Ispan tilida yozilgan romanlar ichida eng beqiyos asar – “Pedro Paramo”ga taqriz


Saqlash
17:10 / 13.10.2023 1192 1

Shu moʻjazgina asar dunyo adabiyoti tarixida oʻziga xos voqea boʻlgan, fusunkor realizm oqimini boshlab bergan. Uning taʼsirida butun boshli bir avlod, butun boshli bir adabiyot yuzaga chiqdi: kitobxonlar nomini eshitiboq doʻppisini yechadigan Lotin Amerikasi adabiyoti, xususan, Xorxe Luis Borxes, Migel Asturias, Gabriel Garsia Markes kabi yirik adiblar aynan Xuan Rulfoning “Pedro Paramo”sidan “oʻsib chiqqan” deyish mumkin. Asar muallifi meksikalik adib, ssenarist va havaskor fotograf Xuan Rulfo 1917-yil 16-mayda dunyoga kelgan. Uning butun dunyoda shuhrat qozongan “Otash dala” (1953) hikoyalar toʻplami, “Pedro Paramo” (1955) qissasi va “Oltin xoʻroz” (1980) deb nomlanuvchi romani mavjud. Yozuvchining asarlari, xususan, “Pedro Paramo” qissasi dunyoning 30 dan ortiq tillariga tarjima qilingan. Asarning Emin Usmon tomonidan oʻgirilgan oʻzbekcha nashri avvaliga “Jahon adabiyoti” jurnalida, yaqindagina esa kitob holida chop etildi.

 

“Pedro Paramo” – shubhasiz, beqiyos va shu bilan birga gʻalati asar. Birinchidan, asarni ham qissa, ham roman deb atash mumkin. Yozuvchi Nazar Eshonqul aytganidek, bu asar “har ikkala janr talablariga javob beradi”. Ikkinchidan, asar xuddi tipik sarguzasht romanlar kabi boshlanib, tez orada magik realizm unsurlariga, aniqroq aytganda, arvohlar dunyosi va real hayot chalkashib ketgan, voqealar, dialogu monologlar, makon, zamon aralashgan hikoya tarziga bogʻlanib ketadi. Asarda roviy ham ikkita: ilgari koʻrmagan otasi, yaʼni Pedro Paramoni izlab yoʻlga chiqqan Xuan Pretsiado va devonasifat ayol Dorotea.

 

Syujet haqida qisqacha

 

Xuan otasini qoralab Komalaga boradi va u yerda marhumlar olamiga tushib qolganini anglaydi. Unga duch keladigan har qanday odam aslida arvoh edi. Yigitcha Komalada allaqachon vafot etgan otasining hayoti va qilmishlarini marhumlardan eshitib oladi. Marhumlar olamiga tushib qolgan yigitchaning oʻzi ham marhumga aylanadi. Roviylikning qolgan qismini esa u bilan yonma-yon qabrda yotgan Dorotea oʻz zimmasiga oladi.

 

 

Kichik asardagi ulkan mavzular

 

Kitobning yadrosini tashkil etadigan mavzu bu insonning umid va orzulari uni oldinga undab turuvchi kuch manbai sifatida talqin etilishi hisoblanadi. Ayniqsa, umid asardagi har bir qahramonni harakatga chorlaydigan markaziy motivdir. Misol uchun, Dolores oʻgʻli Xuanga Komalaga borishni vasiyat qilar ekan, oradan shuncha yillar oʻtib farzand otasini topishi va oʻzi loyiq boʻlgan yaxshi hayotga ega chiqishiga umidi bor edi. Qanchalik gʻalati tuyulmasin, kitobdagi yana bir bosh mavzu bu – umidsizlik! Undagi har bir personajning oʻz maqsadlari qoʻygan qadamlari omadsizlikka uchrar ekan, ularning orzu-umidlari endi umidsizlikka evriladi.

 

Deylik, Xuan Komalaga otasini topish umidida bordiyu, ammo oʻzi bu yoʻlda halok boʻldi. Pedro Susannani butun umr sevib, visoliga umid bogʻlab yashadi, ammo birgina shu ayolning qalbini zabt etish unga nasib etmadi. Renteria ota boʻlsa qachondir katolik ruhoniy sifatida oʻz majburiyatlarini toʻlaligicha ado etishni, haqiqiy xudojoʻy va eʼtiqodi butun odam boʻlishni istab yurdi, bu yoʻlda u hatto Pedro himmat qilgan oltinlarga ham qaramay, oʻgʻlining gunohlaridan oʻtmasligini bildirib, botinidagi qusurlariga qarshi isyon ham qildi. Ammo oʻzi istagan yoʻlni topa olmadi shekilli, oxirida hayotini butunlay boshqa oʻzanga burib yubordi.  

 

Pedro Paramo oʻzi kim?

 

Endi bosh qahramon don Pedro Paramo haqida gapirsak. U shunday obrazki, hech kimni “ayab oʻtirmaydi, uning pachakilashishga toqati yoʻq”. Don Pedro ishbilarmon, ilonning yogʻini yalagan, onasining sutini angishvonada qaynatib ichgan odam. Uni ikki rakursdan koʻrishingiz mumkin. Bir tomondan qarasangiz, hammaning rizqini qiyadigan, koʻngli tusagan ayolni oʻziga ogʻdirib, nafsini qondirib ketaveradigan maxluq. Shuning dastidan Komalada undan bola orttirmagan ayol qolmagandek goʻyo. Xullasi kalom, u – qip-qizil antagonist. Boshqa tarafdan qarasangiz, Pedro Paramoni protagonist sifatida ham koʻrish mumkin. Axir qanchalik qabihlikka qoʻl urgan boʻlmasin, uning tadbirkorligiga, zakovatiga qoyil qolmay ilojingiz yoʻq. Qolaversa, u butun umr Susanna San Xuan degan latofatli ayolning ishqida yonib oʻtdi. Ammo Susannaning koʻngli boshqa kishida edi. Qanchalik qudratli boʻlmasin, don Pedro ishq bobida omadsizligicha qolaveradi. Sirasini aytganda, muallif oʻz qahramonini ham achinishga, ham nafratlanishga loyiq murakkab shaxs sifatida koʻrsatishni eplagan. Hech qursa, xotimada don Pedroning vafoti sahnasi unga nisbatan fikringizni oʻzgartirishga turtki boʻlishi aniq.

 

Butun boshli kitob shu bir nechta obrazdan iborat emas, albatta. U yerda Fulgor Sedano (Paramoning ish boshqaruvchisi), Migel Paramo (Pedroning yagona qonuniy farzandi), Renteria ota (Komalaning ruhoniysi), Dolores Pretsiado (Xuanning onasi) kabi muhim obrazlar ham boʻlib, har biri qissada oʻziga xos vazifani bajaradi. Ayniqsa, ruhoniy Renteria ota kitobning boshidan oxirigacha diqqat bilan kuzatish zarur boʻlgan obraz. Uning ichki kechinmalari, oʻz vijdoniga qarshi borishi, tavba-tazarrulariyu oxir-oqibat inqilobchiga aylanishigacha boʻlgan evrilishlari bosh qahramonnikidan qolishmaydigan darajada eʼtibor qilishga arziydi.

 

 

Oʻzbekcha tarjima va nashr xususida ikki ogʻiz

 

Kitobning tarjimasi va nashri bilan bogʻliq baʼzi jihatlariga ham toʻxtalib oʻtmoq joiz. Tarjimon Emin Usmon asarni qoyillatib oʻzbekchalashtirgan, baʼzi oʻrinlarni aytmasa, silliq oʻqib ketaverasiz. Ammo, oʻsha “baʼzi oʻrinlar”ni ochiqlamasam boʻlmas. Avvalo, asar boshlanishida onasi Xuanga bunday taʼkidlagan edi: “Sharʼan bizga tegishli boʻlgan narsani undirib ol. U mening mahrimga tushgan hamma narsani shu paytgacha bosib yotgan edi…” Bu oʻrinda diniy realiyalar (“sharʼan”, “mahr”) notoʻgʻri qoʻllangan. Sababi, bu tushunchalar asosan islom diniga amal qiluvchi qahramonlar nutqiga xos. Toʻgʻri, asarni madaniyatimizga imkon qadar yaqinlashtirish kerak, ammo mantiqan oʻylab qaralganda ham, Pedro Paramo faqatgina Migel Paramoni qonuniy zurriyoti sifatida tan olgan xolos. Undan tashqari, ruhoniyning nomi tarjimada “Padre Renteria” deb berilgan. Aslida esa, “padre” atoqli ot emas, balki uning martabasini belgilovchi turdosh ot hisoblanadi. Chunki, “padre” asliyatdan tarjima qilinganda “ota” degani. Oʻzbekcha matnda “Renteria ota” deyilsa maqsadga muvofiq boʻlardi. Qolaversa, kitobda toponim va antroponimlar bilan bogʻliq chalkashlik kuzatiladi. “Eduvixes” – “Edivuxes”, “Media-Luna” – “Medi-Luna”, “Doroteo” – “Dorotea”, “Andromeda” – “Andrameda” kabi ikki xil yozilgan nomlar va imloviy xatolar bir qancha uchraydi. Umid qilamizki, kelasi nashrlarda bu kabi juzʼiy va texnik xatolar tuzatiladi.

 

***

“Pedro Paramo” yaratilganida buyon kitobxonlar qoʻlidan, muhokama mavzularidan tushmay kelayotgan durdona asar. Xuan Rulfoni oʻziga ustoz sanagan ulugʻ yozuvchi Gabriel Garsia Markes mazkur asarni koʻkka koʻtarib maqtagan: “Bu ispan tilida yozilgan barcha romanlar ichida beqiyos goʻzal asardir… Bu romanni qayta-qayta oʻqidim va nihoyat bu asardan oʻzim uzoq izlagan yoʻlni topdim”. Haligacha undan ulgi olib asarlar yoziladi, adib mahoratidan ilhomlangan yangi-yangi isteʼdodlar paydo boʻladi. Asarning sehr-u jodusidan bebahra qolmay degan har kitobxonga, uni mutolaa qilishni tavsiya etaman. Ha, aytgancha, kitobni boshlashdan oldin achchiqqina choyni damlab olish ham esdan chiqmasin.

 

Asardagi tagiga chizilgan satrlar:

 

Faqatgina qorin qaygʻusida boshqa joyga koʻchib oʻtish odam oʻzi oʻtirgan shoxni kesishdek gap.

 

***

– Sen umringda biror marta marhumlar qanday nola chekkanini eshitganmisan?

– Yoʻq, donya Eduvixes.

– Qanday baxtli odamsana?

 

***

– Sen umringda hech qush oʻldirganmisan, Xustina?

– Juda koʻp oʻldirganman, Susanna.

– Ularga rahming kelmaganmi?

– Rahmim kelgan, Susanna.

– Unday boʻlsa, oʻlib qoʻya qolmaysanmi? Nimani kutib yuribsan?

– Paymonam toʻlishini, Susanna.

– Tashvishlanma, ajaling – qosh bilan kipriging orasida.

 

Shohrux USMONOV,

Oyina.uz

 

Oyina.uz'ni telegramda kuzating!

 

1 Izoh

Nazokat

20:10 / 14.10.2023

Bu men uchun eng qiziqarli maqola bo'ldi. Omad

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19453
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16796
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi