Kommunistik mafkuradan voz kechmagan “Xitoy orzusi” nima?


Saqlash
18:05 / 29.05.2023 1246 0

Xitoy – qadimiy tamaddun o‘choqlaridan biri, to‘rt ming yildan ziyod tarixga ega o‘lka. Asrlar davomida o‘ziga xos madaniy-axloqiy qadriyatlariga ega bo‘lgan mamlakat bugungi globallashuv davrida milliy manfaatlarga mos mafkurani shakllantirish borasida izlanmoqda.

 

Ma’lumki, sobiq Ittifoq tanazzulga yuz tutgach, ixtiyoriy-majburiy tarzda birodarga aylantirilgan sotsialistik davlatlar quramasi ham ko‘z yumib-ochguncha parchalanib ketdi. Hurlikka erishgan ittifoqdosh respublikalar kommunistik mafkuradan voz kechib, demokratik jamiyat qurishga bel bog‘ladi. Sobiq sotsialistik lager vakillarining bu yo‘ldagi urinishlari silliq va ravon kechayotgani yo‘q albatta. Goh yutuq, goh yutqiziqlar bilan davom etmoqda bu jarayon.

 

Yer yuzidagi sanoqli davlatlar safida Xitoy ham kommunistik mafkuraga sodiq qolmoqni afzal bildi. Chin siyosatchilari sho‘ro saltanatining qulashiga birinchi galda uning hayotdan butunlay uzilib dogmaga aylangan mafkurasi sabab bo‘lganidan xabardor edi. Shunga ko‘ra kommunistik tartib hayot talablariga qayta moslashtirilib, bozor islohotlariga keng yo‘l berildi, davlat mafkurasi zamonga moslashuvchan bo‘lishiga e’tibor qaratildi. Aksar qismi qashshoqlikda yashayotgan aholi turmushini o‘nglash, farovonligini oshirish iqtisodiy islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi.

 

Xitoy azaldan o‘z davlatchiligining dunyoda ustun mavqega ega ekaniga urg‘u berib kelgan. O‘lkada asrlar davomida hukm surgan dunyoqarashga ko‘ra, Yer yuzidagi barcha mamlakat va xalqlar imperator – osmonosti tojdoriga bo‘ysunmog‘i lozim edi. “O‘zgalarga o‘xshamaslik” tamoyiliga asoslangan siyosiy tafakkur Xitoyning xalqaro maydonda yolg‘izlanishi, taraqqiyotdan ortda qolishiga olib keldi. XIX asrda mamlakatga yevropaliklar kirib kelgach, hukmron dunyoqarashning tagi puch ekani ayon bo‘ldi. Tarix sahifalariga “Afyun urushlari” sifatida muhrlangan janglarda Buyuk Britaniya qo‘shini uyushtirgan qaqshatqich hamlalar o‘lka allaqachon qoloqlikka yuz tutganini yaqqol isbotladi. Moziyning mustamlakachilik bilan bog‘liq qora sahifalari xitoylik ahli tafakkur uchun achchiq saboq bo‘ldi. O‘shandan buyon jamiyat ulkan xatoni takrorlamaslik maqsadida taraqqiyot yo‘lini doimiy tahlil-taftish etib boradi.

 

Hozir ham Xitoy siyosiy tizimida mafkura taqdirulamal vazifani bajaradi. Taraqqiyot modeli, milliy manfaatlar, davlat ahamiyatiga ega loyihalar mazmun-mohiyati mafkura mezoniga ko‘ra belgilanadi. Bugungi kunda Xitoy ichki va tashqi siyosati sabab xalqaro maydonda bot-bot tanqid qilinishi sir emas. Mamlakat rahbariyati ana shunday omonsiz raqobat muhitida aholini yagona maqsad yo‘lida jipslashtirishda ham g‘oyaga tayanadi.

 

Yaqin vaqtlargacha Xitoyda G‘arbga xos hayot tarziga qiziqish yuqori bo‘lib, shaxs erkinligi ayricha qadrlanar edi. Biroq 2013-yilda hokimiyat tepasiga Si Szinpin kelgach, mafkuraviy maydonda ham tub o‘zgarishlar yuz berdi. Davlat yetakchisi “yangi davrda xitoycha xususiyatlarga ega sotsializm” qurish g‘oyasini e’lon qildi, muxoliflarga nisbatan murosasizlik kuchaydi. Kommunistik partiyada keng qamrovli aksilkorrupsiya tadbirlari o‘tkazilib, yuz minglab a’zolarga qarshi jinoiy ish ochildi. “Tozalash” tadbiri fuqarolarda “davlat rahbariyati ochiq va adolatli siyosat yuritmoqda”, degan fikrni shakllantirmoq uchun ham kerak edi.

 

Chin yurti iqtisodiy taraqqiyot borasida ulkan yutuqlarga erishgan bo‘lsa-da, demokratiya va shaxs erkinligi bobida e’tirof qozona olmadi. Shu sabab ham jamiyatda Xitoy madaniyati va an’anaviy turmush tarzi G‘arb qadriyatlaridan ustun degan dunyoqarashni shakllantirish zarurati tug‘ildi. Aholini “begona qadriyatlar”dan himoya qilish va milliy mafkura tegrasida birlashtirish ustuvor vazifaga aylandi.

 

Mamlakatda marksizmga asoslangan kommunistik mafkura hanuz yetakchi o‘rin egallaydi. XX asr o‘rtalarida, Xitoy Xalq Respublikasi tashkil etilgan dastlabki davrlarda Karl Marks ta’limoti xalqni chet el bosqinchilariga qarshi kurashga safarbar etish, urushdan keyin vayrongarchiliklarni bartaraf qilishda o‘ziga xos mayoq vazifasini o‘tagan edi. O‘tgan vaqt mobaynida hukmron mafkura evrilishga uchradi. XXR asoschisi Mao Szedun davrida marksizm qonun-qoidalari jamiyat hayotini to‘liq nazorat qilgan, aholi turmushi butkul siyosiylashtirilgan bo‘lsa, keyinchalik “islohotlar me’mori” Den Syaopin sotsialistik bozor iqtisodiyoti barpo etish dasturini amalga tatbiq etdi.

 

Xitoyda ko‘ppartiyaviylikka asoslangan raqobat muhiti yo‘q, monopol mavqedagi kommunistik partiya 100 millionga yaqin a’zoga ega. Shunday bo‘lsa-da, davlat boshqaruv tizimi barqaror faoliyat yuritmoqda. Bu fenomenal holatni Xitoy xalqining asrlar davomida shakllangan hukmdorga sodiqlik va odil boshqaruv xususidagi siyosiy tafakkuri bilan izohlash mumkin.

 

Marksizm ta’limoti o‘tgan asrda Xitoyda keskin sinfiy kurashlarga sabab bo‘lgan esa, u hozirgi vaqtda jamiyatni birlashtiruvchi bosh g‘oya o‘laroq qabul qilinadi. Shunga ko‘ra ijtimoiy adolat va tenglikni ta’minlash, jamiyat turli qatlamlari manfaatlarini inobatga olish, boyliklarni adolatli taqsimlash, muhtoj tabaqani ijtimoiy himoya qilishga katta e’tibor qaratiladi. Bozor tamoyillari ustuvor bo‘lgan, millionlab xususiy kompaniyalar faoliyat yuritayotgan bir vaqtda milliy iqtisodiyotda yetakchi hisoblangan yuzlab gigant korxonalar davlat tasarrufida qolayotir. Hukumat bu holatni “taraqqiyot muayyan guruhlar emas, balki umumxalq manfaatlariga xizmat qilmog‘i lozim” ekani bilan asoslaydi.

 

Azaldan Osiyo xalqlari madaniyatida jamoa manfaatlarini shaxs manfaatlaridan ustun qo‘yish urf bo‘lib kelgan. Inchunin, xitoyliklar hayotida ham ziddiyat va nizolarga berilmaslik, hokimiyat va hukmdorga sadoqat, siyosiy an’analarga hurmat ruhi muhim o‘ringa ega edi. “Osmonosti o‘lkasi”da adolatli boshqaruv haqidagi qarashlar, G‘arb siyosiy madaniyatidan farqli ravishda, asosan hukmdorning odob-axloqi va odilligi bilan bog‘liq mazmunni o‘z ichiga oladi.

 

Har qanday mafkura davr o‘tishi bilan yangi talab-tamoyillarga moslashmog‘i lozim. Xitoyda ham hukmron mafkurani bugungi davr bilan uyg‘unlashtirish dolzarb masalaga aylangan.

 

XXI asr boshida mamlakat mafkura maydonida marksistik qarashlar bilan bir qatorda konfutsiychilik, daosizm kabi an’anaviy ta’limotlar ham ommalasha boshladi. Ayniqsa, aholi orasida bir necha ming yillik tarixga ega konfutsiychilikning ta’siri ortdi. Konfutsiy ta’limoti hokimiyat legitimligini mustahkamlash, globallashuv jarayonida milliy o‘zlikni saqlash vositasi o‘laroq qo‘llandi. Lekin konfutsiychilikning G‘arb madaniyatiga qarshi qo‘yilishi liberalizm bilan bir qatorda marksizm uchun ham kuchli zarba bo‘ldi. Ushbu ta’limot tarafdorlarining fikricha, Yevropada shakllangan marksizm-leninizm g‘oyalari mamlakatni to‘liq g‘arblashuvga yetaklaydi, binobarin, zamonaviy muammolarga G‘arb siyosiy demokratiyasidan farqlanuvchi, “insoniy boshqaruv”ga asoslangan konfutsiylik maqbul yechim bo‘la oladi. Kommunistik partiya ishboshilari ham marksizmni isloh etish, ta’bir joiz bo‘lsa, xitoylashtirishda Konfutsiy g‘oyalaridan samarali foydalanmoqda.

 

Xitoyning milliy taraqqiyot bobida o‘t va suv kabi bir-biriga ters tushuncha va g‘oyalar o‘rtasida uyg‘unlikni topishga qaratilgan sa’y-harakatlarini teran tadqiq etmoq lozim. Boya qayd etganimizdek, Xitoy rahbariyati sotsialistik davlatlar orasida birinchilardan bo‘lib bozor islohotlariga kirishdi, iqtisodiyotda sotsialistik va kapitalistik ishlab chiqarish turlaridan qay biri afzal ekani haqidagi nazariy bahslarni bir chetga surib, ko‘proq amaliy ishlar bilan shug‘ullandi. Sirasini aytganda, iqtisodiy siyosat G‘arbga xos taraqqiyot modeli asosida yuritildi. Yillar o‘tib islohotlar o‘z mevasini berdi, ishlab chiqarish bobida misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishgan Xitoy dunyoning ikkinchi raqamli iqtisodiyotiga aylandi, yuz millionlab insonlar qashshoqlik domidan xalos bo‘ldi. Qizig‘i, ana shunday sharoitda ham davlat iqtisodiyotda yetakchilik rolini bermay kelmoqda.

 

Pekin hukumati siyosiy tuzum va g‘oyaviy qarashlariga nisbatan tanqidlarga faol javob berishga intiladi. Masalan, AQSh Davlat departamentining dunyo mamlakatlari bo‘yicha yillik hisobotlarida Xitoy inson huquqlari poymol etiladigan avtokratik davlat sifatida baholanadi. Xitoy ham Amerikada inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat haqida javob hisobotlar e’lon qilib boradi. Pekin rasmiylari fikricha, Qo‘shma Shtatlar inson huquqlari masalasidan boshqa mamlakatlarning obro‘sini to‘kish uchun siyosiy qurol sifatida foydalanadi.

 

Xitoyda aholini rasmiy mafkuraga zid, xorijiy axborot manbalari tarqatadigan yot g‘oya va zararli axborotdan muhofaza qilish maqsadida internet makonida “Oltin devor” deb nomlangan dastur ishlab chiqilgan. Shu tariqa davlat siyosati va partiya qadriyatlariga gard yuqtiradigan axborotlar yo‘li to‘siladi. Internet foydalanuvchilari cheklovlar sababli aksariyat hollarda xorijiy axborot manbalaridan foydalana olmaydi. Chet el saytlaridan foydalanish uchun tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lish talab etiladi.

 

Ijtimoiy barqarorlikka putur yetkazadigan har qanday ma’lumot jamiyat uchun zararli deb topilishi mumkin. Hozir Xitoyda 50 mingdan ziyod xodim internetdagi ma’lumotlar mazmunini kuzatib boradi.

 

Albatta, zamonaviy axborot jamiyatida ko‘p millionli aholiga bir xil nuqtai nazarni singdirish deyarli imkonsiz ish. Biroq hukmron partiya birinchi navbatda odamlarning asosiy masalalarda u bilan yakdil bo‘lishini istaydi.

 

Xitoyning xalqaro miqyosda qudrati oshib borgani sari uning dunyo mafkura maydonidagi o‘rni borasida turli taxminlar paydo bo‘ldi. Binobarin, Pekin rasmiylari mamlakat tashqi siyosatida mafkura masalasiga ehtiyotkorlik bilan yondashadi. Dunyoda kommunizmga nisbatan ishonchsizlik, salbiy munosabat ildiz otgan vaziyatda Xitoy tashqi siyosatda muqobil g‘oyalarni ko‘rib chiqishga majbur. Sirtdan qaraganda, tashqi siyosat mafkura omilidan yiroq, hukumat iqtisodiy manfaatlarga xizmat qiluvchi kuchli pragmatizmga tayanadi, degan yanglish xulosaga kelish mumkin. Aslida esa Chin o‘lkasi ishboshilari allaqachon tashqi dunyoga mo‘ljallangan mafkurani shakllantirish taraddudiga tushgan.

 

Liberalizm va demokratik davlat ta’limoti “sovuq urush” yakuniga yetgandan to bugungi kungacha dunyo mafkura maydonida asosiy o‘rinni egallab kelayotgan edi. Ammo keyingi yillarda Yaqin Sharqdagi islom fundamentalizmi, Yevropa populizmi, Xitoy an’anaviy qadriyatlari liberalizmga jiddiy raqobat tug‘dirmoqda. AQShdan keyingi qudratli davlat hisoblangan Xitoy mafkuraviy qadriyatlari hatto liberalizm o‘rnini egallashi haqidagi faraz ham yangramoqda. Mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishi, xalqaro siyosatdagi faolligi, zamonaviy texnologiyalar sohasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishayotgani kabi ko‘plab omillar shu kabi bahsli fikrlarga doyalik qilayotgan bo‘lsa ajab emas. Qayd etish joizki, liberalizm xalqaro maydonda mushkul davrni boshdan kechirayotgan bo‘lsa-da, hali ham eng katta ta’sirga ega global mafkura bo‘lib qolmoqda. Hozirda uning kuchli raqobatchisi mavjud emas.

 

Xitoyning liberalizm o‘rniga muqobil mafkurani taklif qilishiga elita ichida mafkura borasida yagona to‘xtam mavjud emasligi ham to‘sqinlik qiladi. Mamlakat rahbariyati tashqi siyosatning mafkuraviy asoslarini belgilashda “umumiy taqdir hamjamiyati”, “uyg‘unlikda rivojlanish” kabi g‘oyalar, iqtisodiy pragmatizm yoki an’anaviy qadriyatlardan birini tanlashda ikkilanmoqda. Fikrimizcha, iqtisodiy pragmatizm Xitoyning xalqaro ta’siri kengayishida muhim ahamiyatga ega. Sababi, iqtisodiy o‘sishning real ko‘rsatkichlari aksar hollarda mamlakat imijini yaxshilaydi.

 

Yana bir jihat shuki, ichki hayotda hukmron mavqega ega marksizm tashqi siyosatda ta’sir kuchiga ega emas. Marksistik mafkurada demokratiyaning inkor qilinishi, sinfiy kurash, inqilobning targ‘ib qilinishi bugun demokratik jamiyat qurishga intilayotgan dunyo mamlakatlari tomonidan qabul qilinmasligi aniq. Buni to‘g‘ri tushungan hukumat marksizmdan tashqi siyosat quroli o‘laroq foydalanmaydi.

 

So‘nggi yillarda “Xitoy orzusi”, “xitoycha xususiyatlarga ega yangi davr sotsializmi” kabi istilohlar tez-tez tilga olinmoqda. Xususan, “Xitoy orzusi” zamirida dunyo xalqlarining o‘zaro manfaatli hamkorligini ta’minlash, iqtisodiy barqarorlikka erishish va yuqori turmush sharoitiga ega bo‘lish kabi maqsadlar mujassam.

 

Xalqaro maydonda qudrati tobora oshib borayotgan Xitoy global ta’sirga ega boshqa davlatlar singari g‘oyaviy qadriyatlarini ham dunyoga yoyishni istaydi. Bu borada turli usullardan foydalanilmoqda. “Til strategiyasi” ana shulardan biridir. 2014-yildan Si Szinpin g‘oyalarini xalqaro miqyosda ommalashtirishga kirishildi. Uning “Davlat boshqaruvi to‘g‘risida” nomli kitobi ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilinib, ko‘p million adadda nashr etildi. Shuningdek, Konfutsiy institutlari singari madaniy ta’sir markazlari kuchidan ham unumli foydalanilmoqda. G‘oyaviy ta’sir ko‘lamini kengaytirishda “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusi hamda rivojlanayotgan mamlakatlarga kredit berish mexanizmi ham muhim o‘rin tutadi. Xususan, “Bir kamar, bir yo‘l” loyihasining yutuqlarini tasvirlashda “yagona taqdir hamjamiyati” g‘oyasi ko‘p tilga olinmoqda. Unga ko‘ra, dunyo davlatlari birgalikda tinch rivojlanishi va bir yoqadan bosh chiqarib uyg‘un dunyoni qurishi kerak.

 

Xitoydagi mafkuraviy manzara murakkab va o‘ziga xos ekanini yana bir karra ta’kidlash o‘rinlidir. Jamiyatda mustahkam qaror topgan tarixiy mafkura va qarashlar milliy manfaat hamda milliy qadriyatlar asosida zamonaviy tushunchalar bilan boyitib boriladi. Bu esa ijtimoiy bo‘hronlar, keskin sakrashlardan muhofaza etadi.

 

So‘nggi yarim asr mobaynida Xitoy murakkab iqtisodiy va siyosiy yo‘lni bosib o‘tdi. Iqtisodiyoti zaif, kambag‘al davlat dunyoning eng qudratli mamlakatlaridan biriga aylanishida mafkuraviy o‘zgarishlar qay darajada ahamiyat kasb etdi? – bu jiddiy tadqiqotlarga undaydigan masaladir.

 

Ta’kidlash lozimki, Xitoy mafkurasining negizini tashkil qiluvchi marksizm mamlakat ravnaqida muhim o‘rin tutgan bo‘lsa-da, XX asrning 50–60-yillarida millionlab insonlarning yostig‘ini quritgan “katta sakrash”, “madaniy inqilob” kabi siyosiy tajribalar ham ayni shu g‘oya ta’sirida amalga oshirilgan edi.

 

Mafkuraning butun jamiyat hayoti, kundalik turmushning har bir jabhasini nazorat qilishga intilishi salbiy oqibatlarga olib kelishi sir emas. Buni 1978-yilga qadar Xitoyda kuzatilgan holat ham tasdiqlaydi. Oqibatda mamlakat qoloqlik va turg‘unlikka yuz tutdi. Den Syaopin rahbarligida amalga oshirilgan islohotlar natijasida jamiyat erkinlashdi, iqtisodiy siyosat mafkuradan xoli etildi, mahdud davlat dunyoga yuz burdi. Ammo Xitoyda mafkura orqali jamiyat hayotini to‘liq nazorat qilish, uni siyosiylashtirishga intilish yana kuchaymoqda. O‘n yil avval davlat tepasiga kelgan Si Szinpin Xitoy siyosatida oxirgi vaqtlarda shakllangan an’anaga chek qo‘yib, Kommunistik partiyaning 2022-yil oktabrdagi syezdida uchinchi marta rahbarlikka saylandi. Bu hodisa mamlakatda so‘z erkinligining, fuqarolar huquqlarining cheklanishiga oid xavotirlarni yuzaga keltirdi. Tahlilchilar fikricha, COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlarga qarshi namoyishlar, ushbu xastalikdan vafot etayotganlar soni oshib borayotgan murakkab bir vaziyatda fuqarolar hayotini butunlay nazorat qilishga urinish aks natija berishi mumkin.

 

Aksar davlatlarda muvaffaqiyatsizlikka uchragan sotsializm ta’limoti Xitoyda istisno tariqasida ijobiy natija bergani bu xalqning umumiy maqsad yo‘lida jipslashuvi, mehnatkashligi, qolaversa, hukmron mafkuraning taraqqiyot talablariga ko‘ra isloh etilgani singari omillar bilan izohlanadi. Sotsializmga asoslangan Xitoy taraqqiyot tajribasi, rivojlanishni vaj qilgan holda, so‘z va matbuot erkinligi, shaxs hurligi kabi qadriyatlarni cheklash mumkin ekan, degan yanglish xulosaga olib kelmasligi kerak.

 

Avazbek SHERMATOV

 

Ma’naviy hayot jurnali, 2023-yil 1-son.

“Xitoy: mafkuraviy g‘ovlar osha” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16819
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi