Vatanning ishonchi, sharafi boʻling! – Minhojiddin Mirzo


Saqlash
15:07 / 14.07.2023 902 0

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida bugungi kunda xorijda tahsil olayotgan va ayni damda ta’til sababli yurtimizdan boʻlib turgan stipendiatlar uchun maxsus oʻquv-seminar tashkil etildi.

 

Shu yilning 11–13-iyul kunlari boʻlib oʻtgan anjumanning maqsadi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlari bilan doimiy muloqotni davom ettirish, ularda Vatanga sadoqat, oʻzbek milliy qadriyatlariga hurmat, vatanparvarlik ruhini kuchaytirish hamda Yangi Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati mohiyati va maqsadlarini tushuntirishdan iboratdir. Xorijda tahsil olayotgan mutaxassisliklari boʻyicha mamlakatimizni yanada rivojlantirish yuzasidan takliflarini oʻrganish va amaliyotga joriy qilishga koʻmaklashish, oʻqishni tugatib qaytganlaridan soʻng ular uchun munosib mehnat faoliyatini tashkil etish ham koʻzda tutilgan.

 

 

“Hech qaysi davlat oʻz-oʻzidan buyuk boʻlib qolmaydi. Mamlakat iste’dodli va salohiyatli yoshlari bilan qudratlidir. Shu ma’noda Prezidentimiz tashabbusi bilan navqiron avlodni yuqori intellektual salohiyatga ega, zamonaviy va kreativ fikrlaydigan, ilm-fanga innovatsion gʻoyalar va texnologiyalar olib kirishga qodir mutaxassis qilib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Vasiylik kengashi a’zosi Minhojiddin Mirzo.

 

Biz yashayotgan bu zamonlar, Sizga nasib etgan bu imkonlar ne-ne insonlarga armon boʻlib qolgan. Roppa-rosa bir asr ilgari ma’rifarparvar bobolarimiz oʻz hisobidan millat yoshlarini xorijga oʻqitishga yuborishgan. Bu ulugʻ zotlarning maqsadi, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, jaholat va qoloqlik girdobida qolgan Turkiston xalqini dunyoviy ilm-fan, ilgʻor kasb-hunarlar bilan qurollantirib, umumbashariy rivojlanish yoʻliga olib chiqishdan iborat boʻlgan.

 

Zamon bizdan ma’rifatparvar jadidlarga izdoshlik maqomida fidoyilik bilan mehnat qilishimizni talab etmoqda. Jahon mehnat bozorida raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislarni yetakchi xorijiy ta’lim muassasalarida tayyorlash va malakasini oshirish Oʻzbekistonning har tomonlama jadal rivojlanishi uchun nihoyatda zarur. Dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi eng nufuzli ta’lim va tadqiqot, innovatsiya va amaliyot maskanlarida tahsil olish va stajirovka oʻtash baxti sizlarga nasib etgan ekan, bu yoʻlda hech bir lahzani bekor oʻtkazmang, hech bir imkonni qoʻldan boy bermang. Mamlakatimizda Uchinchi Rennesans poydevorini barpo etishga oʻz hissangizni qoʻying. Vatanning ishonchi, sharafi boʻling!”

 

Ma’lumot oʻrinida aytish mumkinki, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan bir necha yillardan buyon yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Bu borada jamgʻarma tomonidan tashkil etiladigan stipendiya tanlovlarida ishtirok etuvchi nomzodlarning Vatanimiz tarixi, buyuk ajdodlarimiz merosi, ma’naviy bilimlari darajasini aniqlash boʻyicha suhbat dasturi ishlab chiqilgan. Suhbat jarayonida olimlar, madaniyat va san’at arboblari, yozuvchi va shoirlar ishtirok etishadi.

 

 

Seminar qatnashchilari Prezident huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasida taniqli professorlar, yuqori martabali shaxslar, senator va vazirlardan qiziqarli ma’ruzalar tingladilar. Oliy Majlis Senati, “Yangi Oʻzbekiston bogʻi”, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, “Adiblar xiyoboni”, “Qatagʻon qurbonlari muzeyi” kabi diqqatga sazovor manzillarga sayohat uyushtirilmoqda.

 

“Ma’ruzalardan soʻng hammamiz Shahidlar xotirasi yodgorlik majmuasiga bordik. U yerda “Qatagʻon qurbonlari” muzeyida boʻldik. Mana, qarang, Vatanimni taraqqiy ettiraman, degan insonlar sobiq tuzum davrida qanday mashaqqatlarga duchor etilgan. Hatto jismoniy yoʻq qilishgacha borilgan. Bugun esa mustaqil davlatimiz biz yoshlarga oʻqib-oʻrganishimiz uchun har tomonlama shart-sharoitlar yaratib bermoqda, – deydi Amerika Qoʻshma Shtatlarining Minnesota universiteti talabasi Shahzoda Ikromova. – Oʻquv seminari hamda ekskursiyalar orqali oʻzimizdagi tarixiy bilimlarni yanada boyitdik. Jadidlarimiz haqida koʻproq ma’lumotlarga ega boʻldik. Ta’tildan soʻng universitetga qaytamiz va yangi bilimlarimizni u yerdagi tengdoshlarimiz bilan boʻlishamiz”.

 

Bugungi kunda AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada, Italiya, Ispaniya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlarning global akademik reytinglarda TOP 300 talikka kirgan University of Oxford, University of Cambridge, University College London, Imperial College London, Columbia University, Cornell University va boshqa nufuzli universitetlarida mamlakatimiz uchun ustuvor hisoblangan mutaxassisliklar boʻyicha 500 ga yaqin stipendiatlar “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ta’lim dasturlari boʻyicha oʻqishni davom ettirmoqda.

 

 

“Iqtisodiyot va sun’iy intellekt yoʻnalishi boʻyicha magistraturada tahsil olyapman. Yozgi ta’til davomida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiantlari uchun tashkil etilgan maxsus oʻquv-seminar boshqa davlatlarda oʻqiyotgan talabalar bilan tajriba va fikr almashish imkonini bergani bois menga ma’qul boʻldi, – deydi Amerika Qoʻshma Shtatlarining Duke universiteti talabasi Abdumalik Abduqayumov.

 

Hammamizga ma’lumki, hozirgi kunda ma’lumotlar bilan ishlash yanada tezlashgan. Shu sababdan sun’iy intellekt boʻyicha dunyoda koʻplab tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Men oʻzim tahsil olayotgan universitetda ham sun’iy intellektni iqtisodiyot bilan bogʻlagan holda foydali dasturlar yaratyapmiz. Oʻzbekistonga qaytib kelganimda, albatta, Vatanim ravnaqi uchun mana shunday strategik dasturlarni ishlab chiqaman va ularni amaliyotga tatbiq etaman.

 

Biz dunyoning qaysi mamlakatida tahsil olmaylik hamisha Prezidentimizning mehrini, ishonchi va umidini his qilib yashaymiz. Universitetdagi shartnoma summasi 60-70 ming dollar, kundalik yashash chiqimlari ham bor. Barcha xarajatlar davlatimiz rahbari e’tibori asosida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan qoplab berilyapti. Shu oʻrinda yoshlar ta’limini davlat siyosati darajasiga koʻtargan Prezidentimizga rahmat aytamiz. Bizga qaratilgan e’tibor va ishonchni albatta oqlashga va’da beramiz!”

 

Sirojiddin RUSTAMOV,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16813
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi