“Milliyat, jasorat, vatanparvarlik, o‘zlik – bayroq yoki mikrofon ko‘tarib chopish emas”. Аdabiyotshunos Shahnoza Nazarova bilan suhbat


Saqlash
15:09 / 11.09.2023 1018 0

Bugun adabiy fikr, adabiy tanqidchilik taqchil, katta so‘z aytadiganlar sukutda, ularga qo‘shilib millat ham. Yoshlar esa balki shoshqaloqligi, balki dadilligi sabab tanbeh eshityotgandek, natijada yana ikki avlod orasida jarlik hosil bo‘lmoqda. Holbuki, bugun O‘zbekistonga haq so‘zni aytadiganlar kerak. Shular tegrasida oyina.uz muxbiri filologiya fanlari doktori, adabiyоtshunos Shahnoza Nazarova  bilan suhbatlashdi. Mavzumiz achchiq bo‘lgani bois suhbatda ham qaltis, achchiq gaplar aytildi.

 

– Millat, qadriyatlarga tegishli shunday chegaralar borki, ularning himoyasi doim tafakkur zahmatkashlarining zimmasida bo‘lgan. G‘oyalar jangi ketayotgan, vatan tuyg‘usi-da globallashayotgan shiddatli zamonda bu chegarani himoya qilish oson emas. Qadryatlar va insoniy tutimlar keskin o‘zgarishlarga yuz tutgan betartib dunyoda adabiyotning vazifasi nima?

 

– Milliyat, milliy qadriyatlar, umuminsoniy qadriyatlar har doim himoyaga muhtoj bo‘lgan. Yaxshilik, aslida, insonning eng ojiz tomonidir. Shuning uchun muqaddas kitoblardan to dunyo falsafasiga qadar uni himoya qiladi. Buyuk san’at asarlari qadriyatlarning manguligini ta’minlash uchun ularni bir shakldan ikkinchi shaklga olib o‘tadi. Xudo yaxshilarni jo‘nataveradi. Mana shu mangu ziddiyatlar ichida g‘oyalar tug‘iladi, o‘ziga milliy, diniy, axloqiy, vataniy chegaralarni belgilaydi. Zamonaviy dunyoda bu chegaralarning yo‘qolayotgani tashvish tug‘dirayotgan ekan, demak, ezgulik qavatimiz ancha yupqalashib qolibdi. Internet, tezkor axborot bizni yaqinlashtirmabdi, uzoqlashtiribdi. Tig‘izlik yaqinlik degani emas ekan. Globish (ingliz tilining hammaga tushunarli bo‘lishi uchun qayta ishlab chiqilgan, qulaylashtirilgan formasi) bir-birimizni tushunish degani emas ekan. Shunday vaziyatda san’atning, adabiyotning vazifasi nima ham bo‘lishi mumkin? Yaqinlik uyg‘otish, tushunish-tushuntirish, hamdardlik, yupatish, avrash. Adabiyot haqiqatni aytishi kerak, deyilardi. Hozir haqiqat hech kimga kerak emas.

 

Biz uch ming yildan beri haqiqatni izladik, uning pardalanishi va sirliroq bo‘lib turishini istamadik, u hozir ko‘chalarda yalang‘och yuribdi, ya’ni haqiqat nimaligini hamma biladi. Birorta qallob “haqiqatni aytayapman”, deyishi uchun u ahmoq bo‘lishi kerak. Ko‘chada yalang‘och yurgan narsa kimga kerak deysiz. Hamma undan qochadi, uyiga kiritgisi kelmaydi. San’at-da haqiqatni yaxshi ko‘rgan zamonlar o‘tib ketdi. Endi adabiyot haqiqatni pardalashi, uni suyumliroq qilishi uchun tirishishi kerak. Endi adabiyot yuraklarni yumshatishi, chiranib yotgan aqlni avrashi kerak. Bu orada ojiz va irodasiz odamlarni yupatishi, xavf zamonlari o‘tguncha biroz uxlatib ham qo‘yishi kerak. Endi ayting, mana shu adabiyotning ustiga yana o‘zbek degan millatni, shu millatning qadriyatlarini saqlab berasan, deb shart qo‘yish mumkinmi? Bunday balandparvoz vazifaga xayol odamlarini – shoir, yozuvchilar, san’at kishilarinigina ko‘ndirish mumkin. Chunki ularda hech kerak bo‘lmaganda fido bo‘lish degan bir tiyiqsiz istak bo‘ladi. Bu istak va uning huzur-halovati, lazzati uchun hech narsadan qaytmaydilar: Vatan uchun fidolik, millat uchun fidolik, onang uchun fidolik, sen taqdirini yaratmagan o‘zingdek yana bir inson uchun fidolik. Shu taqlid ilojsizlikdan iloj topiladi va adabiyot millat uchun, Vatan uchun ishlay boshlaydi. Chinakam ijodkorlar ilojsiz qolgandagina yozadilar – yozmaslikning iloji qolmaganda.

 

Adabiyotning vazifalarini raqamlab sanash mumkin emas. Ayniqsa, hozirgi vaziyatda. Umumiy milliy adabiyot degan tushuncha endi ishlamaydi. Faqat bitta yo‘l bor: milliy adabiyotni ayrim Shaxslar yaratadi. Ular atrofida aylanayotgan umumiy oqim aylanadi-aylanadi, bu uyurma baribir yerga singib ketadi. Qadriyat ham, milliyat ham Shaxslar orqali kelajakka o‘tadi. Individual qiyofasini yo‘qotayotgan insonlar uyumi ichida yukni Shaxslar yelkasiga oladi. Milliy adabiyotning keyingi taqdirini ham ular belgilaydi. Shaxsga bo‘lsa maishiy vazifalarni qo‘yolmaysiz, u sizga vazifa qo‘yadi, u sizning ongingiz, qalbingiz, ruhingizni boshqarayotgan bo‘ladi. Aytish mumkinki, biz hali bu bosqichda emasmiz.                   

 

– Keyingi vaqtlarda kinoya ohangida aytiladigan “saroy adabiyoti” degan tushuncha paydo bo‘ldi. Aslida adabiyot durdonalari o‘z zamonidan, jamiyatdan qoniqmaslik bois kurashuvchanlik ruhida yaratilgan. Adabiy maydonda inqilob sodir qiladigan asarlar yaratilishi uchun ma’lum ijtimoiy sharoit bo‘lishi shartmi? Asrlik qadriyatlar, insoniylik sifatlari tanazzuli kuzatilayotgan bir paytda o‘zbek adabiy jarayonida jimlik, turg‘unlik kuzatilayotgandek, nazarimda. Buning sababi nimada deb o‘ylaysiz?

 

– Sharqda saroy adabiyoti doim bo‘lgan. Qasidalar, madhiyalar bitilgan, bu yo‘l bilan shoh fikriga ta’sir ko‘rsatilgan, ezgulik, farovonlikka rag‘bat uyg‘otilgan. Navoiyning mislsiz adabiyoti ham saroydan boshlangan. Adabiyotimiz tarixidagi ko‘plab buyuk asarlar shohlarga bag‘ishlangan. Gap shundaki, saroy havosi bilan boshlangan buyuklik saroy devorlari ichida qolib ketmagan.

 

Siz nazarda tutayotgan “keyingi vaqtlar”ni oladigan bo‘lsak, hozirgi hukumatning bunday adabiyotga ehtiyoji bor deb o‘ylamayman, ularni keraklicha aql egalari deb hisoblayman. Saroyga kerak bo‘lmagan narsa adabiyotga kerakmi. Yolg‘on bir yo‘l.

 

Milliy fikrda inqilob yasaydigan asarlar yaratish uchun ijtimoiy sharoit yetilishi zarur. Fikr yetilishi zarur. Bu fikrni ko‘taradigan avlod yetilishi zarur, yolg‘onga, maqtovga ko‘nmaydigan bir avlod. Bu, albatta, har bir millatning yuksalish va so‘nish qonuniyatlariga bo‘ysunadigan, doim ham ixtiyorimizda bo‘lmaydigan jarayon. Mana, bir misol, jadid adabiyotini o‘rganish va ularga yaqinlashib borish hozirgi zamon yosh shoir, yozuvchilari, adabiyotshunoslariga xos jihat. Chinakam milliy uyg‘onishga, mana, endi ehtiyoj tug‘ilayapti. Bu davrni shunchaki o‘rganish, navoiyshunoslik, ogahiyshunoslik aylantirilgani kabi zerikarli bir tarmoqqa aylantirish boshqa narsa, ularni yurakda ko‘tarib yurish boshqa narsa.

 

“O‘zbek adabiy jarayonida jimlik, turg‘unlik kuzatilayotgandek”, deysiz. Bizni tarixan tez-tez esnoq tutib turadi. Bitiktoshlarga yozilgan adabiyot dunyoni titratgan edi, keyin Islom Renessansiga qadar jim bo‘lib ketdik. Navoiy dunyoni titratgan edi, keyin asrlarga cho‘zilgan bir xillik ostida qoldik, Fitrat, Cho‘lponlar bu bir xillik pardasini ko‘tarib tashlashga jasorat topdi, keyin yana cho‘kdik. Bir asrdan ortiq vaqtdan beri dunyoga esnoq pardasisiz qarashga tirishamiz, fikr dunyosiga ochilishni, cho‘g‘dek yonib turgan dunyo adabiyotining bir qismiga aylanishni orzu qilamiz. Qachongacha faqat orzu qilamiz? Shoir, yozuvchilar “xorijlarda kitoblarimiz” chiqyapti, deyishi mumkin. Sizning kitoblaringiz milliy hayotimizda o‘qilmasa, nomingizni aytganda millat oyoqqa turmasa... Bizda nomlar, yaxshi asarlar ko‘p, lekin nega bu nomlar aytilganda millat qalqmaydi yoki hali ham millat emasmizmi? Savollaringizga javob berish uchun shu og‘riq daryolaridan kechib o‘tish kerak bo‘ladi. Umuman olganda, sabab bitta – JASORAT yetishmaydi, jasoratga kuch beradigan FIKR yetishmaydi, MILLIYLIK TOMIRI qattiq urmaydi.

 

– “Adabiy tanqidchilik” o‘rnini reklama sanoati egallayapti. Adabiyotni tijorat maqsadi reklamaga aylantirishni kechirib bo‘lmaydi. Axir chin adabiyotning tegirmonini yurgizadigan vosita – adabiy tanqidchilar-ku. O‘ylashimcha, bugun adabiyot bedarvoza, uning qo‘riqchilari mum tishlagandek. Nahot tanqidchilar murosa chizig‘iga o‘tib olgan, tegirmon shu yerda to‘xtagan bo‘lsa?!

 

– Reklama butun hayotimizni egallab bo‘lgan va bizni boshqaryapti. Reklama sanoati bilan nayzabozlik qilishning keragi yo‘q. Tijorat maqsadida, deysiz. Boy bo‘lishni men ham istayman. Lekin o‘rtamiyona asarning yoki asar bo‘lmagan nimaningdir osmonga olib chiqib qo‘yilishiga toqat qilib bo‘lmaydi.  

 

Hozirgi sharoitda qaysidir adabiyotchi, tanqidchining maqtovi bilan katta adadda sotilayotgan kitoblarni bilmayman. Sotilayotgan bo‘lsa, bejirim muqovasi, ijtimoiy tarmoqda yig‘ilgan kitobxonlar, tarafdorlar ovozasi bilan ko‘proq tarqalyapti.

 

Adabiy tanqid bilan bog‘liq holatda bo‘lsa bir nechta sabablar bor. Adabiy tanqid bilan chinakam shug‘ullangan olimlar 80–90 yoshdan oshib ketdi, endi ham nima istaysiz ulardan. 60–80 yosh oralig‘idagi olimlar ilmning qalin, o‘q o‘tmas ko‘rpasini yopinib oldilar. 50–60 yoshlardagilar hanuz o‘z “men”i bilan olishib yotibdi. 30–40 yosh oralig‘idagilar ustoz ko‘rmagan, ustoz-shogirdlik iplari uzilgan yomg‘irlarda unib chiqqan yosh olimlar. Universitet, institut filologiya fakultetlaridan – islohotlar rektorat, dekanat xonalariga kirgan-u, auditoriyalarga kirib bormagan manzil-makonlardan chiqib kelayotgan nomutaxassis mutaxassislar. Ular tuzukroq ma’ruza eshitmagan bo‘lsa, ulardan havoyi maftunlik va yengil muhabbatdan bo‘lak narsa kutib bo‘ladimi. Hozir ijodkor va adabiyotchi o‘rtasida “ijodiy hamkorlik” yo‘lga qo‘yilgan, “shaxsiy tanqidchim”, degandek. Umid qilamanki, bu havoyilik chinakam asarlar safi kengaygani sayin o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib, parlanib ketadi va chinakam adabiy tanqidchilar ham yetishib chiqadi.

 

Adabiy tanqidchi degan mutaxassislik yo‘q. Filologlar xohlasa folklor bilan, xohlasa adabiyot tarixi, adabiyot nazariyasi yoki adabiy tanqid bilan shug‘ullanadi. Hozir yosh olimlarning ko‘pchiligi adabiyot nazariyasining alifbosini ham to‘la o‘zlashtirmagan. Bunday holatda yaratilgan asarning janrini, shaklini qanday belgilaydi? Adabiyot taraxini o‘zlashirishda tizimlilik yo‘q. Bunday vaziyatda yangi asarni adabiyotimizning qaysi bo‘g‘iniga qo‘yib baholash va qiyoslashni ham uddalay olmaydi. Filologiya ichida, deylik, adabiyotshunoslikning ichida tor yo‘laklar ochildi: aruzshunoslik, uvaysiyshunoslik, ogahiyshunoslik, navoiyshunoslikning aruz qismi, navoiyshunoslikning faqat “Xamsa” qismi, navoiyshunoslikning “Badoe ul-bidoya” qismi. Ular bir vaqtning o‘zida ham Navoiy, ham Azim Suyunni biladigan, Navoiy aruzini bilsa, uning mazmun-mohiyatini ham tushunadigan avlod emas. Dunyo adabiyotini va bizdan mutlaqo ilgarilab ketgan, yangilangan adabiyot nazariyasiga oid tadqiqotlarni o‘qimaydilar. Fikri va bilimiga qo‘riqchi bo‘lolmagan filolog mutaxassis adabiyotga qanday qo‘riqchi bo‘lsin. Siz achchiq-achchiq so‘radingiz, biz achchiq-achchiq javob berdik.                 

 

– “XX asr boshlari o‘zbek she’riyatining yangilanish tamoyillari” mavzusida doktorlik ishini yoqladingiz. O‘zbek zamonaviy she’riyati, adabiyoti bosib kelayotgan yo‘l bilan yaxshi tanishsiz. Jadid adabiyoti va bugungi adabiyot oralag‘idagi topish va yo‘qotishlar, yutuq va yutqiziqlar haqida gapirib o‘tsangiz.

 

– Mazkur mavzuda tadqiqot olib borganimning bir nechta sabablari bor. Bu siz nazarda tutayotgan topish, yo‘qotishlar bilan bog‘liq. Jadid adabiyoti – mumtoz va yangi adabiyot o‘rtasidagi o‘tish darvozasidir. Fikrda, ifodada, shaklda, ruhda tamoman yangilangan va kelajak o‘zbek adabiyoti yo‘lini belgilab bergan bir davr hisoblanadi. Ular barmoqni qayta tiriltirdi, bugun asosan shu vazndan foydalanyapmiz, ular yaratgan adabiy til to‘lqinlarida suzayapmiz. Klassik obrazni yangilash san’atini ham ular o‘rgatdi. XIX-XX asr jahon adabiyotidan tarjimalar qilish va dunyo adabiyotiga qo‘shilib ketish amaliyoti ulardan boshlanadi. Adabiyot tarixini milliyat, hurriyat va taraqqiyot ruhi bilan yangidan davrlashtirish, milliy adabiyot nazariyasini yaratish ham ularning orzusi bo‘lgan. Ammo bu katta to‘lqin qatl va xorliklar hisobiga to‘xtatilgan. Toza to‘lqinlar Oybek, Usmon Nosir, Rauf Parfi kabi kamsonli ijodkorlardagina saqlanib qoldi. Adabiyotimizdagi juda katta iste’dodlar tarixiy ajdodlari, salaflaridan uzib qo‘yildi va ulardan tor, biqiq bir yo‘ldan yurish talab qilindi. Fikr, ifoda, shakl va ruhda sun’iy bo‘shliq yaratildi. Vaznda, shaklda, fikrda bir xillikka o‘tildi. Hali oyoqqa turib ulgurmagan, Cho‘lpon tomonidan bemisl tarzda yaratilayotgan adabiy tilimiz qurib, qaqshab qoldi. Fikrlash jarayoni to‘xtashi bilan dunyo ramz adabiyotini mutlaqo o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan klassik obrazlar xazinamiz yangilanishdan ham to‘xtadi. Dunyo adabiyotidan uzildik, davrlashtirishlarda adashib ketdik, bir xillik tabiiy tarzda adabiyot nazariyasi yangilanishini ham yo‘qqa chiqardi. Bu yo‘qotishlarning hammasi hali juda uzoq yillar adabiyotimiz, adabiyotshunosligimizga ta’sir ko‘rsatadi. Yangi adabiyot va yangi adabiyotshunoslikni yaratish uchun avval maydonni mana shu ta’sirlardan tozalash kerak bo‘ladi, ko‘p iste’dodlar kuchini yaratishga emas, tozalashga sarflashga majbur bo‘ladi. 

 

– O‘zbek adabiyoti boy ekaniga shubha yo‘q. Xalqimizni Xudo iste’dodlardan qismagan. Ammo nega adabiyotimiz dunyoga tanilmayapti? Aksar hollarda adabiyotimizdan o‘rin topmay turib, turli xalqaro nashlarda chiqishlar kuzatilyapti. Tabiiyki, ular xorij o‘quvchilarida o‘zbek adabiyoti shu ekan-da, degan tasavvur uyg‘otadi. O‘zbek adabiyoti yaratuvchilari jahonga chiqishi uchun nima tadbirlar qilish kerak deb o‘ylaysiz?

 

– Biz ayni vaqtda juda katta adabiyotga vorismiz, yaratuvchi emas, vorismiz. Tanilmayotgani sabablari haqida yuqorida qisman to‘xtalib o‘tdim. Yana aytish mumkinki, fikr biqiqligidan qutilmas ekanmiz, dunyoga chiqishning iloji yo‘q. Qo‘rqmasdan yangi tajribalar o‘tkazish, adabiyotimiz mundarijasini boyitish, mumtoz adabiyotimiz va folklorimizni ramz tilida qaytadan yaratish, dramaturgiyani mutlaqo isloh qilish, fikrsizlik kasalidan qutilish, taqlidni bas qilish va chinakam adabiyot yaratish. So‘ng ularni adabiy tanqid ko‘magida saralash, baland saviyada tarjima qilish, xorijiylarni asarlarimizga o‘zlari tarjima qilib o‘qiydigan darajada ehtiyojmand qilib qo‘yish. Menimcha, qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni shu sohaning ichida yurgan katta-kichik hamma biladi. Ammo bu ishlarni kim qiladi, gap shunda. Har qalay, yakkam-dukkam ish tutib bu natijalarga erishib bo‘lmasa kerak. 

 

Adabiyotimizda o‘z ovozi, o‘z uslubiga ega bo‘lmay, imtihonlardan o‘tmay turib, xorijiy nashrlarga ruju qo‘yishni oqlamayman. Ko‘p jihatdan taqlidan yaratilgan bu asarlar adabiyotimiz haqida tuban tasavvurlar uyg‘otadi. Hozir taqiq zamoni emas, bu masalani, birinchidan, muallifning o‘zi hal qilishi kerak. Ikkinchidan, xorijiy nashrlarga tavsiyalar borasida Yozuvchilar uyushmasi o‘z kindigi atrofida aylanavermasdan, ishni kengroq olib, bag‘rikenglik bilan, chinakam baholab, mutaxassislarni jalb qilib, biroz nazorat o‘rnatsa, tashabbus ko‘rsatsa, hamkorlik eshiklarini kengroq ochsa, o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiyalarni faqat ziyofat-u sayr-sayohatga aylantirmasdan, adabiy bahs maydoniga aylantirsa, tizimli bir faoliyat yuzaga kelishi mumkin.

 

– O‘zbek adabiyotida birlashtiruvchi g‘oya yo‘q. Agar so‘nggi yillarda yaratilayotgan asarlarni bir joyga yig‘ib qarasak, o‘zbek degan millatni ko‘rmaymiz. Bugun millatimiz uchun jasorat, haqiqiy vatanparvarlik, o‘zlik tushunchalari begonalashib borayotganday. Odamlarimiz o‘zbeklikni his qilmay yashashmoqda. Adabiyot esa lom-mim demaydi. Bu sovet adabiyotining ta’sirimi yoki ijodkorlar ichidagi qo‘rquv, beparvolik yo hafsalasizlik sabablimi?

 

– G‘oya bor – yangi milliy uyg‘onish g‘oyasi. Faqat unga mubtalolar, g‘oya odamlari, fikr va faoliyat odamlari yo‘q, adabiyotning o‘zining ichida bunday odamlar yo‘q. Borlari ham mana shu g‘oyaning qaysidir mingdan bir ulushini ko‘tarib yuribdi. Siz bo‘lsa “Adabiyot esa lom-mim demaydi”, deysiz. Milliyat, jasorat, vatanparvarlik, o‘zlik – bayroq yoki mikrofon ko‘tarib chopish emas. Bu har bir o‘zbekning ichida bo‘lishi kerak. Milliy g‘urur degan so‘zni tildan ichkariga, vijdon, yurak degan tomonlarga haydash kerak. Bu ish bo‘lmas ekan, demak qo‘rquv, beparvolik, hafsalasizlik, boqimandalik, dangasalik, ochlik bor, faqat kimdadir bularning biri, kimadir hammasi. Bu borada men faqat bir narsaga – hozir tug‘ilib kelayotgan yangi adabiy avlodlar kuchiga umid qilaman, siz ularning ichida, albatta, millat odamlarini, fikr va faoliyat odamlarini ko‘rasiz.

 

Sovet zamoni o‘tib ketdi. Agar kimdir yelkasida ko‘tarib yurgan bo‘lsa, endi bu eski choponni yechish kerak. 

 

– Adabiyot, san’at sohasidagi kishilar mardlik, oliyjanoblik tuyg‘ulari muhandisi hisoblanadi. Ammo adabiy jarayonga yaqinlashib bildimki, bu maydonda ham tarafkashlik, kampaniyabozlik sohaga yarasha mukammal pardozda ekan. Siz jarayondan yaxshi tanish adabiyotshunos sifatida aytingchi, bu illatlar tufayli sohada nimalar boy berilyapti?

 

– Vaqt, iqtidorlar, yuksak tadqiqotlar va insoniy sha’n boy berilyapti. Adabiyot shaxsiy tomorqa emas, xotin, bola-chaqang, echki-ulog‘ing bilan kelib, xohlasang sholg‘om, xohlasang turp ekadigan.

 

– Ijodkor va o‘quvchi orasida nozik parda bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Bu so‘z qo‘llash, asarni ifoda etishdagi did yo‘sinida bo‘y ko‘rsatadi. Bugun did borasi, ifoda vositasi yalong‘ochlashyapti. Jahon adabiyotidagi bunday ifodani normal holat deb qabul qilamiz-u, milliy adabiyotimizdagi ochiq sahnalarga g‘ayir ko‘zi bilan qarashimiz boisi ne?

 

– Har ishda, har odamda parda bo‘lishi kerak. Mana shu qobiqdan mosuvolik, didsizlik manfaatlar qutirayotgan dunyoning tirik qolish quroli. Buning adabiyotga hech ham aloqasi yo‘q. Yalang‘ochlikni go‘zallik deb baholash bo‘lsa qadimgi yunon-rim sivilizatsiyasi zamonlarida qolib ketgan. G‘arb adabiyoti, kinosi, umuman, san’ati o‘ta nozik va dag‘al bu nuqtani tabiiy holat sifatida saqlashga tirishadi, adabiyotning bir vazifasi – mana shunday intilishdagi kitobxon va tomoshabin ehtiyojlarini qondirishdir, deb ham qaraladi. Sharqda pardalash – san’at hisoblanadi. Bu azaliy qadriyat o‘zgarmaydi. Yalang‘ochlik yalang‘ochlik bilan tugaydi.    

 

– Doim adabiy shaklda yangilik qilish kerak, deb uqtiriladi. Shaklan o‘zgarish ne chog‘lik muhim? Axir adabiyot geometriya emas-ku! Shu ma’noda adabiyotshunos sifatida bugungi adabiy jarayondagi yoshlarga e’tirozingiz va e’tirofingiz?

 

– Mazmun hamda shaklda o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy jarayon va adabiyot doimo rang-baranglikka intilishi kerak. Ammo shakl yasash – bu endi adabiyotning ishi emas. Yaratish va yasash chegarasini anglash, hech ko‘zdan qochirmaslik zarur. Yoshlarga, tengdoshlarga e’tirozim yo‘q, tajriba o‘tkazayotgan va hali oxiriga yetmagan odamga nima ham e’tiroz qilasiz, faqat vaqt hamda kuch tikilayotgan yozganlari yillar imtihonida sovrilib ketmasa bo‘ldi. Shaklga berilib ketmasalar bo‘ldi.

 

Suhbat bahona yana bir narsani aytmoqchiman. Yoshlar ijodida ota-ona mavzusiga, ruhiy munosabatlarga ko‘p murojaat qilinyapti. Yoshlardan, tengdoshlardan iltimos qilmoqchi edimki, yozganlaringiz “Otamga xat”ga o‘xshab qolmasin. Ota-ona aziz va bizni ushlab turgan eng muhim qadriyat aynan ular. Garchi mutaassib, fikri tor ota-onalar ba’zida sillamizni quritdi (men o‘zim haqimda gapirmayapman). Ammo ular baribir aziz. Ruhingizga muqaddas va aziz narsalarni yeb bitirishga ruxsat bermang...

 

Shu kunlarda Jontemirning “Jazba” kitobini o‘qiyapman. Yangi bir she’riyat, yangi dard, yorilay deb turgan yangi bir yara... Vaqti bilan bu haqda so‘zlasharmiz balki...

 

Yoshlar, tengdoshlar chin she’riyatni tiriltirishlariga ishonaman. Ular Rauf Parfi, Halima Xudoyberdiyeva, Shavkat Rahmon, Usmon Azimlarning eksponatga aylanib qolishlariga yo‘l qo‘ymaydilar.    

 

– Adabiyot – insonlarning tuman ichida yoki chorasizlikda yo‘l topish jarayoni. Bu jarayonning kechagi kuni, buguni va ertasi haqida o‘ylaganda ko‘nglingizdan nimalar o‘tadi?

 

– Adabiyot – gunoh va tavba orasidagi alahlash, gunoh azobidan chorasizlikdir, balki. Balki, mangu oshiqlik, mangu ayriliqning hech tinmaydigan nolalaridir. Yana kim biladi deysiz. Biz kecha kim bo‘lgan bo‘lsak, adabiyot shu edi, hozirimiz hozirgi adabiyotimiz, ertangi adabiyot bo‘lsa bizning ertamizning o‘zi bo‘ladi. Odam atoning ko‘zidan tomgan bir tomchi yoshga qalamni botirib, to qiyomat qadar yozavermiz-da.

 

Nargiza ODINAYEVA suhbatlashdi,

Oyina.uz

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19453
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16796
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi