“Vatan yoki oʻlim”, “Tuproq – millatning ildizi, uni qanday birovga berayin”, “Kuch adolatdadir” – oʻzbekni birlashtiruvchi shior qanday boʻlishi kerak?


Saqlash
01:07 / 19.07.2023 989 1

Jahon tarixida turli mamlakatlar, hukmdorlar, din yoki taʼlimotlar oʻz maqsadlariga xizmat qiluvchi, maʼnaviy kuch beruvchi gʻoyalar singdirilgan shiorlarni doimiy targʻib qilib kelgan. Misol uchun Vedalar hind, Konfutsiy va Daotsizm gʻoyalari xitoy, antik dunyo faylasuflarining merosi xristian dinigacha boʻlgan davrda gʻarb madaniyatining asosini tashkil etgan. Biz esa uch ming yillik davlatchilik tariximiz, maʼnaviy madaniyatimizning tarixiy ildizlaridan Avestoni, undan esa “Ezgu oʻy, ezgu soʻz, ezgu fikr,” degan gʻoyani topamiz.

 

Ajdodlarimiz Alp Er Toʻnga zamonidan buyon vatanni goh chinliklar, goh forsiylardan himoya qilib kelgan. Ularning maslaklari bitilgan Oʻrxun-Enasoy bitiklarida vatan manfaati yoʻlida xizmat qilish, yurt osudaligi uchun kurash olib borish bosh maqsad ekani aytiladi. Masalan, Toʻnyuquq bitiktoshida erk, mustaqillik uchun kurashgan butun turk xalqining armonu iztiroblari bayon qilinadi. Erksizlik xalqni ogʻir fojialarga, hatto butunlay yoʻqlikka yuz tutishiga olib kelishidan ogohlantiradi: “Xoningni qoʻyib taslim boʻlding. Taslim boʻlgani uchun tangri “oʻl!» degan shekilli, turk xalqi oʻldi, tugadi, yoʻq boʻldi. Turk xalqi yerida biror urugʻ qolmadi. Chakalak orasida qolgani toʻplanib yetti yuz nafar boʻldi. Oʻz xonini qoʻyib Tabgʻach (Xitoy) xoqoniga sajda qilgani Tangriga ham xush kelmadi. Ularni har tomonga tarqatib yubordi”.

 

Umuman olganda bitiktoshlar mazmunida Buyuk Turk xoqonlarining oʻz yurtini himoya qilishga, birlikka daʼvati yotadi. Mete xonning “Tuproq – millatning ildizidir, uni qanday birovga berayin” degan soʻzlaridan bu maqsad mafkura darajasiga chiqqanini anglash mumkin. Mamlakat mudofaasi gʻoyasi, jasur va mard boʻlish haqidagi qarashlar Koʻktangriga eʼtiqod bilan mustahkamlangan. Chunonchi, Toʻnyuquq bitiktoshida “Insonlarga halimlik va miskinlikni targʻib etgani sababli budda dini turklarning hayot tarzi va jangovar ruhiga zid” ekani keltiriladi.

 

Ajdodlarimiz tafakkuridagi yurt himoyasi, dushmanga qarshi kurash olib borish instinkti keyinroq islom dini bilan toʻyinib, undan oʻziga zaruriy quvvatni olgan. Islomni qabul qilgan turkiylar endi uning himoyachisi, gʻoziylar sifatida mashhur boʻldi. Alp Er Toʻnga naslidan boʻlgan Qoraxoniylar oʻzbek davlatchiligi taraqqiyotida muhim rol oʻynaydi. Ushbu sulola vakili Abdukarim Sotuq Bugʻroxon (895-956 yy) islom dinini qabul qilgan ilk turkiy hukmdor boʻlib, uning shiorida birlikka, erkinlikka chaqiriq bor edi.

 

Anushtegin Xorazmshoh sulolasi davrida Turonga Janubiy Osiyo, Oʻrta va Yaqin Sharq, Janubiy Kavkaz kabi mintaqalar qoʻshib olindi. Bu sulola vakillari ham oʻzlarini Islom dini himoyachisi sifatida koʻrgan. Hatto, Bogʻdod xalifasi Nosir hokimiyatining noqonuniyligini eʼlon qilishgan. Sulolaning eng qudratli vakili boʻlgan Alouddin Muhammad nomalar, maktublar oxiriga “Yagona Allohdan umid qilaman”, degan soʻzlardan iborat muhrni bosgan. Sulolaning soʻnggi vakili Jaloliddin Manguberdining farmonlari, yorliqlaridagi tamgʻasida “Yordam faqat yagona Allohdandir” degan yozuv boʻlgan. Keyinroq ozodlik uchun harakat qilgan sarbadorlar “Ozodlik yoʻlida dorga osilishga tayyormiz”, degan shior bilan butun xalqni moʻgʻullar istibdodidan ozod boʻlishga, kurashga daʼvat etadi. Ammo xalqni birlashtirib, turkiyzaminga hukmronlikni qaytarish “Kuch adolatdadir” degan tamoyil bilan yovlarga qarshi tengsiz kurashlar olib borgan Sohibqiron Amir Temurga nasib etdi.

 

Islom, tasavvuf va vatanparvarlik mafkurasi. Islom tasavvufining rivojlanishi, tariqatlarning Markaziy Osiyoda ravnaq topishi siyosiy jarayonlarga taʼsir oʻtkazmasdan qolmadi. Amir Temurning Yassaviya va Naqshbandiya tariqatlariga koʻrsatgan ehtiromi, Anushteginiylar davrida Kubroviya tariqatining mintaqada bemisl gʻoyaviy fenomen boʻlganligi soʻzimiz isbotidir. Xoʻsh, Islom va uning tasavvufiy tariqatlarida qanday gʻoyalar mavjud ediki, davlat oʻzining mafkuraviy asoslarini tasavvuf bilan bogʻlagandi?

 

Islom hujjati boʻlgan Imom Gʻazzoliyning shunday hikmati bor: “Vatanning ham haqlari boʻladi. Ularning birinchisi shu Vatanda yashaganda tinch-xotirjam, shukrona qilib yashash haqqidir. Shuningdek, Vatandan ketganda uni sogʻinish, Vatan kamsitilganda gʻazablanish, Vatanga hujum qilinganda uni himoya qilish ham Vatanning shu yurtda tugʻilib-oʻsganlar zimmasidagi haqqidir”. Bu hikmat paygʻambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam Makka shahridan Madina shahriga chiqib ketayotganlarida toʻxtab, orqalariga qarab: “Qanday ham yaxshi shaharsan! Qanday ham menga sevimlisan! Agar qavming meni sendan quvmaganida sendan boshqa joyda yashamas edim”, degan izhorlari haqidagi Imom Termiziydan qilingan hadis bilan mustahkamlanib, umummusulmon vatanparvarlik gʻoyasiga aylangan edi.

 

Islom tafakkurida mujassamlashgan mazkur gʻoya aslida gʻanimlar uchun shunday bir qoʻrqinch gʻoyaki, rus harbiy tarixchisi M.Ivanin oʻzining “Ikki buyuk sarkarda – Chingizxon va Amir Temur” asarida Markaziy Osiyo xalqlarining birlashuvchanlik xislati haqida xulosa qilar ekan, shunday fikrlarni bildirgan edi:

 

“...mabodo qudratli musulmon mutaassibligi portlashi yuz bergan va shu bilan bir vaqtda Chingizxon yoki Amir Temur kabi bir dohiy chiqib qolgan taqdirda bizga tahdid soladigan umumiy xavfning oldini olish maqsadida Oʻrta Osiyoni siyosiy jihatdan uning hozirgi ahvolida tutib turish uchun biz Angliya bilan doʻstona hamda oʻzaro manfaatlarga asoslangan harakatlar qilishga kelishib olishimiz kerak boʻladi. ...bunday xalqlar oʻrtasida bitta yirik jamiyatni yuzaga keltirishgina yetarli boʻladiki, buning natijasida boshqa barcha jamiyatlar uning tevaragida jipslashadilar hamda shu yoʻl bilan ularning qoʻl yetmas dashtlarida qudratli bir xalq yuzaga keladi va bu paytda undan istilolar uchun lashkarni ajratib olish oson bir ish boʻladi”.

Islom va xususan tasavvufda xalqni gʻanimlarga qarshi birlashtirishning yorqin namunasi sifatida Kubroviya tariqati oʻziga xos xarakterga ega. Chunki, Yassaviya, Naqshbandiya kabi tariqatlardan farqli oʻlaroq Kubroviyada vatanparvarlik alohida oʻrin tutadi. Tariqat asoschisi hamda peshvosi Shayx Najmiddin Kubro oʻz taqdiri va amali bilan bunga yaqqol namuna boʻlgan edi. Moʻgʻullar tomonidan Koʻhna Urganch qamal qilingan paytda xalq qoʻshiniga boshchilik qilgan shayx – 78 yoshli keksa nuroniy va uning muridlari olib borgan janglar natijasida moʻgʻullar hech bir shaharda duch kelmagan yoʻqotishlarga (50 ming kishilik moʻgʻul qoʻshini qirib tashlanadi) uchraydi. Bunda Najmiddin Kubroning “Ona Vatan yoʻlida, Vatanni himoya qilayotib shahodat jomini noʻsh aylash Alloh visoliga yetishmoq ila barobardir”, degan daʼvati asosiy motiv boʻlgan. Zotan, tasavvuf mutafakkirlari asl maqsadlari Alloh visoli boʻlib, unga erishish yoʻllari – tariqatlari turli-tumandir. Kubroviya tariqatida bu yoʻl mohiyatan Vatan ozodligi uchun kurash bilan bevosita bogʻliq edi.

 

Tarixda hamma gʻoyalar ham doimo ezgulikni yoʻyuvchi, birdamlikka boshlovchi boʻlavermagan. Dunyoda yovuzlik va turgʻunlikni akslantiruvchi shiorlar koʻp boʻlgan. Misol uchun, “Boʻlib tashla va hukmronlik qil!” shiori nafaqat qadimgi Rim, balki dunyoning koʻpgina hukmdorlari va amaldorlarining yoʻriqnomasiga aylangan.

 

Tarixdagi eng mashhur shiorlardan birini 1095-yilda Rim Papasi Urban II Fransiyaning Klermon shahrida eʼlon qilgan edi. Papa bu yerda birinchi marta butun gʻarbni Yaqin Sharqqa yurish qilib, 1071-yilda Saljuqiylar sarkardasi Otsiz al-Xorazmiy tomonidan egallangan Quddusni turkiylar qoʻlidan qaytarib olishga daʼvat qiladi. U Quddusni yerning kindigi, suv oʻrnida sut va asal oqadigan jannat deb ataydi. Bu bilan u iqtisodiy-ijtimoiy ogʻir ahvolda, qashshoqlikda kun kechirayotgan Gʻarb jamiyati koʻziga “qutqaruvchi” boʻlib koʻrinadi. Aslida Quddusdagi toʻkinchilikka koʻz tikkan Papa Urban II bu yurishni “Xudo shuni xohlaydi!” (Dieu le veut) degan shior bilan xaspoʻshlaydi. Shior muvaffaqiyatsiz kechgan I salib yurishi hayqirigʻi boʻlsada, Rim papalariga 1270-yilgacha, yaʼni yana 185-yil davomida Yaqin Sharqni egallash yoʻlidagi harakatlar uchun xizmat qildi.

 

Uzoq vaqt yashagan shiorlardan yana biri 1920-yilda sovetlar tomonidan bayroq qilingan “Butun dunyo proletarlari birlashingiz!» hayqirigʻi boʻlib, u ittifoq parchalangunga qadar hukmronlik qilgan edi. Aynan shu asrda, yaʼni 1938-yil nemislar “Bir xalq, bitta reyx, bir fyurer” (Ein Volk, ein Reich, ein Führer) degan shior ostida birlashdi. Biroq bu gʻoyalar aslida yolgʻon, kimlarningdir maqsadi yoʻlidagi chiroyli soʻz boʻlganini hayotning oʻzi isbotlab berdi...

 

Bugungi kundagi davlatlarning rasmiy va norasmiy shiorlari. XX asrgacha gʻarbning qudratli mamlakatlari shiorlarida “Xudo” soʻzi koʻp uchragan. Ayrim davlatlarda bu soʻz qoʻshilgan chorlovlarni bugun ham uchratishingiz mumkin. Oʻlim soʻzi esa koʻproq suvereniteti uchun qandaydir xavf boʻlgan davlatlar shiorlaridan joy olgan. Masalan, qudratli mamlakat biqinida joylashgan Kubaning shiori “Vatan yoki oʻlim”. Shuningdek, oʻlim soʻzi yana Ukraina shiorlaridan birida ham bor: “Elga shon-shuhrat, dushmanlarga oʻlim”.

 

Mustamlaka yoki boshqa tuzumdan ozodlik sari qiyin va qonli janglar bilan chiqqan xalqlarning shiorlarida esa ozodlik, shon-sharaf, suverenitet soʻzlari koʻp uchraydi.

 

Qullik yoki fuqarolik urushlaridan aziyat chekkan Urugvay, Janubiy Sudan, Tanzaniya, Togo, San-Marino, Polsha, Lixtenshteyn, Kongo, Nigeriya, Paragvay, Suriya, JAR, Ekvatorial Gvineya, Kosta-Rika, Kiribati, Kamerun, Jibuti kabi davlatlarning shiorlarida esa “tinchlik” soʻziga urgʻu beriladi.

 

Jazoir, Turkmaniston, Xitoy, sobiq Yugoslaviya, Senegal, Mali, Litva, Shimoliy Koreya, Sharqiy Timor kabi davlatlar shiorlarida “xalq” kalimasi koʻp uchraydi. Angola, Belgiya, Bolgariya, Boliviya, Malayziyaning esa “Birlik kuch beradi”, “Birlik kuch yaratadi”, “Birlik – kuch” degan maʼno beruvchi shiorlari bor.

 

Dunyo davlatlarining shiorlarida eng koʻp “Birlik” soʻziga urgʻu berilgan. Masalan, Germaniya, Bolgariya, Gruziya, Litva; Pokiston, Suriya, Yaman, Markaziy Afrika Respublikasi, Chad, Boliviya; shuningdek, Indoneziya, Malayziya singari 30 dan ortiq mamlakatlarning rasmiy va norasmiy shiorlarida ushbu soʻzni uchratasiz. Ular tuzilish shakliga koʻra federativ yoki federativ belgilarga ega boʻlgan unitar davlatlar boʻlib, taraqqiyotining kafolati xalq birligi va birdamlik, deya taʼkidlanadi.

 

Oʻzbekistonda “BIRLASHTIRUVCHI” gʻoyaga tarixiy zaruriyat. XIX-XX asrdagi Rus imperiyasining mustamlakachilik harakatlari, 1920-yildan keyin “Qoʻrquv saltanati” boʻlmish Sovet davlatining totalitar tuzumi xalqimiz ziyolilarini qatagʻon qilishga, eʼtiqodimizdan uzoqlashtirishga, eng dahshati – milliy oʻzligimizdan begonalashish, milliy gʻurur va jasorat tushunchalarini parchalash, milliy birdamlikni yoʻqotishga qaratildi. Va maʼlum maʼnoda bunga erishildi ham. Afsuski, mustaqillikni qoʻlga kiritganimizdan soʻng ham bu harakatlarning jarohatlariga tezda davo topilmadi, hamon uning asoratlari jabrini tortib kelyapmiz. Qariyb bir yarim asr davomida bukilgan gʻurur, toptalgan shaʼnni tiklamasdan turib ulugʻvor reja va maqsadlarga erishib boʻlmaydi. Ayni shuning uchun ham bizni jipslashtirib, birgalikda rivojlanishga undaydigan kuchli mafkura va shiorga ehtiyojimiz bor. Uni yaratish uchun bizningcha, quyidagi faktorlarni hisobga olish zarur:

 

- tarixiy tajriba;

- koʻp millatli Oʻzbekistondagi ijtimoiy ehtiyoj;

- Markaziy Osiyo birligi.

 

Toʻgʻri, bugun turli tadbirlar, festivallarda “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!», “Birlashib biz katta kuchmiz” kabi birdamlikka chorlovchi shiorlar yangraydi. Biroq ular xalqning maʼlum bir qatlamini, aniqrogʻi yoshlarni birlashishga chaqiradi, xolos. Ammo bugun bizga butun mamlakatni, xalqni BIRLASHUVGA daʼvat qiluvchi yakdil shior kerak. Toki, u “Boʻlib tashla va hukmronlik qil” gʻoyasi bilan yashovchi tashqi kuchlarga qarshi mudofaa, rivojlanish poydevori va ozodlikning doimiy  hamrohi boʻlsin.

 

Bekzod ABDIRIMOV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

Xorazm viloyati boʻlimi rahbari.

Gʻulomjon OTAJONOV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

Xorazm viloyati boʻlimi bosh mutaxassisi.

 

1 Izoh

zafar

01:07 / 20.07.2023

ALLOH RIZASI UCHUN YURT UCHUN BIR GUCHMIZ

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16813
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi