“Qo‘shin turgan joy”dan “pozitsiya”gacha – mo‘ljal so‘zining etimologik tahlili


Saqlash
16:08 / 08.08.2023 667 0

Mo‘ljal leksemasiga “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da (qozoq va qirg‘iz tillarida – “boljol”) shunday izoh berilgan: “mo‘ljal – 1. oldindan ko‘zlab, o‘ylab qo‘yilgan reja, marra; 2. chama, taxmin; 3. nishonga olingan yoki olinadigan narsa, nishon” (O‘TIL. I t. M. 1981. 489-b).

 

“Bir ishni oldindan mo‘ljallash”. Bu so‘zning hozirgi tilimizdagi fe’l shakli – “mo‘ljallamoq”, ammo qadimda “bolja-(moq)” tarzida bo‘lib, “biror ishni oldindan belgilash, joy va vaqtni kelishib olish” kabi ma’nolarni bildirgan. Ko‘pchilik mutaxassislar mazkur fe’lni asli mo‘g‘ulcha deb taxmin qiladi. Chindan ham, hozirgi mo‘g‘ul tilida ayni shu ma’noni bildiruvchi – “bolju” (bolǰu) fe’li bor, qizig‘i shundaki, “Mo‘g‘ul tillari etimologik lug‘ati”da mo‘g‘ulcha “bolju” o‘z navbatida turkiy “bol-” (“bo‘lmoq”) o‘zagidan yasalganligi aytiladi (ESMY. T. I. M. 2015. 97-b.). Bundan esa “mo‘ljal”, “boljol” yoki “bolja” mo‘g‘ulcha emas, turkcha negizga ega ekanligi ayon bo‘ladi.

 

Qadimgi turkiyda ikkita “bol-” arxetipi bo‘lgan. Ulardan biri – hozirgi tilimizdagi “bo‘lmoq” fe’li bo‘lib, barcha turkiy tillar, shuningdek, mo‘g‘ul tillari, qolaversa, Uzoq Sharqdagi ba’zi tillarda ham bol-” o‘zagi bir xil ma’noda qo‘llanadi (O‘g‘uzlarda o‘rta asrlarda mazkur o‘zakning birinchi tovushi – b tushib qolib, “bo‘l-” – “o‘l-” ga aylangan va hozir ham o‘g‘uz lahjalarida “o‘lmak” shaklida ishlatiladi. Ammo keyinchalik “o‘lmak” shakli ham o‘g‘uzlardan tilimizga qaytib kelgan, shu bois, ayniqsa, mumtoz adabiyotimizda “bo‘lmoq” bilan birga “o‘lmak”ka ham ko‘p duch kelamiz).

 

Qadimgi turkiydagi ikkinchi “bol-” esa: “topmoq, izlamoq, istamoq, erishmoq, yetishmoq” kabi ma’nolarni bildirgan. Lekin bu shakl hozir tilimizda saqlanmagan. Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit-turk”da unga: “Boldї – topdi”, deb izoh beradi (DLT. II t. T. 1961. 30-b.). Ahmad Yugnakiydan o‘qiymiz: “Bilig bil saadat yolini BOLA” –  “Bilim bil, saodat yo‘lini IZLA”. Yoki “Qutadg‘u bilig”da shunday deyiladi: “Ko‘ngil arzusin BOLsa o‘zka tatig‘” – “Ko‘ngil orzusiga ERISHSA, o‘zi uchun yoqimlidir”.

 

“Mo‘ljal” (“boljol”) ham “istalgan, izlangan” ma’nolariga yaqin, shu bois, bizningcha, “bolja” fe’li, “Mo‘g‘ul tillari etimologik lug‘ati”da ta’kidlangani kabi “bo‘lmoq” ma’nosidagi turkcha “bol-”dan emas, balki biz yuqorida keltirgan “topmoq, istamoq, izlamoq, erishmoq” ma’nosidagi ikkinchi “bol-” o‘zagidan yasalgan. Qiyoslang: “bolja-” – “ista, tanla”, “boljol” – “istalgan, tanlangan”.

 

Bu so‘z garchi turkiy o‘zakka ega bo‘lsa-da, “bolja-” fe’li va “boljol”, chamasi, mo‘g‘ul tilida shakllangan. Har holda, bu so‘zni biz aynan “boljal” shaklida uchratgan eng qadimgi manba bu – “Mo‘g‘ullarning sirli tarixi” asari bo‘lib, asarning 184 paragrafida “bolǰal” – “oldindan kelishilgan, mo‘ljallangan joy” ma’nosida qo‘llangan (Pelliot P. Histoire secrète des Mongols, §184. r. 63. P.Pelleo transkripsiyasi).

 

Mumtoz adabiyotimizda biz ko‘proq bu so‘zning “buljor” shakliga duch kelamiz. Xususan, Navoiy asarlarida ham “buljor” – “qo‘shin yurishga otlanganda to‘planish manzili, to‘planishga va’da vaqti” ma’nolarida ko‘p uchraydi. “Saddi Iskandariy”dan bir misra: “Chu yettuk aning joru buljoriga”, – ma’nosi: “Nihoyat, jang qilish va’dalashilgan joyga yetdik”. Qizig‘i shundaki, “buljor” – o‘tgan asrlarda asosan harbiy atama sifatida qo‘llanilgan.

 

Harbiy atama sifatida “buljor”ning “Boburnoma”da qo‘llanishi diqqatga sazovor: “Javong‘or va g‘ul o‘z buljorlaridin yakdast to‘ra kiyurub, shotu qo‘yub yopishtilar” (162-b), – ma’nosi: “Qo‘shinning so‘l va markaz qismlari o‘z turgan joylari (pozitsiya)laridan hamjihatlik bilan to‘ra (qalqon) va narvonlar qo‘yib (devorlarga) yopishdilar”. Ushbu o‘rinda “buljor” – hozirda harbiy atama sifatida qo‘llaniladigan fransuzcha so‘z – “pozitsiya” ma’nosida kelgan. Umuman, “Boburnoma”da asar davomida “buljor” so‘ziga 3040 marta duch kelamiz, ba’zi o‘rinlarda bu so‘z “pozitsiya, qo‘shin turgan joy”, ba’zi o‘rinlarda “kelishilgan vaqt, uchrashish va’dalashilgan joy”, “muddat” kabi ma’nolarda ishlatilgan. Shuningdek, Bobur uch o‘rinda bu so‘zni “mo‘ljor” shaklida ham qo‘llaydi (“mo‘ljor qo‘porib, yer yasamoq uchun” 256-bet) va har gal bu so‘z to‘plarning oldiga to‘siq qilib tuproq uyub, do‘nglik hosil qilishga nisbatan ishlatilgan (Boburnoma. T.  2002).

 

Xo‘sh, nega “Mo‘g‘ullarning sirli tarixi”da bu atama – “bolǰal”, lekin Navoiy, Bobur asarlarida “buljor”ga aylangan degan savol tug‘iladi. Bu borada “bolja-” fe’liga forscha “-gary” qo‘shimchasini qo‘shib talaffuz qilish natijasida “buljor” shakli paydo bo‘lgan, degan qarash mavjud. Guvohi bo‘ldikki, o‘tmishda “buljor” shakli harbiy atama sifatida qo‘llanib kelgan. Ehtimol, hozir ham, deylik, fransuzcha “pozitsiya” so‘zi o‘rniga harbiy atama sifatida “buljor”ni iste’molga qaytarish mumkin bo‘lar.

 

Gapimiz mo‘ljaldagidan biroz cho‘zildi. Mo‘ljalimiz “mo‘ljal” so‘zining kelib chiqishini tahlil etish edi. Agar maqola sizga ma’qul bo‘lgan bo‘lsa, demak mo‘ljalimiz to‘g‘ri olinibdi.

 

Abduvohid HAYIT

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19339
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16445
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi