Tor doiradan keng adabiyotga. Erkin davra, yoqimli muhit va tabiiylik taassurotlari


Saqlash
17:09 / 12.09.2023 590 0

Hammada bor bahona bizda ham bor: ish, tashvish, shaxsiy yumushlar... Ana shu bahonalar sabab “Ochiq mikrofon”ning uchta sonini o‘tkazib yuborib, to‘rtinchi soniga bordim.

 

Davra erkin, muhit yoqimli, qatnashchilar ham, tomoshabinlar ham samimiy. Bir-birini birov taniydi, birov yo‘q. Muhimi hamma adabiyot atrofida birlashgan, adabiyotga havas qilib kelgan. Hech kim hech kimni majburlab olib kelmagani aniq. Tabiiy atmosfera. Kimdir davraning yarmida chiqib ketayotgan bo‘lsa, azbaroyi bu davra yoqmaganligidan emas. Bir zarur ishi yo tashvishi bordir. Sababi, davra yoqmasa kelmas edi. Shuning uchun ham tor doira, kam odam. Ammo tabiiy.

 

 

“Ochiq mikrofon”, 4-son:

 

Davrani ortiqcha izohlarsiz, uzundan-uzun kirish so‘zlarisiz boshlagan boshlovchilardan so‘ng sahnaga Bashorat Otajonova taklif etiladi.

 “Kulrang shafaqlarga o‘t qo‘ydi Xudo” deb sheʼr boshlaydi u. Umringda yashalmagan hislarni yashab o‘tging keladi eshitib. “Eng mukammal hisni yashadi Odam”, deydi...

“Tunlarni malhamday ezdi munajjim...”

“Hali tun cho‘kmadi...”

“Quyoshga borini yutqazar kunduz...”

 

 

Erkin vazndagi sheʼrning ohang bilan balandlashuvini ko‘rsa bo‘ladi bu sheʼrlarda. Ana shu balandlikda sheʼrlardagi “bo‘g‘insizlik” va qofiyasizlik o‘ziga xoslikni yaratadi.

 

“Men senga yengildim...” – ming yillar ilgari his qilingan tuyg‘u. Uning deyarli barcha sheʼrlaridan ayol ifori keladi. Uning sheʼrlarini neytral holatda o‘qib bo‘lmaydi. Hatto neytral mavzudagi sheʼrlarining ichida ham ayol hislari ko‘rinib turadi. Ayolning eng ichkin tuyg‘ulari, titroqlari, yutuqlari, yutqiziqlari – hammasi bor...

 

Bir gapni aytmasam bo‘lmaydi: hikoyani ham sheʼrga o‘xshab eshiti-ib o‘tirsa bo‘larkan-e!.. Nosirlarni sahnaga chiqarish ham boshqacha taassurot qoldirarkan. Adabiy davralarda mikrofonni faqat shoirlarga berib, faqat shoirlarni eshitib o‘rganib qolgan ekanmiz-da. Yaxshi asar bo‘lsa, nasrni ham sahnada eshitsa, maroqli chiqarkan.

 

 

Manzura Abdullayevaning “O‘zlik” hikoyasini eshita turib, avval o‘qiganman shekilli, deb o‘yladim. Balki o‘qigandirman, balki mavzu zamonaviy, tuyg‘ular yaqin bo‘lgani uchun ham shunday tuyulgan. Hikoyada eng yoqqani tabiat tasvirlari bo‘ldi. Manzarani ko‘z oldingga shundoqqina olib kelib qo‘yadigan tasvirlar.

 

“Qarasam, ichi to‘la dard, boshqalarniyam dardli qilmaguncha charchamaydigan chog‘i bordek tuyuldi”. Hikoya qahramonining xarakterini ochib berish uchun shu satrning o‘zi yetarli menimcha. “Rassom ortiga burilib, birrov ko‘z tashlab qo‘ydi-da, keyin yana qaytadan boqishga majbur bo‘ldi”. Tasavvur qildingizmi? Shunaqa holat borku. Bir soniyada ikki marta qarab olib, ana shu ikkinchi qarashda ko‘z uzilmay qolib ketishi. Ko‘p uchraydigan juda oddiy manzara. Buni hayotda va kinolarda ko‘rgandim. Badiiy so‘z bilan ham ifodalasa ham bo‘larkan-a?..

 

Hikoya uchun vaqt chegaralanganligi Manzuraning o‘qishida sezilib qoldi. Tez o‘qidi. Shu o‘rinda bir fikr: hikoyani muallif aktyorday o‘qib berishi shart emas. Lekin baribir ifodali o‘qishi, tinglovchiga aniq yetkazib berishi kerak.

 

Hikoyada biroz ruhimga o‘tirishmagani – qahramonlarning so‘zlashuvda ham badiiy gaplar ishlatishlari bo‘ldi. Menimcha, bu shart emas. Qahramonlar adabiy tilda gapirsa yetarli. Kerakli o‘rinda sheva ishlatsa ham bo‘ladi. Lekin badiiy uslubda gapirishlari ortiqcha.

 

 

Firdavs Shokirxo‘janing nasri esa sheʼrday o‘qiladi. Eng zo‘ri – o‘zi ham berilib, maza qilib o‘qiydi yozganlarini. Hamma shoir, hamma nosir ham o‘z yozganlarining hurmatini ana shunday qilib joyiga qo‘yishi kerakdir balki.

 

Bu ohangni eshitganingdan keyin boshqa hikoyalarni ham sheʼrday o‘qiging keladi. Voqealarning ichida yashay boshlaysan. Eʼtiborimni tortgani – Firdavsda maishiy narsa yo‘q ekan. Bitta kichik asarni nasr, nazm (monolog) va drama holatida uch qismga bo‘lib bergani ham noodatiy bo‘ldi.

 

Firdavs nasr o‘qiydi. Albatta ichida sheʼriy parchalar ham bor. Baʼzi joylarda Majnunni, baʼzida Mashrabni ko‘rganday bo‘lasan. Keyin esa so‘zlab-so‘zlab, ana shu So‘zlar bilan kuy chalib beradi senga...

 

 

Xoliyor Safarov klassik uslubni qo‘yib yubormagan yozuvchi. Har holda davrada o‘qilgan hikoyadan xulosam bu. Balki yangicha uslub, yangicha shaklda yozganlari ham bordir va men o‘qimagandirman. Balki ana shu klassik uslubni saqlab qolishning o‘zi uning mahoratidir. Eng muhimi, Xoliyor akaning qahramonlari o‘zbekcha gapiradi. Odamga o‘xshab gapiradi. Balandparvoz, jimjimador so‘zlarni qo‘shib-chatmaydi. Ko‘ngilning qayeridadir bir nimalarni titratadi. Tirnaydi. Ko‘zingda nimadir aylanadi. Shuncha odamning oldida yig‘lashga uyalasan...

 

“Onamning yolg‘onlari” dastlab O‘tkir Hoshimovning “Gilam paypoq” hikoyasini eslatdi. Yaxshilab eʼtibor berganingizda esa alohida o‘ziga xosligini ko‘rasiz. Mavzu yaqinligi uchun eslatadi, xolos. (Keyin bilsam, Parizoda Ro‘ziboyeva bu ikki hikoyani taqqoslab maqola ham yozgan ekan.)

 

 

Mehmon sifatida Gulnoz Mo‘minovaning taklif qilingani ham ajoyib bo‘ldi. Xokisor, samimiy bir ayol sahnaga chiqadi-da, baland-baland sheʼrlar o‘qib beradi. “O‘gaylasa bizni davralar...” deydi. Davra esa sheʼrga mahtal...

 

Qushlarga ber lug‘atimizni –

Sayramagan bir qush qolmasin, – deya sheʼr o‘qiganda butun davra jim-m eshitadi. Azbaroyi bir ohang yo bir nafasni eshitmay qolmayin, deya “tiq” etgan ovoz chiqmaydi. So‘ng esa Gulnoz opa kamtarlik bilan rahmat aytib, sahnadan tushib ketadi...

 

 

Gulnorning sheʼrlarini avval eshitmaganman. Azbaroyi bu mening aybim bo‘lsa kerak. Yaxshi sheʼrni qayerdan bo‘lsa ham topib o‘qigan yaxshi-da.

 

Uning sheʼrlari ham o‘ziga o‘xshar ekan. Biroz samimiy, biroz kibrli, biroz o‘tkir, biroz maʼsum, biroz maʼyus... “Mening shaddodligim...” deb sheʼr o‘qiyapti-yu, qovoq uyadi. Bu shoira haqida fikr bildirish uchun sheʼrlarini ko‘proq o‘qishim kerak.

 

 

Rahmat Bobojonda esa baribir so‘zning qadri seziladi. Aql va tafakkur isteʼdod bilan qo‘shilib, shoirni yanayam baland ko‘taradi. Tarjimalar unga ko‘p narsa bergan. Sheʼrlariyam uzun-uzun.

 

“Soat yigirma uch...” deb boshlangan sheʼri juda yoqdi. Metaforalari o‘zigagina xos. Tasvirlarda, u chizib berayotgan manzarada yashasa bo‘ladi. O‘zingni, ko‘changni, yurgan yo‘llaringni, yashab o‘tilgan yo yashayotgan holatingni tasavvur qilasan. Shoir esingdan chiqib ketadi. Uning yutug‘i ham shundadir balki.

 

 

Maʼmura To‘rayevaning ikki hikoyasi ham negadir erkak kishining nomidan yozilgan ekan. Buni Gulnoz opa ham davrada taʼkidladi. Xoliyor Safarovning qor, sovuq tasvirlaridan keyin Maʼmuraning “Musofir” hikoyasi ham o‘sha ruhiyatni davom ettirdi. Agar bu hikoyani boshqa payt eshitganimizda boshqacha taassurot qoldirarmidi, bu endi unchalik ahamiyatli emas.

 

O‘zbek nasrida esselashish jarayoni boshlangani haqida fikr eshitgandim. Maʼmuraning hikoyalarida shu jarayon bordek. Muallif gapi, qahramon tasvirlaridan tashqari ayrim joylarda yozuvchining munosabati ko‘rinadi.

 

Shu yozuvchi qahramonlariga ism va familiya tanlashni biroz o‘ylab ko‘rsa bo‘larkan. Adham, Eshmat, Boltayev, Nazira... To‘g‘ri, tasodifiy ismlarni qo‘yib ketish ham yomonmas. Lekin ismga ham maʼlum bir vazifani yuklasa bo‘ladi.

 

 

Shoir yosh bo‘lsa ham, uning mehnati, tajribasi baribir o‘z so‘zini aytadi. Suhrob Ziyo bu borada havas qilsa arziydigan shoir. Uning so‘z ustida ishlashiga, tahririga bir necha marta guvoh bo‘lganman. “Ochiq mikrofon”da o‘qigan sheʼrlarini yig‘ilganlar sel bo‘lib eshitdi.

 

Baʼzi davralarda “Sheʼrni falonchiga yozdirib, falonchiga o‘qitish kerak”, degan hazilomuz gaplar yuradi. Lekin Suhrobning sheʼrlarini o‘ziga yozdirib, o‘ziga o‘qitavergan maʼqul. Uning sheʼrlarini hech kim o‘ziday o‘qib berolmaydi.

 

 

Xonanda Yusuf Eltoyevning nolalari o‘ziga xos. Didi ham baland. So‘z bilan yaxshi ishlarkan, menimcha. Ovoz diapozonlarini esa katta sahnalarda ko‘ramiz, nasib bo‘lsa.

 

Xullas, mana shunday fayzli davra yashab o‘tildi. Hozir necha marta “tabiiy” degan so‘zni ishlatdim, bilmayman. Lekin chindan ham hammasi tabiiy bo‘ldi.

 

Mustaqil ijodkor yoshlar birlashmasi tashabbusi bilan “Book.uz” kitoblar do‘konining taqdimotlar zalida (yerto‘la degim kelmadi negadir) har shanba soat 19:00 da ana shunday go‘zal davra bo‘ladi. Samimiy, fayzli, o‘ziga xos...

 

Ertaga loyiha kattalashib ketsa, “Bu loyiha 20–30 ta tomoshabin sig‘adigan kichikkina sahnada boshlangan”, deb eslanadi. Shu kunlarga yetkazsin...

 

Dadaxon MUHAMMADIYEV

Fotolar muallifi: Abdumannon MUHAMMAD

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19453
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16796
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi