“Osorul-boqiya” degan dasturxon yozaman, uning ne’matlarini bironta zodagon yoki davlatmand huzuridan topolmaysan”. Beruniy siymosiga yangi chizgilar


Saqlash
14:09 / 13.09.2023 764 0

 

2022-yilning 25-avgustida “Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilingan edi. Qaror ijrosini ta’minlash va buyuk bobokalonimizga bo‘lgan cheksiz hurmat va ehtirom ko‘rsatishda tarixchi olimlar bilan bir qatorda ijodkorlar ham munosib hissa qo‘shdilar. Shu ma’noda falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor To‘rayevning “Beruniy – insoniyatning buyuk mutafakkiri” kitobi hamda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonning “Abu Rayhon Beruniy” tarixiy-biografik romani yozildi.

 

Ma’lumki, Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Beruniy (973–1048) faylasuf, matematik, astronom, astrolog, tarixchi, adabiyotshunos, shoir, etnograf, sayyoh, tarjimon, dorishunos sifatida o‘nlab kasblarni o‘zlashtirgan va nafaqat o‘zbek elining yoki Markaziy Osiyo xalqlarining, balki butun insoniyatning faxri-iftixori sanaladi. U matematik, astronomik, geografik fanlarning fundamental g‘oyalarini ishlab chiqishda muhim rol o‘ynagan, geodeziyaga, mineralogiyaga, o‘simlikshunoslik, farmakognoziyaga asos solgan hamda toponimika, etnografiya, etnogeneziya, geologiya, geografiya, trigonometriya, sferik geometriya, optika, fizika, kartografiya va boshqa tabiiy-ilmiy fanlarga oid salmoqli konsepsiyalarni ishlab chiqqan qomusiy mutafakkirdir. Beruniy XI asrda yer yuzining diametrini bugungi o‘lchovlarga yaqin bir tarzda hisoblagan, o‘z tadqiqotlari bilan G‘arbda mashhur bo‘lgan Nyutondan avval yerning tortishish kuchi haqida xabar bergan va Galileydan oldin yerning shar shaklida ekanligini aytgan buyuk dahodir! Hayoti mobaynida 150 dan ortiq asar yozib qoldirgan. Bundan ko‘rinadiki, akademik Ignatiy Krachkovskiy “Beruniy qiziqqan sohalarni sanab chiqqandan ko‘ra, qiziqmagan sohalarni sanab chiqish osonroq”, amerikalik tarixchi Jorj Sarton esa “Dunyo fani tarixida XI asrning birinchi yarmi Beruniy davridir. U o‘z zamonasining ulug‘ olimi bo‘libgina qolmay, balki hamma zamonlarning ham eng ulug‘ siymosidir” deya bejiz e’tirof etmagan.

 

Atoqli faylasuf Baxtiyor To‘rayevning uzoq yillik ilmiy izlanishlari, buyuk ajdodlarimiz hayoti va ilmiy merosiga oid tadqiqotlari natijasida yuzaga kelgan “Beruniy – insoniyatning buyuk mutafakkiri” kitobida allomaning hayoti, tavalludi, ustozlari, u yashagan davr muhiti, asarlari, ularning yaratilishi, Beruniyning ilm-fanga qo‘shgan munosib hissasi, ilmiy merosidan namunalar, o‘z davrida dahoni e’tirof etgan, sodda qilib aytganda, unga tan bergan dunyo olimlarining fikrlari, asrlar davomida Beruniy hayoti va ilmiy merosini o‘rganib kelgan mutaxassislar, bugungi beruniyshunoslarning tadqiqotlari haqida so‘z boradi. Kitob ana shunday fundamental xarakterga ega bo‘lib, u nafaqat ilm ahli, yosh mutaxassislar, balki keng kitobxonlar uchun qimmatli manbadir.

 

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton yaratgan “Abu Rayhon Beruniy” tarixiy-biografik romani esa tamomila o‘zgacha dunyo. Shu kungacha qator hikoyalari, qissalari va “Ozod”, “Boqiy darbadar”, “Genetik”, “Ma’suma”, “Alisher Navoiy”, “Bilga xoqon” kabi romanlari bilan kitobxonlar qalbidan chuqur joy egallagan yozuvchi buyuk ajdodimiz hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab yaratgan ushbu romanida yurtimizda Birinchi Renessansning yuzaga kelish sabablari va shart-sharoitlari, ulug‘ mutafakkirning porloq shaxsiyati, yoshlarga o‘rnak bo‘ladigan jihatlari haqida hikoya qiladi. 13 qismdan iborat mazkur romanni hikoya uslubi, badiiy tasvir vositalari va adibning so‘z qo‘llashdagi mahorati jihatdan ham zamonamizning durdona asarlaridan deyish mumkin. Unda X-XI asrda Movarounnahr va Xurosonda yuz bergan tarixiy voqealar, jasur va mard sarkardalar – Alptegin, Sabuktegin, sulton Mahmud va Mas’ud G‘aznaviy kabi shaxslar hayotiga oid voqealar qiziqarli tarzda bayon etilgan.

 

Muallif asarda avvalgi bitiklarida qo‘llamagan yangi bir uslubga qo‘l urgan. Romanda voqealar Abu Fayz laqabli Abdulloh Rayyoniy nomidan hikoya qilinadi. Tog‘ning mahobati uzoqdan yaxshiroq ko‘rinadi deganlaridek, Beruniyning hayoti va salohiyati, beqiyos tafakkuri Abu Fazl nigohi bilan yanada teranlashadi. Kitob avvalida Abu Fazl “Bu asarimda izzatga sazovor turli kishilardan hikoya qilgan bo‘lsam-da, barchasining podshosi bir kishidir!” deya bilim qopqalarini ochgan Beruniyni yuksakka ko‘taradi va to asar oxirigacha uning daholigini to‘la ochib beradi. Beruniy kabi buyuk zotlarni yetishtirgan muhitni ulug‘lab “Bunday muzaffarona ishlarni qilmagan yoki qila olmagan sultonlar afsus va nadomat barmog‘ini tishlasinlar! Diyonat va bilim yo‘lida saltanat iqtidorini sarflagan hukmdorlarga esa Tangrining salomlari bo‘lsin!” deydi. Bu da’vat bugungi kunga ajdodlarga munosib yo‘l tutayotgan va Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan Yangi O‘zbekiston strategiyasiga hamohang jaranglaydi.

 

Ahamiyatlisi shundaki, Isajon Sulton asarda voqealarni qahramonlar tilidan hikoya qilar ekan, Beruniyni ohangjamo ta’riflarga o‘rab-chirmab tashlamagan. Uni uzun bo‘yli, quyuq qora qoshli, ko‘zlarida o‘smirlarcha samimiyat va soflik ufurib turgan, hamisha qo‘li ko‘ksida, hali o‘smirlik chog‘lardayoq arab, turk, yunon va suryoniy tillarini biladigan, “Allohga qasamki, yorug‘ olamda johildan ko‘ra zararliroq yaratiq yo‘q ekan” degan xulosa chiqargan va ustozlari, o‘sha davr sultonlari tomonidan tilla-kumush, ot va shunga o‘xshash qimmatbaho sovg‘alar berilganda barchasini rad etib, fikr-u zikri ilmda bo‘lgan muazzam siymo sifatida gavdalantiradi. Asarda o‘zbek davlatchiligida muhim ahamiyat kasb etgan sobiylar, harroniylar, zardushtiylar, moniylar, mazdakiylar, hatto qarmatiylar haqida ma’lumot berish bilan bir qatorda Movarounnahr va Xuroson shaharlarini ta’rif etar ekan, Rayning dunyoda eng tez uchar oq tusli lochinlari, Damashq va Jurjonning oq tillalari, Arnan tog‘i etagidan qazib olinadigan o‘ta zich oltinlari haqida ham hikoya qiladi. Beruniyning Rayda ixtiro qilgan tarozisi, ilm majlislarida suv suyuqlikdan bug‘ yoki muz shaklga, ona qornidagi laxta qon inson shakliga o‘tishi asoslab bergani, 24 yoshidan boshlab yer yuzida yashayotgan yoki halok bo‘lib ketgan xalqlarning bilimlarini jamlab, “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” nomli bebaho asarni yarata boshlaganligi va yil hisoblari, burjlar, taqvimlar, umuman bashariyat yo‘li haqidagi ma’lumotlar hikoya qilingan. Ushbu shoh asar tugallanish arafasida turganda saroyning mo‘tabar bir  kishisi ziyofatga taklif etganida Beruniy “Unday davralarni ko‘nglim tusamaydi. Men hatto bir necha oylik ozuqamni g‘amlab, hujramga kirib, to ozuqam tugamaguncha birovning kirmasligini orzu qilaman. Tez orada sening oldinga “Osorul-boqiya” degan bir dasturxon yozaman, uning ne’matlarini esa bironta zodagon yoki davlatmand kishi huzuridan topolmaysan”, deydi. Bunday jonli muloqotlar nafaqat Beruniy shaxsiyatini, balki asar ruhini ham yanada yuksakka ko‘tarib yuborgan.

 

Asarda Beruniyning “Baytul-hikma”dagi faoliyati hamda Gurganjdagi “Dorul hikma val-maorif”ni tashkil etishdagi jonbozliklari, “olimlarning shohlarga hojati yo‘qligi, aksincha, shohlarning olimlarga ehtiyoji borligi” go‘zal tarzda ifoda etilgan. Uning Abu Ali ibn Sino bilan uchrashish voqeasi ham nihoyatda go‘zal tasvirlangan. Ibn Sino keladigan kuni Abu Fazl Beruniy oldiga bozordan olib kelinadigan narsalar ro‘yxatini tuzib kiritadi. Beruniy esa “Sen uni yegulik-ichguliklarga qarab sevinadi, deb o‘yladingmi? Sen uning oldiga tafakkur dasturxonini yoz, muammo va yechim noz-ne’matlarini qo‘y. Ana shu olimning ziyofati bo‘ladi”, deydi.

 

“Bilim xuddi iymon kabidir!” Bu Beruniyning a’moli, hayotiy maslagi edi. U umri davomida og‘ishmadi. Ana shu maqsadda “Men odamlarga qiblani topishni o‘rgatsam yoki ularni to‘g‘ri yo‘lga solsam, u dunyoda ajrsiz, bu dunyoda maqtovsiz qolmasam kerak” degan ulug‘ maqsadni oldiga qo‘ydi va niyatiga erishdi. Allomaning yana bir ozusi haj ziyorati edi, afsuski bu armon bo‘lib qoldi...

 

Beruniyning Hindistonga safari va shu nomdagi asarining yozilish jarayonlari, yo‘qolib ketgan qadimgi sanskrit tilini qanchalik mukammal bilgani, hind xalqlarining tarixi va urf-odatlarini naqadar daqiqlik bilan tadqiq etganligi romanda qiziqarli bayon etilgan. Akademik Viktor Rozenning “Sharq va G‘arbning qadimgi va o‘rta asrdagi butun ilmiy adabiyoti orasida Beruniyning “Hindiston” asariga teng keladigan asar yo‘q!” deya e’tirof etgani ham buning tarixiy dalilidir.

 

Asarda tasvirlanishicha, Sumanot yurishida g‘alaba qozongach sulton Mahmud G‘aznaviy Beruniy bilan ummon yoqasiga keladi.

 

“– Yer yuzining oxiri shumi? – deb so‘radi Sulton Mahmud.

– Shunday, ey, saodatli shoh, – deb javob qildi Abu Rayhon. – Bundan u yog‘i, yer yuzining to‘rtdan uch qismi suvdir. Siz quruqlikning so‘ngiga qadar keldingiz.

– Suvning nariyog‘ida yoki chap va o‘ngida kimlarga duch kelinadi?

– Barbarlar, zanjilar va yovvoyilar yashaydilar. Ammo yerning shimoliy ikki choragidan biri quruqlik bo‘lgani sababli uning qarama-qarshisidagi chorak qismida ham quruqlik bor va u quruqlikka hali inson qadami yetmagan, deb taxmin qilamiz”.

 

Bu hali kashf etilmagan, ammo Beruniy ilmiy asoslab bergan Amerika qit’asi edi. Bundan quvongan Mahmud G‘aznaviy “Men quruqlikning so‘ngigacha qilich tebratdim, qancha qonlar to‘kdim, mulklarni hukmimga bo‘ysundirdim. Sen esa Nuh alayhissalom davridan buyon sodir bo‘lgan tarixlarga cherik tortding va fath etding!” deya e’tirof etadi.

 

Xat-savodi bo‘lmagan va yolg‘iz o‘g‘lim bilim olsin deb, dashtdan o‘tin terib kelib, bozorda sotishday mashaqqatga chidagan va Beruniyday buyuk siymoni bashariyatga yetishtirib bergan onaning orzusi amalga oshadi. Mutafakkir “Zij” kitobini ham yaratadi va 1029 (Mirzo Ulug‘bekda 1018)ta yulduz harakatini tasnif etadi. Hayotininng so‘nggi daqiqalarida ham do‘sti Abul Hasan Valvolijiydan “Al-jaddat al-fosida” haqida so‘raydi va o‘lim to‘shagida turib, “Men bu dunyo bilan xayrlashayotibman, o‘sha masalani bilmay ketganimdan ko‘ra, bilib ketganim yaxshiroq emasmi?” deydi. Beruniy ana shunday mukarram zot, “Abu Rayhon Beruniy” romani esa ulug‘ zotga munosib asardir. Zero, Isajon Sultonning AQSh va Turkiyada nashr etilgan “Boqiy darbadar” va “Bog‘i Eram” kitoblarini o‘qib, “Abu Rayhon Beruniy” romaniga So‘zboshi yozgan Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar ta’kidlaganidek: “Tangritog‘dan to Kosovaga qadar yaslangan turkiy dunyoda bugun yangi Beruniylar, ibn Sinolar, Xorazmiylar, Ulug‘beklar ulg‘aymoqdalar. Abu Rayhon Beruniy haqidagi ushbu asar yoshlarimizni bilim o‘rganishga va yangidan-yangi kashfiyotlarni maqsad qilib olishga ruhlantiradi”.

 

Xoliyor SAFAROV,

“O‘zbekiston tarixi” telekanali katta muharriri

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16793
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi