Tarixi yoʻq, yasama va soxta nomlar – Oʻzbekistonda oʻzbekcha toponimlar nega fors-arabcha soʻzlarga almashtirilyapti?


Saqlash
18:08 / 07.08.2023 1437 0

Joy nomlari hududlarning, mamlakatlarning tarixi, qadriyatlari, milliy mansubligini oʻzida aks ettiruvchi muhim vosita sanaladi. Shu bois Sovet ittifoqi davrida joylarni nomlashda kommunistik gʻoya va mafkura talablaridan kelib chiqilgan boʻlsa, mustaqillik yillarida qishloq, mahalla, shahar va tuman nomlari milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqib oʻzgartirildi.

 

Konstitutsiyamizga koʻra, Oʻzbekistonda davlat tili oʻzbek tili, shuningdek, mamlakatimizda boshqa millat va elat vakillari azaldan yashab keladi. Shu bois yurtimizdagi tarixiy joy nomlari orasida turkiy (oʻzbek), forsiy, soʻgʻdiy, arabiy nomlar birdek uchraydi. Bu holatni qoʻshni mamlakatlarda ham koʻrish mumkin. Masalan, Tojikiston hududida shu paytga qadar yuzlab turkiy toponimlar mavjud boʻlgan boʻlsa, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston singari turkiy davlatlarda forsiy joy nomlarini koʻp uchratamiz.

 

Biroq aksar Markaziy Osiyo mamlakatlari joy nomlarini davlat tili talablaridan kelib chiqib oʻzgartirgan. Masalan, turkmanlar Toshhovuzni Dashogʻuz, qozoqlar Chimkentni Shыmkent, qirgʻizlar Oʻshni Osh, Qorasuvni Kara-suu deb nomlashadi va barcha hujjatlarda shu tarzda yoziladi. Bu holat ayniqsa, Tojikistonda yaqqol koʻzga tashlanadi. Mamlakat rahbariyati koʻrsatmasiga koʻra, soʻnggi yillarda turkiy oʻzakka ega toponimlarning deyarli barchasidan voz kechildi, bir qancha oʻzbek toponimlar shakli oʻxshash boʻlsada, maʼnosi boshqacha boʻlgan forsiy nomlar bilan almashtirildi. Xususan, Qumariq – Kumarg, Qumoq – Xumrogʻ, Beshkent – Veshkand deb ataldi. Qorategin, Qizili, Chimqoʻrgʻon, Jirgʻatol singari nomlar Rasht, Lolazor, Chimqalʼa, Laxsh kabi toponimlarga almashdi. Hatto eng kamida toʻrt yuz yillik tarixga ega boʻlgan “Qoʻrgʻontepa” ham sunʼiy tarzda “Boxtar”ga aylantirildi. Holbuki, bu shahar tarixda hech qachon Boxtar deb atalmagan. Shunchaki, qoʻshnilar qadimiy Baqtriya nomini shu taxlit tiklamoqchi boʻlishgan, shekilli. Albatta, mamlakat hukumati oʻz hududini xohlagancha nomlashga haqli. Qozoqlar oʻz yurtini qozoqcha, turkmanlar turkmancha, tojiklar tojikcha nomlasa buning nimasi yomon? Shunday ekan oʻzbeklarchi? Nima uchun oʻzbeklar oʻz yurtini, oʻz shahar yo qishloqlarini oʻzbekcha nomlashi mumkin emas? Bizda ham Shahrisabz, Sariosiyo, Ohangaron, Hazorasp, Peshkoʻ, Panjob, Konimex, Sebzor singari yuzlab forsiy oʻzakka ega nomlar bor. Mayli, biz qoʻshnilarimizga oʻxshab, yurtimizdagi qadimiy nomlarni oʻzgartirmaylik. Zotan yurtimizda azal-azaldan turkiy va forsiy xalqlar ahil-inoq boʻlib yashab keladi. Ammo, bugungi kunda qoʻshni davlatlar joy nomlarini ham oʻz milliy siyosatiga moslashtirish yoʻlidan borayotgan ekan, biz ham bu haqda oʻylab koʻrsak yomon boʻlmasdi. Loaqal, eski turkiy nomlarni yangicha arabiy, forsiy, hatto inglizcha-fransuzcha nomlar bilan atamasak, yaxshiroq boʻlarmidi?!

 

Bir necha yildan beri matbuotda yangilanayotgan joy nomlari haqidagi materiallarni kuzatib boraman. Ularda ham oʻzbekcha ataylik, ajnabiy soʻzlar joylarni toʻliq ifodalab bermaydi, tarixni bildirmaydi, kabi gaplar yoziladi, biroq samarasiz... Aksincha, sunʼiy nom oʻzgartirishlar avj olayotgandek Oʻzbekistonda. Masalan, birgina Samarqandda Kechkeldikni Bogʻishamol, Qoʻyboqarni Gulobod, Qoʻshsigirni Istiqlol, Beshpaxsani Binokor, Qozoqoldini Bunyodkor, Kampiroʻldini Mashʼal, Qoʻtirbuloqni Saxovatga oʻzgartirishdi. Yaqinda Toshkent shahridagi koʻchalarning biriga gʻirt forsiy soʻz birikmasi – “Mehridil” deb nom berishibdi. Bizningcha, quloqqa xiyla xunuk eshitiladi, degan vaj bilan ushbu toponimlar chiroyli, balandparvoz va eng muhimi hech bir tarixiy asos, oʻzakka ega boʻlmagan atamalarga almashtirilgan. Holat achinarli, axir, boshqalarning oq yuz bolasini oʻzimizni qoravoy farzandimizdan afzal koʻrmaymizku?!

 

Qonunimizda geografik obyektlarning nomlari davlat tilida aks ettirilishi kerakligi belgilangan. Shunga qaramay, nima uchun bugungi kunda hammaga tanish boʻlib qolgan oʻzbek tilidagi joy nomlarini arabcha-forscha soʻzlar bilan almashtirilishini tushunolmayman. Bundan yuz ellik yil avval bobolarimiz “Oqposhsho hazratlari bizga marhamat qildilar”, deya oʻzbekcha “Mingtepa”ning nomini arabiy “Marhamat” bilan almashtirgan ekan. Lekin shu yaqin yillarda sof oʻzbekcha oʻzakka ega boʻlgan “Toʻytepa” nomini forscha-arabcha “Nurafshon”ga, oʻzbekcha “Boʻz”ni forsiy “Boʻston”ga almashtirish kimga kerak boʻldi?

 

Yaqinda jurnalist Akmal Mirzoning bir videomurojaatiga koʻzim tushdi. Unda mamlakatimizdagi Qoraxitoy, Oʻrdakburun, Yetti qashqa, Eski Qovunchi, Beshkal, Qaysarqoʻy va yana oʻnlab joy nomlarini almashtirish taklif qilingan. Bu taklif jurnalistning oʻzidan chiqqanmi, yo kimdir shunga daʼvat qilganmi, bunisi menga qorongʻi. Ammo bu nomlar oʻrniga taklif etiladigan yangi toponimlar yo arabiy, yo forsiy oʻzakdan olinishiga shubha qilmayman. Toʻgʻri, tilimizdagi soʻzlarning salmoqli qismini forsiy, arabiy soʻzlar tashkil qiladi. Shu bois koʻpchilik “Axir, Gulzor, Istiqlol, Bogʻ, Gulobod nomlari oʻzbekcha emasmi? deyishi mumkin. Hamma gap shunda. Bu soʻzlar sof oʻzbekcha emas, fors va arab tillaridan oʻzlashgan soʻzlardir. Kimlardir yo atayin, yo bilib-bilmay eski, dabdurustdan aytilganda quloqqa xunuk eshitiladigan joy nomlarini umuman oʻzbek tilining tub oʻzagiga yot soʻzlar bilan almashtirishga harakat qilayotgandek...

 

Maʼnosi yo aytilishi xunuk joy nomlarini almashtirish kerak boʻlsa, yurtimizda bu kabi forsiy toponimlar ham istagancha topiladi. Aytaylik, Samarqand viloyatidagi Bogʻi Zogʻon (Qargʻalar bogʻi), Luchchakon (yalangʻochlar), Labi gʻor (gʻorning labi), Kalangar (ketmonchi): Fargʻona viloyatidagi Sarikanda (uzilgan kalla), Buxoro viloyatidagi Govkushon (sigir soʻyuvchilar), Gadoyxona, Shalgʻamxoʻron (sholgʻomxoʻrlar), Xarxoʻr (eshakxoʻr) singari joy nomlarini oʻzgaritirish nega hech kimning xayoliga kelmayapti?

 

Albatta, bu fikrlarim hech boʻlmaganda shu hududlarda yashaydigan odamlarga yoqmasligi tabiiy. “Nega qadimgi nomlarni yoʻqotib, oʻrniga sunʼiy, yasama nomlarni tiqishtirish kerak” deydiganlar ham topilishiga ishonchim komil. Shunday ekan, turkiy toponimlarga ham tegish kerak emas. Nomi chiroylimi, xunuk eshitiladimi, ahamiyati yoʻq. Zotan tarixiy joylarining nomlarini mazmuni, chiroyli yoki xunukligiga qarab almashtirish dunyo tajribasida ham uchramaydi. Zero, Italiya – buzoqlar mamlakati, Ispaniya – quyonlar mamlakati, Qatar – yomgʻir tomchilari, Sudan – qoralar yurti, Somali – choʻponlar, Barbardos – soqollilar, Kot-dʼIvuar – Fil suyagi qirgʻogʻi, Gonduras – chuqurlik degan maʼnoni bildiradi. Nega shu davlatlarda mamlakat nomini oʻzgartirish haqida oʻylab koʻrishmaydi? Menimcha, joy nomlarini oʻzgartirishni emas, joylardagi vaziyatni chuqurroq oʻrganish, mavjud muammolarni bartaraf etish haqida koʻproq oʻylab koʻrish kerak, aslida.

 

Darvoqe, bu fikrlar bilan mamlakatlar yoki xalqlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarga raxna solish fikridan yiroqman. Faqat, hamma oʻz yurti, oʻz xalqi va oʻz tili uchun kurashayotgan bir paytda, biz ogʻzimizdagi oldirib qoʻymasak edi, degan xavotirni bildirib qoʻymoqchiman xolos.

 

Rustam JABBOROV.

Oyina.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16792
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi