“Beruniy bir kishi hayoti mobaynida nimalar qila olishi mumkinligining yorqin timsolidir” – yozuvchi Isajon Sulton bilan suhbat


Saqlash
10:09 / 21.09.2023 1149 0

Bu yil Beruniy tavalludining 1050 yilligi keng nishonlanmoqda. Shu kungacha uning siymosiga bag‘ishlab talaygina asarlar yozilgan. Bu ro‘yxatga yaqinda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonning “Abu Rayhon Beruniy” romani ham qo‘shildi. Oyina.uz portali yozuvchi bilan yangi asar haqida suhbat uyushtirdi.

 

– “Alisher Navoiy”, “Bilga Xoqon” romanlari, “Robiya Balxiy”, “To‘linoy xayollari” qissalari va yangi “Abu Rayhon Beruniy” asari. Ijodda tarixiy shaxslar obraziga ko‘p murojaat qilyapsiz, buning sababi nima?

 

– Yangi O‘zbekiston siyosati chalkashtirilgan va “ko‘mib tashlangan” tariximizni haqqoniy jonlantirish uchun imkoniyatlar yaratib berdi. Mamlakat Prezidentining “Biz shu vaqtgacha tarixning o‘zimizga yoqqan joylarini olib, yoqmagan tomonini yashirib o‘tdik. Birovga yoqadimi-yoqmaydimi, g‘ururimizmi-armonimizmi, muvaffaqiyatmi yo xiyonatmi – hammasini haqqoniy yozish kerak” degan so‘zlari olimlar va ijodkorlar uchun haqiqat sari keng yo‘l ochdi.

 

O‘zbek xalqining tarixi juda boy va rang-barang. Hech ikkilanmay aytish mumkin: harbiy ishlardan davlatchilikgacha, hunarmandchilikdan  shaharsozlikgacha bo‘lgan barcha sohalarda, shu bilan birga, ijod va fanda yulduzday chaqnagan, axloqi, bilimi va zakosi bilan insoniyatga o‘rnak bo‘lishga arziydigan yuzlab ajdodlarimiz bor, ular o‘tmish qa’rida avlodlar duosini kutayotgan bo‘lsa ne ajab? Shu sababli, olimlar va adiblarimiz oldida tarixni haqqoniy jonlantirib, u qahramonlarimizni yetishib kelayotgan avlodga tanishtirish vazifasi turibdi. Siz tilga olgan asarlarni ushbu yo‘ldagi baholiqudrat urinishlar desak bo‘ladi.

 

– Odil Yoqubovning “Ko‘hna dunyo” romani, Mirkarim Osimning “Jayhun ustida bulutlar” qissasi adabiyotimizning Beruniy siymosiga bag‘ishlangan boyliklari sanaladi. Ro‘yxatga Isajon Sultonning “Abu Rayhon Beruniy” romani ham qo‘shildi. Bunga qanday ehtiyoj bor edi? Yangi asar kitobxonlarga nimalar va’da qiladi?

 

– Avvalo, bu tarixiy asarlarni o‘quvchilarga taqdim etgan adiblarimizdan chandon minnatdor bo‘lsak arziydi. Mustamlakachilarning o‘ta kuchli siyosiy bosimi, o‘sha davr targ‘ibotining zug‘umlari ostida o‘tmish ajdodlar siymosini baholiqudrat gavdalantirib berishdi. Qariyb yuz yillik istilo davrida adiblarga qo‘yilgan talablar ma’lum: qahramon albatta mavjud hukmron tuzumga qarshi chiqishi, oddiy xalqning yonini olib, kurashga kirishi kerak, shu bilan birga, asarda oddiy xalq orasidagi kimlarningdir ishq-muhabbat afsonasi ham o‘rin olishi zarur! Agar zamonaviy roman va qissalarda o‘sha davr qarashlariga bo‘ysundirilgan inqilobchi kishi tasvirlanishi shart bo‘lsa, tarixiy asarlarga ham shu talab qo‘yilgan. U talablarga rioya qilmagan adiblarning ko‘pchiligi malomat va quvg‘inga duchor bo‘lgani ham rost.

 

 

Endilikda tariximizni bor bo‘yicha tasvirlash imkoniyati o‘rtaga chiqdi. Shu imkoniyatdan foydalangan holda, uch ming yillik tarix mobaynidagi yuzlab allomalar, sarkardalar, xon va xoqonlar hayotini qalamga olish mumkin bo‘ldi. Bu oltin silsiladagi buyuk allomalardan biri – Abu Rayhon Beruniyning iste’dodi, e’tiqodi, kishilik siymosi bilan birga, o‘sha davr voqealarini ham to‘g‘ri yoritib berish kerak bo‘ldi. Misol uchun, bugungacha yaratilgan barcha asarlarda Abu Rayhon Beruniyga shohlardan jabr ko‘rgan olim sifatida qarash shakllangan edi. Alloma besh hukmdor panohida faoliyat yuritgan, ularning barchasi ilm-fanga keng yo‘l ochib berishgan. Masalan:

 

Ma’munlarning avlodidan ul Ali,

Bo‘ldi tabib, dard ko‘rmadi hech jonim.

So‘nggi Ma’mun nazar soldi holimga,

Boshim ko‘kka yetkazdi ul sultonim.

 

Minbarlarga chiqib, oshib martabam,

O‘tdi ne’mat soyasida ko‘p onim.

Boqdi Iroq oilasi sut bilan,

Nihol edim, Mansur bo‘ldi darmonim.

 

Bu – Beruniyning o‘z ustozi, “Batlimus-soniy”, ya’ni “ikkinchi Ptolomey” deb nom olgan Mansur ibn Iroq haqidagi so‘zlari, mazkur parcha Yoqut Hamaviyning “Irshod al-arib ila ma’rifat al-adib” asaridan olingan.

 

“Osorul-boqiya”da u Gurgon hukmdori, Shamsulmaoliy laqabli Kobus ibn Vushmgir haqida shunday deb yozadi:

 

“Tangri yordamiga sazovor, ne’matlar egasi bo‘lgan janob xojamiz ulug‘ amir Shamsulmaoliyning – Xudo uni doimo qudratli aylasin! – oliy davlatidan quvvat olib, butun kuchimni yig‘ib, goh eshitish, goh ko‘rish va qiyos qilish orqali, bilimim yetganicha, ushbu narsalarni bayon qilishga bel bog‘ladim...”

 

Xorazmda “Dorul-hikma val-maorif”ni tashkil qilgan Abul Abbos Ma’mun olimga yanada ko‘proq ehtirom ko‘rsatgan, uni “Dorul-hikma” raisi va Xorazmning bosh mirobi etib tayinlagan. Bu sultonning yuksak axloqiy husni shundan iborat ediki, Abu Rayhon Abul Abbos Ma’munni o‘ta yuksak xulqli kishi, biron marta og‘zidan nojo‘ya so‘z chiqmagan edi, deb ta’riflaydi. Hatto bir kuni shoh bir masalani so‘rash uchun uyiga kelganini yozadi.

 

Tarixning eng “chalkashtirilgan” va yetarli e’tirof etilmagan hukmdorlaridan biri sulton Mahmud G‘aznaviy bo‘lsa ajab emas. Shu sababli, asarda sulton Mahmud shaxsiyatiga ham kengroq o‘rin berishga to‘g‘ri keldi. Beruniy u bilan ko‘p safarlarda bo‘lgan. Mana bu parchaga diqqat qilaylik:

 

“Bir kuni Mehrjon bayrami payti, kechqurun, Xorazmdan qaytib kelgandan so‘ng, munajjimlarning aytgan gaplari to‘g‘risida so‘z ketdi. Ular degan emishlarki, sultonning o‘n yildan ortiqroq umri qolgan. U shu gapdan so‘ng dedi: “Mening qo‘rg‘onlarim boyliklar bilan shunchalar to‘lib-toshganki, agar ularni kunma-kun taqsimlab chiqib, to‘la sarf etmoqqa ehtiyotli kishi ham, isrofgar ham erishmoqdan ojizdir”. ...Bir safar, unga jur’at qilib, bu so‘zlarni dedim: “Xudoga shukrlar qilgin va undan tilaginki, u boyliklaringning manbaini, baxtli taqdir va yutuqlaringni asrasin. Sen faqat uning marhamati bilan o‘z xazinalaringni topgansan. Agar omad ketib, bu taqdir o‘chgudek bo‘lsa, boyliklar betartib sarf bo‘lib, bir kunga ham yetmaydi. Maqtanchoqlikdan tortingin”.

 

Ko‘rinib turganidek, sulton bilan olim o‘rtasida nafaqat xolisona, balki do‘stona munosabat bo‘lgan.

 

Mahmud G‘aznaviyning o‘g‘li sulton Mas’ud esa Beruniyning shogirdi edi. “Qonuni Mas’udiy” yozilganida, olimga bir fil ko‘tara oladigan kumush in’om qilgani va olim uni xazinaga qaytargani ma’lum.

 

Avvallari xoh Shamsulmaoliy, xoh Mahmud G‘aznaviy – qahri qattiq, johil, olimni haqorat qilib, zug‘um o‘tkazgan hukmdorlar sifatida tasvirlangan edi. Aslida es zamona olimlari va Beruniyning o‘zining e’tiroficha, unday bo‘lmagan.

 

Beruniy siymosini yana bir voqea yorqinlashtirib beradi. U umrining so‘nggi yillarida xorazmlik do‘sti, sohibdevon Abulhasanning qizi Rayhona uchun “Kitob-ut-tafhim li avoili sanoat-it-tanjim” asarini yozadi. Yosh qizaloq uchun ilmiy asar nega yozilsin? Bu ham olimning yuksak insoniy fazilatlaridan va orzumandligidan dalolat beradi.

 

– Romanni yozish asnosida, tabiiyki, ko‘plab tarixiy manbalarni o‘rgangansiz, ulug‘ alloma shaxsiyatini badiiy idrok etgansiz. Beruniyni Beruniy qilgan asosiy omillarni nimalarda ko‘rasiz? Qanday jihatlaridan bugun ham ulgu olishimiz kerak, deb o‘ylaysiz?

 

– Abu Rayhon Beruniy – fanning o‘sha davrda mavjud bo‘lgan barcha sohalarini tadqiq qilgan qomusiy olim. Shu sababli uni uch yo‘nalishda tasvirlashga zarurat tug‘ildi. Bulardan birinchisi – olimning kishilik siymosi.

 

U o‘ta to‘g‘riso‘z, fidoyi va qaysar kishi bo‘lgan. Masalan, Beruniyning sultonlar qoshida faqat to‘g‘ri so‘zni aytish haqida bitiklari uning hayot qoidalarini yaqqol ifodalaydi.

 

Allomaning ilmdagi siymosiga kelsak, u juda rang-barang va yanada yorqin. Uning zakosi insoniyat tarixidan yulduzlar ilmigacha, farmakognoziyadan, ya’ni o‘simliklarning shifobaxsh xususiyatlaridan mineralogiya – qimmatbaho toshlarning tasnifigacha, antropologiyadan falsafagacha, kimyo, fizika, biologiyadan geografiya va geodeziyagacha bo‘lgan bilimlarni jamlagan. Bir ming ellik yil avval Qiyot yaqinidagi qishloqlardan birida o‘sib-ulg‘aygan, o‘zining ta’rificha, otasini eslay olmaydigan, onasi esa o‘tin terib tirikchilik qilgan bir bolakayning ilm va san’atda bunchalar yuksak darajaga erishganiga hayron qolmay iloj yo‘q.

 

Abu Rayhon Beruniy yer yuzining diametrini bugungi o‘lchovlarga yaqin bir tarzda hisoblagan va geodeziya ilmiga asos solgan buyuk turkiy
mutafakkirdir. Mazkur bilimning asoschisi bo‘lmish Beruniy Hindistonda ekanida trigonometriyaning astronomiyadan ajratilishi kerakligini ilgari surgan va trigonometrik funksiyalarni hisoblagan. O‘z tadqiqotlari bilan G‘arb dunyosida ham mashhur bo‘lgan bu olim Nyutondan avval yerning tortish kuchidan xabar bergan, Galileydan oldin yerning shar shaklida ekanini aytgan. Hayoti mobaynida geometriya, trigonometriya, geodeziya, mineralogiya, tibbiyot va tarixga oid 150 dan oshiq asar yozib qoldirgan.

 

U yer yuzining barcha joyidan qiblani aniqlashni orzu qildi. Solishtirma og‘irliklarni o‘lchadi, yunonistonlik tabib, Abu Ali ibn Sino va Abu Sahl Masihiy ta’sirida “Saydana” asarini yozdi. Matematika, handasa, fizika va tarix fanida o‘zigacha bo‘lgan ko‘plab olimlarning tadqiqotlarini taqqoslab, xatolarini tuzatdi. Suv bilan quruqlik muttasil o‘rin almashib turishini, qizg‘in cho‘llarda dengiz chig‘anoqlari uchrashining sabablarini izohladi. Falakdagi mingdan ziyod yulduzning harakat yo‘llarini belgiladi, o‘zga olamlar mavjudligi haqida xabar berdi, jonning nima ekaniga to‘xtalib, uni “quvvai tabiiya”, bugungi kun ta’biri bilan aytganda, hayot kechirish bilimlarini o‘zida jamlagan dasturiy quvvat deb atadi. Chaqmoqning turli-tumanligiga diqqat qaratdi, o‘simliklarni tirik mavjudot deb bildi. Uning “Qimmatbaho toshlarni aniqlash kitobi”dagi ba’zi bo‘limlarni bugun “Gigiyena va estetika” degan nom bilan o‘qitsa bo‘ladi.

 

U kashf qilgan asboblardan “suv o‘g‘irlash asbobi” diqqatga sazovor, bugungi kunimizda u “sifon” deb ataladi. Moddalarning solishtirma og‘irliklarini o‘lchovchi asbob, qimmatbaho toshlarning og‘irligini aniqlash uchun o‘zi yasagan nozik tarozu, tutash idishlar qoidasiga asoslangan uskuna, yuqori aniqlikdagi usturlob va armila... Bularning barchasini uning o‘zi yasadi.

 

Shahrazuriy degan olimning mana bu ta’rifiga qarang:

 

“Abu Rayhon o‘ziga eng kerak narsalar bilan kifoyalandi. Mol-u sarvatlarni nazariga ilmas, kundalik tashvishlarga vaqt sarflamasdan, tamomila bilim dengiziga sho‘ng‘igan, qachon qaramang, yozayotgan asarlari ustida bukchayib o‘tirganini ko‘rardingiz. U oliy bilimlar darvozalarini ochib, muammolarning yechimlarini topib, boshqalar tushunishi uchun oson qilib qo‘ydi. Uning qo‘li qalamdan sira uzilmadi, nigohi doimo kuzatdi, qalbi esa tafakkur bilan band bo‘ldi. Faqat ikki kun – Navro‘z va Mehrjon bayramida tirikchilik ishlariga e’tibor qilib, xizmatkori bilan libos va yegulik g‘amlashga chiqardi. Yilning boshqa kunlarida esa, bunday ikir-chikirlarni xayoliga ham keltirmasdi”.

 

Abu Rayhon Beruniy xalqlar va diniy ta’limotlarni chuqur o‘rgangan musulmon kishi bo‘lgan. Hatto nasroniy olim  Abul Xayr Xammor u tufayli islomga kirgani, sulton Mahmud G‘aznaviy shu sababli Beruniyga ta’zim qilgani aytiladi.

 

Ayni sabablarga ko‘ra, Beruniy haqidagi asarda o‘zgacharoq yo‘l tutishga to‘g‘ri keldi. Ushbu asarda yuzdan oshiq kishilar bor va ularning barchasi Beruniy haqida so‘z aytishadi. Bu xuddi bir yoritqich atrofida samo jismlarining aylanishiga o‘xshaydi.

 

Beruniy  ulug‘vor va ezgu maqsadlarni ko‘zlagan birgina kishi o‘z hayoti mobaynida nimalar qila olishi mumkinigining yorqin timsolidir. Sabot va matonat, to‘g‘rilik va halollik uning hayotining oltin qoidalari edi. Shu sababli asrlar davomida avlodlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi, nomi tarix zarvaraqlariga muhrlandi.

 

– Adabiyotda zamonamiz qahramoni obrazini yaratish hamisha dolzarb bo‘lib kelgan. Yangi yozilajak asarlaringizga mavzularni davrimizdan qidirish niyatingiz bormi yoki o‘quvchilaringizni yana tarix bo‘ylab sayohatga taklif qilasizmi? Ijodiy rejalaringiz bilan bo‘lishsangiz.

 

– O‘tmishdagi kabi qahramonlar yetishib chiqishi uchun, avvalo, u qahramonlarni tanishtirish, o‘zligini anglatishdan tashqari, ular yetishib chiqqan tarixiy muhitni ham jonlantirish zarur.

 

Badiiy asar qahramoni bo‘lishga arzigulik yuzlab qo‘mondonlar, shohlar, allomalar bor tarix qa’rida. Eng qadim tariximizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, el-yurtini yuksaltirishga azm qilgan Alp Er To‘nga siymosining o‘ziyoq qanchalar ulug‘vor! Maktab darsliklarimizda Dono To‘nyuquq, Bilga xoqon, Kultegin kabi ajdodlarimizdan biroz xabar berilgan, biroq, ularning siymosi to‘la gavdalantirilmagan.

 

Yana bir qahramonimiz – eramizdan avvalgi ikkinchi yuz yillikda yashab o‘tgan Botir Tangriqutdir. Chin manbalarida Mete yoki Mode, o‘z ona tilida Botir deb atalgan bu kishi birinchi bo‘lib muntazam armiya tuzgan, u paytgacha doimiy armiya bo‘lmagan, qo‘shinni yetti bo‘lakka bo‘lish (qorovul, yarovul, o‘ng qanot, so‘l qanot, g‘o‘l, o‘kcha, buxtarma) undan boshlangan va to Zahiriddin Muhammad Bobur zamonasigacha shu tartib saqlanib kelgan. Agar bu tuzilmani o‘sha davrdagi Chin qo‘shini tuzilmasi bilan taqqoslasak, Botir Tangriqut tanzimining qanchalar mukammal ekaniga shohid bo‘lamiz.

 

Eramizdan avvalgi yuzinchi yil... U paytda dunyoga hali Iso Masih kelmagan, Arabiston yarim oroli Muso payg‘ambar e’tiqodiga amal qilib kelayotgan bir davr. Nuh Alayhissalomdan keyingi payg‘ambarlarning ta’limotlari o‘sha hududdagina yoyilganini hisobga oladigan bo‘lsak, u holda ajdodlarimiz topingan, atay chalkashtirilib, “shomonchilik” deb kamsitilgan Tangri dini naq Nuh Alayhissalom dini bo‘lib chiqadi. Bu ham olimlarimiz tadqiq qilishiga arziydigan muhim mavzu, chunki, to islomgacha turkiylarning asosiy dini shu bo‘lib kelgan.

 

Yurtimiz hududlariga kelsak, “Yofas o‘g‘li Turk bu joylarni o‘ziga asrab qo‘ydi” deydi sulton Mirzo Ulug‘bek “To‘rt ulus tarixi” asarida. Barcha turkiy xalqlarning oltin beshigi – bu bizning ona zaminimizdir. Qarang, oltin sulola o‘sha davrdan boshlangan bo‘lsa, orada qancha davlatlar qurildi, qancha fidoyi zotlar yashab o‘tdi. Ularning eng diqqatga sazovor jihati – o‘z el-ulusini yuksaltirish uchun qilgan xizmatlari o‘laroq tarixda qoldi.

 

“Urushlar tugadi, kishilarning qoni yerga singib ketdi, o‘rnida uzumzorlar barpo bo‘ldi, u uzumlardan totli sharbatlar siqib olindi”. Ana o‘sha sharbat – tarixiy asarlar desak, ne ajab?

 

Eramizdan yuz yil avval Xan sulolasi elchisi Chjan Syan diyorimizga safar qiladi. Bu juda ajoyib sayohat. Elchining maqsadi – qadimgi Farg‘onadagi uchar otlarni qo‘lga kiritish bo‘lgan. Ilk safarida u Xeshi yo‘lagi orqali yurib, xunlar qo‘liga tushib qoladi va 12 yildan so‘nggina o‘z hukmdori huzuriga qaytib boradi. Ikkinchi sayohatida esa Turfon orqali yo‘lga chiqib, ko‘zlagan manziliga yetib keladi, bu yerda mavjud davlatlar – Qang‘li, G‘uzer (O‘g‘uz Yer), Uyshun, Parkana haqida juda qimmatli ma’lumotlarni hukmdoriga yetkazadi. Mazkur ma’lumotlar o‘sha davr tarixchisi Sima Syanning “Shiji” solnomasida batafsil keltirilgan.

 

Xullas, so‘zlayversak, gap ko‘p.

 

Orzu esa shunday: uch ming yillik tarix mobaynidagi ulug‘ siymolar haqida “Oltin tarix” degan silsila yaratilsa, ishonamanki, o‘ziga xos mazkur “Ziji osmoniy”da kamida yuz jildlik badiiy asarlar tizmasi yaratilar, bu esa o‘zlikni tanish yo‘lida katta qadam bo‘lib qolardi. Abut-turk mulklarining vorislari o‘laroq, bunday asarlarni albatta o‘z adiblarimiz yaratishlari zarur. Zamonamizning yetuk adiblarini va yosh ijodkorlarimizni shu xayrli ishga hissa qo‘shishga chorlagan bo‘lardim.

 

Nargiza ODINAYEVA,
Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19453
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16794
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi