Istaymanki, hamma rost gapirsa – Shukur Xolmirzayev


Saqlash
17:09 / 27.09.2023 1080 0

Chinakam yozuvchi hayotni teran mushohada etadi, zimmasidagi vazifa mohiyatini anglashga intiladi. Haqiqat yo‘lidagi sa’y-harakatlar, pirovardida, uning yashash tarziga, umr mazmuniga aylanib ketadi. San’atkor qalbi xalqning ahvol-ruhiyasi, kechmish-u taqdiri aks etadigan ko‘zgu ekani-da rost. Yillar o‘tgani sayin o‘quvchi ko‘ngliga yanada yaqinroq bo‘lib boradigan kitoblarning umrboqiylik siri, ehtimol, shundadir?..

 

Mumtoz hikoyanavis Shukur Xolmirzayevning adabiyot tarixiyu istiqboli, yurt va xalq o‘tmishi, inson ruhiyati, yozuvchilik a’moli xususidagi mushohadalari adib shaxsini tanitishda o‘ziga xos vasiqa deyish mumkin.

 

***

“O‘n sakkizga kirmagan kim bor”dan keyin yetti yil yozmay ketganman. Dunyo adabiyotiga ro‘para bo‘ldim. Hind, fransuz, ingliz, qisman italyan adabiyotini yaxshi ko‘rdim. Eng yosh adabiyot – Amerikani yaxshi ko‘rib o‘qidim. Lotin Amerikasigacha bordim. Shularni ko‘rganimdan so‘ng qarasam... siyosiy tovlamachiliklar, millatchilik, rasizm, bosqinchiliklar, shovinizmlar o‘tar ekan, inson qolaverar ekan. Shunga shon-sharaflar bo‘lsin! O‘shanda siyosatga, siyosiy ko‘rsatmalarga xizmat qilmaslikka aqlim yetgan edi. Sening mahkumiyating, qismating – insonni aks ettirish. Odam qalbiga quloq solish kerak...

 

Ko‘plab hikoyalarimizda yechim chatoq... YECHIM – yozuvchining dunyoni idrok etishi, inson ruhining ichki va sirtqi qonuniyatlarini nechog‘li bilishi, qolaversa, mahorat – professionallik, ijod texnikasini qanchalik egallagani bilan bog‘liq masaladir.

 

Men adabiyotni qismatim deb allaqachon aytib qo‘yganman. Buni o‘zim bilaman, Olloh biladi. Qismatim demaganimda, men bu yerlarda – yozuvchilar dala-hovlisida makon tutmay, xotin, bola-chaqamning yonida yurardim. Tuzukkina ro‘znoma yoki jurnalga muharrirlik qilish ham qo‘limdan keladi... Shaxsan men bu yo‘lga kirdimmi... yo‘q, orqaga qaytib bo‘lmaydi. Boshqacha hayot kechira olmayman. Lekin bir narsaga afsus qilaman. Bu yo‘ldan ketgan odam, bu ruhda tarbiyalangan odam ro‘zg‘ordan qiynalar ekan. Men risoladagidek er bo‘lolmadim deb hisoblayman o‘zimni. Yaxshi, mehribon ota bo‘lolmadim. Hayotimning ko‘p damlarini adabiyotga sarfladim. Bundan afsuslanmayman.

 

Ishonasizmi, ba’zan hikoyani yozib bo‘lganimdan keyin uni birovga ko‘rsatmay, redaksiyalarga ham bermay yuraman. Yaxshi ko‘rgan kuyingni xirgoyi qilgandek, o‘zimcha o‘qib, o‘zimcha zavqlanib yuraman. Keyin... hayot shundayki, tirikchilik o‘tishi kerak: jig‘ildon tashvishi bor, biron redaksiyaga eltaman.

 

***

Men matbaa sohasida Ibrohim Rahimdek bag‘rikeng, qo‘rqmas va tadbirkor rahbarni ko‘rganim yo‘q! U kishi milliy qadriyatlarimiz haqida har qanday qaltis materiallarning ham chop etilishiga bosh bo‘lar, “O‘zim javob beraman. Sizlar topinglar!” der, biz xodimlar jon-jahdimiz bilan ishlar edik. Tasavvur eting, 1967-68-yillar; “Temur tuzuklari”ni bosish uchun qanaqa yurak kerak… Aytadilarki, “xalq qandoq bo‘lsa, rahbar ham shundoq bo‘ladi”, deb. Yo‘q, ko‘pincha, rahbar qandoq bo‘lsa, xalq ham shundoq bo‘lib ketar ekan.

 

Haqiqiy adabiy tilimiz – Cho‘lponning tili. Menga bu gapni Shukur Burhon aytgan. “Shukurjon, 30-yillari biz adabiy tilni norma qildik. Cho‘lpondan o‘rgandik. U bizga adabiy emakdosh edi. Rejissorimiz Mannon Uyg‘ur edi. Shunda adabiy til shakllangan edi. Keyin sho‘roning ta’siriga o‘tib, ruscha gaplashadigan, shevada gapiradigan bo‘ldik... O‘zbek tili buzilyapti, buzilyapti”, deb Shukur Burhon armon bilan o‘tib ketdi.

 

Men ikkinchi kursdayoq she’r yozishni tashlab ketganman. Bunga Abdullajon sabab bo‘lgan. Men o‘shanda Abdullajondan o‘tkazib she’r yozolmasligimni anglab yetgan edim... Umuman, she’rni yaxshi ko‘raman. Qulog‘im tinch, ko‘nglim tinch bo‘lgan paytlarda she’r o‘qiyman. She’rning sadag‘asi ketay, bunda gap ko‘p...

 

***

Bulbul nega sayraydi? Bizga, bulbul odamlar uchun sayraydi, deb o‘rgatishgan. Yo‘q, bulbul o‘zi uchun sayraydi. Sayramasa, o‘ladi. Menimcha, adabiyot ham shunday. Bu bir tabiiy tuyg‘u. Ibtidoiy odam birovni tarbiya qilay deb suratlar chizgani yo‘q. U tabiatga taqlid qilgan. Darvoqe, Arastu ham shunday fikr bildirgan. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda adabiyot ham bir ehtiyoj. Tinglash ham, zavqlanish ham inson tabiatidan kelib chiqadigan ehtiyoj. Shu bois men adabiyotni ham ehtiyoj san’ati deb bilaman.

 

“So‘nggi bekat” nomli romanim chiqqan edi. Shunda Vatan o‘zi nima, deb o‘ylar edim. Mening eng yaqin do‘stim bor edi, arxeolog Mengziyo Safarov degan. Biz qabristonlarda yurardik. Qadim vayronalarda, Afrosiyobda, Dalvarzintepalarda yurardik. Biz Tolstovning, Massonning, Pugachenkovaning, Bartoldning asarlarini hijjalab o‘qir edik. O‘shanda 26 yoshlarda edim. Kimman men? Shu arablar bosqinidan oldin ham mening Vatanim bo‘lganmi yo keyin bo‘ldimi, degan bir g‘ashlik bor edi. Yo‘q, biz ilgaridan ham xalq ekanmiz. Ilgaridan ham Vatan bor ekan...

 

Gyote va boshqalar – hammasining ildizi so‘fiylikda yotadi.

 

Insonning yashash qonunlari oddiy hayvonlarning yashash tarzidan uncha farq qilmaydi. Hayvonlarning ruhiyatini qancha ko‘p o‘rgansangiz, insonni shuncha kashf etarkansiz. Nafaqat odamni, balki o‘zingizni kashf qila boshlarkansiz... Avval odamni o‘rganishdan qo‘rqqan paytlarim bo‘lgan. Chunki men qahramonim nima o‘ylayotganini bilib turardim. Ammo adabiyotda ko‘rmaganman-da. Ko‘rsatilgan yo‘llar meni qanoatlantirmagan. Shuning uchun qo‘rqqanimdan asarni ko‘proq dialoglarga qurardim. Oradan yillar o‘tib, insonni o‘rganib olganimdan keyin qo‘rqmaydigan bo‘ldim. Bu – juda muhim narsa.

 

***

O‘ylab qarasam, bolalar o‘yinida gap ko‘p ekan. Biz o‘sha o‘yinlarda faqat jismoniy emas, balki ma’naviy jihatdan ham chiniqar ekanmiz... Bizdagi, shaxsan o‘zimdagi ayrim fazilatlar zaminini ham o‘sha o‘yinlardan ko‘raman. Axir, o‘yinda g‘irromlik qilgan ayrim do‘stlarimizning keyinchalik, katta bo‘lgandan keyin ham hayotda g‘irromlik qilganiga guvohmiz. Yoxud buning aksicha.

 

Ochiqroq aytsam, biz yaxshi, halol aks ettirmadik. Chunki o‘sha nosog‘lom muhitda anavini yozish mumkin-u, buni yozish mumkin emas degan nuqtai nazar tepangda bamisli oyboltadek osilib turar, shuning uchun bizda aksar yozuvchilar rost gapni yozmas edi. Ajabo, bu yerdayam bir qonuniyat bor-a: ma’naviy muhitimizda yolg‘on ko‘p bo‘lganidan adabiyotda ham yolg‘on ko‘p edi, deyish mumkinmi? Biroq yana yuqoridagi fikrga qaytasan kishi: axir, adabiyotning vazifasi, demak, o‘sha yolg‘onni ham aks ettirishdan iboratmasmidi? Mana, baxtimiz bor ekan: zamon aylanib, rost gapni – borini aytish imkoniyati ochildi.  Bu – yozuvchi uchun baxt! Axir, yozuvchiga nima kerak? Ana shu erkinlik-da! Yozuvchining vazifasi nima? Haqiqatni aytish-da! Shuning uchun bo‘lsa kerak, dunyo adiblari o‘rtasida tarqalgan qadim bir gap bor: yozuvchining xudosi – haqiqat emish.   

 

***

Men “Qutlug‘ qon”ni hali ham huzur qilib o‘qiyman. Mana, Mirzakarimboy haqidagi o‘ylarimdan bir shingil: “Boy bo‘lishning o‘zi bo‘lmas ekan. Axir, u odam naqadar tadbirkorlik bilan boy bo‘ldi! Xotinining taqinchoqlarigacha chiqarib sotdi, yer oldi. O‘g‘li Hakimboyvachchaga zo‘r maslahat berdi-ya, Farg‘onada paxta zavodi ochish to‘g‘risida? O‘zimizda zavodlar bo‘lishi lozimligi haqida boylarimiz o‘shandayoq o‘ylagan ekan-da?! Uning Yo‘lchiboyga nasihatlari... Xo‘p, ana, Mirzakarimboyning o‘n olti yashar Gulnorni xotinlikka olishini “yomon” deylik. Lekin bu holni ham tushunish mumkin: nima qipti yosh xotin olgan bo‘lsa?”

 

Haqiqiy yozuvchi men odamni tarbiya qilyapman, demaydi. Uni mo‘ljallamaydi. Bu – o‘rtacha yozuvchilarning ishi.

 

Pushkinning mashhur gapini eslang-a: “Я плачу над вымыслом!” O‘zi to‘qigan – badiiy to‘qimani salmoqlab ko‘rib... yig‘lar ekan! G‘alati hol, a? Ammo yozuvchi uchun bu tabiiy holdir. Ana shuning uchun ham azizimiz Abdulla Qodiriy Kumush o‘lganida sim-sim yig‘lagan... Fransuzning buyugi Flober Bovari xonim o‘lgan chog‘da o‘zidan ketib qolgan... Asar yaralishi jarayonida bitta nuqtaga jiddiy e’tibor berilishini istayman: qahramonning ko‘nglidan izma-iz, bosqichma-bosqich va uzviy muntazamlikda kechadigan hamda (demak) qayoqqadir ko‘tarilib yoxud pastlab boradigan his-tuyg‘ulari va ana shular ta’sirida paydo bo‘ladigan (ma’nilimi, bema’nimi – farqi yo‘q) fikr-mulohazalarning tabiiy chiqishiga... hushyor bo‘lishni istayman: bu ish shu qadar nozik va murakkab jarayonki, har qanday oliy matematik hisob-kitob ham hech narsadir!

 

Zamon qahramoni haqida yozadigan yozuvchining o‘zi to‘g‘ri, to‘liq bo‘lishi kerak. Hemingueyning bir gapi bor: yaxshi odamdan yaxshi yozuvchi chiqadi. Demak, yomon odamdan hech qachon yaxshi yozuvchi chiqmaydi... Kim o‘zgani o‘zichalik tasavvur etadi?! U o‘zini, o‘zligini asarda aks ettiradi. O‘zi, o‘zligi chatoq bo‘lgandan keyin ijobiy qahramon qayerdan paydo bo‘lsin?!

 

Adabiyot milliy ko‘tarilishlar, jamiyatning o‘sish davrlarida, cho‘kish davrlarida taraqqiy etar ekan. Kuni kecha – mustaqillik arafasida bizning shoirlarimiz bir dahoday, yo‘lboshchiday chiqishdi. She’rdan huzur oldik. She’r bizni boshqardi.

 

Vaqti kelganda, ijodkorni bir og‘iz iliq so‘z bilan siylab qo‘yish ham uning hayotini o‘zgartirib yuborishi mumkin ekan. Biroq pishmagan mevani urib tushiradigan “mergan”dek mukofotga intilish, hay-hay, uyat! Tamagirlikdan boshqa narsa emas! Holbuki, bunday “mergan”larning soni... e, juda ko‘p! Bitta yaxshigina shoirning Oqiljon Husanovga “Vo, akajon-e, juda qiynalib ketdim-e shu mukofot uchun!” deganini eshitganman. Shoira komsomol mukofotini olgan edi. Buning uchun o‘zining viloyatiga qatnab, ancha talabnomalar bittirgan ekan. Kattakon bir adibimizning bu yo‘rig‘da aytgan gapi ham esimda: “Agar shu yil ham davlat mukofotini bermasa, Yashinning eshigi og‘zida yotib olaman!” E, shu yo‘l bilan mukofot olgandan ko‘ra “chetda turgan yaxshi”-da! G‘ururingni poymol etmaysan. Qolaversa, bu o‘tkinchi dunyoda adib degani Shaxs bo‘lib ham qolishi kerak-ku!

 

So‘fiylar ta’limoti asosida komil inson va barkamol jamiyat g‘oyalari yotgan. Buning uchun ular ishni, avvalo, o‘zlarini o‘zlari tarbiya qilishdan boshlashgan va eng birinchi shartlari – nima yumush qilmasinlar, inson kamoloti uchun qanchalik izlanmasinlar, buning uchun birovdan bir narsani tama qilmaslik bo‘lgan: boshqa hamma sifatlar ana shu beminnat g‘oyadan o‘sib chiqqan.

 

***

“Toshkent” mehmonxonasida o‘tirganimizda Chingiz Aytmatov kelib qoldi. Biz ko‘pchilik edik, rahmatli Botir Zokirov ham hayot edi. “Sizlar juda shirin gaplashasizlar. Кто здесь прозаик?” dedi u. Bir-ikkimiz aytdik. Shunda “Sizlar jindek sovuqqon bo‘lib yozinglar. Juda gajak qilib yubormanglar”, dedi. Men yomon ta’sirlanganman. Keyin o‘qidim, dunyo adabiyotida shunaqa yozadigan yozuvchilarni “shafqatsiz yozuvchi”, ular nasrini esa “yalang‘och proza” deyishadi. Qanday qilib ayrim millatlarning yozuvchilari shu darajaga yetar ekan, deb o‘yladim. 

 

Bizda ko‘pincha adabiyotshunoslar biron bir adibning ma’naviy mulki – ijodi haqida fikr yuritganda va uni u yoki bu tarafdan yondashib tahlil etganda, o‘sha adibning shaxsiga – u ham konkret bir odam, shaxs, pirovardi, xarakter ekaniga; uning ana shu xarakteri, individual xususiyatlari ham asarlariga, tasvir usullariga bevosita o‘tishi, qolaversa, “uslub – yozuvchi” degan eski aqidaga amal qilmayroq ketishlarini sezamiz. Holbuki, bu masala – ijodiyotda tub masalalardan biridir.

 

Adabiyotda bir gap bor: yozuvchi YOZISHni yozish jarayonida o‘rganadi. Adabiy jamoatchilik fikri unga qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi.

 

Bir kuni Abulqosim madrasasining bir hujrasida (Abdulla Qodiriy hujrasiga qo‘shni) rejissor Bahodir Yo‘ldoshev, shoir Usmon Azimov va tag‘in bir-ikki ulfatlar bilan o‘tirgandik. Bahodir so‘rab qoldi:

 

– Shukur aka, o‘zi, bosmachilarning g‘oyasi bo‘lganmi?

– O, bo‘lganda qandoq! – deb ma’ruza o‘qiy ketdim. Keyin u:

– Nega “Qilko‘prik” romaningizda shu narsalarni ochiq yozmagansiz, – deb so‘radi.

– Qo‘rqqanman, – dedim.

– Qo‘rqmang! – deb xitob qildi u birdan. – Menga bosmachilarning aslida kim bo‘lgani haqida bitta pyesa yozib bering! Men qo‘yaman... Usmon, ayting bu kishiga!

– Aka, yozing, – dedi Usmon. – Dunyo o‘tdi-ku... Yozing, biz yoningizda turamiz.

 

Bu suhbat kechganda, “qayta qurish” degan so‘zning o‘zi yo‘q edi.

 

***

Enam o‘lgan kun. Tobutni opchiqib ketishyapti. Orqamdan bir kelinchak baqirib: “Xolajon, opamni so‘rab qo‘ying” dedi... Bundan ikki-uch yil oldin Yunusoboddan besh xonali uy berilgan edi. O‘sha yerda bitta o‘zim qishladim. Yotibman. Xonam derazasining bir ko‘zi uchgan edi. Bir mahal uyg‘onib ketdim. Xona sovib ketgan. Oyog‘imni divandan tushirib, eshikka qaradim. Qarasam, Mengziyo turibdi! Safarov... Badanlarimni, u yoq-bu yog‘imni chimchilab, o‘yib-o‘yib oldim. Yo‘q... Qaradim, turibdi Mengziyo! “Mengziyo, kepsiz-a? – dedim. – Umarbekov yaqinda ketgan edi, shuni so‘rab qo‘ying”. U turibdi. “Mengziyo, Umarbekovni ko‘rdingizmi?” dedim. U g‘oyib bo‘ldi. Menga ta’sir qildi shu narsalar. Ollohga shukr, “Dinozavr” romanimni yozdim; xudo umr bersa, yana ba’zi narsalarni qoralash niyatim bor. Lekin o‘zim yaxshi ko‘rgan odamlar haqida – Mengziyo, Umarbekov, Shuhrat aka, Odil aka, Abdullajon bor, Usmon haqida yozdim... Bu – odamning ketayotgan paytidagi vasiyati emas, ammo shunga yaqin bir narsalar bo‘ladi. Kimni, qanday fazilatlarni yaxshi ko‘rasan... O‘shani yozish ehtiyoji o‘limlar tufayli ko‘nglimga tushdi.

 

Amriqo yozuvchilarining Ernest Heminguey bilan teng turadiganlaridan biri – Richard Oldington (uning eng mashhur asari “Все людивраги” degan romanidir) “Har qanday kimsaning hayotidan ham kamida bitta ibratli hikoya yozish mumkin”, degan ekan. Kamina har gal shu gapni, aniqrog‘i, hikmatni eslaganda, 54 yillik komfirqaning a’zosi, hamon firqa daftarchasini kengayib qolgan kostyumi kissasidan qo‘ymaydigan volidam ko‘z oldimga kelar, chalasavod, ammo vaqti zamonida ko‘plarga nafi tekkan shu zot haqida biron bir narsa yozishni o‘ylardim.

 

Keyin qarasam, tug‘ilib o‘sgan yurtimda hayot yo‘li haqida hikoya emas, qissa yozish ham mumkin bo‘lgan arbob shaxslar ko‘p, ko‘p o‘tgan ekan.

 

***

Bir asarimni Moskvada tarjima qilmoqchi bo‘lishdi. So‘zma-so‘z tarjimasini yubordim. “Молодая гвардия” nashriyotidan Shevelyov degan noshir Temur Po‘latov bilan keldi... Zohir A’lam degan yozuvchi ukamiz bor, shu bilan Xorazmga bordik. U yerda Omon Matjonning otasining xudoyisi bo‘layotgan ekan, shunga kirib o‘tdik. Havo sovuq edi, eshik oldida yoshullilar chiroyli-chiroyli chopon kiyib turishgan ekan. Shevelyov shundan olib ber, dedi. Surishtirsam, ikki ming so‘m turarkan, o‘sha paytda to‘rt mingga mashina berardi, menda buncha pul yo‘q, dedim. Xafa bo‘ldi, gaplashmay qo‘ydi. Ertasiga mehmonxonada Temur menga bir ro‘yxat tutqazdi. Qarasam yong‘oq, mayiz, pista va hokazo noz-ne’mat, hammasi o‘n kilodan yozilgan. Men hayron qoldim. Bu nimasi, dedim. Hamma shunaqa qiladi, dedi Temur. Birov turkman gilam, birov po‘stin – kim asarini tarjima qildirsa chekiga tusharkan. Men qilmayman buni, bor, ketaver, dedim. Shundan keyin asarlarim tarjimasiga qiziqmadim.

 

Shunday bulbullar bor, yonida har xil qushlar (masalan, hakka) bo‘lsa, buziladi har xil qushlarning ovozini eshitib. Kanareykani odamlar tarbiya qilayotganida eng yaxshi kanareykalar bilan birga boqadi. Shulardan o‘rganar ekan chiroyli ovoz chiqarishni. Buyam o‘rganish-da! Yozuvchilik mahoratini oshirish uchun boshqa yozuvchilarni o‘qiymiz. U arab bo‘ladimi, negr bo‘ladimi – shulardan o‘rganamiz.

 

Biz o‘sha sun’iy bir vakuumda, izolyatsiyada yashagan davrimizda chet el yozuvchilariga qattiq berilgan edik. U Tagormi, Balzakmi, Jek Londonmi, Stendalmi – nima bo‘lsa ham o‘qir edik. Va: “E, adabiyot bunday bo‘lar ekan-da”, der edik. O‘zimizning adabiyot esa qoniqtirmas edi... G‘arb ta’siriga tushib g‘arbchi bo‘lgan paytlarimiz ham bo‘ldi. Tasavvur qiling: bir korxonada, boshliq qo‘l ostida mehnat qiladigan yozuvchini. Endi uning asari nima bo‘ladi? Qahramonlari-chi? Men aminmanki, uning ijobiy qahramoni ham xuddi o‘zi kabi qaram bo‘ladi! Demoqchimanki, yozuvchi ham o‘zini tarbiyalashi kerak... har qanday shaxs, albatta o‘zligiga qaytadi. Va, shu ma’noda, bugungi g‘arbchilar ham bir kun kelib Sharqqa qaytishi tabiiy!

 

Yurtga borar bo‘lsam, mashinam bor vaqtida-da, o‘shanda Chak-chak dovoni ustiga chiqib o‘tirar edim. Boychechak ochilgan bo‘ladimi, yo xazon fasli... Yo tavba! Hatto o‘sha yerdan qaytgim ham kelar edi. Yo tavba! Shu qandaydir daqiqalar uchun men bir yil tayyorlandim. Va mana, keldim. O‘tiribman. Shu, o‘sha – mening eng baxtiyor onlarim...

 

***

Muhammad Hodiy degan bir ozar shoiri o‘tgan. Uning “Alvohu intiboh” asari bor. Rauf Parfi tarjima qilgan. Juda og‘i-ir poema u. Lekin biz uni tarjimasiz o‘qidik. O‘shanda adashmasam mana shunday bayt bor: “Muhabbatlar muvaqqatdir, / Faqat g‘amlar haqiqatdur”. Yoki kechagi kunimiz haqida yozilgandek tuyuladigan quyidagi g‘alati satrlarni uchratdim: “Vatan obod shaklinda, Qullar ozod shaklinda”.

 

Biz moddiyat – birlamchi, ruh – ikkilamchi; materiya – birlamchi, ong – ikkilamchi, deb katta bo‘lgan avlodmiz. Ammo-lekin juda fozil, orif odamlar ham aytishadi: “Xudo degil-u, bilganingdan qolma!” Men demoqchimanki, odam o‘z-o‘zini tarbiyalash asosida yaxshilikni topar ekan, demak, hamma narsa o‘zida – botinida bo‘lishi kerak.

 

Bilasizmi, hammamizning vujudimizda, ruhiyatimizda bir xudbinlik bo‘ladi. Insoniyatda bor. Bu tug‘ma bo‘lsa kerak, chunki bu xudbinlikni tuzatib bo‘lmaydi. Inson – o‘lib tirilganidek, bu nuqson u bilan birga o‘lib, qayta yana tiriladi. Keyingi avlodlar bilan birga.

 

Bizga yetishmay kelayotgan narsalardan eng muhimlari – ijodda halollig-u hayotda mardlikdir.

 

Bir g‘alati asarlar paydo bo‘ladi. Bular, shubhasiz, to‘xtab qolgan Abdulla Qodiriy prozasiga yaqin proza bo‘ladi. Men ishonamanki, oddiy hikoyalardan ko‘ra, hikoyatlar ustun keladi. Rivoyat tariqasidagi hikoyalar ustun bo‘ladi borib-borib. Chunki zamon, dunyo evrildi. Xullas, Ovrupo realizmidan ham, o‘ris realizmidan ham uzoqlashib, boshqacha, ya’ni donishmandona bir adabiyotga yetamiz. Mohiyat, maqsad aniq, mag‘zi to‘la bir adabiyot yaratiladiki, bu esa, o‘sha “Chor darvesh” deganimiz, Sa’diyning “Guliston”, “Bo‘ston”, Farididdin Attor, Al-Maariy va boshqa klassiklarimizning yo‘lini davom ettiradigan adabiyot bo‘ladi. Ana shu yo‘ldan ketadimi deyman-ov. Yoki hech bo‘lmaganda, o‘sha yo‘lga yaqin borib qoladi. Men bunga aminman!

 

Men istayman, hamma rost gapirsa. Men istayman, nafsdan o‘zini ustun qo‘ysalar. Tamom, boshqa niyatim yo‘q. Shuning zamirida ma’naviyat yotibdi.

 

Olim TOSHBOYEV saraladi.

 

“Tafakkur” jurnali, 2022 yil 1-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19453
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16794
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi