E'tirof, adashuv, KGB raisi sotqinligi va ruhiy bosim – Rashidov boshqaruvi haqida to‘rt hikoya


Saqlash
00:08 / 03.08.2023 1819 0

Birinchi hikoya. Baribir tan berishgan


Sobiq ittifoq payti uning familiyasi juda ko‘pchilikka ma’lum edi. Yiliga ikki marta – mamlakatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishning yakunlari va kelgusi rejalari SSSR Oliy Soveti sessiyalarida muhokama qilinganda u asosiy shaxs sifatida o‘rtaga chiqardi. Sobiq sovet imperiyasining bosh iqtisodchisi, ekonomikasining egasi, degan nom olgan ushbu zot – Nikolay Baybakov edi. Sovet davlati boshqaruvining eng oliy va bosh bo‘g‘ini hisoblangan – KPSS Markaziy Komiteti siyosiy byurosining marksizm bo‘tqasiga to‘yingan, siyosiy-mafkuraviy dag‘dag‘adan boshqa narsani bilmaydigan a’zolaridan farqli o‘laroq Baybakov sotsialistik iqtisodiy tizim va uni boshqarishning ipidan ignasigacha biladigan pragmatik rahbar bo‘lgan. U hech qachon Siyosiy byuro a’zosi va unga nomzod bo‘lmagan esa-da, SSSR Ministrlar soveti raisining o‘rinbosari – SSSR davlat reja qo‘mitasi (Gosplan) raisi sifatida mamlakatning iqtisodiy boshqaruvida Ministrlar Soveti raisi Kosigindan keyingi ikkinchi shaxs edi. U ayni lavozimda 1965–1985-yillar – naq 20 yil ishlagan. Aslida 1950-yillar boshidan sovet iqtisodiyotining ustuni bo‘lgan davlat reja qo‘mitasida turli lavozimlarni egallagan. Xo‘sh, Baybakovga bunday kengroq ta’rif berishdan muddoni ne, deb so‘rashingiz mumkin.

 

 

Nikolay Baybakov nafaqaga chiqqandan so‘ng sovet davlatining iqtisodiy siyosati, uning yutuq va kamchiliklari, partiya va hukumat rahbarlarining layoqati haqida o‘z xotiralarini yozib, “Sorok let v pravitelstve”, “Ot Stalina do Yelsina” kitoblarini nashr ettirgan. U o‘z xotiralarida Sovet davlati tepasida turgan oliy rahbariyatning barcha a’zolari iqtisodiyotni nihoyatda jo‘n (primitiv) bilishini aniq faktlar asosida bayon qilgan. “Butun mamlakatda (1950–1985-yillarni nazar tutmoqda) iqtisodiyotni tushunadigan va xalq xo‘jaligi boshqaruvini professional darajada biladigan ikki rahbarni bilardim va shularga tan berardim – birinchisi SSSR Ministrlar sovetining raisi Aleksey Nikolayevich Kosigin, ikkinchisi O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy komiteti birinchi kotibi Sharof Rashidovich Rashidov”, deb yozadi u.

 

Kosiginga tan berishi tushunarli, ammo nega Sharof Rashidov? Rashidov dastlab pedagogika texnikumi, so‘ng Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan, mehnat faoliyatini gazetada muxbirlikdan boshlagan, keyinchalik ham Yozuvchilar uyushmasi raisi, gazeta muharriri, Oliy Sovet Prezidumi raisi, xullas, to 1959-yil respublika partiya tashkiloti rahbarligiga saylanguniga qadar faqat ijodiy-mafkuraviy sohada ishlagan. Aslida O‘zbekiston Kompartiyasi yetakchiligi ham avvalo siyosiy rahbarlik hisoblanadi. Maxsus va birlamchi iqtisodiy bilim va kasb egasi bo‘lmay turib hamda iqtisodiy sohada biror kun ham rahbar bo‘lib ishlamagan Sharof Rashidov SSSRdek qudratli davlatning dong‘i doston iqtisodiy rahbarining e’tirofiga sazovor bo‘lishga qanday erishgan?

 

Rashidov xarakteridagi mas’uliyat, tirishqoqlik, chuqur bilim va tafakkur, o‘z xalqiga bo‘lgan so‘nmas muhabbat tufayli bunga erishgan, deb o‘ylayman. Eng muhimi tilda takrorlagani bilan, ich-ichidan har xil kommunistik “izm”larni rad etgani, markazdagi “dohiy”larning “aql-zakovati”ga o‘sha zamon urfi bo‘yicha hamd-u sano aytgani bilan, ularning hech narsaga arzimas shaxsiyati, noqis aql-idrokini qalban sezgani va shu bois ularga zardasi qaynamay munosabatda bo‘lib, bu nodonlarni O‘zbekiston manfaati “Ittifoq manfaati” ekanligiga ishontira bilganidadir. Sodda qilib aytganda, o‘z yurti va xalqiga muhabbati uni tan olingan iqtisodchi darajasiga ko‘targan.

 

 

Ikkinchi hikoya. Yaxshi niyatda yomon adashish...

 

Millatparvar inson sifatida Rashidovni o‘ylantirgan va qiynagan muammolardan biri O‘zbekiston KGB (Davlat xavfsizlik komiteti) raisi lavozimiga o‘zbek millatiga mansub shaxsning tayinlanishiga erishish bo‘lgan. Buning sabablari mo‘l edi. Aynan respublika KGBsi tomonidan Moskvaga yuborilayotgan axborot orqali xalqimiz va yurtimiz haqida xulosa qilinar, baho berilardi. Rashidov ko‘p hollarda bu idora orqali O‘zbekistondan markaz sari oqib borayotgan xabarlar o‘ta noxolis ekanligini sezib turardi. Kavkazorti respublikalarida bu masala allaqachon hal bo‘lgani uning milliy g‘ururiga ham tegib ketardi, chamamda. Ayniqsa, Armaniston, Gruziyadan keyin 1967-yili Ozarboyjonda Geydar Aliyev respublika KGBsi raisi etib tayinlanganidan so‘ng, bu voqea uni harakatni yanada kuchaytirishga undagan. Tarixiy faktlar shundan dalolat beradiki, u ilk bora 1974-yili jiddiy urinib ko‘radi. Ammo KPSS Markaziy komiteti bosh kotibi Brejnev “Azizim Sharof, bizning ishimizga aralashmaganing ma’qul”, deb juda “yumshoq” ohangda tanbeh beradi. Sharof Rashidov bir muddat ortga chekinadi. Qulay fursatni kutadi va bu boradagi taktikasini biroz o‘zgartiradi: dastlab, ya’ni birinchi bosqichda o‘zbek millatiga mansub odamni emas, O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan, milliy sharoitni yaxshi biladigan boshqa millat vakilini rahbarlikka tayinlab, so‘ng asosiy muddaoga o‘tmoqni niyat qiladi. U Levon Melkumovni tanlaydi. Melkumov 1922-yili Samarqandda tug‘ilgan, viloyat komsomol komitetida ishlagan, Rashidovning yordami va homiyligi bilan O‘zbekiston KGBsi raisi o‘rinbosari lavozimini egallagandi.

 

1974–1978-yillar Eduard Nordman O‘zbekiston KGB raisi edi. Raislik lavozimiga bir qadam qolganini sezgan Melkumov o‘z rahbari – Nordmanga qarshi “keng front” bo‘ylab hujumga o‘tadi. U o‘zining ig‘volariga, afsuski, Rashidovni ham ishontirishning uddasidan chiqadi. Oxir-oqibat Nordman ishdan olinganidan so‘ng Rashidov hech ikkilanmasdan Melkumov nomzodini raislikka ilgari suradi. Rashidovni ko‘pam yoqtirmaydigan, unga qarshi zimdan tish qayrab yurgan SSSR KGBsining o‘sha paytdagi raisi Yuriy Andropov ham “Sharof Rashidovich, Melkumov borasida juda katta xatoga yo‘l qo‘ymoqdasiz”, deb ogohlantiradi. Ariza yozib, O‘zbekistonni tark etishidan avval Rashidov bilan uchrashgan Nordman ham raislikka tanlangan kimsa boshingizga ko‘p tashvish keltiradi, chunki u “qo‘zichoq niqobidagi vahshiy va ko‘rnamak” deya yurt rahbarini hushyor bo‘lishga da’vat etadi. Biroq Rashidov juda katta sa’y-harakatlar bilan Melkumovning raislikka tayinlanishiga erishadi. Bu O‘zbekiston uchun fojialarning boshlanishi edi.

 

O‘zbekistondagi eng “yog‘li joylar” Melkumov millatdoshlari nazoratiga o‘ta boshlaydi. Bu ham yetmagandek, u ochiqchasiga Prokuratura va Ichki ishlar vazirligi vakolat doirasidagi ishlarga aralasha boshlaydi. Tinimsiz Moskvaga Rashidov ustidan chaquvlar yo‘llashni yo‘lga qo‘yadi. Shu bilan birga kezi kelganda Rashidovga “sadoqati”ni izhor etishdan tinmaydi. 1982-yil noyabr oyida sobiq ittifoqda rahbariyat o‘zgarib, Brejnev o‘rniga Andropov taxtga kelaganida Melkumov endi ochiqchasiga hujumga o‘tadi. Rashidov o‘z qo‘li bilan ko‘rnamak va xoinni parvarish qilganini 1983-yilning boshida anglab yetadi. U tashabbusni qo‘lga olib, voqealar o‘zanini o‘zgartirishga urinib ko‘radi. Ammo Melkumov allaqachon Andropov bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishga erishgandi. Buni hatto o‘zi tan olib intervyu bergani hozir ham YouTube'da turibdi.

 

Sharof Rashidov Melkumov masalasida adashganini o‘zi ham tan oladi. “1983-yilning yozida yangi ishim yuzasidan meni Germaniyadan Moskvaga chaqirib olishdi, – deb yozadi sobiq rais Eduard Nordman xotiralarida. – Ayni shu kunlarda Toshkentdan xizmat safaridan qaytgan SSSR KGBsi raisi o‘rinbosari general-polkovnik G.Y.Ageyev safar taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi: “Rashidov menga nima deganini bilasanmi? Eduardni respublika KGB raisligidan bo‘shatib juda katta xatoga yo‘l qo‘ygan ekanman, dedi”. O‘ylashimcha, mabodo men O‘zbekiston KGBsi raisi lavozimida qolganimda edi, Gdlyan-Ivanovning O‘zbekistonda quturishiga hech qachon yo‘l qo‘ymasligimni u tushunib yetgandi. Haqiqatan ham, bunga yo‘l qo‘ymasdim.

 

Mendan ko‘pincha Rashidov mafiya sardori edimi, haqiqatan ham poraxo‘r edimi, deb so‘rashadi. Komil ishonch bilan yo‘q, deb javob beraman! U gonorarlari hisobidan to‘liq ta’minotga ega inson edi. Uning pok va halol odam ekanligiga ishonganman va hanuz ishonaman!

 

1978-yili adolatsiz ravishda ishdan olinganim uchun xafa bo‘lganmidim? Ehtimol har qanday aqli raso odam kabi menda ham biroz xafagarchilik bo‘lgandir. Ammo o‘zbek xalqidan hech qachon xafa bo‘lmaganman. Men vaziyatni sog‘lom aql-idrok bilan tahlil qilib, masalaning mohiyatini tushunib yetgandim: O‘zbekistonda meni o‘zbeklar emas, boshqalar sotgandi (u ishdan olinish voqeasini tahlil qilib, eng yaqin o‘rinbosari tuhmat uyushtirganini aytib o‘tgan, o‘shanda birinchi o‘rinbosari Levon Melkumov bo‘lgan – tarjimon). O‘zbeklar boshqa xalqlarga qaraganda halol va vijdonli edi” (Eduard Nordman. “Shtrixi k portretam: general KGB rasskazivayet” kitobidan).

 

 

Uchinchi hikoya. Bo‘ysundirishga urinish

 

Andropov taxtga kelgach, o‘zi yomon ko‘rgan safdoshlarini jazolashga kirishadi. Ishni ichki ishlar ministri Nikolay Shyolokovdan boshlaydi. Ammo uning qattiqqo‘l siyosatiga ishonishlari va qo‘rqishlari uchun jazolashga kattaroq “o‘lja” kerak edi. O‘zining halolligi, mehnatsevarligi va millatparvarligi hamda bir qadar mustaqil harakatlari bilan ko‘pdan Andropovga yoqmay kelayotgan Sharof Rashidov va O‘zbekistonni jazo obyekti sifatida tanlaydi. Nega aynan O‘zbekiston? Birinchidan, Melkumov 1979–1983-yillar oralig‘ida Rashidovga qarshi shunday bo‘htonlar xirmonini “bunyod” etgan ediki, uning ig‘volariga ko‘pchilik ishongan, ishonmasa-da bu narsa hechqursa bir tekshirib ko‘rishni taqozo etardi. Ikkinchidan, Andropov xalqimiz xarakterini yaxshi bilardi: millat va uning elitasi ichida birlik yo‘q, Moskvadan boshlanadigan jazo operatsiyasiga bu xalq indamay, unsiz bosh egadi hamda bir-birovini albatta sotadi!

 

Andropovning Rashidovni yomon ko‘rishiga boshqa sabablar ham bor edi. “Partiya oltinlari” kitobining muallifi Igor Bunichning yozishicha, 1978-yili Andropov Moskva shahar partiya komiteti birinchi sekretari Grishin va shahar savdo tashkilotlaridagi qonunbuzarliklar haqida bosh kotib Brejnevga ma’lumot kiritadi. Bu hujjat Siyosiy byuroning uch-to‘rt a’zosi ishtirokida muhokama qilinadi. Taqdir taqozosi bilan shu kunlarda Moskvada bo‘lgan Rashidovni ham ushbu yig‘ilishga taklif etishadi. Moskva xo‘jayini Grishin o‘zining yaqin do‘sti ekani bois bosh kotib Brejnev Andropovga qattiq tanbeh beradi: KGBning vazifasi partiya rahbarlari ustidan ma’lumot to‘plash emas, partiya arboblarini himoya qilish! Majlisning boshqa ishtirokchilari qatori Rashidov ham Brejnev pozitsiyasidan kelib chiqib Andropovga qarshi bir-ikki og‘iz gap aytadi. Majlis oxirida esa Brejnev Andropovga ham ishonishini ta’kidlab, Grishin va Andropovni yarashtirib qo‘yadi. Ammo bosh kotibning subutsizligi Rashidovni noqulay ahvolga solib qo‘yadi. O‘shandayoq Andropov, jaydaricha aytganda, Rashidovni “hap senimi” deb nishonga olib qo‘ygan bo‘lishi mumkin.

 

Xullas, Andropov mamlakat tepasiga kelgach, Rashidovdan o‘ch olishni boshlaydi. KPSS markaziy komiteti tashkiliy-kadrlar siyosati bo‘limi boshlig‘i Yegor Ligachev orqali 1983-yil may oyida Rashidov Moskvaga chaqiriladi. U, xotiralarida yozishicha, Rashidovning oldiga O‘zbekistondan kelgan shikoyatlarni qo‘yib, respublikada vaziyat og‘irligini aytib, ishdan bo‘shash haqida ariza yozishni taklif qiladi. Shundan so‘ng Rashidov, o‘rtoq Ligachev, siz kim bilan gaplashayotganingizni unutmang, men Siyosiy byuroga nomzodman, siz esa bor-yo‘g‘i bo‘lim mudirisiz, deb keskin ohangda qayirib tashlaydi. Suhbat bosh kotib Andropov xonasiga ko‘chadi. O‘sha paytda KPSS markaziy komitetida ishlagan boshqa mas’ul xodimlarning intervyularida Rashidov oliymaqom kabinetdan ranglari oqarib, Ligachev esa tantanavor qiyofada chiqqani ta’kidlanadi. Ligachev Bosh kotib qabulxonasida, o‘rtoq Rashidov, yuring suhbatni mening xonamda davom ettiramiz, deydi. Bunga javoban esa Rashidov, biz hamma gapni gaplashib oldik, qo‘shimcha gapingiz bo‘lsa, men falonchiyevning kabinetida bo‘laman, deb Siyosiy byuro a’zolaridan birining nomini tilga oladi va shaxdam qadamlar bilan mag‘rur chiqib ketadi. Ligachev esa tarvuzi qo‘lidan tushgan odamdek qabulxonada serrayib qoladi.

Xullas, Rashidovni bo‘ysundirish va arizasini olishga birinchi urinish ana shunday xotima topadi.

 

 

To‘rtinchi hikoya. Ruhan ezish

 

1983-yilning yoz faslida Rashidovni nima qilib bo‘lsa-da bo‘ysundirishga urinishlar yanada avj oladi. Voqealar rivojini hali o‘z nazoratida ushlab turgan Sharof Rashidovich ishni qabohat ildizi – Melkumovni O‘zbekistonda tomirini qirqishdan boshlaydi. Go‘yoki “sotsialistik qonunchilik uchun kurashchi” bo‘lgan bu manfur kimsaning o‘zi mafiyaning homiysi sifatida jinoyat botqog‘iga botgan edi. Respublika KGB raisi va uning oilasi kirdikorlarini fosh etuvchi rad etib bo‘lmas hujjatlar Melkumovning Moskvadagi homiylari stoli ustiga tashlanganida Rashidovning talabini bajarmaslikka ularda imkon va iloj qolmaydi: rais ishdan bo‘shatilib, Chexoslavakiyadagi SSSR elchixonasida attashe sifatida jon saqlashga majbur bo‘ladi. KPSS markaziy komiteti mas’ul xodimlaridan birining eslashicha, o‘shanda ko‘pchilik Rashidovning nufuzi va dadil harakatlariga qoyil qoladi: o‘zi nihoyatda qiyin ahvolda ekaniga qaramasdan, O‘zbekistonga komissiya ustiga komissiya yopirilgan qaltis paytda va, eng muhimi, Melkumovni kimsan Bosh kotibning shaxsan o‘zi qo‘llab-quvvatlab turgan vaziyatda KGB raisining mansabdan olishinishiga erishish har kimning ham qo‘lidan kelmaydigan ish edi-da!

 

Endi Andropov Rashidovni ruhan sindirish yo‘liga o‘tadi. Ma’lumki, Sharof Rashidovichning behalovat turmush tarzi, mehnatkashligi, markazning tinimsiz bosimiga qarshi turishi, ichimizdagi sotqinlarning millat manfaatlariga xiyonati uning sog‘lig‘iga jiddiy ta’sir ko‘rsatgandi. Ayniqsa, Andropovning O‘zbekistonga nisbatan adolatsiz siyosati Rashidovni holdan toydirgandi. Ana shunday sharoitda 1983-yilning sentabr oyida olis Afrikaning Efiopiya davlatiga sovet hukumati delegatsiyasi rahbari sifatida safarga jo‘natiladi. Qon bosimi yuqori bo‘lgan insonni samolyotda qariyb 8 soat uchib borishi albatta oson kechmagan. Buning ustiga, safar davomida Afrika jaziramasi va bu mamlakatning havosi og‘irligidan ancha qiynaladi.

 

Safardan qaytishi bilan markaz paxta yig‘im-terimi bo‘yicha topshiriq ustiga topshiriq yog‘dira boshlaydi, ikkinchi tomondan esa O‘zbekistonga kelgan ko‘plab komissiya a’zolari va tergovchilar normal ishlashga tinimsiz xalaqit berishadi.

 

Andropovning Rashidovni ruhan sindirishga qaratilgan manfur harakatiga yana bir misol keltirsam. 1999-yili rahmatli ustoz jurnalist Safar Ostonov “Paxta ishi” bo‘yicha kitob yozyapman, siz tarixni yaxshi bilasiz, Adliya vazirligi arxividan materiallarni saralashga yordam bersangiz, deb qoldi. Birgalashib vazirlik arxiviga kirdik. Qator taxlangan “delo”lardan birini qo‘lga oldim – bu 1968–1986-yillar Xorazm viloyati obkomi birinchi sekretari bo‘lgan Madiyor Xudoybergenov “ish”i ekan. Uni shaxsan Gdlyanning o‘zi so‘roq qilgan. Tergovchi, Xudoybergenovdan Sharof Rashidov o‘limidan bir kun avval Xorazmda bo‘lgan, menga shu safar tafsilotlarini gapirib bering, deb so‘raydi. Obkom rahbari "Rashidov Xorazmga kelgan kuni viloyatimiz paxta rejasini bajarayotgandi, – deb so‘z boshlaydi. – An’anaga muvofiq kechqurun soat 21.00 ga viloyatning barcha faollarini obkomning majlislar zaliga to‘pladik. Brejnev hayotligi paytida Rashidovga paxta rejasi bajarilgani haqida raport topshirganimdan so‘ng, mening ishchi kabinetimdan bosh kotibga telefon qilib, unga xushxabarni yetkazish odatga kirgandi. Brejnev esa viloyat ahlini katta mehnat g‘alabasi bilan qutlardi (bunday paytda tabrik va maqtovlarni men ham eshtishim uchun telefon ovozi ochib qo‘yilardi) va Rashidov zalda kutib turgan faollarga hozirgina bosh kotib bilan telefonda suhbatlashgani, Xorazm mehnatkashlariga salom va tabrik yo‘llaganini tantanavor ohangda aytardi, uning so‘zi gulduros qarsaklarga ulanib ketardi. Bu safar ham xuddi shunday bo‘lishiga umid qilib turgandik. Rashidov Moskvaga Andropovga qo‘ng‘iroq qildi. Andropov kasalxonada ekan. Sharof Rashidovich quvonch bilan Xorazm mehnatkashlari paxta planini bajargani, qo‘lida bu haqdagi raportni ushlab turganini aytdi. U tomondan esa Andropovning ruhsiz va xirillagan ovozi eshitildi: xo‘sh, Xorazm viloyati planni bajargan bo‘lsa, nega meni bezovta qilyapsan? Bu haqda Siyosiy byuroga telefon qil, menga emas. Biz hali reja qanday bajarilganini albatta tekshirib ko‘ramiz, deb qo‘rslik bilan trubkani qo‘yib qo‘ydi. Sharof aka yonidagi stolga ohista o‘tirdi va bir muddat o‘ylanib qoldi. Nazarimda, shu payt majlislar zalida bizni kutib turgan odamlarni ham unutgandek edi. Yuriy Vladimirovichning toblari yo‘q, shu bois sal qattiroq gapirdilar, xafa bo‘lmang, Sharof aka, dedim. Nazarimda, gapim hatto u kishining quloqlariga ham kirmadi. So‘ng, Sharof Rashidovich, odamlar kutib qoldi, chiqib tarbriklaysizmi, deb so‘radim. Yo‘q, Madiyorjon, o‘zingiz chiqib mening ham nomimdan tabriklay qoling, dedilar. Men ham gapni ko‘pam cho‘zmasdan, qisqa tabrik aytib, yigirma daqiqa ichida majlisni yakunlab kabinetimga qaytdim. Sharof Rashidov allaqachon ketishga shay bo‘lib turgan ekanlar. Hayron bo‘lib qoldim. Chunki rejamiz bo‘yicha Xorazmda tunab qolishlari, ertalab esa Qoraqalpog‘istonga ketishlari kerak edi. Ana shunday holat va kayfiyatda u kishini kuzatgandim", deb so‘zini yakunlaydi Xudoybergenov.

 

 

Yoshi yetmishga yaqinlashib qolgan, jiddiy xastaliklarni boshidan kechirayotgan, u rahbarlik qilayotgan respublikada markazning komissiyasi ishlayotgan, mamlakat bosh prokuraturasi tergovchilari itdek izg‘ib yurgan bir paytda mashaqqatli va olis safarga jo‘natish, bir umr g‘oya va tuzumga halol hamda sidqidildan xizmat qilgan baobro‘ rahbarning yaxshi niyat va xushxabar bilan qilgan qo‘ng‘irog‘iga yuzaki bo‘lsa ham vaziyat taqozisiga mos javob qaytarmasdan siltab tashlash – bularning barchasi Rashidovni ruhan sindirish taktikasi edi.

 

Xo‘sh, Rashidov nega birinchi ishoradayoq vazifasidan ozod etish to‘g‘risida ariza yozib bermagan? Bu kim uchundir oxirigacha mansab kursisiga yopishib olish kabi tuyulishi mumkin. Ammo hamma balo shunda ediki, Rashidovni ariza yozishi O‘zbekiston o‘z qalqonidan judo bo‘lishi bilan teng edi. Sharof Rashidovich buni teran anglardi. U so‘nggi nafasigacha yurtni va xalqni qatag‘ondan asrab turdi. Uning vafotidan so‘ng esa O‘zbekiston sobiq markaz tomonidan butkul oyoq osti qilindi. Siyosiy va iqtisodiy sohada juda katta rahbarlik tajribasiga ega O‘zbekiston hukumati rahbaridan boshlab eng oddiy brigadirgacha – 25 ming inson qamaldi, ularning bir nechasi otuvga hukm qilindi, minglab malakali mutaxassis asossiz ishdan olindi, o‘zbekning g‘ururi toptaldi.

 

...Birgina Rashidov taqdiri misolida sobiq ittifoqning manfur siyosatiga, shunchaki bir qur nazar solgan odam – darrov bu tuzumning adolatdan bexabar basharasini yaqqol ko‘radi. Sharof Rashidovning eng katta xizmati esa qariyb chorak asr ko‘ksini qalqon qilib O‘zbekiston va o‘zbek xalqini qatag‘ondan asraganidadir!

 

Jaloliddin SAFOYEV.

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19457
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16809
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi