“Go‘zal oilaga aylanganingiz bilan tabriklayman” – Bo‘stonliq tumani oʻquv seminarida oʻtayotgan muhim daqiqalar


Saqlash
21:07 / 21.07.2023 989 0

To‘rtinchi kun

 

Bo‘stonliq tumanidagi oromgohda so‘nggi kunni yakunladik (20-iyul). “Ma’rifiy targ‘ibot ishlari samarasi va ta’sirchanligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar” mavzusidagi o‘quv seminari tarixiy jarayonga aylandi. 200 dan ortiq tizim xodimlari har bir kunni qayta kashf etishdi. Seminardagi tajribalar va zamonaviy bilimlar ishonamizki, xodimlarning bundan keyingi faoliyatiga ijobiy ta’sirini o‘tkazadi. Shunday qilib, to‘rtinchi kun sekundomeriga e’tibor qaratamiz.

 

9.45

Oʻzbekiston Respublika Prezidenti Administratsiyasi shoʻba mudiri Abduhalil Mavrulov “Milliy qadriyatlar, ma’naviyat va ma’rifat tushunchalari mazmun-mohiyati, bu borada bugungi dolzarb vazifalar toʻgʻrisida” mashg‘ulot olib bormoqda. Ustozning ma’ruzalari mohiyati bugungi kun ma’naviyat tizimi xodimlarining axloqi, ularning dunyoqarashi va maqsadlari kabi muhim masalalarga bag‘ishlangan.  

 

 

10.10

Amfiteatr gulduros shovqinlarga to‘la. Boisi, “Ma’naviy-ma’rifiy targʻibot tadbirlarini tashkil etishda omma bilan ishlashning samarali vositalari” mavzusidagi mashg‘ulot Ma’rifat targʻibotchilar jamiyati a’zosi, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova tomonidan olib borilmoqda. Auditoriyani chin ma’noda “yondirgan” mentorimiz o‘z chiqishi oxirida seminar ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi:

– Go‘zal oilaga aylanganingiz bilan tabriklayman!

 

 

 

10.55

“Raqamli targʻibot ishlari va onlayn tanlovlarni tashkil etish metodikasi” bo‘yicha mashg‘ulot Oyina.uz portali bosh muharriri o‘rinbosari Inobat Ahatova tomonidan olib borilmoqda. Bu mashg‘ulotda portal faoliyati misolida onlayn tanlovlar tashkil etish va ularning ijobiy ta’siri xususida real ma’lumotlar taqdim etildi.

 

 

11.22

Mashg‘ulot mentorlari minbarida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi boʻlimi boshligʻi Jasur Boltayevni ko‘rish mumkin. “Ma’naviy-ma’rifiy targʻibot-tashviqot ishlarini tashkil etishda turli idora, tashkilot va muassasalar bilan hamkorlikni mustahkamlash, “Eng namunali tuman va shahar” tanlovining yangi tahrirdagi nizomi bilan tanishish va uni tashkil etish bilan bogʻliq masalalar toʻgʻrisida” olib borilgan dars davomida ham seminar ishtirokchilari faoliyatlari uchun zarur bo‘lgan savollarga javob topdilar.

 

12.38

Barcha hududlar o‘z faoliyatlari davomida tayyorlagan videoroliklarini namoyish etmoqda. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov qiziqarli va rang-barang videomateriallar bilan tanishib, ularni atroflicha tahlil qilar ekan, o‘zining hazilomus fikrini bildirib o‘tdi:

– Butun Respublikada shunday videoroliklarimiz bor ekan-u, biz bilmagan ekanmiz!

 

 

14.10

Tushlikdan so‘ng seminar ishtirokchilari uchun tanaffus e’lon qilindi. Tanaffusdan unumli foydalanib kimdir kechki dasturlarga tayyorlanayapti, kimdir dam olayapti. Yana kimlardir suv havzasi tomon yo‘l olgan. Hammada kayfiyat umumiyligi:

– Oromgohdagi oxirgi kunimiz – ochig‘i, bir-birimizga o‘rganib qolibmiz.

 

16.10

Jarayonlarni o‘z fotoapparatiga muhrlayotgan Navoiy viloyati bo‘limi matbuot xizmati xodimi Jahongir Qosimovga savollar bilan yuzlandik. Biroz kamgap hamkasbimiz seminarning qiziqarli voqealarini suratlari orqali izohlashga harakat qildi va bu seminar U uchun katta motivatsiya ulashganini aytdi:

– O‘z ustimda yanada ko‘proq ishlashga qaror qildim. Seminar tasirida yangi rejalar paydo bo‘ldi. Tez orada o‘z soham bo‘yicha qator ijodiy ishlarga qo‘l urmoqchiman.

 

17.05

Tanaffus tugagach seminar ishtirokchilari yana oromgoh amfiteatriga jamlanishgan. Ayni damda tizim xodimlarining nutqiy qobiliyatlari sinovdan o‘tkazilmoqda. Ular “Jasorat”, “Oila” “Baxt” kabi turli insoniy tushunchalar yuzasidan og‘zaki fikrlarini bayon qilishmoqda. Bu qizg‘in jarayon milliy maqomlar ijrosiga ulanib ketdi. Serqirra va izlanuvchan seminar ishtirokchilariga qoyil qolmasdan iloj yo‘q.

 

20.22

Andijon viloyati Bo‘ston tumani bo‘linmasi rahbari Sofiya Qo‘ziyevaning seminar bo‘yicha taassurotlariga qiziqdik:

– Yangi g‘oyalar, yangi bilimlar va yangi do‘stlarga to‘la bu o‘quv seminari bizga juda manzur bo‘ldi. Bir-birimiz bilan tajriba alishdik, maqsadlarimiz mustahkamlandi. Doim o‘qish, izlanish va to‘xtab qolmaslik shiorimga aylandi. Seminar tashkilotchilariga va barcha mentorlarga minnatdorlik bildiramiz.

 

21.10

Oromgoh hududida haqiqiy bayramona muhitga guvoh bo‘lish mumkin. Chunki ayni damda seminarning muhim cho‘qqisi – sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tmoqda. Marosimda tizim rahbarlari, taniqli san’atkorlar va mentorlar ishtirokini ham ko‘rish mumkin. Olqishlar va bayramona tabriklar ostida har bir seminar ishtirokchisi maxsus sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Quvonchli lahzalar qizg‘in fotosessiyaga ulanib ketdi.

 

 

 

 

22.50

Taqdirlashdan so‘ng seminar ishtirokchilari olovli kayfiyatda o‘z xonalariga tarqalishmoqda. Xursandchilik va hamkasblardan uzoqlashish kabi ikki xil kayfiyat hukmron. Muhimi, hammada ishlash ishtiyoqi oshgan, hamma yangidan yangi rejalar va maqsadlar ro‘yxatini tuzishga ulgurgan. Tez orada bu seminarning natijalari yuzaga chiqishiga ishonamiz.

 

O‘quv seminarning keyingi kuni Toshkent shahrida davom etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19460
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16846
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi