“Rauf Parfidan “Rauf Parfi”ni ayirib yuboryapmiz” – Dilmurod Quronov


Saqlash
11:09 / 25.09.2023 734 0

G‘alati bir odatimiz bor: ko‘pchilik ma’qullayotgan narsani so‘rab-surishtirmasdanoq ma’qullayveramiz, ko‘pchilik maqtayotgan narsani ko‘rib-bilmay ham maqtayveramiz. Deylik, hammamiz birdek “Cho‘lpon – buyuk shoir” deyaveramiz yo shunday deguvchilarga  qo‘shilaveramiz-da, ko‘pchiligimiz shoirning nari borsa maktab darsligidagi “Go‘zal” she’rini, oshib ketsa “Jim turing, shovqinlamang...” deb boshlanuvchi qo‘shiq uning so‘zi bilan aytilishini bilamiz, xolos.  Nachora, bu – zamonaviy ijtimoiy ongga xos bir jihat, reklama zamonida shakllangan psixologik xususiyat, zotan, hozirda ommaning shoirga munosabatini shakllantiruvchi ruhiy mexanizm ham, atirsovun naviga munosabatini shakllantiruvchi ruhiy mexanizm ham bittadir. Shuni bilsam ham, keyingi yillarda ijtimoiy tarmoqda Rauf Parfi haqida qo‘yilgan postlar ostiga bitilgan izohlarda “buyuk shoir”, “asl so‘z san’atkori”, “millat vijdoni”, “she’riyatimiz ustuni”  singari yuksak ta’riflarga duch kelganda, bir zumgina “Rauf Prafini biladigan kishilar shu qadar ko‘p ekan-a!” deb o‘ylab, shundayligiga ishonib ham qolaman. Yo‘q, hartugul, tezda reallikka qaytib, bu holat ham ko‘proq shoir nomining bugun “trend”da ekanligi, bu nomdan “brend” yaratilayotgani bilan bog‘liq degan to‘xtamga kelaman. Eskicha fikrlaganimdandir balki, lekin hali-hanuz yuqoridagi kabi ta’riflarni shoir ijodini atroflicha chuqur bilgan kishilar berishsa durust, aks holda ular shunchaki havoyi gap bo‘lib qoladi deb o‘ylayman-da! Unday desam, ayrim izoh mualliflari o‘zlarini nafaqat Rauf Parfi ijodi, umuman milliy she’riyatimiz bilimdoni o‘laroq tutishadi: uni asrdosh qalam ahlidan bir necha kalla baland qo‘yib, yettinchi osmonga olib chiqib qo‘yishadi-da, bu bilan shoirni o‘quvchi ommadan uzoqlashtirib qo‘yayotganlarini xayoliga ham keltirishmaydi.

 

Xo‘p, bunisi ham mayli, uni Abdulla Oripov-u Erkin Vohidov kabi el va hukumat e’tiborida bo‘lgan shoirlarga qarshi qo‘yishga, ularni hurmat shohsupasidan tushirib, o‘rniga Rauf Parfini chiqarishga intilayotganlarga nima deysiz?! Qiziq-da, shohsupaga ikki kishidan ortig‘i sig‘maydimi? Ikki emas, uch yo to‘rt shoirni ardoqlasak, haqimiz ketib qoladimi? Axir Rauf Parfini alqash barobarida boshqa hamma shoirlarga mensimay qarash, “Cho‘lpon bilan Rauf Parfi orasida bironta ham asl shoir yo‘q” singari da’volar o‘ylantirib qo‘yadi-da kishini! Beixtiyor “Birodar, siz Rauf Parfini shoir o‘laroq qadrlamoqchimisiz yo uni bayroq qilib olgancha boshqalarni yana bir savalab qolmoqchimisiz?!” deb so‘ragim keladi.

 

Ha, takror bo‘lsa-da aytay, reklama zamonida yashayapmiz: kecha-yu kunduz muntazam reklama qilingan tovarning yaxshiligiga so‘zsiz iymon keltiramiz, uni totib (foydalanib) ko‘rmasak-da, yaxshi deyaveramiz, ongimiz shunga sozlanib bo‘ldi deyarli. Shunga o‘xshash, “Rauf Parfi...” deya ko‘p bong urilayotgani uchun ham hozir ko‘pchilik “Rauf Parfi zo‘r shoir...” deyaveradi, lekin ularning aksariyati shoir ijodidan mutlaqo bexabar. Ya’ni biz Rauf Parfidan “Rauf Parfi”ni ayirib yuboryapmiz – badiiy tafakkurimizni baholi qudrat yuksaltirgan shoir qolib, “reklama” orqali omma ongida hosil qilingan “Rauf Parfi” brendiga mehr uyg‘otmoqdamiz. El ichida “yuzta shap-shapdan bitta shaftoli yaxshi” degan matal yuradi. Shu matalni holatga moslab, “Ming marta Rauf Parfi buyuk” degandan ko‘ra, u qo‘llagan birgina tashbehning go‘zalligi, u yaratgan poetik obrazning betakrorligini ko‘rsatib bergan, bittagina she’rini tahlil qilib, jozibasiga oshno qilgan yaxshi” deyish mumkin. Xuddi shunday, shoirning bahosini yaratgan she’rlari bersin, agar o‘quvchi omma ash’orini anglashga ojizlik qilayotgan bo‘lsa, anglay olgan muxlislari boshqalarni ham anglatish payida bo‘lsin! Faqat shu yo‘l bilangina ShOIR Rauf Parfiga mehr uyg‘otish, uni ommalashtirish mumkin bo‘ladi, faqat shu yo‘l bilan hosil qilingan mehrgina haqiqiy bo‘ladi.

 

Haqiqat shuki, o‘quvchini eng avval betakror ifoda hayratga soladi, shu tarz ifodalangan his-fikrgina qalb-u ongiga ko‘chadi, uning, o‘z-o‘zining his-fikriga aylanadi. Masalan, mana bunday ifoda:

 

Daryo mavjlariga yozilmish g‘azal,

Maysalar egilib o‘qiydi kitob.

 

Manzarani ko‘ra oldingizmi? Xayolan mavjlariga g‘azal bitilgan daryo qirg‘og‘iga ko‘cha oldingizmi? G‘azalning ohangiga mast-u maftun maysalardek egilib, ich-ichingizda o‘sha ohang jarang topa boshlaganini his qildingizmi? Beixtiyor marom-u ohangi qalb qulog‘ingizga xush kelgan g‘azalni o‘qishga urina boshladingizmi? Umuman, shu oddiygina hayotiy holat – daryo qirg‘og‘ida turib, suvning mavjida ajib bir POEZIYA borligini his qilgan va his ettirolgan shoirga qoyil bo‘ldingizmi? (...yo‘q, buning uchun shoirni maqtab o‘tirmang, u bunga aslo muhtoj emas, faqat shu qoyilligingizni, o‘qish asnosida his qilganlaringizni ulashing – shoirning mahtasham haykaliga o‘zingizning no‘xatdek bo‘lsin, ganchingizni qo‘shgan bo‘lasiz, ishoning!)

 

Daryo mavjlariga yozilgan g‘azalga birgina shoir-u maysalargina emas, butun olam maftun: “Shodlanib xandalar otar bir lahza, Bir lahza oh tortib qo‘yadi oftob”. Ifodaning g‘ayrioddiy ekaniga diqqat qiling. Bu yerda birdan ko‘zga tashlanadigan narsa, ilmiy til bilan aytganda, “ortiqchalik tomonga og‘ish” (ya’ni “ortiqchalik figurasi”), sodda qilib aytganda, takror borligi. Faqat, takrorlanayotgan “...bir lahza, bir lahza...” birikmalarining sintaktik aloqalariga diqqat qilinsa, qarshimizdagi so‘zlar oddiygina takror emasligi ko‘rinadi. Zero, ularning birinchisida “lahza” yonidagi so‘zlarni tobelantiradi, ikkinchisi esa “oftob”ga tobelanadi. Ya’ni manzaraning go‘zalligidan “lahza xanda otadi” – lahza bir lahzagina xandada moddiylashadi, hayratdan qotib qoladi go‘yo; oftob esa “bir lahza “oh” tortib qo‘yadi”– uning “oh”i oshiqlarga xos, oshiqona ohi go‘zallikka asir bo‘lganidan dalolat. O‘quvchi bu  ikkinchsidagi tuyg‘u lirik qahramon qalbida ziyodasi bilan mujassamligini teran his qiladi, chunki o‘zi ko‘nglidan shu tuyg‘ularni kechirayotgan bo‘ladi. Uning ko‘ngliga ulug‘vor bir sokinlik, ayni lahzada o‘zining mangulikka daxldorligini his etganidanmi kelgan, xotirjamlik ingan,  “daryo tomonda shitirlagan qamishlar”, “ko‘kda bemajol kezgan oq bulutlar” shu tuyg‘uni yanada o‘tkirlashtiradi... Tabiat va ruhiyat uyg‘unligi, inson hamisha sog‘inib yashaydigan, shiddat-la oquvchi umrning chaqmoq singari g‘oyat qisqa onlaridagina voqe bo‘ladigan GARMONIYА shudir! Ayni shu onlarda inson qalbi to‘lib-toshadi, ich-ichida KAShFga ehtiyoj va moyillik sezadi, “jonidan bir tirik nafosat ayrilib, Kimgadir elanadi, iltijo etadi”:

 

Kimgadir elanar... sevgilar unda,

Qaltirab porlaydi shu’laga o‘xshab.

Bir qushcha sayraydi mening ruhimda.

Men sening ismingni bilmayman, qushcham...

 

Shu o‘rinda e’tiborni bir muhim nuqtaga – lirik qahramon aniq bilmayotgan KIMDIR va ismini bilmaydigan QUShChAga qaratmoq zarur. Aytib qo‘yay, bu o‘rinda she’rning 1975-yilda chop qilingan “Tasvir” to‘plamiga kirgan varianti haqida so‘z yurityapmiz. Demak, ravshanki, she’rda endigina 30 yosh ostonasidan xatlagan, Sho‘ro muhitida shakllangan shoir kechinmalari aks etgan. E’tiborlisi – shoirning “elaniladigan, iltijo etiladigan” KIMDIR mavjudligini ich-ichidan his etib turgani. U atrofidagi go‘zallikni o‘sha KIMDIRdan ayro holda tasavvur etmaydi, ruhidagi o‘zi ismini bilmaydigan QUShChAning o‘sha shu’laga talpinishi ham bejiz emas. Zero, chinakam ijod kishisi – har ne tazyiq-u daxriyona targ‘ibotlarga qaramay – dunyoni faqat moddiy mavjudlik debgina qabul qilolmaydi, aksincha, unda avvalo RUHni his qiladi, qalbi o‘sha RUHga ko‘rinmas rishtalar bilan bog‘langanini mudom his qilib yashaydi. Shu ma’noda shoir “ismini bilmaydigan” qushcha IYMON bo‘lsamikan degan o‘yga boraman va beixtiyor Aflotun ijod onlarini jazbaga o‘xshatgani, jazba holatidagina shoir ilohiy mujdalar olishi haqida aytgan gaplarni eslayman. Darhaqiqat, o‘zini tabiat go‘zalligida, undagi ko‘ngilni rom etuvchi uyg‘unlikda namoyon etgan Alloh lirik qahramon ruhidagi qushchani sayratgan bo‘lsa ne ajab! Ya’ni she’rda ko‘ngil odami bo‘lmish shoirning hali o‘zi ham anglab-anglamagan tuyg‘u – “jannat sog‘inchi” (R.Rahmat) aks sado berayotgan bo‘lsa hech ajablanarli emas...

 

1989-yilda chop bo‘lgan “Sukunat” to‘plamiga ushbu she’r ikkinchi bandi deyarli tushirib qoldirilib, sezilarli o‘zgartirilgan shaklda kiritilgan:

 

Daryo mavjlariga yozilmish g‘azal.

Maysalar egilib o‘qiydi kitob.

Shodlanib xandalar otar bir lahza,

Bir lahza oh tortib qo‘yadi oftob.

 

Bir tirik nafosat... sezgilar unda

Qaltirab porlaydi shu’laga o‘xshab.

Bir qushcha sayraydi mening ruhimda.

Men sening ismingni bilmayman, qushcham...

 

Ko‘rib turganimizdek, bu variantida she’rning yuqorida biz talqin qilgan mazmuniga ishora qilgan muhim nuqtalar (Kimgadir elanar, etar iltijo. Kimgadir elanar...) tushirilgan. Shunga qaramay, fikrimizcha, she’r matnining bu tahriri ham avvalgi variantdagi biz talqin etgan mazmunni, ehtimol, yanada yorqin ifoda qiladi. Zero, to‘g‘ridan-to‘g‘ri botiniy mazmunga ishora qiluvchi misralarning tushirilgani ifodani kompozitsiya sathiga ko‘chiradi. Ya’ni endi tabiat manzarasi chizilgan birinchi band bilan asosan ruhiyat manzarasi aks etgan ikkinchi band yonma-yon qo‘yiladi – o‘quvchi ongida beixtiyor harakatga keladigan qiyos va jamlash amallari yuqoridagicha mazmunni keltirib chiqaraveradi.

 

Yozganlarida ko‘nglidagini yetarlicha ifodalay olmaganlik, ifodadan qoniqmaslik hissi Rauf Parfida juda kuchli keladi. Shundan bo‘lsa kerak, uning ko‘plab she’rlari to‘plamdan to‘plamga tahrirlanib, o‘zgarib boradi. O‘zgarishlar ko‘lami ham turlicha: birlarida ayrim so‘zlar, misralar tahrir qilingan bo‘lsa, boshqalarida she’r jiddiy qayta ishlanadi, o‘zgacha ko‘rinish oladi. Jumladan, biz ko‘rib chiqayotgan she’r ham, u 2000-yilda chop qilingan “Tavba” to‘plamida mana bunday ko‘rinish olgan:

 

Daryo mavjlarida yozilmish g‘azal,

Maysalar egilib ukiydir kitob.

Shodlanib xandalar otar bir lahza,

Bir lahza oh tortib qo‘yadir oftob.

 

Qamishlar shivirlar daryo tomonda,

Ko‘kda oq bulutlar kezar bemajol.

Bir tirik nafosat borliq, jahonda,

Kimgadir elanar, qilar iltijo.

 

Bu qadar go‘zallik qaysi ochunda,

Bu qaysi kitobdir, kimning daftari,

Kimning olamidir qilich uchinda?

 

Qaltirab porlaydir bir chiroq g‘arib,

Bir qushcha sayraydir ruhim ichinda,

Bir qushcha yig‘laydir meni axtarib.

 

Ko‘rib turganimizdek, avvalgi nashrlarda qat’iy janr shakliga ega bo‘lmagan she’r endi sonet janri qanunlariga mos tarzda qayta ishlangan. Umuman, Rauf Parfi 70-yillarning o‘rtalaridan sonet janriga alohida e’tibor bilan qarab, bu janrda yangilari bilan birga ilgari yozilgan ko‘plab she’rlarini sonet sifatida qayta ishlaganini aytish lozim[1]. Buning sabablaridan biri, sonetning muayyan poetik mavzuni izchil rivojlantirish va tugallangan mantiqiy xulosaga olib borishga qaratilgan janr ekanligi bo‘lsa, ehtimol. She’rning sonet shakliga solingani ilk varianti bilan qiyoslansa, unda xuddi shunday sifat o‘zgarishi yuz berganini ko‘rish mumkin.

 

Dastlabki olti misra, “shitirlar” so‘zining “shivirlar”ga almashgani istisno qilinsa, o‘zgarishsiz qolgan. “Bir tirik nafosat ayrilib jondan” shaklidagi keyingi misra esa “Bir tirik nafosat borliq, jahonda” shaklida o‘zgartirilgan. Natijada avvalgi nashrda mazmunan lirik qahramon bilan bog‘liq misra (keyingi misrani ham o‘ziga ergashtirib) tabiat tasvirining mazmuniy-mantiqiy davomiga aylandi. Avvalgi variantida lirik qahramon jonidan ayrilgan “tirik nafosat kimgadir elangan, iltijo etgan” bo‘lsa, endi “tirik nafosat” deya ta’riflanayotgan tabiat mazarasi ushbu harakat subyekti bo‘lib qoldi. Ya’ni dastlabki olti misradagi go‘zal tabiat tasviri “tirik nafosat” atalyapti-da, uning “kimgadir elanib, iltijo qilayotgani” aytilmoqda. Lirik qahramon “tirik nafosat”ning yaratiq ekanini anglagan holda, iltijo va elanish Yaratganga qaratilganini avvalgi variantdagilarga qaraganda aniqroq, ochiqroq ifodalaydi. Sonetning birinchi uchligida lirik qahramon qo‘ygan savollar mazmuni “kimniki?” degan umumiy mahrajga keltirilishi mumkinki, bu uning EGASIni izlayotganidan darak, yaratganga yana bir ishoradir. Nihoyat, she’rni yakunlovchi ikkinchi uchlikda lirik qahramon ruhiyati suratlanadi. Xususan, “qaltirab porlayotgan g‘arib chiroq”, bir tomondan,  ko‘ngildagi tushkunlikni anglatsa, ikkinchi yoqdan, chiroqning yorqin porlay boshlashi ham mumkinligiga umid uyg‘otadi, zero, ruh ichida yig‘lagan qushcha bir kun axtarganini topajak.

 

Biz Rauf Parfining birgina she’ri (uchta varianti) haqida to‘xtaldik. Umid qilamizki, yuritgan mulohazalarimiz Rauf Parfining haqiqatan ham hassos, o‘ziga xos shoir ekanligi, she’rlari qatida turfa mazmun jilvalari botinligini yana bir karra ko‘rsatdi. Ha, aynan shunday – KO‘RSATDI. Yuqorida Rauf Parfi nomini ulug‘lash haqida to‘xtalganimda shuni, ya’ni shoirni yaratgan asarlarining badiiy betakrorligi, mazmunan teranligini KO‘RSATISh orqali ulug‘lashni nazarda tutdim. Xayriyatki, hozirda buning uchun juda katta imkoniyatlarimiz bor. Jillaqursa, bugun urfdagi so‘z bilan aytganda, ijtimoiy tarmoqlarda chellenj uyushtirish mumkin: qo‘lidan kelganki odam Rauf Parfining poetik mahoratini namoyish etish, she’rlaridagi go‘zal obrazlar, betakror ifodalar, qo‘llangan she’riy san’atlar mohiyatini ochib berishga harakat qilsin – shu shoirga qo‘yilishi mumkin eng muhtasham haykal bo‘ladi.

 

Dilmurod QURONOV

 


[1]Qarang: D.Quronov. Rauf Parfi sonetlari haqida//Filologiktadqiqotlar: til, adabiyot, ta’lim. 2023. №1. B. 2529.

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19453
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16796
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi