Ijodkorning jismoniy yo‘q qilinishi, oxir-oqibat, baribir ijodkorning maʼnaviy g‘alabasiga aylanadi. Rauf Parfiga bo‘lgan munosabatda ham biz shuni ko‘ramiz – adabiyotshunoslar Rauf Parfi haqida


Saqlash
14:09 / 26.09.2023 959 0

O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfi o‘zining ko‘lamdor va go‘zal sheʼriyati bilan – maʼnodorlik, mazmun va mavzu qatlamlarining turfaligi, metaforalari va ohangdorligi, shakli bilan nafaqat o‘zbek, balki turkiy adabiyotga ulkan hissa qo‘shgan shoir sifatida eslanadi. Shu kunlarda shoir tavalludining 80 yilligi munosabati bilan yurtimizda ko‘plab tadbirlar, anjumanlar, sheʼriyat kechalari o‘tkazilmoqda. Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad shoir shaxsiyati va ijodi, uning qatlamlari xususida yig‘ilganlarga ko‘proq maʼlumot berish hamda uning yosh kitobxonlarga yanayam tushunarli va ochiq bo‘lishi imkonini oshirishdan iborat. Oyina.uz o‘zbek va turk adabiyotshunoslarining shoir va uning ijodi haqidagi fikrlarini bir sahifada yig‘ish va sizga ulashishga harakat qildi.

 

 

Otajon NOROV, filologiya fanlari doktori:

 

– “Yolg‘izning yori – Xudo”, deydi donishmand xalqimiz. Rauf Parfi yolg‘izlikdan farog‘at tuyadigan shoir. U gohida dilgir, gohida mahzun. Butun bir millatning asl qiyofasi mujassam edi unda. Maqom o‘zgaradi, mohiyat o‘zgarmaydi. Rauf Parfi shaxsiyati ham, sheʼriyati ham mohiyatga qaratilgan. Shoir ijodining ommalashib ketmaganligining sababi ham shu. Inson o‘zi bilan hech qachon oyna olib yurmaydi. Oyna insonning aksini ko‘rsatadi. Sheʼr esa inson qalbini. Buyuk yozuvchi Servantes “Don Kixot” asarida bir odamni ikki qiyofada tasvirlaydi. Biri – ritsar Don Kixot, devonasifat inson sifatida ko‘rsatilsa, ikkinchisi Don Kixotning yalovbardori – Sancho bo‘lib, eshakdan boshqa hech vaqoga ega emas. Don Kixot insonning ichi, yaʼni orzu-aʼmoli, u otda yuradi. Shuning uchun uni jamiyat qabul qilolmaydi. Sancho esa insonning tashqarisi, jamiyatga singib ketgan. U esa eshakda yuradi. Har qanday zamonda, hatto Xorun ar-Rashid vaqtida ham jamiyat bilan inson o‘rtasida murosa bo‘lmaganidek, shoir Rauf Parfi shaxsiyati ham, sheʼriyati ham murosasizdir. “Yo aslingday bo‘l, yo ko‘ringaning kabi bo‘l”, – deydi Mavlono Rumiy. Menimcha, Rauf Parfi asli qanday bo‘lsa, ko‘rinishi ham shunday inson. Tafakkur tahayyulida nima o‘tgan bo‘lsa, shuni qog‘ozga tushira olgan shoir deb bilaman. Shundan bo‘lsa kerak, uning sheʼriyati hammaga ham singib ketavermaydi. Buni faqat xoslargina anglab yetishi mumkin.

 

Men sening ko‘zlaringga qarayman,

Sen o‘zgalarga.

Kimning ko‘zlaridan izlaysan meni?

 

Shoir sevgi bobida ham hammaga tanish bo‘lgan tuyg‘ularni ifodalashdan qochadi. Ayriliq, o‘kinch, hasrat, dard, g‘am – hammasini bir nuqtada mujassamlashtiradi. “Kimning ko‘zlaridan izlaysan meni?” deya savol qo‘yadi. Oshiqning so‘nggi iqrori yetolmagan visol bilan yakun topadi. Endi uning yori kim bo‘lishi muhim emas, faqat uning ko‘zlarida o‘zligini ko‘rish muhimroq. Ehtimol, shu sabab “Hislarimni yo‘llaringga marjonday sochay”, deya so‘zlardan marjondek satrlar yaratgan bo‘lsa ajab emas. Hisni sochib bo‘ladimi? Albatta, bo‘ladi. Axir ishqning surati ham siyrati hisdan paydo bo‘lgan emasmi?! His bo‘lmasa, sevgi-muhabbat ham bo‘lmaydi. Aks xolda oshiq ham, maʼshuq ham o‘lim bilan olishsa-da ahdu paymonidan qaytmaydi. Shoir mahorat ila his marjonini bir butun holga keltirib, maʼshuqa oyog‘i ostiga sochadi. Aslida haqiqiy oshiq maʼshuqa oyog‘i ostida yotib ham lazzat tuyadi. Oshiqning maʼshuqaga bo‘lgan hislarini muvofiqlashtiradi. Bu bilan ijodkor oshiqning tuyg‘usini tasavvurga sizdiradi.

 

 

Ravshanbek EGAMBERDIYEV, o‘qituvchi:

 

– Rauf Parfida so‘z o‘z vazifasini tamoman o‘zgartiradi. Shoir buni ataylab qilmaydi. So‘zni o‘zi shoirni boshqaradi. Natijada shoir sheʼrlarida so‘z vijdon, iymon, o‘zlik, millatparvarlik, yorga, vatanga, millatga sadoqat, eʼtiqod, muhabbat, diyonat kabi tushunchalar ekvivalenti qatorida keladi. Shoir so‘z haqida ko‘p yozadi. Ular shunchaki quruq tizmalar, chaqiruvlar, balandparvoz tashbehlar emas. Balki shoir vijdonining xaritasi o‘laroq so‘z haqidagi sheʼrlar olamga keladi. Shoir yozadi:

 

Dilimda bir so‘z bor edi,

Bu so‘z meniki edi.

Aytdim-u,

Men so‘zniki bo‘ldim ortiq.

 

Bir qarashda bu satrlar aristokrat so‘zlar tizmasiga o‘xshaydi. Poetik oliftalik alomatlari ko‘rinadi. Ichidagi so‘z aytilmagan kezda uniki ediyu, aytilishi bilan u so‘zning mulkiga aylandi. Qaysi so‘zligi nomaʼlum? So‘zning vazni, tafti, alomatlari, ko‘rinishi, taʼsir doirasi – hamma-hammasi “bir so‘z” aylanasida kechayapti. “Aytsam o‘ldirurlar, aytmasam o‘lam” degan xalq qo‘shig‘ining ifori keladi bu sheʼrdan. Insonning hayotini, tuyg‘ularini, hislarini, kechinmalarini burib yuboradigan bir so‘z aslida hammamizning ichimizda bor…

 

Dilmurod QURONOV, adabiyotshunos:

 

– Keyingi yillarda ijtimoiy tarmoqda Rauf Parfi haqida qo‘yilgan postlar ostiga bitilgan izohlarda “buyuk shoir”, “asl so‘z sanʼatkori”, “millat vijdoni”, “sheʼriyatimiz ustuni”  singari yuksak taʼriflarga duch kelganda, bir zumgina “Rauf Prafini biladigan kishilar shu qadar ko‘p ekan-a!” deb o‘ylab, shundayligiga ishonib ham qolaman. Yo‘q, hartugul, tezda reallikka qaytib, bu holat ham ko‘proq shoir nomining bugun “trend”da ekanligi, bu nomdan “brend” yaratilayotgani bilan bog‘liq degan to‘xtamga kelaman. Eskicha fikrlaganimdandir, balki, lekin hali-hanuz yuqoridagi kabi taʼriflarni shoir ijodini atroflicha chuqur bilgan kishilar berishsa durust, aks holda ular shunchaki havoyi gap bo‘lib qoladi deb o‘ylayman-da! Unday desam, ayrim izoh mualliflari o‘zlarini nafaqat Rauf Parfi ijodi, umuman milliy sheʼriyatimiz bilimdoni o‘laroq tutishadi: uni asrdosh qalam ahlidan bir necha kalla baland qo‘yib, yettinchi osmonga olib chiqib qo‘yishadi-da, bu bilan shoirni o‘quvchi ommadan uzoqlashtirib qo‘yayotganlarini xayoliga ham keltirishmaydi.

 

Xo‘p, bunisi ham mayli, uni Abdulla Oripovu Erkin Vohidov kabi el va hukumat eʼtiborida bo‘lgan shoirlarga qarshi qo‘yishga, ularni hurmat shohsupasidan tushirib, o‘rniga Rauf Parfini chiqarib qo‘yishga intilayotganlarga nima deysiz?! Qiziq-da, shohsupaga ikki kishidan ortig‘i sig‘maydimi? Yo ikki emas, uch yo to‘rt shoirni ardoqlasak, haqimiz ketib qoladimi? Axir, Rauf Parfini alqash barobarida boshqa hamma shoirlarga mensimay qarash, “Cho‘lpon bilan Rauf Parfi orasida bironta ham asl shoir yo‘q” singari daʼvolar o‘ylantirib qo‘yadi-da kishini! Beixtiyor “Birodar, siz Rauf Parfini shoir o‘laroq qadrlamoqchimisiz yo uni bayroq qilib olgancha boshqalarni yana bir savalab qolmoqchimisiz?!” deb so‘ragim keladi.

 

Doktor Kemal Yavuz Ataman, filologiya fanlari doktori:

 

– Rauf Parfi O‘zturk o‘zbek milliy shoiri sifatida turkiy dunyo sheʼriyatining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan benazir shaxsdir. 1995-yilda Turkiya Diyonat Vaqfi “Qutlug‘ tavallud haftasi” dasturi doirasida Munojot musobaqasini uyushtirdi va Rauf Parfi “Turkiy jumhuriyatlar va turkiy jamiyatlar shoirlari tanlovi”da “Munojot” asari bilan birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Bu sheʼrda Rauf Parfining Allohga bo‘lgan muhabbati, sadoqati, ishonchi va iltijolari ifodalangan. Munojotning tasavvufiy mazmuni diqqatni tortadi, uning har bir satri dillarni larzaga solib, shoirning iztirob, dard va alamga to‘la shaxsiyatini ochib beradi. Olijanob, kamtarin, mardlikka yo‘g‘rilgan feʼl-atvori bilan bir qatorda yuksak tafakkur egasi bo‘lgan Rauf Parfining hayoti sheʼrlarida o‘z aksini topdi, fikrlari keng ufqlarga yo‘l ochdi. Bu bebaho o‘zbek-turk xalq shoiri turkiy va islom olamida yaxshi tanilishi, o‘rganilishi, tan olinishi zarur. Bu masʼuliyat turkiy ziyolilar zimmasiga tushadi. Shoirni bizga eng yaxshi tanitadigan va anglatadigan sheʼrlarining boshida shubhasiz “Munojot” sheʼri turadi.

 

 

Nazar ESHONQUL, yozuvchi:

 

– XX asrdagi Rauf Parfigacha bo‘lgan nazmimizni ko‘z oldimizga keltirsak, bu adabiyotda insonga ko‘proq ijtimoiy hodisa, ijtimoiy g‘oya sifatida munosabatda bo‘linganini ko‘ramiz. XX asr sheʼriyatimizning eng yuqori cho‘qqilarida sotsialistik realizmni dog‘da qoldirgan namunalar ham deyarli ijtimoiy o‘tkir fikrlarni o‘rtaga tashlagani, g‘oyaviy jihatdan davrga mosligi bilan ajralib turadi. Keyin insonni g‘oyalar ichidan tortib olib, adabiyotga qaytargan avlod keldi.

 

Rauf Parfi Erkin Vohid va Abdulla Orifdan farqli ravishda insonni hissiy-ruhoniy hodisa sifatida ko‘rishni istaydi. Uning ijtimoiy ruhdagi sheʼrlarida ham voqelik ijtimoiy holat ko‘zi bilan emas, shaxsning hissiy, xususiy og‘riqlari, Shaxsning iztiroblari tarzida bayon qilinadi. Ana shu o‘ta xususiy tuyulgan kechinmalarda muhit qiyofasi, uning bosimi yaqqolroq ko‘rinadi, tiniqroq jaranglaydi. Aslida ham muhitning haqqoniy va asl qiyofasi muhit bilan kelishmagan, unga muqobillikda turgan mana shu ong ostida yotgan his va kechinmalarda yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Uning sheʼriyatida muhit bilan ziddiyatda bo‘lgan, muhitga muqobil holatlar tavsiya qilgan Shaxsning kechinmalari ifoda etiladi. Shaxs, agar u ijodkor bo‘lsa, u ikki karra shaxslashadi. Ijodkorlik aslida dunyoni mukammal ko‘rmak istagidir. Dunyo esa hech qachon mukammal bo‘lmaydi. Demak, ijodkorning ham inkori va isyoni to‘xtamaydi, Shaxs muhit bilan kelishuv bitimini tuza olmaydi. Chunki Muhit va Shaxs haq va haqsizlik, Zulm va adolat, erk va erksizlik tushunchalari borasida turlicha nuqtayi nazarda bo‘ladi va bu qarama-qarshilik Muhit va Shaxs to‘qnashuvining markaziga aylanadi. Bu qarama qarshilik susayishi Shaxsning yoki Muhitning o‘z pozitsiyasidan chekinganligini, yo muhit, yo shaxs yengilganini anglatadi. Muhit esa hech qachon Shaxs qarashlarini tan olmaydi, undan hamisha g‘olib bo‘lishini istaydi.  Aksar hollarda Muhit o‘z g‘olibligini Shaxsning jismonan yashashiga imkon qoldirmaslik yoki Shaxsni jismonan yo‘q qilish orqali namoyon qiladi. Ammo paradoks shundaki, u shu xatti harakati bilan Ijodkor va Shaxs oldida hamisha mag‘lub bo‘ladi. Chunki ijodkorni jismonan yo‘q qilish mumkin, biroq maʼnaviy yo‘q qilib bo‘lmaydi, uning jismoniy yo‘q qilinishi, oxir-oqibat, baribir ijodkorning maʼnaviy g‘alabasiga aylanadi. Buni tarix bizga qayta qayta saboq qilib kelgan. Rauf Parfiga bo‘lgan munosabatda ham biz shuni ko‘ramiz.

 

Alisher FAYZULLAYEV

Oyina.uz

 

 

Oyina.uzʼni Telegramda o‘qing!

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19453
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16794
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi