Rauf Parfi – turk dunyosini kezib yurgan yo‘lchi shoir


Saqlash
18:09 / 11.09.2023 1133 0

Rauf Parfi adabiyotga Abdulla Oripov, Erkin Vohidovlar qatorida kirib keldi. Lekin baʼzi sanoqlarda shoirni o‘zidan keyingi Shavkat Rahmon, Usmon Azimlar safiga qo‘ygan o‘rinlar ham uchraydi. Aslida bu yanglish sanoq ham bejiz paydo bo‘lmagan. Chunki Rauf Parfini bemalol XX asrning istalgan avlodi vakili sifatida ko‘rish mumkin. Uni saroy, mansab, ishxona shoiri deb bo‘lmaydi. U chin maʼnoda davra shoiri edi. Rauf Parfi davralar shoiri sifatida tug‘ildi, yashadi, o‘tdi. Lekin shoir sheʼrlarini kadan-kam holatda davralarda o‘qirdi. Sheʼrxon ham shoir sheʼrlarini o‘zi uchun, ko‘ngli uchun o‘qiydi, mahzun tortadi, dili yayraydi. Rauf Parfi sheʼrlari yolg‘iz odamning, yolg‘iz ko‘ngilning dil izhorlari bo‘lib yozilgan. Yomg‘ir tagida, yomg‘irga singib borayotgan, yomg‘ir bilan to‘kilib dunyoga oqayotgan ko‘ngilning izhori sifatida shivirlaydi:


Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,

Tomchilar, tomchilar sochimga.

Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,

Ham qayg‘umga, ham quvonchimga.


Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,

Men unga ochaman bag‘rimni,

Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,

Asta unutaman yomg‘irni.


Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,

Axir meni asir etdi ul.

Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,

Yog‘a boshlar qog‘ozga ko‘ngil.


Shoir lirik qahramonini ko‘ngilning barcha ko‘chalarida, yurakning tub-tubida uchratish, topish mumkin.


Vido tabassumli olam, yoshligim,

Ko‘zlarimda qotgan jolam, yoshligim,

Ko‘klarga yetmagan nolam, yoshligim,

Suvga cho‘kib ketgan bolam, yoshligim,

Vido tabassumli olam, yoshligim,


Yana o‘qiymiz: “Ko‘zimga berkitay va lekin, Yoshday oqib ketma sevgilim”. Shoir, uning lirik qahramoni – YO‘LCHI. Ko‘ngil yo‘lchisi. Olis yo‘lga chiqqan, bekatlarni unitib, bir ko‘ngil kishisi – hasratdoshini axtarib ketayotgan yo‘lchining kechinmalari, armonlari, istak-xohishlari bo‘lib o‘qiladi. Uni orzu mamlakatida ko‘ramiz, taniymiz... Hayratlanaveramiz...


Avtobus derazasidan qarab ketsang

Uzoq-uzoqlarga,

Masofalar suvratini olib ko‘zlarga,

Xususan, oy bulutlar orasiga berkinib tursa,


Xususan, yulduzlar so‘nganda,

Xususan, zim-ziyo tun chog‘i,

Ayniqsa, shaharning shovqini seni zeriktirsa,

Ayniqsa, sevgiling sevmasa seni,


Ayniqsa, g‘iybatlar to‘qisa

Do‘stlaring,

Yiroqlarga qochar qismatlar,

Avtobus derazasidan qarab ketsang...


Bu xayolot dunyosiga g‘arq bo‘lgan yo‘lchi “davralar”da bo‘lsa ham davradoshlariga begona, davra gurungi, shovqini ichida tursa ham jim, yolg‘iz kuzatayotgan, kurashayotgan, barcha davralar, yo‘llar qo‘shilib oquvchi sayru suluk Odamiga aylanganlar bilan birga yo‘lchi sifatida ko‘z o‘ngimizda, aqlimizda namoyon bo‘ladi.


Rauf Parfi sheʼrlari mag‘zidan qad rostlovchi yolg‘iz odam har bir o‘quvchi ko‘nglida birlashib, umumxalq ovoziga aylanishi bilan alohida dolzarblik kasb etadi. Bu ovoz Mendan Bizga – umum TURKISTON ovoziga aylanib jaranglaydi. Turon, Turkiston g‘oyasi shoir sheʼrlarida qizil ip kabi o‘tadi, bizning ham “beg‘am yashashimizga” xalal berib ona til, ota yurt, xalq taqdirini o‘ylashga, qadrlashga, masʼul bo‘lishga, kurashishga o‘rgatadi, chorlaydi:


Ulug‘ Turkistonim, oltin dalalar,

Oftob sochqi sochar bosh uzra balqib.

U sening tilingda aytar allalar,

Qonim, ona tilim, oh, ona tilim.


Shoir yana yozadi:


Har kim o‘z qalbiga o‘zidir xoqon,

Baribir, men seni sevib sizlarman.

Ehtimol nohaqman, ehtimol haqman –

Muqaddas Turkiston so‘zin izlarman.


Shoir sheʼrlarida tasvirlar tiniq, ohang jarangdor, maʼno serqatlam va teran. So‘zlar tasbehdek tizilib, har biri o‘zicha va birgalikda maʼnolar tashiydi va umummazmun uchun xizmat qiladi: “Qonim, ona tilim, oh, ona tilim” misrasida kelgani kabi. Rauf Parfining voqelikka qarashi, bahosi, xulosalari ham kutilmagan mavqedan aytiladi. Bu ohang, so‘zlar tizimi, tashbeh, metaforalarni, poetik idrokni boshqalarda uchratmaymiz: “Ko‘zlarimda qotgan jolam, yoshligim, Ko‘klarga yetmagan nolam, yoshligim”, “Suvga cho‘kib ketgan bolam, yoshligim” kabi misralari fikrimizni tasdiqlaydi.


Rauf Parfi sheʼrlari bilan yaqindan tanishgan o‘quvchi shoirni kechinma, holat, kayfiyatlarni o‘ta nazokat bilan ilg‘ab kuylovchi ijodkorgina emas, nafaqat o‘zbeklar, balki butun turkiy qavmlar tarixi, taqdiriga masʼul shaxs sifatida namoyon bo‘lishini yaqindan anglaydi. Rauf Parfi tom maʼnoda butun turkiy olamning betakror shoiridir.

 

Shomirza TURDIMOV


Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19453
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16796
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi