“XI asrning birinchi aqli”, “Aristoteldan xato topgan olim” – konferensiya ishtirokchilari Beruniy haqida


Saqlash
13:09 / 26.09.2023 1530 0

Xabaringiz bor, ulug‘ mutafakkir Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya 25-sentabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘z ishini boshladi. Konferensiya ishtirokchilari, xususan, Turkiya, Hindiston, Eron, Ozarboyjon, Tojikiston, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Afg‘oniston mamlakatlaridan tashrif buyurgan mutaxassislar uchun birinchi kun taassurotlarga boy ruhda o‘tdi.

 

Konferensiya ishtirokchilari ikkinchi kun Xorazm viloyatiga tashrif buyurdilar. Kimlardir tomosha bilan, kimlardir o‘zaro fikr almashish bilan band. Asosiysi, hammaning yuzida mamnunlik va iliq tabassumni ko‘rish mumkin. Mana shu manzarada Oyina.uz konferensiya ishtirokchilarining taassurotlariga qiziqdi.

 

Mustafa Demirji, Turkiya:

 


Ancha yillardan beri Beruniy kitoblarini katta qiziqish bilan o‘qiyman va u yashagan tuproqqa kelganimdan juda baxtiyorman. Ayni damda O‘rta Osiyo turk madaniyati tarixi fanidan yoshlarga dars beraman. O‘quvchilar bilan birga Beruniy kitoblarini ko‘p bora muhokama qilganmiz. Beruniy dunyo tan olgan 10 ta olimning biri va aynan Beruniydek yetuk ilm sohiblarining mamlakatida bo‘lish men uchun faxr.

 

Beruniyning mavzularga qarashi ma’lumot beruvchi, tavsiflovchi va tushuntiruvchi – haqiqiy ma’noda ilmiy va zamonaviy akademik qarashdir. Uning deyarli barcha asari fanlar tarixiga yangi ufq va yutuqlar olib keldi.

 

XIX asrning 70-yillarigacha olimning ilmiy merosini o‘rganish biroz cheklangan edi. Hozirda esa dunyo olimlari Beruniy asarlarini katta ishtiyoq bilan o‘rganmoqda va g‘ururlanib aytamizki, biz ham shu yo‘ldamiz.

 

Ashraf Ponnchethil, Hindiston:




“Beruniy” so‘zi “tashqarida” degan ma’noni anglatadi. Olim o‘zini shunday atadi. Lekin e’tiborlisi, Beruniy hech bir millatning tashqarisida qolmadi. Har bir xalq uni o‘z odami deb biladi, uning asarlari kirib bormagan hudud yo‘q.

 

Beruniy astronomiya, matematika va geografiya kabi sohalarga katta hissa qo‘shgan holda islom sivilizatsiyasining taniqli polimatiga aylandi. G‘arb arboblarini indologiya, qiyosiy din va antropologiya asoschilari sifatida namoyon etish tashabbuslariga qaramay, musulmon dunyosidagi ko‘plab olimlarni ijtimoiy fanlarning asoschisi va dastlabki tarafdori deb bilish mumkin. Jumladan, Beruniyni shubhasiz birinchi etnograf – Etnografiya otasi deb aytish mumkin.

  

Aynura Huseynova, Ozarboyjon:

 


Bir go‘zal shaxs uchun go‘zal anjuman tashkil etilganidan xursand bo‘ldim. Har bir tashkilotchiga, har bir qardoshlarimizga rahmatimni aytdim. Bu yerda turkiy xalqlarning o‘ziga xos madaniyati shundoqqina ufurib turibdi. Bir qancha olimlar bilan buyuk Beruniy shaxsi haqida suhbatlashayapmiz.

 

Bilasizmi, men Beruniyni ko‘plab ilmiy tushunchalar asoschisi deb bilaman. Aniqki, tushunchalar har qanday bilimning poydevori. Aynan men bu konferensiyada  Abu Rayhon Beruniy ijodidagi tushunchalar mavzusidagi ma’ruzam bilan ishtirok etayapman.

 

Abu Rayhon Beruniy o‘z davridan shu qadar oldinda ediki, uning ajoyib kashfiyotlari katta olimlar guruhi uchun hali ma’lum bo‘lmagan. U Yerning Quyosh atrofida aylanishi haqida fikr bildirdi, shuningdek, bir geologik davrni boshqasiga davriy almashtirish g‘oyasini ishlab chiqdi. Yerning geologik rivojlanishi nazariyasining asosi sifatida u “vaqt o‘tishi bilan dengiz quruqlikka yoki quruq dengizga aylanadi”, deb ta’kidladi. Beruniyning har bir ilmiy farazlari va ilmni tushunchalar orqali izohlashi biz olimlarni taajublantiradi.

 

Ahamiyatlisi, u o‘zidan avvalgi va o‘z davridagi olimlarning ilmiy asarlarini ham o‘rgangan. O‘z haqiqatiga mos tushunchalarni maq’ullagan, o‘zi xato deb bilgan qonuniyatlarni tanqidiy filtrdan o‘tkazgan. Beruniy hatto Aristotelning xatolarini ham topa olgan olim.

 

Baxtiyor Karimov, O‘zbekiston:



Bu xalqaro konferensiyani juda katta bayram deyish mumkin. Dunyoning kuchli olimlari buyuk ajdodimiz ilmiy merosini shu qadar katta ishtiyoq va hurmat bilan o‘rganishganki, beixtiyor g‘ururlandim. Shaxsan men ham umrimning asosiy qismini ilmga bag‘ishlaganman. Abu Rayhon Beruniyning yirik ilmiy merosiga chuqurlashganim sari hayratda qolaman. Buyuk ensiklopedik olim Abu Rayhon Beruniy o‘zining ko‘plab innovatsion g‘oyalari, tushunchalari va nazariyalari bilan jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Aynan shu mazmundagi ilmiy maqolam bilan konferensiyada ishtirok etayapman. Buyuk olimimizning qariyb 25 ta ixtirosini izohlashga uringanman.

 

Beruniy Demokritning ontologik ta’limotini ishlab chiqdi, unda bo‘shliq mavjudligini inkor etdi; tortishish maydoni nazariyasining asosiy g‘oyasini ilgari surdi; geodeziyaning fan sifatida shakllanishiga ulkan hissa qo‘shdi; sferik trigonometriya formulalaridan foydalangan holda geografiya rivojiga katta hissa qo‘shdi – yer radiusini, ekvator uzunligini katta aniqlik bilan o‘lchadi va katta globus yaratdi.

 

U Xristofor Kolumb va Amerigo Vespuchchidan ko‘p asrlar oldin odamlar yashaydigan qit’a sifatida Amerikaning mavjudligini, Taddey Bellingshauzen va Mixail Lazarevdan ancha oldinroq Antarktida materigi borligini bashorat qilgan yagona olim.

 

Abu Rayhon Beruniyning ilmiy g‘oya va tushunchalari dunyoning ilmiy manzarasini, o‘z davrining dunyoqarashini rivojlantirishga, binobarin, bu davr falsafasining rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Taniqli fan tarixchilaridan biri Jorj Sarton XI asrning birinchi yarmini jahon fani taraqqiyotida “Beruniy davri”, olimning o‘zini esa o‘z davrining birinchi aqli deb atagan. O‘tkazilayotgan ilmiy-amaliy konferensiya orqali olimning yanada buyukligi o‘z tasdig‘ini topmoqda.

 

O‘ylaymizki, bu taassurotlar va bu ilmiy e’tiroflar yurakdan otilib chiqmoqda. Buyuk ajdodimizga befarq bo‘lmagan dunyodan minnatdormiz. Bu hali hammasi emas, xalqaro miqyosda beruniyshunoslik tadbirlari davom etmoqda.

 

 

Sirojiddin RUSTAMOV,
Oyina.uz

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19459
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16844
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi