Qimmat ruchka, yulduzga aylantirgan chizg‘ich, tillarang zanjirli kastyum – jamoatchilik faollaridan maktab bozori xotiralari


Saqlash
22:08 / 29.08.2023 2000 0

Sanoqli kunlardan so‘ng yangi o‘quv yili boshlanadi. O‘quvchisi bor hamma xonadonga allaqachon o‘zgacha kayfiyat kirib kelgan. Tan olib aytganda, taraddudning eng muhim va zavqli jarayoni bu – maktab bozori. Ayniqsa, bolalikda avgust xaridlarining gashti ham, sarguzashti ham o‘ziga xos bo‘ladi. Oyina.uz bu safar jamoatchilikning faol vakillariga yangi savol bilan yuzlandi. Siz uchun maktab bozori xotiralarini ulashamiz.

 

Sharofiddin To‘laganov,

jurnalist:

 


Mening bolaligim Qozog‘iston Respublikasida o‘tgan. U vaqtlari 1-mayMehnatkashlar bayrami bo‘lardi va biz bu bayramda yangi kiyim-bosh kiyardik. Odatda 1-sentabrga ham oʻsha kiyimlarni kiyib borardik. Asosan Toshkentga kelib kiyinib ketardik. Hozirgi gumbazli Chorsu bozori va “Tim” orasida “Tohir va Zuhro” bolalar dunyosi doʻkoni boʻlardi. Esimni taniganimdan shu doʻkondan kiyim-bosh olib berishgan.

 

1970-80 yillar... Ko‘p qatori men ham bolalikda pul ishlab topishga qiziqqanman. Yozgi taʼtil davrida kolxoz bogʻiga tushib olma terardik. Lekin bu mehnat majburiy bo‘lmagan. Kim xohlasa borar, xohlamasa bormasdi. Yerga tushgan olmaning bir yashigiga 20 tiyin toʻlashsa, daraxtning ustidan tersak 1 soʻm berishardi. Bir kunda 15-20 soʻm ishlardik (1 soʻmni taxminan 1 dollar deb hisoblaversak, xato boʻlmaydi). 6-7-sinflarda yozgi taʼtil vaqtida olma terganim, 8-9-sinflarda esa sinfdoshlar bilan gʻalla toʻplanadigan xirmonga chiqib pul ishlaganim esimda. Xirmonda bir oy ishlab 100-150 soʻmgacha topardik.

 

To‘plagan pullarimni maktab bozori uchun sarflaganman. Bizning vaqtda o‘quv qurollari bir xil: 2 tiyinli oddiy daftar, 20 tiyinli umumiy daftar boʻlardi. Umumiy daftar deyarli ishlatilmasdi. Ruchka 35 tiyin turardi. Bir yili rahmatli adam Qozogʻiston shimolida bir oy gʻalla oʻrimida ishlab, qimmatbaho ruchka olib kelgandilar. Shuni ishlatib yurdim. Ammo oʻqituvchilardan kimdir “bu odobli bolaning ishi emas”ligini aytib dakki berganidan soʻng yana 35 tiyinli ruchkaga oʻtganman. Maktabdagi oʻquvchilar nashrlari – gazeta va jurnallarga obuna pulini ham ota-onamizdan olmasdan oʻzimiz toʻlardik.

 

Mohira Sultonova,

Oʻzbekiston sotsial turizm assotsiatsiyasi rahbari, kashtachi dizayner, bloger:

 


Bolalikda maktab bozorini asosan ota-onamiz qilib berishgan. Hamma bolalar qatori bu jarayon men uchun ham juda qiziq va maroqli edi. Keyinchalik o‘zim uchun pul topishga harakat qilganman. 8-sinfdaligimda tikuv mashinasida kashta tikish toʻgaragiga qatnaganman. Oʻsha vaqtlari atlas koʻylaklarning yoqasiga zar iplarda kashta tikish moda boʻlgandi. Qoʻni-qoʻshnilar koʻylagiga kashta buyurtma qilib, arzimagan pul berishardi. Oʻsha pullarni yigʻib, 9-sinf maktab bozori uchun sarflaganim esimda. 10-sinfga oʻtganimda ta’til vaqti mahallamizdagi bolalar bogʻchasida enaga boʻlib ishlaganman. Oyligimdan menga va ukalarimga maktab formasi, kitob-daftarlar olib berishgan.

 

O‘zim ona bo‘lganimdan so‘ng maktab bozori desa, yuragim bezillardi. Chunki avvallari maktab bozori uchun Chorsu va “Ippodrom bozorlariga borardik: tiqilinch, tirbandlik, mashina qo‘yishga joy yo‘q… Keyinchalik maktab bozorini 1-sentabrdan keyin oʻzimizning Yunusoboddagi Universamdan qiladigan boʻldik. Odam kam, tinch, narx-navoyam ancha tashlardi.

 

Dilshod Odilov,

mehmonxonalar bo‘yicha mutaxassis:

 

 

Bolaligimda rahmatli dadam bilan tegirmonda ishlardik. Un chiqarardik. Tushgan daromadning bir qismi maktab bozori uchun sarflanardi. O‘sha vaqtlari maktab formasi bir necha yil kiyish uchun atay kattaroq o‘lchamda olinardi. Masalan, 5-sinfda olgan shimimni 7-sinfgacha kiyganman.

 

1996-1997-yillar… Men litseyga o‘qishga kirdim. Ota-onam menga birinchi marotaba kastyum-shim olib berishgan. Kastyumning yoqasida uchta tillarang zanjiri bor edi. Litseydagilar meni ko‘rib, “Generalning nevarasi”, deb mish-mish qilishgan. O‘qishga kirgan yilim amakim qimmat tufli sovg‘a qilganini ham eslayman. O‘zlari ko‘p pul topmasalar-da, shunday sovg‘ani ilinganlaridan xursand bo‘lganman.

 

Bugun bolalarimni ham mehnatga o‘rgatishga harakat qilaman. Maktab yoshidagi o‘g‘lim ta’til vaqtida mehmonxonada “stajor” bo‘lib ishladi. 800 000 so‘m oylik berishibdi. Maktab bozoring uchun sarfla, deb aytdik.

 

Laylo Ismoilova,

xorijiy tillar bo‘yicha mutaxassis, dotsent:

 


Maktab bozorini butun yoz bo‘yi kutardim. Asosan otam olib berardilar. O‘quv qurollarida bugungidek tanlov yo‘q edi. Hatto o‘zim daftar yasagan vaqtlarim bo‘lgan. Keyinchalik muqovasiga mashhurlarning rasmi tushirilgan umumiy daftarlarga qiziqqanman… Yana eslaganim, darsliklarni topish qiyin bo‘lardi. Masalan, matematika kitobini qo‘shni o‘quvchi bilan alishib ishlatganimizni eslayman.

 

Qiziq voqea bo‘lgan. Bolaligimda bir qarindoshimiz Germaniyadan menga chizg‘ich olib kelganlar. Chizg‘ichning ichida suvi bor edi va ajabtovur o‘yini bo‘lardi. Butun sinfdagi o‘quvchilar “Bitta ishlatib ko‘raylik”, deb so‘rab yurishardi. Xullas, shu chizg‘ich meni maktab yulduziga aylantirgan.

 

O‘ylab qarasam, bolalikda o‘quv qurollariga rosa qiziqqan ekanman. Tushlik pullaridan orttirib, nimalardir sotib olardim. Bir necha marotaba paxta terimiga chiqqanman. Undan tushgan pulni ham maktab qurollariga sarflaganman.

 

Yaqinda farzandlarimga maktab bozori qildim. Beixtiyor solishtirdim: bugun tanlov juda keng, bugun vaziyatlar va bolalar boshqacha.

 

 Akrom Shohnazarov,

senarist, kinorejissor, “Yoshlik” kinostudiyasi rahbari:

 


Bolaligimizda “DND” o‘yini ommalashgan edi. O‘ylab qarasam, yaxshigina tadbirkor bo‘lgan ekanman. Tuxum, yong‘oq, shisha idishlar evaziga mahallamiz bolalariga “DND” o‘ynatar edim. Yig‘ilgan “tovar”ni yaxshigina summaga pullardim. O‘sha mablag‘ hisobidan maktabga forma va kerakli o‘quv qurollarini olganman.

 

Maktabda penal va har xil ruchkalar trendda bo‘lgan. Men ham doim eng yaxshilarini sotib olishga harakat qilganman.

 

Kuz mavsumida yong‘oq terishga chiqardik va ishlab topgan pulimizga qishki kiyimlar olardik. U vaqtlari akalarimiz va amakilarimizning eski kiyimlarini kiyish oddiy hol bo‘lgan.

 

Javlon Jovliyev,

yozuvchi:

 


Bizda maktab bozoriga alohida marosim sifatida qarashadi. Shaxsan o‘zim ham shu kunni, yangi maktab formalarini hayajon bilan kutganman. Opalarim bir-birinikini kiyishgan, lekin oilada bitta o‘g‘il bo‘lganim uchun menga har yili yangi forma olinardi.

 

Butun yoz hamma oilada ham maktab bozori uchun mehnat qilingan. Qo‘y-mol boqadigan ba’zi oilalar esa buning uchun birorta jonliqni sotishgan…

 

Biroz ulg‘ayganimdan so‘ng ko‘p qatori men ham o‘zim uchun pul topishni boshlaganman. To‘rt kishi daryo bo‘yiga chiqib, qum va shag‘al yig‘ib sotardik. Bu juda og‘ir mehnat edi, lekin yaxshi pul to‘lanardi. Bir moshin uchun 25 000 so‘m berishardi. Bu katta pul edi, to‘rt kishi bo‘lishvolardik. Topganimni yig‘ib, maktab bozori uchun sarflardim.

 

Hozir o‘ylab qarasam, aslida har yili yangi forma olish shart emas ekan… Katta xarajatdan foyda yo‘q. Nazarimda, bolalar maktabga yangi kiyimlar bilan emas, yangi orzular va yangi maqsadlar bilan borishi kerak.

 

Mana shu intervyulardan keyin o‘rtaga muhim bir savol tashlash mumkin: dabdabali maktab bozori, yangidan-yangi formalar va rang barang o‘quv qurollariga alohida qadriyat sifatida qarash to‘g‘rimikan? Balki, ta’lim sifati va bilim olish ishtiyoqini asosiy o‘ringa chiqarish kerakdir… Aniqki, sizda ham bu borada fikr va mulohazalar bor.   Xohlasangiz, biz bilan bo‘lishing! 



Sirojiddin RUSTAMOV,

Oyina.uz



Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16791
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi