Shon koʻrmay “jon bergan” targʻibotchilik – Prezident qarori asosida joriy qilingan, biroq imi-jimida yoʻqotib yuborilgan tizimga muxtasar nazar


Saqlash
15:10 / 11.10.2023 1195 1

Bolalarga moʻljallangan “Dahshatli Meshpolvon” filmini koʻrmagan odam kam topiladi oramizda. Esingizda boʻlsa, Meshpolvon qattol oʻlponchilarning taʼzirini berib qoʻygach, saroyda soliq undiruvchilarning kattasiga qanday chora koʻrishni muhokama qilishadi. Bir vazir uni itlarga talatish kerak, desa, boshqasi qorni shishib ketguncha yuvindi ichirish lozimligini taʼkidlaydi. Sepkilshoh esa “insof” qilib, shuyam odamgarchilikdanmi, kelinglar, adashgan jigarbandimizni oʻzimiz imi-jimida yoʻq qilaylik, deya kamtarlik qiladi. Bundan ikki yil avval umumtaʼlim maktablarida joriy qilingan va imi-jimida yoʻqotib yuborilgan ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi haqida gap borarkan, oʻsha film voqealari beixtiyor yodga kelaveradi.

 

Nega joriy qilingan edi?

 

Qayd etish zarur, Prezidentning 2021-yil 26-martdagi "Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qaroriga muvofiq umumtaʼlim maktablarida ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimi joriy etilarkan, katta maqsadlar koʻzlangan edi. Jumladan, 2021-yil 1-apreldan davlat budjeti mablagʻlari hisobidan 0,5 shtat birligi asosida ish boshlagan targʻibotchi ijodiy qobiliyatga ega oʻquvchilarni aniqlash va saralash bilan shugʻullanishi; oʻquvchilarning ijodiy ishlari bilan muntazam tanishib borishi, ularga ijodiy jihatdan yoʻl-yoʻriq koʻrsatishi; ijodiy toʻgaraklar tashkil etishi va reja asosida mahorat saboqlarini olib borishi; yorqin isteʼdodga ega oʻquvchi-yoshlarni Xalq taʼlimi (hozirgi Maktabgacha va maktab taʼlimi) vazirligi, Yozuvchilar hamda Jurnalistlar uyushmalari tomonidan oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkaziladigan turli ijodiy tanlovlarga jalb qilishi, ularning ijodiy ishlarini adabiy nashrlarga, almanaxlarga tavsiya etishi belgilangandi.

 

 

Qolaversa, isteʼdodli ijodkor oʻquvchilarni atoqli adiblar nomidagi ijod maktablari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish orqali kelajakda shunday dargohlarda taʼlim olishlariga motivatsiya berish; turli adabiy, ijodiy tanlovlar, festival va boshqa tadbirlar tashkil etish; kitobxonlikni rivojlantirish va kitob mutolaasini targʻib qilish boʻyicha tizimli ishlarni olib borish; taniqli yozuvchi va shoirlarni jalb etgan holda umumtaʼlim maktablarida adabiy-badiiy kechalar uyushtirish ham aynan ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilar zimmasiga yuklangandi.

 

Oʻzbek va jahon adabiyotining eng sara durdonalarini targʻib qilish orqali oʻquvchi-yoshlar ongida umuminsoniy va milliy qadriyatlarni shakllantirish, yosh avlodni maʼnan barkamol etib tarbiyalash, badiiy adabiyot, ijodiy jarayonlarga qiziqtirish orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj, tarbiyasi ogʻir bolalarning maʼnaviy-ruhiy holatini yaxshilashga yordam berish ham ayni shu lavozim egalarining maqsad-dasturiga kirardi. Tasavvur qiling: yuqorida aytilgan maqsadlarning aqalli oʻndan biri roʻyobga chiqqan taqdirda ham ijodga ishtiyoqmand, qobiliyatli bolalar, yoshlar bilan ishlash tizimi guliston boʻlib ketishi kerak edi. Biroq...

 

Oz emas, koʻp emas, naq 15 milliard soʻm

 

Shu oʻrinda xomaki hisob-kitob qilib olsak. Qashqadaryodagi maktablarda 1200 dan ortiq targʻibotchi faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, ularning bir oylik maoshi uchun sarflangan mablagʻ oz-emas, koʻp emas, milliard soʻmdan oshib ketarkan. Har bir targʻibotchi 0,5 stavka asosida 1 million 100 ming soʻmdan maosh olgan boʻlsa, 1200 targʻibotchi uchun davlat budjetidan bir oyda 1 milliard 320 million soʻm (soliqlarni chegirib tashlaganda) sarflangan boʻlib chiqadi. Endi buni bir yil miqyosida tasavvur qilib koʻring. Ularga xuddi pedagoglar singari taʼtil uchun ham pul toʻlab berilganini hisobga olsak, birgina viloyatimizda targʻibotchilar uchun yiliga 15 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltirilgani ayon boʻladi.

Xoʻsh, shuncha mablagʻ oʻzini oqladimi-yoʻqmi?

 

1) Oqladi!

 

Avvalo, shuni eʼtirof etish kerak, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yozuvchilar va Jurnalistlar  uyushmalari tomonidan mahalliy hokimliklar hamda xalq taʼlimi boʻlimlari bilan hamkorlikda har bir umumtaʼlim muassasasiga tegishli tavsiyalar asosida ijodkorlar – yozuvchi, shoir, jurnalist hamda ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilari biriktirildi.

 

Shu orqali koʻplab maktablar oʻquvchilari taniqli ijodkorlar tajribalaridan bahramand boʻlishga ulgurdi. Ijodiy uchrashuvlar, toʻgaraklar, ommaviy axborot vositalari orqali dunyo yuzini koʻrgan koʻrsatuvlar, maqolalar, reportajlar umumtaʼlim muassasalariga oʻziga xos yangi havo olib kirdi. Avval maktabdagi biror tadbirni televideniye yoki biror saytda chiqarish maʼlum xarajat, harakat talab etsa, endilikda bu vazifani targʻibotchilarning oʻzi osonlik bilan eplashdi. Koʻplab ijodkor yoshlarning kitoblari chop etildi. Faqat televizorda koʻrinadigan mashhur adib va shoirlar aynan ijodiy uchrashuvlar bahona maktablarga qadam ranjida qildilar.

 

 

Qolaversa, targʻibotchilarning barchasida “qalam” bor emasmi, maktabning oʻziga xos “reklama”sini ham yoʻlga qoʻydi. Yaxshi targʻibotchilar sabab koʻpgina umumta’lim muassasalari oʻz hududida maʼlum mavqega ega boʻlib oldi. Oʻz oʻrnida targʻibotchilar turfa muxbir-u blogerlarning har turli harb-u zarblariga ham munosib javob qaytarib turdi. Bu ishga astoydil kirishganlari esa hali obuna, hali boshqa narsani bahona qilib keladigan “tekshiruvchi”larning “dumini tugdi”. Maktabni tanqid qilish koʻyidagi “blogerman” deganining ogʻziga urdi va maktab jamoasi bemalol oʻz ishini qiladigan muhit yaralishiga hissa qoʻshdi.

 

Shu oʻrinda eng muhim jihatni aytmasak boʻlmas. Bilamizki, ijodiy jarayonga sarflangan mablagʻ darhol natija koʻrsatmaydi. Natijasi aniq shaklda namoyon ham boʻlavermaydi. Deylik, biror qurilish uchun pul tiksak, biror oyda natijasini koʻramiz: koʻkka boʻy choʻzgan imorat mablagʻ qayerga ketganini koʻrsatib turadi. Ijod esa shunday jarayonki, yillar oʻtib odamlar dunyoqarashi, did va saviyasida aks etadi. Binobarin, bir maktab targʻibotchisi uchun bir yilda 10-15 million soʻm sarflangan boʻlsa va shu mehnatlar samarasida bir necha yildan keyin Abdulla Oripov, Erkin Vohidov darajasidagi ijodkorlar yetishib chiqsa, shuning oʻzi juda yuqori natija boʻladi. Ular jamiyatga beradigan maʼnaviy nafni milliardlar bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydi. Shu maʼnoda targʻibotchilik vazifasi ulkan, uzoq marralarni koʻzlagani bilan eʼtiborga molik edi.

 

2) Oqlamadi!

 

Aksariyat targʻibotchilarning asosiy ish joyi TV, gazeta-jurnal, sayt boʻlgani uchun, garchi ular haftasiga 20 soat dars beradigan oʻqituvchi kabi bolalar bilan ishlashi qayd etilgan boʻlsa-da, hech qaysi targʻibotchi maktabda buncha vaqtini oʻtkazmadi va buning imkoni ham yoʻq edi. Shuning uchun aksar targʻibotchilar asosan haftada 2-3-marta maktabga borib, zimmasidagi vazifalarni bajarishga intildi. Borib-borib, oyda bir, uch-to‘rt oyda bir boradigan ham boʻlishdi. Hatto ikki yil targʻibotchi boʻlib ishlab, biror marta maktabga bormagan, hamma ishini direktor bilan telefonlashib hal qilib yurgan targʻibotchilar haqida ham eshitdik. Tabiiyki, ishga bu kabi munosabat bilan biror natijaga erishib boʻlmasdi. Targʻibotchi maktabga bormasa-da, oylik olaverar, shundoq ham, uning ishtirokisiz ham erishilgan yutuq-natijalarni oʻziniki ko‘rsatib, qogʻoz-qalamni joyida qilib qoʻysa, kifoya edi.

 

Oʻtgan yili Qarshi shahrida ishlaydigan jurnalistlardan biri Nishon tumanidagi Nuriston shaharchasida joylashgan maktabda ishlashga rozi boʻlib, tegishli masʼullardan tavsiya xati soʻrab yurganini bildik. Xomchoʻt qilib koʻrsak, agar u haftada ikki marta maktabga borsa ham, oladigan oyligi yoʻl kiradan ortmas ekan. Xoʻsh, nega u shuni bila turib, targʻibotchilik qilmoqchi edi? Sababi oddiy: maktabga biror marta bormaydi, boyagi 1 million 100 ming soʻm oyma-oy plastik kartasiga tushib tursa boʻldi! Maktab hayotini onda-sonda bir yoritsa yoritdi, boʻlmasa, shuniyam soʻrab-tergaydigan kimsa topilmasdi.  

 

3) Naridan-beri boʻldi!

 

Bilasiz, maktablarda oʻquvchi-yu oʻqituvchilar bilan bogʻliq gʻalva koʻp boʻladi. Qoʻlida qalami bor odamning shunday joyga haftada ikki-uch marta kelib turishi esa choʻpdan hadigi boʻlgan direktorga maʼqul tushmasligi aniq. Nafaqat viloyat, balki respublika miqyosida taniqli jurnalistlar, ijodkorlar tegishli tavsiyanomaga ega boʻlib, suhbatdan oʻtib borib, maktabda ishlay desa, direktorlar tomonidan har xil narsalar bahona qilinib, ularni maktabga sigʻdirishmadi. Masalan, Bayram Ali degan yosh yozuvchi yigitni butun mamlakatda bilishadi.

 

 

Shu ijodkor Qamashidagi maktabga targʻibotchilikka qoʻyilib, maktabga borib ishlay desa, direktor qoʻymabdi. Aytarli sabab ham yoʻq. Yana bir tarafi, adibning shu joyda ishlashga koʻzi ham uchib turgani yoʻq edi. Qizigʻi, shu ijodkor boshqa maktabda ishini davom ettirib, “Ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha eng faol targʻibotchi” tanlovining respublika bosqichida 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi! Shogirdi esa Prezident sovrini uchun oʻtkaziladigan “Yosh kitobxon” tanlovi respublika bosqichida ishtirok etib, bilim va iqtidorini namoyish etdi. Ishlayman, bolalarga ilmimni, oʻrganganlarimni oʻrgataman, degan targʻibotchilar hamma joydayam birday qadrlanmadi va ular ham oʻzida borini toʻla roʻyobga chiqara olmadi.

 

Xoʻjayin koʻp, ega yoʻq edi...

 

Lavozim joriy etilgandayoq qiziq vaziyat yuzaga keldi: targʻibotchilar Yozuvchilar yoki Jurnalistlar uyushmasi tavsiyasi asosida ishga qabul qilinadi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi ularning faoliyatiga koʻmak beradi. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi esa maosh toʻlaydi. Ammo aniq ega kim: bu haqda biror joyda qayd etilmadi. Yaʼni ishga olinishdan tortib faoliyat koʻrsatish va ishdan olishgacha boʻlgan umumiy jarayon qaysi idora nazoratida boʻladi – bu haqda vazirlik, uyushmalar va Markaz tomonidan imzolangan qoʻshma qarorda ham aniq yozib qoʻyilmadi. Shu bois har kim oʻzini egaday tutdi va mushkul vaziyat, muammoli holat yuzaga kelganda hamma oʻzini chetga tortadigan vaziyat paydo boʻldi. Misol uchun, yaxshi ishlamagan yoki maktabga umuman bormaydigan targʻibotchini ishdan kim oladi, uning faoliyatiga kim baho beradi: aniq reja, chora-tadbir belgilanmagani va huquqini yaxshi biladigan qalamkashlar bilan tortishib oʻtirmaslik uchun hech qaysi idoradagilar bosh ogʻritib koʻrishni istamadi va barcha ish oʻz holicha qolib ketdi.

 

Tugatilishiga sabab nima?

 

Koʻp targʻibotchilar oʻzaro suhbatlarda 0,5 stavka qachon butun boʻlishi haqida soʻrar, bu ketishda shu yarim ham yoʻq boʻlib ketmasa edi, degan fikrlar ham quloqqa chalinardi. Yuqorida aytganimizdek, ishga masʼuliyat bilan qaralmayotganini targʻibotchilarning oʻzlari ham binoyiday sezib turar, shu sabab targʻibotchi lavozimi tugatilishi haqida xabarlar chiqqanda koʻpchilik buni tabiiy qabul qildi. Chamasi, ishlamay oylik olaverish koʻp targʻibotchilarning vijdonini qiynab ulgurgandi. Gap shundaki, Prezidentning 2023-yil 1-iyundagi "Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida"gi qarori izoh qismida umumtaʼlim muassasalaridagi ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimi tugatilib, 2528 shtat birligi yangi agentlik tizimiga oʻtkazilishi qayd etildi. Shu bilan joriy oʻquv yili barcha maktablarda ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimisiz davom etmoqda.

 

 

Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: mamlakatda mavjud maktablar soni 10 mingdan koʻp va shularning barida targʻibotchi faoliyat koʻrsatgan, 2023-yil 1-iyundagi qaror asosida 2528 ta shtat yangi agentlik ixtiyoriga oʻtkazilgan boʻlsa, qolgan oʻrinlar boʻsh emasmi? Qolaversa, 2021-yil 26-martdagi "Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Prezident qarorida ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi vazifasi 2023-yil 1-iyundagi qaror asosida tugatilgani toʻgʻrisidagi havolani koʻrmayapmiz. Demak, qolgan o‘rinlardagi targʻibotchilarni bir nechtadan maktabga biriktirib, faoliyatni davom ettirish mumkinmi-yoʻqmi? Bunga toʻsqinlik qiladigan norma qayerda bor? Ustiga-ustak, Ijtimoiy himoya milliy agentligi zimmasidagi vazifalar orasida aynan targʻibotchilar zimmasiga yuklangan vazifalarni ham koʻrmayapmiz. Shunchaki, qoʻynidan toʻkilsa qoʻnjiga: mavjud shtatlar bir yerdan boshqasiga koʻchirilyapti, xolos...

 

***

Toʻgʻri, ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilar ishida kamchilik oz boʻlmadi. Biroq, yuqorida aytganimizdek, ular berayotgan foyda ham chakana emas. Shunday ekan, ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimi tugatilmasligi kerak. Ishga tayinlashda xoʻjayin koʻp boʻlganidek, faoliyatiga yordamlashish, ishlamasa vazifadan ozod etishga ham masʼullar aniq koʻrsatilishi lozim. Ikki yil targʻibotchilar ishini tizimga solishda sinov vazifasini oʻtadi. Nihol endi-endi boʻy choʻzib, meva tugishga shay turganda, tag-tomiri bilan qoʻporib tashlash mantiqdan emas, har holda...

 

Bekzod SAYFIYEV.

Oyina.uz

Qashqadaryo viloyati

 

Oyina.uz'ni telegramda kuzating!

 

 

 

1 Izoh

Дилафруз

21:10 / 11.10.2023

Афсуски бугунги кунда бу каби масалалар анчагинаёшларга озгина эътибор ва ўрин бериш керак деб ўйлайман. Чунки касалхонага борсам 67 68 ёшлардаги гнекалог ўтирибди энди айтингчи у аёлни кўзи яхши кўришига, бир хато қилиб қўйишига ким кафил, мактабда хам худди шундай холат ёши анчага бориб қолган пенсиянерлар дарс беради болага яраган куни ўтади ярамаган куни ктобдан мавзу кўчиртиради, айни дамда ўқитувчилар хонасига кирсангиз рахбар қари нуроний бир чол, кутубхоначи бир қари аёл хўш олий маълумотли ишлайман деган ёшлар нега четга кетмоқда, ишлайман деган ёшлар нега қадрини тополмаяпти. Юқорида тилга олинган ижодкорни, Байрам Алини анчадан буён кузатаман бу кунларга ўзидан ўзи эришиб қолгани йўқ буни тагида қанча машаққат борлигини яхши биламан, лекин бир нарсадан бироз чўчийман бирор кун курашишдан чарчаб қолмасмиканлар, чунки хали хамон зиддиятлар тарк этмаяпти адибни... Нима бўлгандахам ёш ёзувчига омад ва улкан зафарлар тилаб қоламан, элим деб юртим деб ёниб яшашида мустахкам сабот тилаб қоламан.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19334
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16420
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi