Oʻsmir qizning qaygʻusi, oʻlimga yetaklagan ishonchsizlik – insoniyat fojiasi haqidagi ikki asar tahlili


Saqlash
17:10 / 04.10.2023 866 2

Sagan va qaygʻu

 

Fransuaza Sagan XX asr oxiridagi fransuz va dunyo adabiyotining eng atoqli vakilasi. Sagan haqida gap ketganda, romanlarini oʻqigan oʻquvchi koʻz oʻngida suratiga muvofiq kichkina, jikkakkina, yovvoyi xandon va oʻz navbatida damdoʻz (oʻziga berkingan), shu bilan birga oʻyin-kulgiga mukkasidan ketgan yosh qiz siyrati gavdalanadi. Har holda uning ikki romanini oʻqiganimdan soʻng mening tasavvurimda yozuvchi shunday tarzda qoldi. Garchi u qanchadir muddat oilali boʻlib, farzand koʻrgandi; shuning barobarida olamshumul shuhrati evaziga kelgan katta pullarni qimorxonalarda yoppasiga yutqazib qoʻyib, yalangoyoq boʻlib yurish, yangi asarga kirishish va uning gonorarlarini-da doʻstlar bilan sayr-u sayohatlar, koʻngilxushlik bazmlariga sarflash ham Sagan qismatiga xos. Yana kibor fransuz jamiyatida juldurvoqi kiyinib, orolangan fransuz goʻzallari orasida umuman boʻyoq va taroshsiz yurish ham Saganning oʻsha bolalik va oʻsmirlik yillaridan qolib ketgan surati edi. Mana shunday, bir qarashda shamoldek yashagan ayolni doim yerga tortib turadigan katta-katta toshlar bor edi – qalbdagi qaygʻu. Sagan 17 yoshida yozgan olamshumul asarining nomi “Assalom qaygʻu” deb nomlanishi ham bejiz emasdi. Hali 17 ha ham toʻlmagan, yovvoyi, xush-xandon, otasi bilan gap-gashtak, yengil-yelpi bazmlardan ortmaydigan qiz hayotiga qaygʻu qachon kirib kelgandi? Uning ijodidagi ayni shu jihatning aksar yoshlar hayotiga tegishli tomonlari bor. Negaki biz qachon bolalikdan ketganimizni, oʻsmirlik va yoshlik yetganda nega maʼyus boʻlganimizni tushuna olmay qolamiz. Saganning “Assalom qaygʻu”si ayni shu savolga javob beradi. Oʻsmir qiz goʻyoki yengiltak, mazmunsiz hayoti uchun oʻzini ayblay boshlarkan, oʻzini oʻzi yomon koʻrib qoladi.

 

 

Saganning hamma asarlarida intellektual ayollarga mahliyolik kayfiyati seziladi. Yozuvchi ularning aql-zakovati va teran qalb dunyosiga boshdanoq maftun, oʻzini esa hech qachon bunday boʻlolmaydi, deb bilar, ular oldida oʻzini mutlaq ojiz sezardi. Va hayotida istaganidek boʻlolmagani uchun uchun oʻzini yomon koʻrish boshlangandi. Aksar odamlarda ham hayotdan, eng avvalo oʻzidan qoniqmaslik oʻsmirligida paydo boʻladi va bu his umrbod tark etmaydi, gohida bu hol ularning ruhiyatini izdan ham chiqarishi mumkin. Saganning qahramoni (17 yosh Sesil) bu oʻrinda koʻp kurashmaydi, shunchaki oʻzini yomon koʻrishiga koʻnib qoʻya qoladi va buni unutish uchun har tun otasi bilan ichkilik bazmlaridan beri kelmaydi. Ammo bu yomon koʻrish shunday maxluqlikki, hech qayerda ozod nafas olishga qoʻymaydi, ichingni, ongingni, it tirnagan kabi asabingni parmalab turaveradi. Mana shu yerdan Qaygʻu boshlanadi. Yanayam aniqrogʻi oʻzingni tahlil qilishni boshlangan joydan Qaygʻu boshlanadi. Shuning uchun 17 yoshli qiz hayotiga butunlay tark etib boʻlmas qaygʻu – to oʻlimgacha azob kirganini tushunib yetadi va unga quchoq ochadi. Sesil otasining qirqdan oshgan Anna ismli mahbubasini ham yaxshi, ham yomon koʻradi. Mahbuba – oʻta baland ichki ehtiros, tarbiya, axloq va intellektga ega ayol. Nimaga eʼtibor berib, nimani nazarga ilmaslikni yaxshi bilardi. Sesil va otasi esa bugunni mazza qilib yashash uchun hech narsadan qaytmaydigan ikki qayqibosh. Ularga qayerga borish, nima qilish, kim bilan gaplashishning farqi yoʻq. Otaning mahbubalari bilan munosabati ham jiddiy emas, shunchaki ishq oʻyinlari edi ular. Sesil ham hayotga xuddi otasi kabi qaraydi. Ammo, qirqqa kirib ham birovni tuzuk-quruq sevmagan Anna boshqacharoq qabul qilardi hayotni. Anna uchun muhabbat juda jiddiy masala, hayotni ishonch, sevgi, sadoqat ustiga qurish mumkin va ularni doim parvarish qilish kerak, deb oʻylaydi u – toʻgʻri parvarishlash! Koʻngil qoʻygan odamga ishonishni esa butunlay hayotga ishonish deb biladi. Ammo Sesil va otasiga Annaning goʻyoki konservativlik boʻlib tuyiladigan qatʼi prinsiplari maʼqul emas. Bu ular oʻrgangan hayotga mos tushmaydi. Asar davomida Anna boʻlsa ularning hayotini ham risoladagidek qilish uchun kurash boshlaydi. Sesilning universitetga kirishini, yigitlar bilan ogʻiz-burun oʻpishib yurmasligini, sevgi nihoyatda jiddiy tuygʻu ekanini his etishini istardi u.

 

Qiz esa buni magʻlubiyat deb qabul qiladi – xuddiki hayoti risoladagidek boʻlmagani uchun kimdir unga dashnom beryapti, izza qilyapti. “Bu odamni hayotidan yoʻqotishi kerak!” – bir lahza Sesilning ongidan shu fikr chaqnadi va ahmoqlik qildi – otasining eski maʼshuqasi bilan ittifoq tuzdi. Sesil bundan albatta xursand emas edi. Endi Annaning intellekti, zakovati oldida oʻzini ojiz his qilishi oldiga aybdorlik ham qoʻshildi. Ammo oʻzi boshlagan oʻyinni toʻxtatishga kech edi. Sesil endi tinmay oʻzini tahlil qilar, ayblar, avvalgi quvnoqligi qaygadir yoʻqolgandi. U Annani aynan mana shuning uchun ham yomon koʻrib qolgandi. Qalbiga bir umrlik qutquni, doim oʻzini oʻzi tahlillab, koyib, azoblashdek qaygʻuni solib qoʻydi. Endi oʻsmir qizga dastlabki ishq oʻyinlari, sarxush, sarmast yurishlari ham lazzat bermay qoʻydi. Uning hayotidan zavq yoʻqolgandi. Oʻzini “yeb-yutib” yuborgudek taftish qilishi uni bir umr tark etmaganidek, zavq ham hayotiga qayta kelmadi. Uning qalbi abadiy azobga mahkum boʻldi. Yosh qalbning iztirobi, qaygʻusi aynan shu nuqtadan – oʻziga va atrofga munosabat bildirishi, nima toʻgʻri, nima notoʻgʻri degan joydan boshlandi. Axir otasiga oʻxshab erta-yu kech qovoqxonada doʻstlar va oshiqlar bilan umr oʻtkazsa, hech narsani oʻylamay yashasa boʻlardi-ku?! Ammo hayotida bir zakiy ayolning paydo boʻlishi undan shu halovatni oʻgʻirladi. Endi uning hayoti butun umrga “assalom qaygʻu” boʻlib oʻtadi. Kitobni oʻqigan aksar odam shu tarzda iztiroblarining manbasi oʻz-oʻzini tahlil qilish ekanini bilib olishi mumkin. Lekin bundan qochib boʻlmaydi. Inson abadiy shunga mahkum qilingan. Va mahkumlikning oʻzi azaliy azobdir.

 

 

 

Sagan va ishonch

 

Xoʻsh, Anna-chi? Unga nima boʻldi? U jondan ishongan, sevgan odami eski jazmanini oʻpayotganini koʻrib yugurganicha mashinaga oʻtirdi va koʻprikdan qulab halok boʻladi. Toʻgʻrirogʻi oʻzini mashina bilan birga koʻprikdan otadi. Chunki bu oliyjanob qalbda endi na hayot, na sevgi, na odamlarga ishonch qolgandi. Ha, u ham boshqalar kabi yashasa boʻlardi, ishonchsiz, sevgisiz... bor-yoʻgʻi ishq oʻyinlari bilan. Lekin u bunday qilsa, oʻzi hazar qiladigan toifa darajasiga tushardi. Bu Sesil, otasi, doʻstlari va dunyodagi mutlaq koʻpchilikning darajasi. Bu holning aybi yoʻq, ammo fojiasi bor. Bular mehr koʻrmagan, hayotni risoladagidek qilishga irodasi yetmagan, keyin bariga qoʻl siltab, mayda-chuydalarga ruju qoʻygan, boshqa yoʻl topolmaganidan maishatga mukkasidan ketib, hamma narsani oʻyin qilib yuborgan ishonchsizlar, nigilistlar darajasi va fojiasi bu! Bunday odamlar qalbida ham xuddi Annaniki kabi ulkan oliyjanoblik boʻlgan, faqat uni hech kim parvarishlamagan, hech kim ilgʻamagan va ularni hech kim chinakam muhabbatga arzitmagan. Keyin ular ham boshqalarni chinakam samimiyat, muhabbat va munosabatga arzitmay qoʻygan. Anna esa shuni parvarishlamoqchi edi… Anna ham shu jamiyatda yashardi, lekin nega u nigilistga aylanmadi? Uning baland intellekti, hassos qalbi mana shunday boʻgʻiq muhitda ham oʻzini asrab qolishga yetarli kuch bergandi. Shu sabab u oʻzining oliy qadriyatlariga suyanib yashadi, shunga ishonib nihoyat sevdi. Ammo bu qadriyatlar hayotdagi mutlaq koʻpchilik uchun ahamiyatsiz ekanini tushunib yetganda, u oʻldi. Chunki tirik qolsa ham uni nima kutishini bilardi. Ayol oʻz iztirobining eng oliy nuqtasida halok boʻldi, Sesil kabi butun umr oʻzidan qoniqmaslik, yomon koʻrish, goʻyoki xandon boʻlib hech qayerda zavq topolmaslik alamidan qutuldi. Axir tirik qolganida uni shu qismat kutardi.

 

Fransuaza Saganning “Koʻlmakda aks etgan quyosh shuʼlasi” romani ham ayni shu – ishonchsizlik haqida hikoya qiladi. Bu asardagi qahramon ayolning ismi ham Anna. Va u ham oʻttiz besh yoshgacha, to Jillni sevib qolmaguncha hech kimga koʻngil bermagan, hatto uni jon-dilidan ortiq koʻruvchi gʻamxoʻr, badavlat turmush oʻrtogʻiga ham. U Jill uchun uzoq yillik oilani ham tashlab keldi. Ammo ular koʻp yashamaydi. Sababi Jill Annaning sevgisiga ishonmasdi. Erkak umuman uni kimdir sevishi mumkinligiga ich-ichdan ishonolmagan va Anna ustimdan kulayotgan boʻlsa-chi, meni tashlab ketsa-chi, u aqlli boʻlgani uchun mendan oʻzini baland olyapti, degan shubhalar bilan yashardi. Buni bexos eshitib qolgan Anna Sesilning Annasi kabi oʻzini oʻldiradi. Chunki u hayotida hech kimni Jillni sevganchalik sevmagan, sevgilisiga nisbatan xayolida yomon oʻy boʻlmagandi hech qachon. Ammo Annalarga ishonishmadi, aksincha, ishonchlarini toptashdi, oqibat esa ular oʻlishga qaror qildilar. Ishonch yoʻq joyda birorta samimiy tuygʻu va munosabat boʻlmaydi!

 

 

***

Sagan shunchaki tuygʻular, munosabatlar va ishqni yozarkan, aslida qalbimizni va dunyoni qurshab olgan nigilizm haqida aytib ketdi. U buni aynan nazarda tutmagan boʻlishi mumkin. Ammo u chizgan taqdirlar shuni soʻzladi. Nigilizmdan keyingi bosqich nima? Afsus bunga hali na oʻzbek jamiyati, na oʻzbek yoshlari va na dunyo jamiyati yetib kelolmayapti. Topgan javoblari esa ularni qutqarmayapti, oʻzini saqlab qolaman deganlar halok boʻlyapti. Javob sevgi boʻlishi mumkin. Ammo bizning sevgimiz Sesillar, Jillar sevgisi. Hech narsaga ishonmagan odamlar sevgiga ham ishonolmaydi, ishondim deb oʻzini aldaydi va oxirida hamma narsani oʻyin qilganini oʻzi ham bilmay qoladi. Sagan ayni mana shu oʻzimiz tushunolmayotgan murakkab kechinmalarimizni dasturxondagi ovqatdek oldimizga tortadi.

 

 Tillaniso ESHBOYEVA

 

2 Izohlar

Azamatjon

19:12 / 24.12.2023

Assalomu alaykum judayam koʻp qidirdim internet tarmogʻi orqali va oxiri sizni maqolangizda izlagan narsamni topdim aytib oʼtgan koʻlmakda aks etgan quyosh shuʼlasi kitobini qayerdan topsam boʻladi birorta kutubxonadan topa olmayabman

Damira

18:10 / 05.10.2023

Qoyil qolmaslikni iloji yoq..... bazan o'zimiz xoxlamagan olamga tushib qolamiz.... sevgi qandaydir manoda Alloh tomonidan yuborilgan deb o'ylaymiz.... menga manashu kitoblarni electron xolatda yubora olasizmi

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16793
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi