“Nomukammal insoniyat na o‘zidan quyidagilarni, na o‘zidan ustunlarni seva oladi” – “Eljernonga atalgan gullar” asari tahlili


Saqlash
15:09 / 15.09.2023 1340 0

“Sening zulmatingdan mening yorug‘ligim yaxshi deb kim aytdi?”

“Eljernonga atalgan gullar” asaridan

 

Baxt inson intilishlarining markazida turadi. Ammo nimaga shunday: ba’zida jamiyat e’tirof etmaguncha, unga ega ekanimizni anglayvermaymiz? Yoshi 32 ga borgan, arzimas pul evaziga novvoyxonada pol artuvchi bo‘lib ishlaydigan aqlan zaif yigit Charli Gordon, qaysidir ma’noda, mana shunday odamlardan biri edi...

 

Amerikalik adib va adabiyotshunos Deniel Kiz (1927–2014) Nyu-Yorkning Bruklin shaharchasida tug‘ilgan. Savdogar dengizchi, tahririyatda badiiy muharrir, maktabda o‘qituvchi, Ohayo unversitetida professor bo‘lgan. 2000-yili Ohayo universiteti tomonidan “Xizmat ko‘rsatgan professor” unvoni bilan taqdirlangan.

 

Deniel Kiz 87 yillik umri davomida 8 ta asar yozadi. Bugun sizni ulardan eng mashhuri – “Eljernonga atalgan gullar” asari bilan tanishtirmoqchimiz. Muallif uni dastlab hikoya tarzida yozadi va o‘n to‘rt yil mobaynida hayotidagi voqealar bilan boyitib boradi. Asarning “Hyugo” hamda “Nebula” adabiy mukofotlariga loyiq ko‘rilib, Amerikaning adabiyot bo‘yicha maktab darsliklari dasturiga kiritilgani bejiz emas albatta...

 

Asar Charli Gordonning qaydlari bilan boshlanadi. Insonlarning fikrlash darajasini jarrohlik yordamida o‘stirish ustida izlanayotgan shifokorlar unga kechinmalarini yozib borishni tavsiya qilishadi. Ular kunlik qayd-hisobotlarni bir-biri bilan solishtirib, Charlidagi jarrohlikdan keyinga aqliy o‘sishni kuzatmoqchi edilar. Amaliyotning bosh miya jarrohligi tarixida insonda ilk bor qo‘llanilayotgani, oldin Eljernon laqabli sichqonchada sinab ko‘rilganidan kitobxon Charlining qaydlarini o‘qish mobaynida xabardor bo‘ladi. Soddadillik bilan yozib borilayotgan ushbu kechinmalardan o‘quvchi keyinroq yana bir narsani tushunadi. Ya’ni, operatsiya uchun nega aynan Charli tanlangani! Axir Charli nogiron bo‘lib tug‘ilgani uchun ota-onasi voz kechgan, atrofini esa uni shaxs – inson sifatida qabul qilmaydigan odamlar o‘rab olgandi. Bir so‘z bilan aytganda, Charli o‘z tevaragidagilar, hatto qaltis tajriba amaliyotiga qo‘l urayotgan shifokorlarning o‘zi uchun ham Eljernondan – laboratoriyadagi sichqonchadan farq qilmasdi.

 

Ammo bu vaqtda Charlining o‘zi hali hayot va odamlar haqida mutlaqo bo‘lak tasavvurda edi. Uning maqsadi aqlli bo‘lish, hamma qatori qahva ustida siyosat, kino va adabiyot borasida gaplashib o‘tirish, bu bilan o‘z do‘stlarini xursand qilish. U o‘ziga bunday imkoniyatni beradigan jarrohlik amaliyotiga tanlab olishayotgani uchun shifokorlardan minnatdor bo‘lar, tajriba quyonchasiga tenglashtirilayotganini esa mutlaqo tushunmasdi. Qafasda o‘sgan qush mushukning dushman ekanini bilmagani kabi, uning tor va toza tasavvuri ham firib va g‘araz degan tushunchalardan xoli edi. O‘z hisobotida novvoyxonada birga ishlaydigan sheriklari uni bir safar qahvaxonaga olib borib, ishda polni qanday artishini ko‘rsatib berishini so‘raganlari, keyin stolning ustiga chiqib o‘ynab berishni talab qilganlari, so‘ng yomg‘ir yog‘ayotganini tekshirib kelish uchun ko‘chaga chiqarib yuborib, qaytgunicha ketib qolganlarini yozar ekan, bu kabi munosabatlarga azbaroyi ko‘nikkanidan, u o‘zini bundan ortiqrog‘iga munosib emas deb bilardi. Bularni do‘stlarining erkalashi, e’tibori deb tushunar, o‘zining noshudligidan esa kuyinardi. Tez orada aqliy salohiyati oshsa, mazkur holdan do‘stlarining judayam xursand bo‘lishini, o‘shanda ularning hozirgidan ham ko‘proq yaxshi ko‘rib qolishi mumkinligini orzu qilardi. “Agar ustingdan kulishlariga yo‘l qo‘yib bersang, sening do‘stlaring ko‘p bo‘ladi” – bu aqlan zaif Charlining ma’naviy tuban jamiyat ustidan chiqargan beg‘araz (va dono!) xulosasi edi...

 

Shunday qilib, bir qancha tekshiruv va ilmiy tajribalardan so‘ng shifokorlar o‘ta qaltis ishga – Charli bilan bog‘liq jarrohlik amaliyotiga qo‘l uradi. Amaliyot ijobiy natijalarini namoyon qila boshlaydi – oradan ma’lum kunlar o‘tib, Charlining aqliy darajasi yaxshi tomonga o‘zgarayotgani seziladi. “Charli, deydi bir kuni unga o‘zi o‘qiydigan omilar maktabi tarbiyachisi Kinan xonim. – Agar keyinchalik, ya’ni ko‘p narsalarni o‘rganib olganingdan so‘ng ba’zi odamlar o‘zing o‘ylaganday yaxshi emasligini tushunsang, xafa bo‘lma. Yaxshisi, bunga e’tibor ham berma. Yaratgan senga qolganlardan kamroq narsa bergan bo‘lsa ham, aslida sen ulardan foydaliroq ishlar qilyapsan...”

 

 

Ha, Kinan xonim haq bo‘lib chiqadi. Charlining aqliy darajasi qanchalik yaxshilanib, odamlarning harakatlari ortidagi maqsadni tushungani sari, yashashi ham shunchalik qiyinlasha boradi. O‘tmish bilan bog‘lik xotiralari tiklanishi barobarida qalbida og‘riq, iztiroblar paydo bo‘la boshlaydi. Shunday xotiralarning birida bolakay Charli uyining qaysidir xonasidan chiqayotgan chaqaloqning – singlisining yig‘isini eshitadi. Uni borib ko‘rgisi, nimadir qilib ovutgisi keladi. Bu xonaga kirish u uchun taqiqlangan bo‘lishiga qaramay, ovoz eshitilayotgan xonaga kirib, chinqirib yig‘layotgan chaqaloqning yuziga ajablangancha tikilib qoladi. Shu vaqt to‘satdan kelib qolgan onasi esa “Singlingga nima qilmoqchi eding?! Unga yaqinlashma demaganmidim!” deya uni kaltaklashga tushib ketadi. Bolakay Charli qaltirab-qunishar, qo‘rqqanidan dahshatga tushar, onasiga o‘zining yomon niyati yo‘qligini tushuntirish u yoqda tursin, ortiq bunday qilmasligina aytishga ham qurbi yetmasdi...

 

O‘tmishi bilan bog‘liq shu kabi xotiralarini ongida tiklagan Charli nihoyat bir achchiq haqiqatni anglaydi. Bolaligidan hech kim unga inson sifatida munosabatda bo‘lmagan! Shu kunga qadar hali biror kimsa, hech qachon uning tuyg‘ulari va istaklari bilan hisoblashmagan. Boshidanoq hamma unga sichqon yoki bir temir-tersak sifatida qaragan.  O‘zi yaqin do‘st deb hisoblagan, bunga juda ishongan odamlari ham, shunchaki ustunlik hissi, aniqrog‘i – uning ustidan kulish, undan aqlliroq ekanini his etish lazzati sababli u bilan yaqin bo‘lgan. “G‘azab va shubha,  deb aytadi rivojlanishning tuyg‘ular bilan bog‘liq bosqichiga yetgan Charli bular haqida, –  men o‘zimni qurshab turgan olamga nisbatan ilk bora his qilgan tuyg‘u bo‘lib qoldi...”

 

Charli oldin qanchalik omi bo‘lgan bo‘lsa, endi shunchalik aqli o‘tkirlashib borardi. Chet tillarini, har xil ilmiy tushunchalarni qisqa muddatda o‘zlashtirib olardi. Undagi bu o‘zgarishlarni esa birinchilardan bo‘lib o‘zi bilan birga ishlaydigan novvoyxona ishchilari payqaydi va buni qabul qila olishmaydi. Kechagina aqlan zaif bo‘lgan Charlining bugungi aqliy ustunligi hamkasblarida hasad va adovat uyg‘otadi. “Charlini ishdan haydang, deb talab qilishadi ular novvoyxona xo‘jayinining oldiga borib, – novvoyxonada yo u qolsin, yo biz qolaylik!”. O‘tmishda Charlining marhum tog‘asiga –  o‘zining yaqin do‘stiga jiyanini sirayam ishsiz qoldirmaslikka va’da bergan, shu paytgacha so‘zi ustidan chiqib kelayotgan novvoyxona xo‘jayini ham, endi negadir yangi aqllining yonini olishni istamaydi. Charlidan uzr so‘rab, uni ishdan bo‘shatishga qaror qiladi...

 

Charli pulsiz, yo yeguliksiz ko‘chada qolmaydi. U o‘zi ustida olib borilayotgan ilmiy tajriba homiylari tomonidan moddiy ta’minlangan edi. Biroq qachonlardir omiligi uchun kamsitgan, tahqirlagan odamlar endi daholigi uchun yuz o‘girayotgani Charlini tushkun o‘ylar girdobiga cho‘ktiradi. Bu nomukammal insoniyat na o‘zidan quyidagilarni, na o‘zidan ustunlarni seva olmasligini ko‘rib dunyo ko‘zlariga zimiston bo‘ladi.  “Xotiralarim dengiziga botib borar ekanman, ruhiy muammolarni aqliy muammolar kabi osonlikcha yechib bo‘lmasligini tobora ko‘proq anglayapman”, deya nadomat qiladi.

 

Asarning oxirgi boblarida shifokorlar Charlini Chikagoga – ilmiy tajribalar borasida o‘tkazilayotgan simpoziumga olib borishadi. Bundan ko‘zlangan maqsad soha mutaxassislarini “Charli-Eljernon” tajribasi bilan tanishtirish, neyroxirurgiyadagi ulkan muvaffaqiyatni ommaga ma’lum qilish edi. Yo‘lda shifokorlar sichqoncha Eljernonning oxirgi paytda o‘zini juda yomon tutayotgani, kun bo‘yi tajriba mashqlarini bajarmay uyasida yotayotgani, ba’zan mashqlarni bajarganda ham, buning evaziga beriladigan yegulikdan voz kechayotganini gapiradi. Tajriba mualliflari – doktor Shtraus bilan doktor Nemur Eljernonning bu ishidan qancha ko‘p tashvishlansa, sichqonni boshqalardan ko‘proq anglayotgan, hatto o‘z tanasi bilan his etayotgan Charli sho‘rlikka shunchalik achinadi. Og‘riqlari avj olib, o‘zining omilik paytlarini qo‘msaydi...

 

Simpoziumda endilikda aqliy salohiyati Charlidan bir necha barobar past bo‘lgan professorlar unga go‘yoki bir eksponatday muomalada bo‘ladi. Ular Charli haqida “Charli-Eljernon” yoki “Eljernon-Charli” amaliyoti deya gapiradi. Uning shu paytgacha o‘zi haqida yozgan barcha hisobot-qaydlari va sichqoncha Eljernon bilan birgalikda olib borgan tajbira mashqlarining video tasvirlari jamoatchilikka havola etiladi. Simpozium ishtirokchilari Charlining shaxs sifatida haqoratlanayotganini xayollariga ham keltirishmas edi. 

 

Simpozium so‘nggida tajribaning umumiy xulosasi va ahamiyatini tushuntirib berish uchun professor Nemur so‘zga chiqadi. “Biz tabiatning yana bir xatosini to‘g‘rilab, nuqsonsiz, qusursiz odam yaratdik, deydi u ma’ruzasida. – Bizning oldimizga kelishdan oldin Charli Gordon katta shaharda yolg‘iz o‘zi, do‘stlarsiz, qarindoshlarsiz, to‘kis hayot kechirish uchun muhim bo‘lgan aqliy salohiyatsiz yashardi. Uning na o‘tmishi, na hoziri va na kelajakka bo‘lgan ishonchi bor edi. Qisqasi, Charli Gordon hech kim edi...” Simpoziumning qolgan barcha ishtirokchilari ham bu borada professor Nemur bilan bir xil fikrda ekaniga shubha yo‘q edi, albatta. Bu so‘zlarni tinglab yurak-bag‘ri tilka-pora bo‘layotgan Charli “Men ham insonman! Men ham shaxsman! Mening ham o‘tmishim, ota-onam bor edi! Operatsiya stoliga yotishdan oldin ham odam edim axir!..” deb hayqirgisi, ho‘ngrab yig‘lagisi kelardi...

 

Falsafaga boy mazkur asar Charli Gordonning keyinchalik “Charli-Eljernon” tajribasini amaliyotga joriy qilishga to‘sqinlik qiluvchi ilmiy kamchilikni asoslashi va bu tajribaning fojiiy jihatlarini o‘z umri misolida ko‘rsatib berishi bilan yakun topadi. Biroq asarning men aytib ulgurmagan voqealari, ma’lum qilmagan jihatlari hali ko‘p. Buni o‘quvchi kitobni mutolaa qilish jarayonida o‘zi tushunib, amin bo‘ladi degan umiddaman. 

 

Asardan iqtiboslar

 

“Qancha teran tushlar ko‘rar, xotiralarim dengiziga botib borar ekanman, ruhiy muammolarni aqliy muammolar kabi osonlik bilan yechib bo‘lmasligini his etayapman”.

 

***

“Sog‘lom bolalar juda tez ulg‘ayib, o‘zlarini katta qilganlarni unutishadi... va ularni tark etishadi...”

 

***

“Yuqori AyKyu hayotda eng muhimi emas. Insoniy tuyg‘ularsiz bilim bir teyinga qimmat!”

 

                                                                                          Bayram ALI

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19453
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16796
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi