Lotin yozuviga asoslangan õzbek alifbosi loyihasi işlab ciqildi


Saqlash
10:09 / 23.09.2023 1329 1

Yozuv tilning aloqa vositasi sifatidagi vazifasini bajaruvchi vositagina emas, tafakkurni shakllantirish, dunyoni ko‘rish, bilimlarni to‘plash, uni keyingi avlodlarga sog‘lom yetkazish, his-tuyg‘uni ifodalashdek ko‘plab muhim vazifalarni ham bajaradi. Ana shu jarayonlarning murakkab kechmasligi uchun alifboning qulayligi muhimdir. O‘zbek davlatchiligi tarixida bir necha bor alifbo almashtirilganligi hammaga ma’lum. Arab alifbosi, lotin alifbosi, kirill alifbosi va yana lotin alifbosi tarzida.

 

Dunyo tajribasidan ma’lumki, mavjud alifbolarning hech biri mukammal emas, har qaysi alifbo ifoda imkoniyatiga qarab tildagi tovushlarni ifoda etadi. Shunday ekan, biz eng mukammal alifboni yaratamiz yoki yaratishimiz kerak, qabilidagi muddao o‘rinsiz. Shu ma’noda amaldagi o‘zbek-lotin alifbosi ham o‘ta mukammalikka da’vo qilolmaydi, shu bilan birga, chorak asrdan ziyod vaqt mobaynida o‘zbek xalqiga xizmat qilib keldi. Ana shu vaqt oralig‘ida unda muayyan notamomliklar borligi ham ayonlashdi. Bugun davr bizga mazkur notamomliklarni to‘g‘rilab olish, hozirga qadar lotin yozuvida ish yuritishda “qo‘limizni bog‘lab kelgan” nodurustliklardan qutulish imkoniyatini berdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi 61-son “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” Qarori bilan alifboni takomillashtirishning huquqiy asosi yaratildi.

 

Shuningdek, Prezidentimizning 2023-yil 5-iyul kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida alifbomizni isloh qilish bo‘yicha bildirgan takliflari asosida Ishchi guruh tomonidan takomillashtirilgan alifbo loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur uchrashuvda davlatimiz rahbari quyidagilarni aytgan edi: “Mana, keyingi paytda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshiryapmiz. Ayni paytda oldimizda yangi, yanada muhim vazifalar turibdi. Jumladan, ziyolilarimiz, keng jamoatchiligimiz bilan bamaslahat, lotin yozuviga asoslangan alifbomizni takomillashtirish bo‘yicha ishlarni yakuniga yetkazishimiz zarur”.

 

Endi ushbu loyiha tayyorlanishining qanday zaruriyatlari borligiga to‘xtalib o‘tsak:

 

birinchidan – amaldagi alifboda o‘, g‘ harflarini kompyuterda yozish uchun bir nechta ortiqcha amallarni bajarish lozim edi. Bunday ortiqcha amallardan qochish yoki ko‘pincha o‘, g‘ harflaridagi belgisini – apostrof deb tushunilishi natijasida Ozbekiston, ozbek, olka, Gayrat, galaba, golib kabi imloviy xatolar bolalagandan-bolalamoqda. Yana bir jihat: ona tili ta’limda agar urg‘u tushgan bo‘g‘in tarkibida o‘, g‘ harflari bo‘lsa, bu harflardagi belgisi bilan urg‘u belgisi yonma-yon joylashadi hamda so‘zni va urg‘u tushgan bo‘g‘inni ilg‘ash qiyinlashadi. Ushbu harflarning yozma shakli esa ayni harflarning amaldagi yozma shakllari bilan yaqinligi sababli 1-sinf o‘quvchilarining ularni o‘zlashtirishiga to‘siq bo‘lmaydi.

 

ikkinchidan – mavjud tajriba amaldagi alifbomizdagi sh, ch harfiy birikmalarini bir tovush – bir harf tamoyiliga muvofiq tuzatish zarurligini ko‘rsatdi; to‘g‘ri, shu vaqtga qadar bu harfiy birikmalardan foydalanib keldik, ammo qo‘sh harflilik muammosi “Imlo qoidalari”ga turli istisnolarni kiritdi. Mo‘tabar, mo‘tadil, mo‘jaz, mo‘jiza so‘zlarining tutuq belgisi qo‘yilmay yozilishi ham “Imlo qoidalari”ga kiritilgan istisnolardan biridir;

 

uchinchidan – o‘zbek tilidagi Is’hoq, ashob so‘zlarini Ishoq, ashob tarzida to‘g‘ri yozish uchun, albatta, s va h harflari orasiga tutuq belgisi qo‘yilishi kerak bo‘lib, bu ham amaldagi alifboni o‘zlashtirishda, ayni alifboda to‘liq ish yuritishda qiyinchilik tug‘dirar edi. Bu qoidani bilmaslik oqibatida Ishoq, Ashobiddin ismlarining Ishoq, Ashobiddin tarzida yozilishidek nodurust holatlar ko‘payib bormoqda;

 

to‘rtinchidan – amaldagi o‘zbek-lotin alifbosida so‘z boshida kelmaydigan ng tovushi uchun Ng bosh harfi ham ajratilgan edi. Biroq o‘zbek tili lug‘at tarkibida ayni harf bilan boshlanadigan so‘zlar yo‘q. Shu bois loyihada so‘z ichida va so‘z oxirida keladigan “ng” tovushi uchun kichik ng harfnigina alifboga kiritish zaruriyati yuzaga keldi.

 

Loyihada shu paytga qadar ko‘p murakkabliklarni yuzaga keltirayotgan ayrim harflar quyidagicha isloh qilindi. Jumladan:

        

 

Amaldagi Ch ch harfini Cc tarzida oʻzgartirishning quyidagi ijobiy jihatlari bor:

 

1)             Cc harfi 1929–1940-yillardagi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ham Ch ch tovushini ifodalagan.

 

2)             Cc harfi amaldagi Ch harfining tarkibiy qismi bo‘lgani uchun aholi tomonidan oson qabul qilinadi.

 

3)             Cc harfi alifboga kirishi tufayli lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi to‘kis holga keladi.

 

4)             Cc harfi orqali Chch tovushini ifodalash tajribasi boshqa xalqlar (masalan, italyan) yozuvida ham mavjud.

 

Amaldagi G‘ g‘ harfini Ğğ tarzida oʻzgartirishning quyidagi ijobiy jihatlari bor:

 

1)             Ğğ harfi 1993–1995-yillardagi o‘zbek alifbosi orqali xalqimizga tanish.

 

2)             Ğğ harfi amaldagi yozma shaklga yaqin bo‘lgani uchun aholi tomonidan oson qabul qilinadi.

 

3)             Ğğ harfi boshqa turkiy xalqlar alifbosidan ham joy olgan bo‘lib, aksar shriftlar tarkibida mavjud.

 

Amaldagi O‘ o‘  harfini Õ õ tarzida oʻzgartirishning quyidagi ijobiy jihatlari bor:

 

1)             Õõ harfi amaldagi yozma shakl bilan bir xil bo‘lgani uchun aholi tomonidan oson qabul qilinadi.

 

2)             Õõ harfi portugal, eston va boshqa xalqlar alifbosidan joy olgan bo‘lib, aksar shriftlar tarkibida mavjud.

 

Amaldagi Sh sh harfini Ş ş tarzida oʻzgartirishning quyidagi ijobiy jihatlari bor:

1)             Şş harfi 1929–1940 va 1993–1995-yillardagi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ham Shsh tovushini ifodalagan.

 

2)             Şş harfi boshqa turkiy xalqlar alifbosidan ham joy olgan bo‘lib, aksar shriftlar tarkibida mavjud.

 

Shuningdek, ng tovushi hech qachon so‘z boshida kelmagani uchun ushbu harflar birikmasining bosh shakli Ng kiritilmadi.

 

Loyihada ng harflar birikmasi yaxlit harfga aylantirilmasdan hozirgidek n va g harflari orqali ifodalanmoqda. Sababi:

 

- bu tovush uzoq vaqt davomida arab, kirill va hozir amalda bo‘lgan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbolarida ham n+g birikmasi orqali ifodalangan;

 

- yangi, mangu kabi talaffuzida o‘zgarish sodir bo‘lgan ko‘p so‘zlarni ifodalashda anglashilmovchiliklar, muammolar yuzaga keladi;

 

- kirill va hozir amalda bo‘lgan lotin yozuvidagi adabiyotlarni dasturlar orqali o‘girishda muammolar paydo bo‘ladi. Ya’ni dasturlar ng tovushi bilan birgalikda matnda yonma-yon kelgan ikkita mustaqil n va g harflarini ham (Namangan, nonga, angina)   yaxlit harfga aylantirib yuboradi;

 

- ng harflar birikmasi Ch va Sh harflar birikmasidan farqli o‘laroq hozir hech qanday muammo paydo qilayotgani yo‘q. Aksincha, bu birikma yaxlit harfga aylansa, yuqoridagi va boshqa muammolarni yuzaga keltirib, yangi alifboning aholi orasida ommalashishini qiyinlashtiradi.

 

Bugun nihoyasiga yetgan konferensiyada unlilar miqdorini oshirish ham tavsiya etildi. Bizningcha, buning imkoni yo‘q, chunki o‘zbek tili egalari boshqa qardosh tillar egalari kabi faqat bitta lahja (faqat qipchoq yoki faqat o‘g‘uz lahjasi)da so‘zlamaydilar. O‘zbek tili 3 lahja tovushlarini o‘zida birlashtirgan tildir. Tabiiyki, qipchoq lahjasidagi unli tovushlarning soni qarluq lahjasidagi unlilar sonidan farq qiladi. Shuning uchun har uch lahja tovushlarini bitta alifboda aks ettirishning imkoni yo‘q. Amaldagi alifboning tuzuvchilari unli tovushlar belgilashda ana shu jihatni hisobga olgan bo‘lsalar kerak.

 

 

 

IZOH: Alifbo loyihasi 28 ta harf, bitta harflar birikmasi va tutuq belgisidan iborat.

 

Masalaning boshqa tomoni ham bor. Ya’ni bugun juda katta avlod 6 ta unli va 24 ta undosh tovushni aks ettirgan alifboda savod chiqardi va bu alifboda fikrimizni ifoda eta olyapmiz. Agar biz unlilar sonini 9 taga yetkazsak va ularni alifboda muayyan harflar bilan aks ettirsak, nima bo‘ladi? Bunda bir so‘zidagi “I” tovushi bilan kiyik so‘zidagi “I” tovushini, “ikkiga ajratmoq” ma’noli bo‘l so‘zidagi “o‘” tovushi bilan “yuz bermoq” ma’noli bo‘l so‘zidagi “o‘” tovushini farqlab yozish koni mashaqqatga, lingvistik mushohadaga aylanadi.

 

Amaldagi alifboning tegishlicha o‘zgartirish va to‘ldirishlar bilan takomillashtirilishi yozuv amaliyotini osonlashtiriladi, “Imlo qoidalarida” istisnoli holatlar yuzaga kelishining oldini oladi, milliy alifbomizning ilmiy-ta’limiy jihatdan puxta bo‘lishini ta’minlaydi va pirovardida mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tish borasidagi ishlarni jadallashtiradi.

 

Yorqinjon ODILOV,

O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori

instituti bo‘lim mudiri,

filologiya fanlari doktori, professor


Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

1 Izoh

Madaminov Gavharbek

14:09 / 25.09.2023

Yuqoridagi: - yangi, mangu kabi talaffuzida o‘zgarish sodir bo‘lgan ko‘p so‘zlarni ifodalashda anglashilmovchiliklar, muammolar yuzaga keladi; - kirill va hozir amalda bo‘lgan lotin yozuvidagi adabiyotlarni dasturlar orqali o‘girishda muammolar paydo bo‘ladi. Ya’ni dasturlar ng tovushi bilan birgalikda matnda yonma-yon kelgan ikkita mustaqil n va g harflarini ham (Namangan, nonga, angina) yaxlit harfga aylantirib yuboradi. Adabiyotlarni tarjima qilayotgan dasturlar "ng" hamda "n" va "g" harflari farqini anglashi uchun ularga qoʻshimcha buyruqlar kiritilishi kerak. Yaʼni soʻzda "n" va "g" harflari yonma yon kelganida va ulardan keyingi harf unli boʻlsa, uni alohida "n" va "g" tarzida, yoki aksincha ulardan keyingi harf undosh boʻlsa "ng" tarzida talaffuz qilinishi kerak. Komputer dasturlari orqali koʻplab narsalarni amalga oshirsa boladi, vizual effektlardan tortib yangi qoʻshiqlargacha. Faqat dasturga toʻgʻri buyruq berishni bilish kerak.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19460
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16848
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi