Geometrik shoir yoxud avlodining avangard ijodkori ijodiga chizgilar


Saqlash
18:09 / 22.09.2023 866 0

Adabiyotimizning 80-yillar avlodiga mansub bo‘lgan Faxriyor oktyabr oyi avvalida 60 yoshga to‘ladi. Bir-ikki yosh katta bo‘lgan Halima Ahmad, Aziz Said, Eshqobil Shukur allaqachon bu yoshdan hatlab o‘tishdi. Bu avlodning eng jo‘shqin va novator shoiri Abduvali Qutbiddin bu yoshga yetmadi ham... Salim Ashur, Zebo Mirzo kabi bir-ikki ko‘ylak kam kiyganlar ham 60 yosh chorrahasiga yaqinlashdi. Demak, butun boshli avlod 60 yoshga kiryapti. 60 atrofidagi bu avlod o‘zi adabiyotga nima berdi? Ularni yaxlit holda avlod deya olamizmi? Avlod sifatida adabiyotning qaysi tamoyillarini yangiladi? Bu avlodning qaysi fazilatlariga qarab, “avlod” deya atay olamiz? Avlodlikka munosibmi bu 60 yoshlilar?

 

Bu savollarni men o‘ylab topganim yo‘q. Qachondir kelib, ehtimol hozir ham adabiyot deb atalgan ummonga quyilib yo quyilmagan o‘zanlar haqida baribir xolis xulosa qilish uchun bu savollarga javob topish kerak bo‘ladi. Chunki avlodlikni ijodkorlar uyushmasi qarori yoki shaxsiy va o‘zaro manfaatli munosabatlar tufayli paydo bo‘lgan eʼtiroflar bilan barpo etib bo‘lmaydi.

 

Men bir paytlar bir bahsimizda o‘zim tengilarni avlod sifatida shakllanib ulgurmagan degandim. O‘zim tengi shoirlar mening bu fikrimdan ranjishgan ham edi. Yozuvchilar esa shunchaki tishlarini taqillatib qo‘yishgan.

 

Bu qarash 80-yillar adabiyotga kirib kelgan avlodning o‘zidan oldingi avlod kabi o‘z qarashlarini yaxlit holda himoya qilolmagani, tarqoqligi, bir-biridan ayroligi, o‘zlari ko‘targan bayroqlari tagida faqat o‘zlari qolib ketgani tufayli tug‘ilgan edi. O‘shanda fikrimning ikkinchi qismini eshitishga avloddoshlarimning sabri yetmagani uchun bu xulosa shu holida to‘xtab qolgandi.

 

Har qanday avlodning o‘ziga xosligi uning olamga, odamga, so‘zga, vatanga, millatga, vijdonga Munosabatida ko‘zga tashlanadi.

 

Har qanday yangi qarash avvalo dunyoqarashning yangiligi bilan o‘lchanadi. Dunyoqarash – olamga, odamga, muhitga, o‘zigacha bo‘lgan tushuncha va qarashlarga, shakllarga munosabat yangilanmay turib, yangi qarash, yangi uslub paydo bo‘lmaydi. Avlodlik ham ana shu yangi qarashlar, yangi munosabatlar, yangi ifoda usullari, yangi shakllar ustida o‘tiradi. Yangi qarash bo‘lmagan, adabiyotda badiiyat imkoniyatlarini, qarashlarini yangilay olmaganlar avlod sifatida faqat xronikal ahamiyatga ega.

 

Shunga ko‘ra, bu 60 yoshlilar qaysi qarash va yondashuvi bilan adabiyotimiz uchun yangi? Bu savolga hali adabiyotshunosligimiz tugal va to‘liq tasavvur bera olgani yo‘q. Xususan, bu avlodning eng avangard qarashlarini o‘zida aks ettirgan Faxriyor haqida ham.

 

Shu sababli Faxriyorning 60 yoshi arafasida xayolimga kelganlari aslida bugun 60 yoshga qarab og‘ishmay kelayotgan yoki undan oshib o‘tsa ham hali-hanuz 60lik nusxidan qutulolmagan avlod haqida.

 

Bu avlod bir narsasi bilan – yuqorida tilga olgan, tilga olmagan bo‘lmasam ham shunga munosiblarning har biri badiiy so‘z imkoniyatlariga bir avlodga xos yangi tamoyillar, shakllar, ifodalar, ohang va qarashlar olib kirgani bilan xarakterlidir. Bu avlodda men neoklassizmdan tortib, metamodernizmgacha bo‘lgan barcha uslubiy tajribalarni o‘z ijodlarida muvvafaqiyatli qo‘llay olgan ijodkorlarni ko‘raman.

 

Umuman olganda, 60 yoshlilar, yaʼni o‘tgan asrning 80-yillarida adabiyotga kirib kelgan avlodning asarlari o‘zidan oldingi avlodga qaraganda, so‘zning nafaqat maʼno qatlami, balki ifoda qatlamlarining rang-barangligiga, janrlar qorishig‘ida turli shakllar formulasi topishga urinishlari, poetik mushohoda erkinligiga urg‘u berganligi, shakl va mazmunda serqatlamlilik, poetik g‘oyalar assotsiativ rakursga qurilganligi, o‘quvchilardan nafaqat mutolaa, balki adabiy xabardorlik va bevosita muallif bilan baravar muloqat talab qilishi, fikrda va tasavvurda, so‘zda badiiy o‘yin uyushtirishi kabi jihatlariga ko‘ra jahon adabiyotining konseptual adabiyotga moyilligi bilan alohida ajralib turadi.

Borliq, muhit, davrga munosabatga doir barcha savollarga javoblarni bu avlodning, jumladan Faxriyorning badiiy so‘z deya taqdim qilganlaridan olish mumkin. Zero, ijodkorning eng yaxshi tarjimayi holi bu uning asarlaridir, inchunin, eng asl biografi ham muallifning o‘zi.

 

Faxriyor ijodi o‘zining xarakteri va mohiyatiga ko‘ra bu avlodning adabiyotdagi o‘rnini yaqqolroq ifoda qiladi. Uning ijodi bugungi 60 yoshlilar ijodiy dunyosining fazoviy kengligi hamda geometrik o‘lchamlarini belgilashi bilan birga bu avlod adabiy dunyosi mohiyatan badiiy konseptualizmga yaqinligini isbotlab turadi.

 

“Men bu kuyni tiriltirmoq istayman, Vaqtning cheksiz dashtlarida adashib ketgan” deya daʼvo qiladi shoir bir turkumida. U shunday sheʼr bo‘lishi kerakki, “haqiqatning yovshan islari anqib” tursin.) O‘sha “jodulangan” daholar ham dard chekkan, og‘rigan, iztiroblarini bayon qilgan. Agar ular ham dard chekkan, og‘rigan, azoblangan bo‘lsa-yu, lekin oxir-oqibat bularning hammasi jodudan boshqa narsa bo‘lib chiqmasa, unda ularning dardi qanaqa dard? Ular qanday dard chekishgan, qay shaklda dard chekishgan, bu dardning adabiyotga nima aloqasi bor? Agar ularning dardi bilan Vaqt anglab turgan dard o‘rtasida farq bo‘lsa, unda dardlarning ham shakli, tusi bo‘larkan-da? Shunda o‘z-o‘zidan xulosa paydo bo‘ladi: inson shaʼni va g‘ururi yana tuproq qadar toptalmasligi uchun, eng avvalo Dardlar o‘z shaklini topishi kerak. Xo‘sh, u qanday shaklni tanlaydi? Masala shunda.

 

...Men esam, men so‘zlarni boshga

Ko‘taraman... O‘zgadir maqsad

Shundan, balki, yo‘rig‘im boshqa,

Shundan, balki, mag‘lubman aksar.

 

Demosfen bilan bahsga kirgan shoir mavjud haqiqatlar oldida mag‘lublikni tan oladi. Ammo bu mag‘lubiyat emas. Bu aslida yangi “kiyim” kiygan, shaklini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan dard yurishining boshlanishi. Chunki u o‘zning og‘rig‘iga “shakl” topa oldi. Bu nafaqat uslub, balki dunyoqarash ham.

 

Ilk taqdimning “Dardning shakli” deya nomlashi bilanoq shoir o‘zining adabiy uslubiga tamal toshi qo‘yib bo‘lgandi. Nomda shoir faqat dardga emas, uning tusiga ham urg‘u beradi va uni geometrik o‘lchovga aylantirishni istaydi. Agar ko‘nikib qolgan tasavvurimiz bilan yondashsak, bu kabi nom g‘alizroq tuyuladi. Chunki biz shu paytgacha dardning shakli haqida o‘ylab ko‘rmaganmiz. Dard – bu dard, og‘riq – bu og‘riq, iztirob – bu iztirob deb qabul qilib kelingan. Biz yuragimizga cho‘kkan har bir hissiyotni bir xil shaklga solib o‘rganganmiz. Aslida, bugungi postmodernistik bilimlar xulosasi bilan qarasak, hatto ruhoniy olam ham moddiy olam kabi maʼlum bir shakllar qorishuvidan tashkil topadi:

 

◊●

 

Biz Faxriyor ijodida bu kabi semiotik ishoralarga ko‘plab duch kelamiz. Borliqni geometrik o‘lchamlar orqali ifoda qilish bu fazoviy tasavvur ehtiyojini keltirib chiqaradi. Geometrik o‘lchovlar aslida fazoviy o‘lchovlardir. Fazodagi har qanday o‘lchamlar xuddi uning qonunlari kabi ruhiy dunyomizda ham akslanadi va shu o‘lchamlar orqali biz anglamagan holda vahdatul vujud qonunlari bilan uyg‘unlashamiz. Geometrik shakllar bizga ana shu uyg‘unlikni moddiylashgan holda taqdim qiladi. Jorj Brak va Pikassoning kubistik uslubdagi suratlari bu fikrimizni tasdiqlaydi. Faxriyorning sheʼrlarida ham biz ana shu yondushuvni ko‘ramiz: shoir bizga so‘zlarning orqa tomonida qolib ketgan maʼnolariga, uni akslantirayotgan ishora-o‘lchamga tayangan holda asl maʼno va shaklu shamoyil kesishmasida bizning odatiy tasavvurlarimiz devorlarini yiqitib tashlaydigan yangi metofora taklif qiladi.

 

Faxriyor o‘zining dastlabki sheʼrlaridan birida mavjud voqelikning manzarasini shunday tasvirlaydi:

 

Devorga osig‘lik qilich

Zanglarini to‘ka boshladi.

Yaraqlay boshladi to‘satdan

Yangi oy shaklida.

Lekin devor qizil edi.

 

Bu yosh shoirning, shu yoshdagi avlodning o‘z davriga munosabati. Buni ularning ijodini tahlil qilsangiz, o‘zingiz ham guvoh bo‘lasiz. “Qilich zangini to‘kib” “yaraqlay” boshladi. Ammo u osilgan devor “qizil”ligicha turibdi. Bu shoir va avlod so‘z aytishga daʼvo qilishga kirishgan muhitning manzarasi. Bu yerda shoir uchun muhimi qilichning yangi oy shaklida, boshqacha aytganda, umid shaklida yaltiray boshlashi. Bu umidni undan oldingi avlod paydo qilgan. Bu barcha masalaga – ijtimoiy umiddan to badiiy umidgacha taalluqi. Alalxusus, “Oy” tashbehi Faxriyor ijodini birlashtirib turuvchi istilohlardan biri. Keyinchalik shoir sheʼrlarida bu “yangi oy” beshikka, ayol yuzidagi dog‘ga, o‘roqqa, falak tuynugiga, tirnoqqa, po‘sti archilgan olmaga, uzukka, boltaga va dorga qiyos qilinadi, ko‘ngil tazarrusini qabul qiluvchiga aylanadi (“Oy yuzingga qarab yig‘ladim” deydi shoir “Ayolg‘u”da). Oy kimning yuzi? Go‘zal yorningmi, borliqningmi, yaratganningmi, So‘zningmi? Bu savollarga javobni bu avlodga taalluqli bo‘lgan har bir ijodkorning asarlaridan topa olasiz.

 

“Oy bolta”degan ikki so‘zdan iborat sheʼr bor bu dostonda. Agar dostonni yaxlit tasavvur qilinganda bu doston muqaddimasidagi oyga qilingan tazarruning davomi, lekin alohida olinganda bu ikki so‘zli yaxlit sheʼr. Shu ikki so‘zli sheʼrning o‘zi bizga bir dunyo tasavvur lazzatini beradi.

 

Dastlabki o‘qishimizda oyning bolta shakli esimizga keladi. Keyin esa bu tasavvur kengayib boradi. Oyning bolta shakli qadimgi jang quroli oyboltani esga soladi. Jang quroli hamisha kishida hadik va xavotir uyg‘otadi. Oy bolta shaklida oyboltaga o‘xshab azalu abad ustimizda osilib turadi. Demak, bizning ichimizdagi hadik va xavotir ham azal abad bizni tark etmaydi. So‘zning oyboltaga o‘xshashi esa ichimizda uchinchi tasavvur qatlamini uyg‘otadi. Endi harflar yoxud tovushlar yig‘indisi bo‘lgan so‘zning o‘zi oyboltaga aylanadi.

 

“Asarda dard bo‘lishi kerak” derdi 80-yillarda adabiyotga kirib kelganlarga ustozlik qilganlar. Ularning bu talabiga bugun ham eʼtiroz uyg‘onmaydi. Adabiyot boshdan oyoq iztirob va og‘riqdan tug‘iladi. Adabiyot inson, millat, vatan haqidagi iztiroblarning badiiylashgan ko‘rinishi. Bu o‘tgan So‘z tarixida isbotsiz qabul qilingan aksioma. Ammo Faxriyorni faqat dardning o‘zi emas, uning shakli ham qiziqtiradi. Ko‘zga ko‘rinmas dardning ko‘zga ko‘rinmas shakllari ham bor. Shunday ekan shakllardagi erkinlik-stixiya aslida ruhiyatning erkinligi va stixiyasidir. So‘zga aylanishni istagan ruhiyat o‘ziga shakl izlaydi va topadi ham.

 

Yana tuproq bo‘lar aldangan aql,

Shamollar ruh bo‘lib qaytajaklar bot.

Dardlarim kiyina boshlaydi – SHAKL.

 

Aqlning, Yung taʼbiri bilan aytganda, “Persona”ning muteligidan qutilgan ruh shamolga aylanadi. Endi u dard ko‘rinishida o‘ziga shakl izlaydi. Dardga shakl izlash aslida shoirning muhitga, o‘ziga og‘riq, iztirob berayotgan, unda so‘z aytish istagini paydo qilayotgan munosabatlarga shakl izlash degani. Bu shoirning mavjud haqiqatlar bilan to‘qnashuvini, o‘zini ifoda etish shakllarini, o‘zi izlash intilishlarini bildiradi. Olamni qabul qilish qanchalik rang-barang bo‘lsa, o‘zini ifoda etish shakllari ham shunchalik rang-baranglashadi. Faxriyor ijodida biz anʼanaviy sheʼriy uslublardan tortib, nasriy sheʼrlarni uchratamizki, bularning hammasi shoirning o‘zini ifoda etish yo‘llariga shakl izlaganlikdan darak beradi. Shoir aynan dardga shakl izlash orqali mavjudlikka o‘z noroziligini, o‘zining mavjudlikka daʼvogar haqiqatlari borligini bayon qiladi. Dard shakli – aytilmoqchi bo‘lgan so‘z shaklini keltirib chiqaradi. Shakl izlashi uning oxir-oqibat borliqqa munosabatidan tug‘iladi. Bu esa, eng avvalo, dardni bayon qilish uchun kimga talpinish va talpinmaslikni anglab olishni talab qiladi:

 

Dahoga talpinma, dahodan talpin,

Maʼnisin unutma qadim oyatning.

Daholar – jodugar, g‘oyalar – folbin,

Ko‘zlarin bog‘laydi insoniyatning.

 

Agar “daholar – jodugar”, “g‘oyalar – folbin” va bu daho va g‘oyalar Insoniyatning “ko‘zini bog‘lagan bo‘lsa”, bu avlodlar sig‘inib kelgan daholar va g‘oyalarning yolg‘onligi, soxtaligi, yasamaligi ayon bo‘lib qolsa, haq so‘zni aytaman degan shoirda nima qoladi? Menimcha, “...tozartsa bizni shoyadkim” degan umid va faqat tazarru qoladi.

 

Qo‘llaridan tutgil ustoz hayotning,

Sig‘inchga – sig‘inchdan – boshlagin, qalbim.

Tazarru tozartsa bizni shoyadkim...

Ko‘hna turkularni shivirlar labim.

Ko‘zlarin bog‘laydi insoniyatning.

 

Shoirlikka daʼvo qilgan lab xalos bo‘lish umidida “qadimgi turkularni” beixtiyor “takrorlay” boshlaydi. Bu turku keyinchalik, hali adabiyotshunosligimiz tomonidan yetarli baho bermagan, ammo bu avlodda dunyoga, so‘zga munosabat o‘zgarganini daʼvo qilgan, ham shaklan, ham mazmunan adabiy hodisa sifatida hanuzgacha kashf etilmagan orol bo‘lib qolayotgan, dunyoga va odamga ekzistensial munosabatini ayon qilgan “Ayolg‘u”, “Geometrik bahor”, “Muchal yoshi” ekspremental turkumlar qiyofasida bo‘y ko‘rsatadi. (“Tepangda uvillar qismat bo‘roni. Tegrangda aylanar nomaʼlumliklar. Na istak ayondir, na maqsad ayon, na kimni izlaganing va na izlamaganing”... “Shayton ham o‘zingsan, aksi ham o‘zing, Umidsiz – shaytonsan, umidli – banda.” “Muchal yoshi”)

 

Faxriyorning geometrik shakllarni o‘z ichiga olgan sheʼrlari shunisi bilan xarakterliki, shoir nafaqat mazmunda, balki shaklda ham aytmoqchi bo‘lgan asosiy majozga ishora beradi, dardning shamoyilini o‘quvchiga taklif qiladi. Bu shaklga qarab, o‘quvchi o‘z didi va saviyasidan kelib chiqib, shaklga zuhrlangan metaforani o‘zi tasavvur qilib oladi. Bu esa sheʼrni xuddi haykal yoki tasviriy sanʼat asari kabi maʼlum bir geometrik o‘lchov, demak tasavvurning moddiylashgan modeli tasavvurini beradi. Agar Evklid nazariyasiga tayansak, har qanday fikr o‘zining moddiy shakliga ega. Shu sababli ham qadimgi faylasuflar donishmandlikni avvalo geometriyani o‘rganishdan boshlashgan. Geometrik o‘lchovlar – borliqni tahlil qiluvchi falsafiy o‘lchovlar sifatida qabul qilingan. Biz fikrning moddiylashgan ko‘rinishini yunon va Rim meʼmorchiligi va haykaltaroshligida yaqqolroq tasavvur qilamiz: haligacha bashariyatni lol qilib kelayotgan bu obidalar aslida tasavvurning moddiylashish hosilasi edi. Shu kabi Faxriyor ham o‘z sheʼrlarida tasavvurni moddiylashtiradi.

 

Ko‘ngil bu kecha ham uyda yotmadi.

 

Keyin shu tasavvurni yana tasavvuriy o‘lchovlarini keltira boshlaydi.

 

Besh

yosh hisoblansa

o‘g‘il bolaning

allaqachon

sunnat to‘yi bo‘lib o‘tgan bo‘lar edi

besh

yil hisoblansa

bir odam

diplom olar edi eski zamonda

besh

kun hisoblansa

shularning hammasi

kirib ketar edi bitta umrga.

 

Bu sheʼrda Shoir “besh”lik o‘lchami orqali insonning butun umriga shakl beradi. Inson hayoti bor-yo‘g‘i shu “besh kun” degan o‘lchamdan iborat. Demak, dunyo, azal va abad maʼlum bir o‘lchamlar va shakllar orasida yashaydi.

 

Osmon yerda yurar Tibetda.

 

Aslida osmon bilan yerning orasi hech bir o‘lchamga sig‘maydi. Ehtimol bu sanoqsiz nollar bilan ifoda etiladigan yorug‘lik yillariga tengdir. Umuman, biz “osmon” deb biladigan mavjudlik aslida bizga cheksizlik va nisbiylikning moddiylashgan ko‘rinishi. Pastdan, bizning mavjud tasavvurimizdan turib qaralsa, kecha va kunduz, fasllar, oy va quyosh, yulduzlar va bulutlar almashuvida Tibet tog‘lari osmonni nafaqat suyab turgan bo‘ladi, balki osmon bu baland tog‘ bag‘rida yotgandek (yurgandek) tuyuladi. Fazo inson qancha tubanda bo‘lsa shuncha yaqin tuyuladi, qancha yuksalsa shuncha balandlashadi. Bu tafakkurga ham xos qonuniyat. Lekin satrning maʼnosi faqat bu o‘lcham bilan yakunlanmaydi. Bu yerda yana bir narsaga ishora ketadi: Tibet yer kurrasining ilohiy quvvatlari markazi ham sanaladi. Ilohiy quvvat – bu osmon, koinot bilan bog‘liqlikni anglatadi. Ilohiy quvvat qayerda bo‘lsa, o‘sha yerda fazoviy qonunlar tan olinadi, amal qilinadi, bog‘laniladi, bu esa osmonning o‘sha yerda “yurganini” tasdiqlaydi. Shoir esa ruhoniy tushunchalarni betinim moddiylashtirveradi: xotira “kultepaga”, tush – “aft-angorini aniq ko‘rib bo‘lmaydigan” kultepada, yaʼni ong ostidagi mayllarni o‘ynab yotgan “bola”ga aylanadi.

 

Xotira

kuygan hislar kultepasidir

tush

kultepada o‘ynagan bola

aft angorini ko‘rib bo‘lmaydi.

 

Nega tush kap-katta esini tanigan odam emas, “bola” shaklida moddiylashayapti? Psixoanalitikaga ko‘ra, tushlar ongostidagi mayl va kechinmalarning turli obrazlarda namoyon bo‘lishidir. U Ego – Aql hukmronligini qabul qilmagan. Agar xalq tilida aytilsa, “aqli kirmagan”. Shuning uchun ham ongosti inʼikosi bo‘lgan tush bola shaklida moddiylashishi ruhiyatshunoslik ilmiga ko‘ra ham mantiqli.

 

Xuddi Nyutonning butun olam tortishish yoki Eynshteynning nisbiylik nazariyasi kabi borliqdagi barcha narsa va hodisalar olamning vahdatul vujud qonunlariga bo‘ysunadi. Ijodkor ana shu qonunlarni majozlar orqali aks ettiradi va bu bilan bizga vahdatul vujud qonunlarini qayta-qayta eslatadi. “Go‘zallik”dan zavq va lazzat tuyish tushunchasi mana shu qonunlarni his eta olish tushunchasidir. Faxriyor sheʼrlarida turli shakllar qo‘llash orqali bizning tasavvurimizning eshiklarini ochib, ana shu manzil sari taklif qiladi. O‘zimiz turgan eshikdan u manzil tomon chiqa olish salohiyati endi shoirga emas, bizning o‘zimizga bog‘liq bo‘ladi.

 

Faxriyor har kitobida ratsionalistik xulosalardan emperik xulosalariga yaqinlashib boradi. Uning “Muchal yoshi”, “Imlo lug‘ati” dostonlari bunga yaqqolroq misol bo‘ladi: bu dostonlarda lirik qahramonning borliqqa munosabati o‘ta xususiy hissiyot, kechinmalar, holat va kayfiyatlariga quriladi. Shu sababli ham bu qahramonlar jahon adabiyotidagi mavjud voqelikdan begonalashgan va ayni paytda voqelikka shunchalik yaqinlashgan obrazlar sifatida gavdalanadi: borliqning mavjud ifoda qoliplaridan qochish, aslida, borliqning asl mohiyatiga yanada yaqinlashtiradi.

 

Bugungi universallashgan inson ruhiyati shu darajada murakkab va rang-barangki, uni ifoda etishga, tasvirlab berishga Sharqu G‘arbning bor badiiy ifoda usullari ham qodir emas. Inson universallashgani sari badiiy so‘z ifodalari ham universallashib boradi. Biz Faxriyor sheʼrlarida universallashgan inson istilohlariga duch kelamizki, bu holat bu avlodni ham, shoirning o‘zini ham o‘zidan avvalgi salaflardan ajratib turadi. Shuning uchun ham biz uning sheʼrlari bitilgan qatʼiy bir sheʼriy shaklni ko‘rmaymiz. Kezi kelganda, shuni aytib o‘tish kerakki, Faxriyor XX va XXI asrlarni birlashtirib turgan inson, to‘g‘rirog‘i, o‘zining ruhiyatini aks ettirish uchun Sharqu G‘arbning turku, verlibr, sonet, rondel, elegiya, to‘rtlik, uchlik, mumtoz va xalq og‘zaki ijodining sheʼriy shakllaridan unumli foydalanadi – bu bilan bir tomondan, bugungi davr kishisining tiynati shu sheʼriy janrlar dunyoga kelgan zamonlardagi inson ruhiyati bilan chambarchas va uzviy bog‘liq ekaniga ishora qilsa, ikkinchi tomondan, badiiy so‘zning tasviriy hududini Sharqu G‘arb qadar kengaytiradi. “Ayolg‘u” o‘nlab alohida sheʼrlardan tashkil topgan universal insonning ruhiyatini aks ettiruvchi doston. “Geometrik bahor” sheʼrida biz turli semantik maʼno tashiydigan turli shakllar ifodasiga duch kelamiz. Agar bu shakllar olib tashlansa, sheʼrning ohori ham, mazmuni ham kutilgan natijani bermaydi. Bu sheʼrdagi shakllarning har birining qadimgi tosh yoxud Misr bitiklari kabi o‘z majoziy shakliga zuhrlangan maʼnosi ham bor. Bu shakllar sheʼr mazmunining ajralmas bir bo‘lagiga aylangan. Har kim o‘z quvvai hofizasidan kelib chiqib, qatlamlarni tasavvur qilaveradi. Postmodernizmning asosiy talablaridan biri ham shu: shakl o‘zining shamoyilini yo‘qotib, mazmunga aylanishi kerak. Buning uchun nafaqat shoirdan, balki uni anglash, idrok va tasavvur qilish uchun o‘quvchidan ham saviya, did hamda fazoviy o‘lchamdagi dunyoqarash talab qilinadi.

 

Faxriyor sheʼrlari bugun jahon adabiyotida “potmodernizm” deb atalgan ovim tamoyillariga to‘liq javob berishi bilan ahamiyatli. Maʼlumki, postmodernizm o‘zidan avvalgi maʼrifatchilik, neoromantizm hamda xaos va absurdga subyektiv maʼno izlash orqali modernizm qarashlarini, demakkim, borliqqa bo‘lgan munosabatini inkor qilaroq paydo bo‘ldi. Shakliy va janr qoliplarini tan olmaslik, janrlar qorishig‘i (“Yozdig‘”, “Ayolg‘u”dostonlari misolida), istehzo, qora yumor (“...asta bolg‘a bilan ushatib, va tarozi pallasiga tashlab qaytib olib, oshiqchasini sotar bir do‘stim, meni chakana narxda, shukr, xaridorim bor ekan mening ham “), ichki dramaning tadrijiy rivojini inkor qilish postmodernizmning asosiy xususiyatlari sanaladi. Faxriyor ijodini kuzatsak aynan mana shu xususiyatlarning urg‘ulanganiga guvoh bo‘lamiz. Bu milliy adabiyotimizda ham umumiy o‘zanga qo‘shilib olganini, shu davrdagi dunyo adabiyotiga yondosh tarzda taraqqiy etganidan darak beradi.

 

Umuman, o‘zi mansub avlodining ham mazmunan, ham shaklan eng avangard yo‘nalishlarini o‘zida jamlab turgan Faxriyor ijodiga to‘laqonli baho berish orqali biz bugungi 60 yoshlilarning milliy, qolaversa, jahon adabiyotining asosiy tamoyillaridan boxabar bo‘lamiz va avlodning avlod sifatidagi adabiy ulushi haqidagi ko‘plab savollarga javob topamiz.

 

Nazar ESHONQUL



 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19453
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16796
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi