“Yangi davrda qurilgan koʻpriklarning ostidan ham, ustidan ham oʻtishga qoʻrqaman” – jamoatchilik Toshkentda yoʻl oʻtkazgich qulashi haqida


Saqlash
21:08 / 16.08.2023 2608 0

Toshkent shahridagi yoʻl oʻtkazgich qurish davomida qulab tushdi. Obyekt hali foydalanishga topshirilmagan va bundan hech kim talofat koʻrmadi. Biroq mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik muhokamasiga sabab boʻlmoqda.

 

Hammasi nimadan boshlandi?

 

 

Joriy yilning 12-avgust kuni Toshkent shahar Bobur koʻchasidan Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi va Sodiq Tolipov koʻchasiga chiqish hamda tushishni qulaylashtirish maqsadida qurilayotgan yoʻl oʻtkazgichning beshta toʻsin (balka) montaj joyidan temiryoʻl ustiga tushib ketgan. Uzunligi 42 metrlik balkalarning qulashi natijasi 2 milliard 760 million soʻmlik zarar yetkazilgan.

 

Holat yuzasidan Transport prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, 3 nafar mansabdor shaxslar gumon qilinuvchi tariqasida ishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan. Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Qurilish ishlari “Koʻprikqurilish” tresti UK tomonidan amalga oshirilayotgan boʻlgan.

 

Yaxshiyam hozir qulabdi

 

Jurnalist Shuhrat Shokirjonov oʻz sahifasida holat yuzasidan fikr bildirdi. U voqeaning shu kunlarda sodir boʻlganini yaxshilikka yoʻymoqda.

 

 

“Balka bunaqa qulashi uchun u yo standartdan kaltaroq ishlab chiqarilgan boʻlishi yoki ichidagi armatura bilan jihozlanishi meʼyorida boʻlmasligi kerak. Yo uni koʻtarib joyiga oʻrnatayotganda kranning trosi uzilib, balka tushib ketishi kerak (anavilar shu variantni tanlashibdi). Lekin sochilib yer bilan bitta boʻlib yotgan balkaning bir emas beshtaligi bu versiyaning zarariga xizmat qilmoqda. Menimcha, armatura va sementdan urishgan. Anuv qurayotgan temiryoʻlchilarning baxtiga, yaxshiyam hozir qulabdi. Bitgach, ustida mashinalar yurganda qulasa nima boʻlardi”, deb yozgan jurnalist.

 

Jurnalist koʻp oʻtmay yangi koʻpriklar qurilayotganini qoralab chiqdi.

 

“Samarqand shahrida ham 4 ta koʻprik qurishayapti. Aslida, shart emas edi shu koʻpriklar shaharga. Probkani yoʻq qilarmish. Qaytaga qanaqa probkalar keltirib chiqarishini tasavvur ham qilib koʻrishmayapti, mutasaddilar. Shuni hech kim tushuntirib bera olmaydi ularga. Chunki oʻrtada juda katta mablagʻ bor! Oʻshani oʻzlashtirish kerak. Qolganiga tupurgan bular...

 

Bizda shaharlarda koʻprik qurishga Achilbay Ramatov oʻlguncha moratoriy eʼlon qilish kerak. Zaruratda qurilishi lozim boʻlib qolsa ham, faqat nomi chiqqan chet el kompaniyalariga “zakaz” qilish kerak”, deb yozadi.

 

Shoʻrimiz qursin

 

Jurnalist va bloger Muhrim Aʼzamxoʻjayev Shuhrat Shokirjonovning fikrlarini ulashib, koʻprik foydalanishga topshirilganida qulaganida ham eng yuqoridagi masʼullarga hech narsa qilmasligini qayd etadi va Sardoba voqealarini eslaydi.

 

 

“Mashina yurganda qulasa ham hech narsa boʻlmasdi. Xalqning choʻntagiga qoʻshimcha xarajat boʻlardi, xolos. Men mana shu quruvchilarning boshliqlari qurgan 400 mln dollarlik suv ombori yorilib, ikki davlatni suv bosganida ham hech narsa boʻlmaganini koʻrgan bir oʻzbekistonlikman, har holda.

 

Darvoqe, bir narsa aniq boʻlarkan lekin: shu qurilishning soyaki rahbari favqulodda holat yuzasidan tashkil etiladigan hukumat komissiyasiga rais etib tayinlanadi. Shoʻrimiz qursin”, deydi u.

 

Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzilsa kerak…

 

Bu mavzu iqtisodchi Otabek Bakirov nazaridan ham chetda qolmadi. U yangi qurilmalardan qoʻrqishini, sababi hozirgi qurilishlar sifatsiz ekanligini taʼkidlagan.

 

 

“Yangi davrda qurilgan koʻpriklarning ostidan ham, ustidan ham oʻtishga qoʻrqaman. Yer usti metrosiga nisbatan fobiyam hali ham yoʻqolmagan. Loyiha qanday tuziladi va yasaladi, buyurtmachi kim, pudratchi, subpudratchi, yetkazib beruvchilar kim bilaman, bilmaganimda, balki shu qoʻrquvlar boʻlmasmidi. Katta ehtimol va milliy anʼanaga koʻra, Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzilsa kerak. The Departed filmida “menga oʻzimni oʻzim qidirib topishimni buyurishdi”, degan epizod bor-ku, shu joyi esimga tushadi doim”, deya fikr bildirgan u.

 

Armatura qoʻyilganmikan oʻzi?

 

Yana bir iqtisodchi Valijon Toʻraqulov ham voqea haqida fikr bildirdi.

 

 

“Yaxshiyam bu holat qurib bitkazilgandan keyin boʻlmadi! Eʼtibor bering! Axir shunaqangi qoʻpol xato ham boʻladimi? Bittasi emas, 5 tasiya... Hali hech narsa yurmasdan turib, a? Armatura qoʻyilganmikan oʻzi deb oʻylab qolasan kishi. Gujurot voqeasini eslaysizmi? Korrupsiya sababli qulagan koʻprik oddiy soat ishlab chiqaradigan firmaga berib yuborilgani maʼlum boʻlgan edi. Otabek akaning fobiyasi menikidan ham kattaroq ekan”, deya fikr bildirgan iqtisodchi.

 

Bizga Shastrining toʻsatdan vafot etgani yetadi

 

Bloger Aqida Hanum ham oʻz sahifasida mazkur holatga munosabat bildirdi. U koʻprik ishga tushganida va undan prezident oʻtayotgan boʻlganida nima boʻlar edi, degan savolni oʻrtaga tashlamoqda.

 

 

“Sizlar biron narsa qurmanglar ekan. Hamma bildi koʻprik qulaganini. Sardobani endi unutayotgandik. Aeroportga olib boruvchi yangi koʻprik qulabdi. Yaxshiyam qurib bitkazilmagan, boʻlmasa prezident, hukumat aʼzolari yoki undan ham yomoni boshqa davlat rahbari oʻtib ketayotganda nima boʻlardi?! 1966-yilda Lal Baxadur Shastrini toʻsatdan vafot etgani yetadi. Oddiy odamlar boʻlsa bormi, baribir jim-jim boʻlib ketadi”, deb yozgan u.

 

Fojialar — ogohlik signali

 

Voqea xususida jurnalist Inobat Ahatova fikr bildirdi. U oʻz sahifasida eʼlon qilgan munosabatida Yangi Oʻzbekistonda sodir boʻlgan bir nechta voqealarni yodga oladi.

 

“Qurilish sohasi korrupsiyaga botgan, loyihalar sifatsiz bajariladi, malakali kadrlar tanqis. Muhim strategik ishlarni ham koʻchadan 30-40 ta mardikor olib kelib bitirib ketaverishadi. Binolarni “karobka” holatida pullashadi, olganlar bilganicha qurilish qiladi, binoning tayanch devorlarini buzib-tuzadi.

 

Sardoba, Yunusoboddagi metro, Jizzaxdagi koʻp qavatli bino, Yangihayotdagi lift voqeasi, hali endi qurilgan yangi uylar liftlaridagi nosozlik, oʻlimlar, endi aeroport yaqinidagi koʻprik...

 

Bular postni yozish vaqtida eslolganlarim, eslolmaganlarim, jamoatchilik xabarsiz qolganlari qancha. Har safargi fojialar bizga, hukumatga berilgan ogohlik signali. Sardobadan keyinoq xulosa qilib qurilishda nazoratni kuchaytirish, korrupsiyaga qarshi jiddiyroq kurashish mumkin edi. Yoʻq, afsus unday boʻlmadi. Baliqlar, kalamushlar degan choʻpchaklar toʻqildi, 3-4ta quyi amaldorni qamab, ishni yopiq sud qilib qutulishdi, biz jamoatchilik esa unutdik. Qurilishning kattalari, koʻrik qurayotganlarning boshida turadiganlar oʻzgarmadi, chiqib xalqqa tushuntirish ham berolmaydi, kulgilisi oʻzlari boshida turgan ishda falokat boʻlsa tekshirib xulosa beruvchi ham oʻzlari.

 

Signallardan xulosa chiqarmasak bizni jiddiy oqibatlar kutadi, bunday falokatlar bodroqday koʻpayib, kattarib boraveradi. Eng dahshatlisi shu ishni qilganlar soqqasini qilib ketadi, farzandlari chet ellarda yashaydi, ular qurgan sifatsiz uylar, koʻpriklarda siz-u biz, xalq yashaydi, yuradi”, deydi jurnalist.

 

Koʻprik qulashidan ham ayrimlar daromad bilan chiqadi

 

Ijtimoiy tarmoq faollaridan biri Salim Ayyubiy ham voqeaga munosabat bildirdi. U oʻz postida Misrda koʻprik qulishiga guvoh boʻlganini qayd etgan.

 

 

“Misrda koʻrganimni, suratga olganimni yozmoqchiman. Bizda beton ustun ustiga toʻsin qoʻyib, uning ustiga beton plita qoʻyib, koʻprik bitdi, deyishadi. U ham yillar davomida boʻladi. Qohirada koʻrganim esa:

 

Salkam bilakday keladigan armaturalar odam boʻyiga barobarday toʻqib chiqiladi. Keyin uning ustidan beton quyiladi. Keyin asfalt qilinadi. Shu bahaybat koʻprik 1 oyda bitgan (rasm ilova qilingan). Qohirada boʻlganlar bilishadi, Tavfiqiya-Mahallaviy market oraligʻida qurilgan joyni.

 

Domla aytganlariday, yoʻl qurilish – bu tijorat, katta tijorat. Oʻsha koʻprik yiqilishidan ham ular daromad bilan chiqadi. Jinoyat ishi ochilishi-“chepuxa”. Uchta-toʻrtta kerakmas odam ketadi, haqiqiy kissavurlar yana davom ettiraveradi”, deydi u.

 

Koʻprik va yoʻl quruvchilarga uncha-munchaning tishi oʻtmaydi

 

Tarmoq faollaridan biri Xayrulla Qilichev koʻprik qurish jarayoni haqida yozmoqda. U oʻz munosabatida qurilish sohasidagi daromadli yoʻnalishlarni birma-bir sanab oʻtadi.

 

 

“Koʻprikni zoʻrlar quradi!..

 

Quruvchi sohasiga yaqinroq kishilar yaxshi bilishadi:

 

— eng daromadli ish bu, koʻprik qurilishi.

 

— keyingisi yoʻl qurilish.

 

— navbatdagisi koʻp qavatli uy qurish.

 

— bundan keyin namunali uy, medpunkt, maktab, kottej qurish, drenaj-ariq yotqizish, kap-remont kabi ishlar borki, bu bilan shugʻullanib hech kosang oqarmaydi.

 

Sal qoʻling pul koʻrsa, darrov qamab, boringni tortib olishadi. Lekin, roʻyxat boshidagi quruvchilar qamalishi qiyin.

 

Ayniqsa koʻprik va yoʻl qurilishini faqat zoʻr quruvchilar oladi. Ularga uncha-munchaning tishi oʻtmaydi.

 

Koʻprik va yoʻl qurilishida ruxsat beruvchi, nazorat qiluvchi va foydalanishga qabul qiluvchi davlat organida yaxshi tanishing boʻlsa, umuman qoʻrqish kerakmas.

 

Foydalanishga topshirib olganingdan keyin buzilib qolsa, yana pul ajratiladi, yana foyda olaverasan.

 

Eng qizigʻi, koʻprik va yoʻlga ishlatilayotgan materialni qanaqaligi, sifati va miqdorini oddiy koʻz bilan baholay olishmaydi”, deydi mutaxassis.

 

Bir toʻsin qolgan toʻsinlarni domino singari yiqitgan

 

Quruvchi-muhandis Abdulaziz Obidov ham holatga beeʼtibor emas. U oʻz sahifasida voqeaga qurilish sohasidagi ekspert sifatida fikr bildirgan.

 

“Koʻpriklar uchun moʻljallangan toʻsinlar transportirovka qilinishini koʻrgansizlar. Toʻsinning tepasi katta, pastki qismi kichkina boʻladi va maxsus fiksatorlar yordamida tik holatda transportirovka qilinadi.

 

Qurilish maydoniga yetib kelgan toʻsinlar tik holatida vaqtincha saqlanadi yoki tik holatida 2 ta kran koʻtarib kerakli joyga oʻrnatadi va payvandlash, betonlash ishlari boshlangunga qadar oʻzini tutib turishi uchun fiksatorlar bilan vaqtincha mustahkamlanadi.

 

Menimcha, bu obyektda 5 ta toʻsinni shunchaki tikka qilib qoʻyib chiqishgan (yer usti metro qurilishida koʻrgan edim), bir vaqt ehtiyotsizlik sababli bittasi yon tomonga yiqilib tushgan, yonidagi toʻsinlarni dominoga oʻxshab yiqitgan”, deb bir nechta suratlarni ilova qilgan mutaxassis.

 

Jurnalistning kaltaklanishi

 

 

Mazkur holat roʻy bergan obyektdan reportaj tayyorlash uchun borgan “Zoʻr” telekanali jurnalistlari kaltaklandi. Umuman olganda bir holat ikkinchisiga ulanib, jamoatchilik xavotirini yanada oshirdi. Jurnalist va bloger Sharifa Murod jurnalistlar endilikda karate hamda boks kabi sport turlarini ham oʻrganishi zarurligini taʼkidlasa, yana boshqa faol endi jurnalistning barcha ayblari qidirib topilishini qayd etadi.

 

Xomligicha tushirilgan qovunlarning koʻpini koʻrganmiz

 

Sherali Otaboyev esa holat teskari boʻlganida nima boʻlishiga qiziqmoqda.

 

 

“Agar jurnalist “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning “Jurnalistlarga qarshi kurashish” maxsus boʻlimi xodimini bir tarsaki urib qoʻyganda nima boʻlishi mumkin edi?

 

Jabrlanuvchi X. Sulaymonova nomidagi sud-med ekspertizaga olib borilib, oyoq-qoʻl sinishi, koʻkrak qafasida yopiq lat yeyishi, miya chayqalishi kabi tayyor tashxis qoʻyilardi.

 

Jurnalist esa darhol IIB va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan olib ketilib, tergov xonasida ikki soat “otrabotka” qilinib, jabrlanuvchidan pul talab qilgani, kelishilgan summaning yarmini berib, yarmini bermagani uchun urishga majbur boʻlgani boʻyniga qoʻyilardi. Hattoki, jurnalistning oʻzini tilidan video qilib yozib olinardi.

 

Shu dalillar asosida shu kunning oʻzida sud oʻtkazilib, jurnalistni 7 yilga ozodlikdan mahrum qilishga hukm chiqarilardi. Sudda ishtirok etgan prokuror hukmdan norozi boʻlib, ayblanuvchiga 15 yil soʻrardi.

 

Sudda ishtirok etgan koʻprik quruvchilar jurnalistlarning doimiy bosimi ostida ishlaganini iddao qilishardi. Jurnalistlarning ishga xalaqit qilgani bois koʻprik sifatsiz qurilgani natijasida qulab tushgani aniq aytilardi. Chunki bunaqa xomligicha tushirilgan qovunlarni koʻpini koʻrganmiz”, deydi u.

 

Jurnalist va operator kaltaklanishi yuzasidan jinoiy ish ochildi

 

“Zoʼr” TV muxbiri Nurzodbek Vohidov va operator Sardorbek Yoʻldoshevning kaltaklanish voqeasiga jamoatchilik keskin munosabat bildirdi. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” holat yuzasidan maʼlumot berdi.

 

“OAV vakillariga zoʻravonlik koʻrsatib, ularga qarshi kuch ishlatgan xodim — ”Koʻprikqurilish“ tresti unitar korxonasi 67-Koʻprikqurilish otryadi ish boshqaruvchisi N.Eshniyazovning ishini keskin qoralaydi”, deyiladi xabarda.

 

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan zudlik bilan ishchi guruh tuzilib, bugunning oʻzida N.Eshniyazov Mehnat kodeksining tegishli bandlariga asosan ishdan boʻshatilgan. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ rahbariyati holat yuzasidan huquq-tartibot organlari qonunchilik normalariga asosan tegishli choralar koʻrishini qoʻllab-quvvatlaydi.

 

IIV ham rasmiy bayonot berdi va jinoyat ishi qoʻzgʻatilganini maʼlum qildi.

 

Qayd etilishicha, “Zoʼr” TV teleradiokompaniyasi xodimlariga tan jarohati yetkazilganligi holati yuzasidan IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

 

Shahnoza To’ramurodova,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19460
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16847
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi