Qonga botirilgan Buxoro, oʻldirilgan farzandlar, qaytarilmagan pullar – Amir Olimxonning koʻrgiliklari


Saqlash
13:10 / 17.10.2023 2143 0

 

Buxoro Chor Rossiyasining yarim mustamlakasiga aylantirilgach, amir Muzaffarxon valiahdlikka birinchi daʼvogar boʻlgan Abdimoʻminxonni emas, uning ukasi Abdulahadxonni taxtga munosib koʻradi. Amir Abdulahadxon Buxoro amirligining iqtisodiy taraqqiyoti uchun Rossiya imperiyasidan tashqari Yevropa mamlakatlari bilan ham aloqalarni rivojlantirishga harakat qiladi. Ayniqsa, qorakoʻl terisi savdosini yoʻlga qoʻyish uchun Buyuk Britaniya, Fransiya banklariga katta miqdordagi mablagʻlarni kiritadi. Amir bunyodkor ajdodlari anʼanasiga sodiq holda Buxoroda koʻplab qurilishlarni amalga oshirdi. Sherbedin saroyi, Sitorai mohi Xosa bularning yorqin namunasidir. Uning hukmronlik yillarida Makkai mukarrama, Madinai munavvarada, Shom, Misr, Suriya va Iroqda rabotlar, mehmonxonalar barpo etildi. Bu binolardan hali hamon muqaddas shaharlarga ziyorat uchun boruvchi moʻmin musulmonlar foydalanishmoqda.

 

XIX asrning oxirlariga kelib, Sankt-Peterburg shahrida musulmonlar soni ancha ortgan boʻlsa-da, birorta masjid boʻlmagan. Shahar musulmonlari masjid qurish uchun mablagʻ toʻplashga kirishadi. Biroq yigʻilgan pul yer sotib olishga ham yetmaydi. Amir Sayid Abdulahadxon bundan xabar topgach, xazinasidan masjid qurilishi uchun katta miqdorda mablagʻ ajratadi va 1910-yil 3-fevral kuni shaxsan masjidning birinchi gʻishtini qoʻyadi. Amirning sheʼriyat va adabiyotga ixlosi baland boʻlib, oʻzi ham “Ojiz” taxallusi bilan ijod qilgan. Hoji Neʼmatullo uning topshirigʻi bilan yozilgan “Tazkirat ul-ashʼor” asarida “Ojiz” taxallusida bitilgan sheʼrlaridan namunalar keltirgan.

 

***

Abdulahadxonning toʻngʻich oʻgʻli Olimxon 1881-yil Karmana shahrida dunyoga kelgan. Olimxon ilk saboqlarni saroy muallimlardan, soʻng Buxoro mudarrislaridan oldi. 1893-1896-yillar esa Peterburgdagi Nikolayev pajlar korpusida tahsilni davom ettiradi. 1898-yildan Qarshi shahrida hokim boʻlib, mahalliy qorakoʻl savdosi egalarini maʼrifatni qoʻllab-quvvatlash uchun tashviq qiladi. Natijada 1905-yil Qilichboy, 1906-yil Bekmir Qozoq, 1909-yil Abdulaziz madrasalari qurib ishga tushiriladi. Ularga Mahmudxoʻja Behbudiyning taraqqiyparvarlik gʻoyalari bilan qurollangan shogirdlari mudarris sifatida jalb etiladi. Hatto, Bekmir Qozoq madrasasida qizlar tahsili ham yoʻlga qoʻyiladi. Olimxon Qarshidan soʻng bir muddat valiahd sifatida Karmana bekligida hokim boʻldi. Otasi vafotidan soʻng 1910-yil 24-dekabrda Buxoro taxtiga oʻtirgan Olimxon dastlabki kunlaridan oʻzini islohotchi amir sifatida koʻrsatdi. Mamlakatda maorifni qoʻllab-quvvatlash, toʻy-hashamlardagi ortiqcha dabdababozliklarga, poraxoʻrlikka chek qoʻyish, aholining ariza va shikoyatlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish yoʻlidan boradi. Buxoro va atrof bekliklarda ham qurilish ishlari avj oldirildi. Avval oʻzining Olimxon madrasasini qurdirdi, “Sitorai Mohi Xosa” yozgi saroyini yakunlab, unda ulkan hovuz, Gʻozgʻon marmaridan fontanlar, xilma-xil hayvonlar haykallarini yasattirdi. Mohi xossa bogʻini dunyoning turli burchaklaridan keltirilgan anvoyi daraxtlar, gullar bilan bezatdi. Xalqaro qorakoʻl savdosini yanada rivojlantirish maqsadida 1914-yilda oʻz vakillaridan Toʻraqulboy dallol, Qori Muzrob, Qori Muhammadlar orqali oʻn uch ming besh yuz dona qorakoʻl terini Britaniya Hindistoniga yuboradi.

 

Birinchi Jahon urushi boshlanishi bilan Rossiya imperiyasi davlatning yagona suv manbai boʻlgan Zarafshon daryosini toʻsish hamda “Yosh buxoroliklar”ning norozi qatlamidan foydalanib amirlikka bosimni orttira boradi. Natijada amir Rus imperatoriga katta miqdorda pul yuborishga majbur boʻladi. Buning evaziga Nikolay II uni general – leytinant harbiy unvoni bilan taqdirlaydi. 1915-yil dekabrda oʻzining general – adyutanti qilib tayinlaydi. Soliqlarning ortib borishi, iqtisodiy qiyinchiliklar ortidan aholining Amir Olimxondan noroziligi ortib bordi. Ayni paytda Fevral burjua inqilobi ortidan Romanovlar sulolasi hokimiyatdan agʻdarildi. Hokimiyatga kelgan bolsheviklar Buxoro amirligiga ham oʻzining mulki sifatida qaray boshlaydi. 1917-yil aprel oyida amir “Yosh buxoroliklar” talabi bilan Manifest qabul qildi. Biroq, milliy murosa yuz bermadi. “Yashasin Amir!”, “Yashasin Buxoro!” degan qiyqiriqlar bilan boshlangan namoyish amir saroyidagi ayrim xoinlar va ularning Kogondagi xoʻjayinlarining xizmati sabab kuch bilan bostirildi. Xayrli tadbirlar nihoyasiga yetmay qoldi.

 

 

1918-yil martda Turkiston Muxtoriyatini qonga botirgan bolsheviklar goʻyoki “Yosh buxoroliklar”ning iltimosiga koʻra Buxoroga ochiq yurish boshladi. Tarixda “Kolesov voqeasi” degan nom bilan qolgan bu hodisa amalda bolsheviklarning naqadar labzsizliklarini isbotladi. Amirning ultimatumni toʻliq bajarganiga qaramay, koʻhna Buxoroni snaryadlari tugaguncha toʻpga tutdilar. Qoʻmondon Mirzo Shams oʻldirildi, amir xazinasi ilinjida goʻzal Sherbedin saroyi vayron qilindi. Chorjoʻy koʻprigi buzilib, temir yoʻllar ishdan chiqarila boshlaganini eshitgan yalangoyoqlar qoʻshini Kogondagi bor doʻkonlarni, banklarni talab, oʻliklarning kissalarini, kiyimlarigacha tunagan holida ortga qaytdilar. Bu urush xalqning mislsiz qurbonlar berishi ortidan toʻxtatildi. Bundan amir naqadar dogʻuli, yovuz dushmanga duchor kelganini bilgan boʻlsa, bolsheviklar amirlikning ojizligini, na qurol va na u bilan ishlay oladigan kadrlari yoʻqligini bilib qaytdilar.

 

***

1918-yilning bahoridan Fargʻonada erk va ozodlik yoʻliga jonini tikkan katta Ergash, Muhammad Aminbek, Shermuhammadbeklar tezda tanildi. Bir vaqtlar Afinada harbiy attashe, Germaniya frontidagi 6-rus armiyasi korpusi rahbari boʻlgan general Muxanov Muhammad Aminbekni qoʻllab, hatto Muvaqqat hukumat ham tuzishga erishdi. Muxanovning oʻgʻli Qoshgʻarga bordi. Biroq, sobiq mustamlakachi va mutening nafrati, tengsizlik bu ishning ham muvaffaqiyatli yakun topishiga imkon bermadi. Qolaversa, Angliyaning Qoshgʻardagi vakillari Aleksandr Beyli, Essertonlar Toshkentga kelib voqeʼlikka uncha qiziqish bildirmadi. Aftidan yuz minglagan qizil askarga qarshi bunchalik uzoq quruqlik yoʻlidan qurol yetkazib bir muvaffaqiyatga erishishiga ishonishmagan. Amir ozgina vaqtdan foydalanib oʻzining mudofaa masalasini hal etishga kirishdi. Qurollanish uchun xazinadan 36 mln funt-sterling miqdorida pul ajratishini, kerak boʻlsa yana pul berishini maʼlum qiladi. Biroq, bobosi Muzaffar zamonidagidek xalqaro vaziyat chigal edi. Jahon urushi endigina tugagan iqtisodiy tanazzullar va urushdan bezgan dunyo amirlikni asrab qolishga shoshilmadi. Bundan xabar topgan bolsheviklar zudlik bilan harbiy amaliyotga kirishib, hatto samolyotlarni ishga soldi. Amirning mudofaasi uchun 25000 dan ortiq odam chiqishi aslida katta voqeʼlik, shunday tish tirnogʻi bilan qurollangan dushman bilan jangdan tirik chiqishi uning ulkan muvaffaqiyati edi.

1920-yil bahoridan boshlangan bolsheviklarning muzokaralariga Amir Olimxon deyarli qiziqish bildirmadi. Dushman Buxoroning barcha tarixiy binolarini yer bilan yakson qilish, xalqning kulini koʻkka sovurish bilan tinimsiz tahdid qilardi. Amir shuning uchun bor qoʻshinini olib shaharni tashlab ochiq maydonga chiqdi. Avgustning soʻngida bir necha soatlik jangdan soʻng amirlik tuzumi agʻdarildi. Aeroplanlardan tashlangan varaqalarga ishongan minglab qurolsiz dehqonlar amir qoʻshining oldiga chiqib himoyaga otildi. Labzsiz qizil askar ularni pulemyotlar bilan yerparchin qildi. Amir Olimxon askarlarini dehqonlar himoyasiga tashlab odamlarni panaga olgan holda chekinishga amr berdi. Ayni paytda oʻzi oddiy kiyimda oʻrdani tark etib, Gʻijduvonga Poʻlot boyvachchaning uyida maxfiy majlis qiladi. U dodholarning tavsiyasi bilan tish tirnogʻi bilan qurollangan dushman changalidan sogʻ omon qutulib ketdi. Dodholar hiylasiga chuv tushgan qoʻmondon Frunze bu sharmandalik ortidan koʻpga bormadi.

 

***

Sentyabr oyining oʻrtalarida Olimxon Sharqiy Buxoroga borib, Hisor viloyatini oʻziga qarorgoh qilib belgiladi. Hisorda yangi hukumat tashkil qilib, olti oy davomida qizil askarlarga qarshi harakatlarini muvofiqlashtirishga intildi. Buxoroliklarning qizil askarlarga qarshi jang olib borayotgan Olimxon Koʻlob, Hisor va Dushanba atrofida katta miqdordagi kuchlarni birlashtirishga muvaffaq boʻldi. 1920-yil noyabr oyining oʻrtalarida uning qoʻshinlari Boysun, Darband, Sherobodni qizil askarlardan ozod qilishdi. Olimxon ixtiyoriga Fargʻonadan yordamga yuborilgan 4 ming yigit ham Sharqiy Buxoroga yetib keldi. 1921-yil 8-yanvarda Olimxon qoʻshining miqdori 25 ming kishiga yetgan. Hisordan Koʻlob viloyatiga kelgan Olimxon butun qoʻshinlariga oliy bosh qoʻmondonlikka Ibrohimbekni, uning oʻrinbosarlari etib Davlatmanbek va mulla Abdulqahhorlarni tayinlaydi. Biroq, bir qator magʻlubiyatlar va qizil armiyaning chegarani mustahkamlayotganini koʻrgan Amir Olimxon 500 hamrohi bilan 1921-yil 4-martda Amudaryoning Chubek kechuvidan Afgʻonistonga oʻtib ketadi. U avval Husayn Kavt bogʻiga, soʻng Hoshimxon bogʻiga joylashadi. Bir yildan soʻng Murodbegi qalʼasi bogʻiga oʻtkazilib, toʻrt oy yashaganidan soʻng amir va unga tegishli kishilarga doimiy yashash uchun Qobuldan 11 km uzoqlikda joylashgan Fatuh qalʼasi bogʻi inʼom etiladi.

 

 

Shoʻro xufiyalarining maxfiy xatlariga koʻra, Qalʼai Fotuhda 1924-yilning boshlarida Amir Olimxon atrofida Mirfattoh dodho udaychi, Abdulhafiz parvonachi, Ismoil devonbegi, Hojilatifbiy devonbegi kabi yuqori lavozimli ayonlar, Yovqochtibiy dodho, Jahongirbekbiy dodho, Guljonbiy dodho, Mirmuhammadbek Mirakram dodho, Ibrohimbekbiy dodho, Nizomiddin Urganjiy qushbegining oʻgʻillari Xoldorbegijon dodho va Abdullahoji dodholar kabi 10 nafar dodho (general) jami 191 nafar harbiy unvon egalari, mullo Ibodullo muftidek islom olamida ulkan ulamolar bor edi. Hisor hokimi Ostonaqul, Qarshi begi Togʻaybek, Usmon qushbegi va Nizomiddin Mirzo Urganjiyning oʻgʻillari, Mirza Salim parvonachining bolalari, Ostonaquli qushbegining oʻgʻli Shohmurod Choʻlibek, Mirusmonbek inoq sarkarda qushbegining bolalari, shuningdek, amir xizmatidagi savdogarlar, ustalar jami 320 odam boʻlgan. Amirning togʻasi sobiq Gʻuzor va Shahrisabz begi Akromxon toʻra, amirning qaynatasi Eshon Sudurlar Xonobodda yashaganlar. Amirning oldiga baʼzan Qobuldan Usmon Xoʻjayev ham kelib turardi. Biroq, afgʻon amiri sovetlarning siquvi ostida amirdan harbiy mulozimlarini vataniga qaytarishni jiddiy talab qila boshlaydi. Natijada 1924-yil Koʻlob begi Doniyorbek, Ismoil devonbegining ukasi Nosir toʻqsabo, Abduhalim toʻqsabo kabi koʻplab harbiylar Buxoroga qaytishga majbur boʻladi. 1924-yil oktyabrda Buxoroda Afgʻonistondan kelgan Togʻay qorovulbegini mulla Abduqahhorga uchrashish uchun kelgan deb qamoqqa olinadi. 1925-yil 20-yanvarda shu ish ortidan Rahmatullo dodho, Saidbek dodho, Nosir toʻqsabo, Abduhalim toʻqsabolar bilan birga Amir Olimxonning kuyovi, amakilari, Ostonaquli qushbegining oʻgʻillari Muhammad Aminbek, Muhammad Solihlar, yirik ulamolar jami 30 ga yaqin kishi hibsga olinib, konslagerlarga yoʻllanadi.

 

Amir Olimxon 1924-33 yillar davomida Qobul qoʻriqlovida Qalʼai Fotuhda yashasa-da, Buxorodagi ozodlik harakatiga gʻoyaviy jihatdan rahbarlik qilishda davom etdi. Qoʻrboshilar va ulamolarga turli maktublar va qimmatbaho sovgʻalar joʻnatib, ularni kurashga ilhomlantiradi. Murodbegi qalʼasida turganida Hoji Mirzo devonbegi qimmatbaho olmos va javohirlar bilan bezatilgan uch dona murassa tojlarni amirga keltirib bergan edi. Shu murassa tojlaridan birini ozodlik uchun kurashayotgan mujohidlar harakati ishtirokchilariga qurol-aslaha, ot va anjomlar sotib olishga sarflaydi.

 

1927-yil yanvar Qobul axborotida yozilishicha: Afgʻon hukumati tomonidan Amir Olimxonga 14 500, Shermuhammadbekka 1000, Ibrohimbekka 500, Fuzayl maxsumga 400 rupiy nafaqa tayinlangan. Bu vaqtda sovet maxsus xizmatlari tomonidan “Olimxon Ahadxonov” nomli alohida kuzatuv ishi yuritilgan boʻlib, amir va uning atrofidagi odamlarning har bir xatti-harakati qayd etib borilgan. Jumladan, unda “1927-yil dekabrda amir sakkizinchi xotini bilan Jaloloboddagi uyiga borgan. Shu kunlarda Shermuhammadbek Jonibek qoziga xat yozgan. Fuzayl maxzum Shermuhammadbek bilan doʻstona aloqaga ega. Ular kuchlarni birlashtirib SSSRga qayta hujumga oʻtish niyatida. Ammo, Ibrohimbek Laqay bilan muammosi bor. Inglizlar Amir Olimxon, Hoshim Shoyiqlar yordamida ularning barchasini birlashtirmoqchi. Biz ular oʻrtasida nizolarni avj oldirish uchun barcha choralarni koʻrmoqdamiz” deyilgan.

 

Amir Olimxonning Afgʻonistonda ham kattagina savdo kapitali boʻlib, dastlab Toʻraqulboy dallol va Qori Mizroblar yuritar edi. 1921-yil Olimxon Afgʻonistondan turib Hoji Ismoilbek va Toʻraqulni qorakoʻl terilarni sotish uchun Londonga yuboradi. Qorakoʻl terilar 17 500 000 hind rupiyasiga sotiladi, shu pul mablagʻining 27 930 ingliz funti Londonning “Grind lays Bank P.J.C.” bankiga oʻz nomiga oʻtkazadi.

 

***

Buxoro amirligining Londondagi savdo vakili Yusufboy Muqumboyev Buxoro Shoʻrolar Jumhuriyati tuzilganidan soʻng Germaniyaga kelib, yosh Respublikaning savdo vakili sifatida ish koʻra boshlaydi. Biroq, sovetlarning tazyiqi ostida Berlindan Istanbul va Makka orqali Kobulga oʻtadi. 1924-28 yillar Parij bankida 180 mln frank, Peshovar bankida 2 mln kaldor (Hind rupiysi) jamgʻarilgan edi. Amir Olimxon 1928-yil Yusufboyni Jenevaga Millatlar Ligasiga yuborib, pulini qaytarishlarini soʻraydi. Fransuz tomoni esa pul Buxoro amiriga tegishli, siz amir emassiz, demak pul ham yoʻq degan maʼnoda javob beradi. Keyinchalik Peshovardagi ingliz banki ham amir Olimxon nomidagi 2 mln hind rupiysini katta oʻgʻli Sayyid Umarxon nomiga oʻtkazishdan bosh tortadi.

 

1934-yil 9-oktyabrda sovet maxfiy axborotida: “Yusufboy Muqumboyevning Peshovarda qorakoʻl terisi savdosida 200 000, Toʻraqulboyning 750 ming rupiylik savdo aylanmasi mavjudligini yozadi. Qalʼai Fotuhda Olimxon atrofida jami 46 nafar xodim boʻlib, Abdulhalim uning kayfiyati uchun masʼul, Muqumbek xazina va qorovul xizmatiga javobgar, Fattohbek kotiblik vazifasini bajaradi. Olimxon Pagʻmon safaridan kasal boʻlib qaytdi. Olimxon hozirda afgʻon hukumatidan 5000, boshqa manbalaridan 11000 rupiy miqdorida daromad oladi” deyilgan.

 

***

 

Amir Olimxon xorijga chekinarkan, Buxoroda xotinlari, farzandlari va yaqin qarindoshlarining 64 nafari qolib ketgan. 1936-yil 20-aprelda “Salim” laqabli xufiyaning sobiq amir qarindoshlari haqidagi axboroti ham oʻzida juda koʻp qimmatli maʼlumotlarni qamraydi. Jumladan, “... Amir Olimxonning amakisi Boysun hokimi Moʻminxonning oʻgʻli Abdulhamidxon Abdulmoʻminov 1887-yil tugʻilgan. 1920-yillarda Abdulhamidxon “soʻfi” laqabi bilan GPU josusligiga yollanib, “Ahmadiy”larni tutish ishida ishtirok etgan. Buxoroning Shikastabon guzari soʻfisi, Pravitel koʻchasi, 4-uyda yashaydi. Ukasi Nasriddin Moʻminxonov Buxoroning Chikalov koʻchasi, 46-uyda yashaydi. “16-partsyezd” tikuv fabrikasida ishchi, tuberkulyoz kasaliga chalingan...”.

 

Sobiq amir haramida boʻlgan qizlar ham xufiyaning nazaridan chetda qolmagan, jumladan, “Salimbek inoqning qizi Oyimxon Salimbekovani saroyda oq yuzliligi uchun “Qogʻoz beka” deyishgan. Ikki yil amir haramida boʻlib, hozirda “Ashur” laqabli xufiyaning xotini, Buxoro shahri, Qorakoʻl berkkoʻchasi, 6-uyda yashaydi; Sultonoy Aliyevani haramda “Mulla beka” deyishgan, uch oy amir haramida yashagan. Inqilobdan soʻng Aliyev degan militsiya xodimiga erga tekkan, undan bir qizi bor. Hozirda Kogon tuman boʻlimiga “KX” laqabi bilan yollangan; Akbaroy Mirzayevaning haramdagi nomi “Anbar ashk” boʻlgan, 65 yosh, amirning Oftob posho degan qizi va uning onasiga oqsochlik qilgan. Buxoroning Degrezi guzarida novvoyxonada ishlaydi; Mubashshira Gʻulomova 1905-yil tugʻilgan. Hozirda Mirza Gʻulomov bilan oila qurib, Buxoro shahri, Shohrud koʻchasi 9-uyda yashaydi; Ostonaqulov Oyim “sarkarda” (50 yosh) Abdujalil sarkardaning qizi, 8 yil amir haramida yashab, hozirda Olim hoji degan kishiga turmushga chiqqan. Shuningdek, amir saroyida bekzodalar bilan birga ulgʻaygan yoshlardan Shohnazar Sohibov Vobkentning Baday qishlogʻidan, musiqachi, Fayzulla Xoʻjayev tomonidan Moskvadagi opera studiyasida oʻqishga yuborilgan, 1935-yil qaytib kelgan; Fazliddin Shoxonov Buxoroning Taraki guzaridan, mudarrisning oʻgʻli. 1936-yil Moskvadagi opera teatrida oʻqigan, artist; Neʼmatjon Shamsuddinov Buxoroning Toʻpxona guzarida tugʻilgan, 1923 – 1926-yillar Moskvada Amir Olimxonning farzandlari bilan birga oʻqigan. Hozirda Fargʻonaning Yangiqoʻrgʻon qishloq shoʻrosida yashaydi; Hamza musiqali akademik teatri direktori Yaroshevskiy ham amirning bolalari bilan avvaldan tanish boʻlgan ...” kabi maʼlumotlar keltirilgan. Darhaqiqat, Amir Olimxonning uch farzandi Sultonmurodxon (1910), Abdurahimxon (1911) va Shohmurodlar (1911) sovetlar qoʻlida qolib ketgan edi. 1921-yildan Sultonmurodxon, Shohmurodlar amir dodhosining oʻgʻli Neʼmatjon Shamsiddinov bilan Moskvadagi Buxoro maorif uyida tahsil olishgan.

 

Amirning toʻngʻich oʻgʻli Sultonmurod nogiron boʻlib, bir oyogʻi tugʻma falaj edi. Nogironligiga qaramay, Moskvadagi korxonalardan biriga ishga kiradi. 1932-yildan ingliz tilini oʻrganishga kirishadi va uning birdan bir orzusi otasi, yor-birodarlari bilan diydorlashish edi. Aynan shu harakati uchun shoʻro dushmanining oʻgʻli degan ayblov bilan qamoqqa olingan va hibsda bedodlikka qarshi ochlik eʼlon qilgan holda jon taslim qilgan. Boshqa maʼlumotga koʻra, ish vaqtida qaynab turgan qozonga tashlab yuborib oʻldirishgan.

 

1932-1933-yillarda Sayyid Olimxon farzandlarini Afgʻonistonga keltirish uchun Afgʻonistonning Moskvadagi elchisi Muhammad Azizxondan yordam soʻraydi. Elchi Moskvada Abdurahimxon bilan uchrashib, suhbatlashadi. Oʻz navbatida Abdurahimxon tegishli idoralarga ariza bilan murojaat qilib, otasining huzuriga ketishga ruxsat olmoqchi boʻladi. Hatto elchixona xodimlari orqali otasi bilan yozishmalar qiladi. Lekin harakatlari zoye ketadi. Abdurahimxon 1937-yil Afgʻonistonga otamning oldiga ketaman degani uchun Moskvada otib tashlangan. Amirning kenja oʻgʻli Shohmurodning taqdiri akalaridan boshqacha kechdi. Avvalo 1922-yil Buxoro Xalq Respublikasi mutasaddilari Shohmurodni bir guruh yoshlar qatorida Germaniyaga oʻqishga joʻnatishga qaror qiladi. Hatto, unga “Olimov Shoh Murotovich” deb pasport ham tayyorlashadi. Biroq, nemis tilini mukammal oʻzlashtirganiga qaramay, uning Germaniyada oʻqish orzusi ushalmadi. Qoʻrquvmi yoki doʻstlarining va sevgan qizi Javhar Bashiyevaning qistovi bilanmi 1929-yil “Izvestiya” gazetasida Shohmurod nomidan “Buxoro amirining oʻgʻli otasiga shunday deydi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi. Unda oʻgʻil oʻz otasini oshkora oq qilganini aytadi. Shundan soʻng Shohmurod harbiy bilim yurtiga oʻqishga kiradi. Onasi Muharram oyim Fotuh qalʼasidan Moskvada oʻqiyotgan oʻgʻli Shohmurod bilan diydorlashish uchun ruxsat soʻrab, Qobuldagi shoʻro elchixonasiga koʻp bor murojaat qildi. Biroq, 1933-yil Muhammad Azizxon uchrashuv soʻraganida bilim yurti uning nomidan “biz sovet taʼlimini olganmiz” dedi deb rad javob beradi.

 

 

Shohmurod Olimov bilim yurtidan soʻng Moskva shahri, Korolenko koʻchasi, 23-uy, 7-xonadonda yashab, harbiy zavodga muhandis boʻlib ishga kiradi. Keyinchalik Moskvada harbiy-muhandislik akademiyasida tahsil oldi. Ikkinchi jahon urushida fashistlarga qarshi mardonavor kurashib, qator orden va medallar bilan taqdirlanadi. 1944-yilda ogʻir yarador boʻlib, bir oyogʻidan ajraladi. Urushdan keyin oʻzi tahsil olgan akademiyada faoliyat yuritdi va general darajasigacha koʻtariladi. Turmush oʻrtogʻi Lidiya Mixaylovna va qizining xotirasiga koʻra, u baʼzan ota-onasini eslab yigʻlar ekan. General Shohmurod Olimov Moskvada oʻtgan asrning 70-yillari, boshqa manbalarda 1985-yil vafot etgan.

 

***

 

Soʻnggi amir Sayyid Olimxon umrining oxirida koʻzi ojizlanib, ogʻir dardga chalinadi. Uzoq davom etgan xastaliklardan soʻng 1944-yil 28-aprelda Qalʼai Fotuhda vafot etadi va Kobul yaqinidagi “Islom shahidlari” qabristoniga dafn etiladi. Sayyid Olimxonning 22 farzandi boʻlib, 1998-yilda ularning barchasi – 12 oʻgʻli va 10 nafar qizi turli davlatlarda yashab qolgan. Ayni damda Turkiya, Eron, AQSH, Kanada, Saudiya Arabistoni va Yevropa davlatlarida amir sulolasining taxminan 700 nafar vakili bor.

 

Toj-u taxtidan ayrilib, boshqa bir mamlakatda gʻariblikda yashagan Amir Olimxoning hayoti shu zaylda kechdi. Afgʻon amirlari – Omonullaxon (1919-1929), Habibulla Kilkoniy (Bachai Saqo, 1929), Muhammad Nodirshoh (1929-1933), Muhammad Zohirshoh (1933-1973)lar hukmronligida yarim asirlik holatida kun kechirdi. Farzandlarining xotirlashicha, afgʻon amirlari Sayid Olimxonga qancha mehmondoʻstlik koʻrsatmasinlar, uning erkin harakat qilishga yoʻl bermaganlar. Faqatgina 9 oy hukmronlik qilgan Bachai Saqo davrida Buxoro amiri bir qadar Afgʻoniston mamlakati boʻylab erkin yurish huquqiga ega boʻlgan. Xatto, Sayyid Olim Mansuriy “Buxor gohvorai Turkiston” (“Buxoro-Turkiston beshigi”) kitobida afgʻon amirlaridan Omonullaxon, Muxammad Nodirshoh, Zohirshohlarni kommunistlarga sotqinlikda ayblaydi. Amir Olimxon oʻz farzandlariga ingliz, urdu tillarini oʻrgatish uchun ikkita oʻqituvchi yollagan. Ammo, Muhammad Nodirshoh zamonida ham amirning Afgʻonistonda tugʻilgan farzandlari oliy maʼlumot olish huquqidan mahrum edilar. Ularga bir shahardan ikkinchisiga koʻchib yurish, yer-suv sotib olish huquqi ham berilmagan. Aslida Sayid Olimxon afgʻon amirlarining sadaqasiga zor ham boʻlmagan. Murodbegi qalʼasida Hoji Mirzo devonbegi keltirgan qimmatbaho olmos va javohirlar bilan bezatilgan murassa tojlarining har biriga oʻnlab Fotuh qalʼasi singari joylarni sotib olishi mumkin edi. Ammo Amir Olimxon bir oltin kamari va bir dona tojini Omonullaxonga, ikkinchi tojini Muhammad Nodirshohga sovgʻa qiladi. Amirning Afgʻonistonda tugʻilgan birinchi farzandi Sayid Umarxonning xotirasiga koʻra, Amir Olimxon boʻsh vaqtlarida ovni qilishni yaxshi koʻrgan. Boshqa xotiralarga koʻra, amir Buxoroda dutor chalishda uncha-muncha sozandalarga dars bera olgan. Afgʻonistonda esa koʻproq falsafa va adabiyot bilan shugʻullangan, ayniqsa, Mirzo Bedil ijodini qadrlagan. Qalʼai Fotuhda “Bedilxonlik” hamda sheʼriyat kechalari oʻtkazgan. Hatto, Qobulga kelgan bir futbol jamoasi bilan muhojir oʻzbeklarning “Turon” komandasi oʻrtasida futbol musobaqasi uyushtirib, yaxshi oʻyin koʻrsatganlarga sovgʻalar ulashgan.

 

 

1920-yillarda Afgʻoniston shohi Omonullaxon islohotlar oʻtkazib oʻz mamlakatida yevropacha kiyib yurishni joriy qiladi. Ammo Amir Olimxon doimo boshiga salla oʻrab, toʻn kiyib, milliy kiyimda yurardi. 1922-yilda Afgʻoniston mustaqilligi kuni bayrami tantanalariga taklif etilgan amir Olimxon Pagʻmonga ham oʻzbekona kiyimida keladi. Lekin uni soqchi ichkariga kiritmaydi. Kiyimini almashtirib kelish toʻgʻrisidagi talabni bajarmagan amir Fotuh qalʼasiga qaytib ketadi.

 

Amir Olimxon muhojirlikka mahkum etilgan millionlab vatandoshlari singari ona-yurti sogʻinchi bilan yashadi. 1943-yilda Afgʻoniston bosh vaziri Ahmadshohga aytilgan: “Afgʻonistonga kelganimga 23 yil boʻldi. Shu davr ichida koʻp gʻurbat va musibatlarni boshimdan kechirdim. Lekin vatan yodi bir muddat ham qalbimni tark etmadi. Vatan yodi bilan yashadim va vatan yodi bilan oʻlaman” yoki “Ey Vatan, oxirgi nafasimgacha senga salom deyman... Vatan ruhi menda doim tirikdir” – degan soʻzlari Vatan shohu gado uchun birday aziz tuygʻu ekanining Amir Olimxon tilidagi ifodasidir.

 

Amir Olimxonning afgʻon zaminida bitgan xotiralari 1929-yil fransuz tilida Parijda, keyinchalik fors tilida Gʻarbda, 1991-yil Oʻzbekistonda alohida kitob sifatida chop qilingan. Said Olimxonning farzandi Sayyid Mansur Olimiyning “Buxor gohvorai Turkiston” (“Buxoro-Turkiston beshigi”) kitobi 1996-yilda Turkiyada chop etilgan. Bu kitob ham buxorolik taniqli olim H.H.Toʻrayev tomonidan oʻzbek tiliga oʻgirilib chop etilgan.

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16813
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi