Xalqaro siyosatda minnatdorlik tushunchasi yoʻq – faqat milliy manfaat bor!


Saqlash
20:06 / 23.06.2023 1609 0

2003-yil AQShning Iroqqa bostirib kirganidan boshlangan “xalqaro huquqni poymol” qilish deb atalgan siyosat 2022-yil 24-fevral kuni Rossiyaning Ukraina tuproqlarida boshlagan harbiy operatsiyasi bilan avjiga chiqdi. Bular va shunga oʻxshash boshqa voqealar fonida Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan xalqaro xavfsizlik tizimi va davlatlararo munosabatlarga tubdan darz ketganday. Ammo sinchkov va voqealar rivojiga har bir davlatning milliy manfaatlari nuqtai nazardan qaraydigan siyosiy tahlilchi uchun bu voqealar yangilik emas, yaʼni dunyo siyosatida juda katta oʻzgarish boʻlgani yoʻq. Kechayotgan voqealar insoniyat uchun qanchalik fojiali boʻlmasin, jarayonlar silsilasi eng qadimgi davrlardan hozirga qadar bir oqim boʻylab harakat qilmoqda. Xoʻsh, bu “oqim” nima oʻzi va uning nomi bormi? Bor va u Milliy Manfaat deb ataladi!

 

Juda koʻpchilik olimlar va jurnalist doʻstlarimiz Uinston Cherchillga nisbat berib keladigan va aslida esa 1855–1858-yillar Angliya tashqi ishlar ministri, 1859–1865-yillar bosh ministr boʻlib ishlagan vikont Genri Palmerston (1784–1865) parlament majlisida 1858-yil 1-mart kuni aytgan: “Angliyaning abadiy ittifoqchilari va doimiy dushmanlari yoʻq – uning manfaatlari abadiy va doimiydir” degan qanotli soʻzi barcha davrlar uchun oʻz ahamiyatini yoʻqotmay kelayotgani koʻp narsadan darak beradi. U bu fikrni davom ettirib, “Bizning burchimiz manfaatlarimizni himoya qilishdir”, degan. Palmerstonning gapiga diqqat qiling-a: bizning abadiy ittifoqchilarimiz yoki doimiy dushmanlarimiz yoʻq, manfaatlarimiz abadiy va doimiydir. Bu nima degani? Aytmoqchiki, kim bizning manfaatimizga xizmat qilsa, manfaatimizga javob bersa, oʻsha ittifoqchimiz va doʻstimizdir, manfaatlarimizga mos kelmay qolgan kundan esa dushmanimizdir, demoqda. Jahon tarixiga bir qur nazar nazar tashlasak, bu “qadriyat” bekami-koʻst ishlaganining guvohi boʻlamiz.

Har bir davlat iqtisodiy, siyosiy, harbiy salohiyati va qudrati hamda geografik joylashuvidan kelib chiqib milliy manfaatlarini belgilaydi. Milliy manfaatlar haqida gap ketganda xalqlarning etnik birligi, diniy eʼtiqodi yoki doʻstligi-yu sodiqligi unutiladi. Oʻsha davr va vaziyatda kim milliy manfaatga javob berayotgan boʻlsa, oʻsha qoʻllab-quvvatlanadi. Xalqaro munosabatlarda yana boshqa yanglish tushuncha bor: bir davlat boshqa bir davlatni qachonlardir qoʻllab-quvvatlagan boʻlsa, endi bir umr oldimizda qarzdor va bizdan abadulabad minnatdor boʻlib yuradi, degan shirin xomxayolga borishi; xalqlarning diniy yoki etnik kelib chiqishiga qarab ittifoqchi boʻlishi. Mana shu ilgari surilgan ikkala versiyani biri XIX asr, ikkinchisi Antik davrga oid qoʻsh misol orqali nazardan oʻtkazsak.

 

Gapni mayda-chuyda qilmasdan, kimsan dunyo tarixini tadqiq qilishda xalqaro nom qozongan, 12 jildlik “Tarixni anglash” kitobi muallifi Arnold Toynbiga yuzlanamiz: “1877-1878-yillardagi rus–turk urushidan keyin turk qoʻshinlaridan qutqarganim uchun Serbiyaga, Dobrudjani berganim uchun Ruminiyaga, faqat rus quroliga tayanib tashkil qilingani uchun Bolgariyaga asosiy siyosiy taʼsir oʻtkazaman, deb Rossiya oldindan zavqlana boshladi. Biroq keyingi voqealar, umuman olganda, tarixda boshqa joylarda ham koʻp marta sodir boʻlgan shunday voqealar koʻrsatadiki, xalqaro siyosatda minnatdorlik tushunchasi yoʻq. Bir qarashda “cherkov slavyan” tili rus, rumin, bolgar, serb pravoslav cherkovlarining ibodat tili va pravoslaviya Rossiyaning davlat dini boʻlib turgan paytda rus boʻlmagan pravoslav davlatlarida ruslarga qarshi kayfiyatning paydo boʻlishi juda ajablanarli hol. Usmonlilar qulligidan xalos qilishdek samarali yordam koʻrsatgan Rossiyaning bu xalqlar bilan panslavizm va panpravoslaviyaga asoslangan munosabatlari nega bunchalik yaroqsiz boʻlib chiqdi? Keyinchalik esa “ezilgan xristian xalqlari”ning himoyachisi sifatida nom qozonishga intilgan Rossiya Usmonlilar imperiyasi ichki ishlariga aralashishni kuchaytirgani sayin va oʻsha “ezilgan xristian xalqlari” ruslar xarakterini yanada yaqindan bilganlari sari bu obroʻ tushib bordi”. Chunki, xalqaro siyosat munosabatlarida faqat milliy manfaat bor – minnatdorlik tuygʻusi esa bor-yoʻgʻi millatchi va aqidaparastlarning ritorikasi va “lirika”si, xolos.

 

Endi ikkinchi voqeaga eʼtibor qaratsak. Davlatlarni ham xuddi odamlardek minnatdor boʻlishga majburlash imkonsiz. Ular “kimningdir oldida qarzdor, muttaham boʻlib, mudom minnatdorlik bildirib yurishni yelkadan uloqtirib yuborish kerak boʻlgan ogʻir yuk”, deb biladi deb yozadi amerikalik mashhur siyosatshunos Robert Grin. Endi ushbu muallifning “Hokimiyatning 48 qonuni” kitobida bayon etilgan va biz tanlagan mavzuga daxldor, alalxusus, oʻzimiz tarjima qilgan bir voqeaga eʼtibor qaratsak.

 

Milodga qadar 431-yili Pelopon urushi arafasida Kerkira (keyinchalik Korf nomini olgan) oroli bilan Korinf shahar-davlati oʻzaro jang ostonasida turardi. Ikkala tomon ham ittifoq tuzish maqsadida Afinaga elchilar joʻnatadi. Dovga juda katta narsa tikilgan: Afina bilan ittifoqchi boʻlish urushda muqarrar gʻalaba erishishni anglatadi. Magʻlubiyat esa hamma narsadan butunlay mahrum boʻlish bilan teng.

 

Birinchi boʻlib Kerkira elchisi soʻz oladi. U ikki davlat oʻrtasida avvallari doʻstlik, ittifoqchilik aloqalari boʻlmagani, aksincha, Kerkira Afinaning dushmanlari bilan doʻstlashganini aytib, hozirgi sharoitda mamlakati taqdiri uchun qoʻrquvga tushgani bois yukunib kelganiga urgʻu beradi. Biz sizga faqat kelgusida ikki tomon uchun ham manfaatli boʻlgan ittifoq tuzishnigina taklif qila olamiz, deydi elchi. Oʻsha paytda Kerkiraning floti qudrat va son jihatidan faqat Afinadan ortda edi. Bu ikki davlatning floti birlashsa, Afinaning dushmani Sparta uchun dahshatli kuchga aylanardi. Kerkira elchisi bundan boshqa hech narsa taklif qila olmaydi.

 

Ikkinchi boʻlib soʻzga chiqqan Korfin elchisi mohir notiq edi. U oʻz soʻzini ikki davlat oʻrtasida uzoq yillardan buyon davom etib kelayotgan mustahkam doʻstlikni eʼtirof etishdan boshlaydi. Korfinning Afinaga qilgan xizmatlari, yordamlarini bir-bir sanab oʻtadi. Keyin biz bilan emas, mabodo dushmanimiz Kekira bilan ittifoq tuzsangiz, Korfin Afina bilan barcha doʻstona aloqalarini uzadi, deb biroz tahdid ham qiladi va oxirida biz sizga doimo yordam berib kelganmiz, endi qarzingizni uzadigan payt keldi, deydi.

 

Ikki tomon elchilarini tinglab boʻlishganidan soʻng Afina vakillari muhokamaga oʻtishadi va qaror qabul qilish muhlati yetganda oʻzlariga doʻst boʻlgan Korfinga qarshi Kerkira bilan ittifoq tuzish uchun yakdillik bilan ovoz berishadi.

 

Qadimgi Yunonistonda afinaliklar eng sogʻlom fikr yuritadigan odamlar sifatida tilga olinadi. Ular uchun doʻstlik xususidagi hayajonli gaplardan, Afinaning qudratini oshiradigan taklif afzal edi. Korfin elchisi oʻz mamlakatining Afina oldidagi xizmatlarini pesh qilib erishgani bor-yoʻgʻi afinaliklarning gʻazabini qoʻzitish boʻldi. Chunki kimgadir oldingizda qarzdorligini eslatish hamisha teskari natija bergan. “Odamlarga sizning manfaatlaringizni ilgari surish oʻz manfaatlariga xizmat qilishini yaqqol koʻrsatib bering – bu gʻalabaga olib keladigan qisqa va maqbul yoʻldir”, deb yozadi Jan De Labryuyer (1645–1696).

Zamonaviy dunyoda esa milliy manfaatlar kurashida qadim davrlardan hodis boʻlib kelayotgan voqealar sirasiga “yangi qadriyat” qoʻshildi. AQSHning 1981–1989-yillardigi 40-prezidenti Ronald Reygan tili bilan aytganda, “ha u itvachcha, ammo bizga tegishli itvachcha”. Bu qanotli ibora xalqaro siyosatda mazmunan bir, ammo yondashuv ikki xil boʻlgan voqelikni aks ettiradigan boʻldi. Ochiqroq aytganda, qudratli davlatning milliy manfaatlariga oʻsha vaziyatda xizmat qilib turgan boʻlsangiz, sizning barcha ayblaringizdan koʻz yumiladi, aksincha boʻlsa – tamom: barcha ayblar gardaningizga agʻdariladi. Bunday “siyosat”ning urchishiga “lobbistik guruhlar” ham faol xizmat qiladi.

 

Xalqaro miqyosda “ikki xil standart” qoʻllanayotganiga misollar keragidan ham ortiqcha boʻlsa-da, birgina voqeani eslash bilan cheklanamiz: 2020-yil 27-sentyabrda Ozarbayjon qariyb 30 yildan buyon Armaniston bosqinida qolgan hududlarini ozod qilish uchun “Vatan urushi”ga kirishadi. Janglar Ozarboyjonning xalqaro doirada tan olingan qonuniy hududlarida kechadi. Ammo “kollektiv Gʻarb”ning ayrim “demokratik doiralari” agressiya qurboni boʻlgan Ozarboyjonni agressiyada ayblay boshladi. Hatto sanksiyalar joriy qilishga urinishlar kuzatildi. Oʻsha kunlari boshqa davlat hududini bosib olgan Armanistonga qarshi 30 yil damini chiqarmagan Gʻarbning baʼzi siyosiy guruhlari ohu faryodi olamni tutdi.

 

Janubiy Kavkaz voqealari bugun har qachongidan ham milliy manfaatlar uchun kurash keskin tus olganini yana bir bor namoyish qilish bilan birga bu kurashda “Axborot urushi” old qatorga chiqqanini ham yaqqol koʻrsatib qoʻydi. Besh asr avval Alisher Navoiy hazratlari aytgan ogoh boʻlsang, dunyo hukmronligiga erishasan, degan moʻtabar fikr bugun shunday bir ahamiyat kasb etdiki, uning miqyosi odam bolasi aql-shuuriga sigʻmayapti. Jahon afkor ommasiga taʼsir koʻrsatish, xalqaro jamoatchilik fikrini oʻz manfaati oʻzaniga qarab burish va bu orqali zarur qarorlar qabul qilinishiga erishishda jahon axborot makonida kimning ovozi balandroq va asosliroq yangrayotgan boʻlsa, oʻsha gʻolib kelmoqda. Shu nuqtayi nazardan malakali jurnalistlar, blogerlar, siyosatshunoslar, ekspertlar davlat va uning milliy manfaatlari uchun qanchalik zarurligini Ozarboyjon va Armaniston oʻrtasidagi ikkinchi Qorabogʻ urushi yaqqol koʻrsatdi.

 

Voqealar rivojini koʻzdan kechirib va tahlil qilib bir narsaga amin boʻldik: Ozarboyjon urushga nafaqat iqtisodiy, siyosiy-diplomatik va harbiy-texnikaviy jihatdan, shu bilan birga, xalqaro media resurslarda Ozarboyjonning nuqtayi nazarini jahon jamoatchiligiga yetkazuvchi va himoya qiluvchi jurnalistlar, siyosatshunoslarning katta bir avlodini ham tayyorlab qoʻygan ekan. Urush vaqtida voqealarni xolis tahlil qilish va hozirgacha ikki davlat oʻrtasida boʻlib oʻtayotgan tinchlik muzokaralari (Bryussel, Vashington, Moskva, Sochi, Tbilisi), chegarada sodir boʻlayotgan provakatsiyalarni oʻz vaqtida, operativ sharhlash, xalqaro jamoatchilik fikrining bir tomonga ogʻib ketishiga yoʻl qoʻymaslik uchun Rasim Musabekov, Rizvan Guseynov, Farxad Mamedov, Ramiz Yunus, Ali Gadjizade, Eldar Namazov, Agil Rustamzade, Tofik Zulfugarov singari taniqli siyosatshunoslar jonbozlik koʻrsatishmoqda. Vaholanki, birinchi Qorabogʻ urushi davrida (1991–1994) Ozarboyjon nafaqat frontda, shu bilan birga axborot urushida ham yutqazgan edi. 20-25 yil ichida Ozarboyjonda yuksak malakali, xalqaro miqyosda tan olingan siyosatshunoslarning yangi avlodi paydo boʻldi.

 

Qissadan hissa shuki, atrofimizda va dunyoda sodir boʻlayotgan voqealardan xulosa chiqarishimiz, bu xulosalar ichida esa milliy siyosatshunoslar, xalqaro ekspertlar, siyosiy sharhlovchilarning zamonaviy dunyoda kechayotgan jarayonlarni teran anglaydigan yangi avlodini (“Yangi avlod” deganda faqat yoshlarni nazarda tutayotganim yoʻq) shakllantirishimiz Oʻzbekiston milliy manfaatlarining yangi arxitekturasida eng asosiy oʻrinlardan birini egallashi lozim.

 

Xullas kalom, xalqaro munosabatlarni Milliy Manfaat boshqargan va bundan keyin ham boshqaradi. Boshqacha boʻlishi mumkin emasligini koʻhnayu yangidan-yangi tarixlar koʻrsatib turibdi. Milliy manfaatlarni aniq tasavvur qilib, toʻgʻri belgilab olish esa ham taktik, ham strategik salohiyat, zehn va tafakkurni talab qilishi kundek ravshan.

 

Jaloliddin SAFOYEV.

Oyina.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16816
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi