim etadi.

 

LUIZA GLYUK. NOBEL MAʼRUZASI

 

Kichkina qizaloqlik paytim, adashmasam, 5 yoki 6 yoshligimda xayolan bir tanlov oʻtkazdim: dunyodagi eng ajoyib sheʼr qaysi? Oʻshanda eng soʻnggi bosqichda gʻoliblikka ikki daʼvogar bor edi. Biri Bleykning “Habash bolakay” sheʼri, boshqa biri esa Stiven Fosterning “Oqqush koʻli” asari. Buvimning uyidagi qoʻshimcha yotoqxonada boʻzchining mokisiday u yoqdan bu yoqqa qatnarkanman, Bleykning xotiramga chippa yopishgan sheʼrini ogʻzaki emas, miyamda oʻzimga maʼqul kelganiday takrorlab, Fosterning tushkun, biroq jozibali qoʻshigʻini botinan kuylab tinmasdim. Qanday qilib Bleyk mutolaasiga tutinganim nomaʼlum. Eslashimcha, ota-onamning uyida koʻplab romanlar, tarix va siyosatga oid kitoblar orasida juda oz boʻlsa-da sheʼriy antologiyalar boʻlardi. Ammo Bleyk mutolaasini buvimning uyi bilan chambarchas bogʻliq deb bilaman. Buvim kitobsevar ayol boʻlmasa ham uyida Uilyam Bleykning kitobi – “Soflik qoʻshiqlari” hamda Shekspirning dramalaridan olingan qoʻshiqlarning (koʻplari hali ham yodimda!) moʻjaz toʻplami boʻlardi. Ehtimol, soʻzlarini anglaganim uchun emas, ohangi, kadensiyalari[1], yuraksiz va uyatchan bolada vahima uygʻotuvchi jarangdor xitoblari qulogʻimga oʻrnashgani sabablidir, menga ayniqsa “Simbelin”dan olingan qoʻshiqlar koʻproq yoqardi:

 

“Hamda uning qabri boʻlar koʻp mashhur...”

 

Bu kabi yuksak eʼtirof uchun oʻtkaziladigan tanlovlar, musobaqalar menga oʻta tabiiy tuyulardi, ilk bor oʻqiganlarim miflar ham shunday sahnalarga toʻla boʻlgan. Hattoki juda kichkina boʻlsam-da, dunyodagi eng yaxshi sheʼr degan eʼtirof menga eng nufuzli mukofotlardan koʻra nufuzliroq boʻlib tuyulardi. Men va opamni Fransiya uchun kurashgan Janna dʼArk kabi, radiyni kashf etgan Mariya Kyuri kabi tarbiyalashardi. Toʻgʻri, vaqt oʻtib iyerarxik fikrlashning ziyoni va nuqsonlarini anglab yetdim, ammo goʻdakligimda mukofot berish muhimday koʻringani rost. Birov togʻning eng yuqori choʻqqisida boʻlsa-yu olisdan ham koʻzga tashlanib tursa, togʻdagi yagona jalb etuvchi shu boʻladi. Undan biroz quyidagi kimsa nazardan chetda qoladigandek goʻyo. Sheʼrda ham ayni holat kuzatiladi.

 

 

Ishonchim komil ediki, Bleykning oʻzi ham bundan qaysidir maʼnoda xabardor boʻlgan, oʻzining kun kelib yuzaga chiqishidan koʻngli toʻq boʻlgan. Uning allaqachonlar vafot etganini fahmlardim, biroq toki qulogʻim ostida pichirlayotgan ovozini eshita olarkanman, u tirik edi. Shunday derkanman, oʻzimni tanlab olinganday, obroʻli kishiday sezdim; shuni his etdimki, soʻzlashishga jurʼat topgan shoirim Bleyk edi; u, shuningdek, Shekspir ham mening suhbatdoshimga aylanib ulgurgandi. Tanlovimning gʻolibi Bleyk boʻldi. Biroq keyinchalik bu ikki sheʼrning naqadar oʻxshashligini anglab yetdim, orzu hamda gʻussadan boʻy choʻzgan insoniy ovozdan xuddi hozirgiday hayratda edim. Yoshim ulgʻayibroq yuzlashgan shoirlarimning asarlarida eng asosiy rolni – tanlab olingan tinglovchi rolini doʻndirdim. Ularning sheʼrlari ichki tugʻyonlarni, joʻshqin ehtiroslarni, intim tushunchalarni kuylardi. Ular olomonning baqiroq shoirlari emasdilar. Oʻz-oʻziga soʻzlovchi shoirlar emasdilar. Ular inja tuygʻularni tarannum etuvchi, ehtirosli va sinoatli sheʼrlar yozishardi. Sheʼrda nima aytilgani muhim, uni sheʼrxon va tahlilchining oʻzi anglab oladi, degan fikr menga maʼqul keldi.

 

Bleyk menga jajji habash bolakay boʻlib soʻzlardi. Bolakay uning yashirin ovozi edi goʻyo. Uni koʻrib boʻlmas yoki landavur va kalondimogʻ oq tanli bolakayning nigohi bilan qaralganda ham bexato koʻra bilish ilojsiz edi. Kaminaga ayon ediki, bolakayning soʻzlari yolgʻondan yiroq, omonatgina jussasi oʻzida ulkan begʻubor qalbni jo etgan boʻlib, uning tuygʻulari-yu boshdan kechirganlari haqidagi hikoyasi na malomatni, na nadomatni tashkil etar, aksincha, faqatgina umiddan iborat edi. Vafotidan soʻng vaʼda qilingan mukammal dunyoni, uni borligicha qabul qiladigan olamni niyat qilardi xolos. Bu orzuni hayotiy deb boʻlmaydi, bilʼaks, u reallikni inkor etib, sheʼrga yanada gʻamchil va chuqur siyosiy tus beradi.

 

 

Ammo ijtimoiy mukofot umuman boshqa gap. Butun umrim davomida muhabbat qoʻyib oʻqigan nazmiy asarlarim yuqorida tasvirlaganim kabi ichki tugʻyonlarning ifodasi hisoblangan sheʼrlar edi, yaʼni oʻquvchi yoxud tinglovchi oʻzini xuddiki eʼtiroz va ishonchni qabul qilguchidek, kezi kelganda esa shoirning ichki fitnalariga hamtovoqdek sezib bor diqqatini ayamaydi. Hattoki oʻquvchi murgʻak bola boʻlsa ham.

 

“Zotan men hech kimman, ayt-chi, sen kimsan?

Nahot sen ham meningdek hech kim.

 

Ikkimiz bu yerda – sezmasin birov...” – deydi Dikkinson. Yoki:

“Yur, ketamiz sen va men ikkov

Bu olamga choʻkkanida shom...” – deb yozadi Eliot. Xususan shu yerda Eliot skout yigitlar truppasini chaqirayotgani yoʻq. U oʻquvchidan nimadir soʻrayapti. Muqoyasa qiladigan boʻlsak, Shekspir bunday deydi:

 

“Yoz kuniga mengzab boʻlurmi seni...”

 

Bu misrada shoir meni yoz kuniga mengzayotgani yoʻq, balki tabiatning betakror moʻjizasini his ettirmoqda. Lekin sheʼr aynan mening mavjudligimga muhtoj ham emas. Meni hayratlantirgan sanʼat kishilari uchun jamoat xitobi yoki qarori oʻta xavfli. Bordi-yu jamoat koʻringanidek inkor etish va haydab solishlardan tiyilib, qarsakbozlik va madhiyabozlikka avj bersa, bu turdagi shoirlar bilan nima roʻy beradi? Xuddi shu vaziyatda tahlikaga tushib gangib qoladigan shoirani misol qilishim mumkin. Bu – Dikkinson. Toʻgʻri, doimiy shunday boʻlmas, ammo tez-tez yuqoridagi vaziyatga asir tushishi mumkin u. Oʻsmirligimda Dikkinsonni cheksiz muhabbat bilan oʻqiganman. Asosan kechki paytlar uyquga yotishdan oldin divanda mutolaa qilib oʻtirardim.

 

“Zotan men hech kimman, ayt-chi, sen kimsan?

Nahot sen ham meningdek hech kim...”

 

Hali hanuz Dikkinsonni shundayligicha sevaman:

“Ikkimiz bu yerda – sezmasin birov

Toki haydab solmogʻi mumkin...”

 

Divanimda oʻtirgan boʻlsam-da, Dikkinson aynan meni tanlagan, aynan meni tanib olgandi. Biz gʻoyibdan eng ajoyib doʻstlar edik, faqat ikkimizgina biladigan haqiqat shu ediki, biz bir-birimizni doim qoʻllab-quvvatlardik. Hayotda esa... hech kim emasdik. Biroq biz kabi oʻz tabiricha jimgina yashab yurgan kishilar orasiga qandayin raxna solishar ekan? Faqatgina doʻstligimiz yakun topsa darz ketishi mumkin.

 

 

Men hozir Dikkinson ijodining hali boʻy yetmagan qizlarga imi-jimida oʻtkazadigan salbiy taʼsiri haqida gapirmoqchi emasman. Men ayni damda odatiy hayot tarziga shubha koʻzi bilan qaraydigan yoxud bir tutamgina haqiqat ham soflikning oʻrnini egallovchi, ochiq-oshkoralik malomat qilinguvchi bir dunyo deb qaraydigan temperament haqida gapirmoqchiman. Misol uchun, tasavvur qilingki, yuqorida aytganimiz kabi fitna qoʻzgʻovchining, yaʼni Dikkinsonning ovozi tribunalniki[2] bilan almashtirilsa: “Biz hech kimmiz, kimsiz oʻzingiz?”. Oʻz-oʻzidan misra vahimali tus olishi aniq.

 

Oktyabrning sakkizinchi sanasi erta bilan hozir oʻzim tasvirlab berayotgan vahima hissini shaxsan oʻzim tuyishim oʻta hayratlanarli boʻldi. Oʻshanda quyosh yorqindan yorqin porlar, harorat ham shunga monand edi.

 

Adiblarning deyarli barisi ehtimolki koʻp narsaga erishishni orzu qilishadi. Baʼzi shoirlar esa, makon jihatdan qaralganda, auditoriyalar toʻla tinglovchilarga ega boʻlishni tasavvur qilmaydilar. Ular vaqtlar oʻtib, jarayonlar oʻtib, balki kelajakda muxlislari serob boʻlishi mumkin deb hisoblashadi. Ammo baʼzi aqliy hodisalar taʼsirida, oʻsha oʻquvchilar birma-bir, sekinlik bilan toʻplana boshlaydi. Menga mazkur mukofotni topshirish orqali, Shvetsiya Akademiyasi ichkin ovozni, jamoatchilik urhosi baʼzan koʻkka koʻtarishi, baʼzan yerga urishi mumkin boʻlgan, ammo hech qachon oʻrnini egallay olmaydigan ichki tugʻyonlarning aks-sadosini yuksak eʼtirofga sazovor koʻrganiga ishonaman.

 

Ingliz tilidan

Shohrux USMONOV tarjimasi


[1] Kadensiya – ovoz chiqarib biron nimani oʻqiyotgandagi kishining ovozi koʻtarilish va tushishi holati

[2] Tribunal – Sud hayʼati, favqulodda yoki ixtisoslashgan sud.

a

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19453
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16796
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi