Yangi O‘zbekiston xalqi buyuk maqsad yo‘lida bitta qalbga aylandi


Saqlash
17:05 / 08.05.2023 1163 0

 Butun kuchni xalq ichidan olaylik,

Quchoq ochib xalq ichiga boraylik!

Cho‘lpon

 

“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “Yangi” so‘ziga shunday izoh beriladi: “Ilgari bo‘lmagan, endi yuzaga kelayotgan”. Birgina “yangi” so‘zi “yangilik, yangicha, yangilangan” kabi so‘zlarga ham uyg‘un. Ana shu ma’noda har bir so‘z mohiyatiga ko‘ra o‘z yuki, ruhi, qalbi, ildiziga ega. Ko‘rib turganingizdek, “Yangi” so‘zi mohiyatida ilgari kuzatilmagan yondashuv, rivojlanish, taraqqiyot, miqdor va sifat o‘zgarishlari bor. Ijodiy nuqtai nazardan qaraganda esa, inson qalbida ilhom, shijoat, zavq, bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishtiyoqini alangalatuvchi, uyg‘otuvchi ruh bor. Jadid ma’rifatparvarlari bejiz millatni uyg‘otuvchi ma’rifiy isyon to‘lqiniga “jadid-yangi” so‘zini asos qilib olishmagan. Yangi so‘zi yuragiga quloq solsangiz u orzular, niyatlar ro‘yobi, ezgu duolar ijobatidan so‘zlaydi.

 

2016-yil Prezidentimiz qalbida nur sochgan buyuk orzuning “Yangi O‘zbekiston” deb atalishi bejiz emas. Zero, kuni kecha umumxalq muhokamasi – Referendumda xalqimiz irodasi bilan qabul qilingan yangilangan Konstitutsiya ham mohiyatan yangi uyg‘onish, taraqqiyot sari boshlaydi. Ha, “Yangi” so‘zining mohiyatidan farovonlik, baxt, munavvarlik, shodumonlik, quvonch nafasi keladi. 36 million insonni ulug‘ maqsad yo‘lida milliy birlikka erishtirgan, yagona O‘zbekiston xalqi sifatida buyuk maqsad yo‘lida bitta qalbga aylantira olgan yangi davr, yangi qadamlar muborak bo‘lsin, aziz vatandoshim!

 

Ulug‘ xalq orzusiga monand ulug‘ niyat

 

Buyuk o‘zbek shoiri Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponning “Butun kuchni xalq ichidan olaylik, Quchoq ochib xalq ichiga boraylik!”, degan so‘zlarini bejiz tilga olmadik. Zero, shoir ta’kidlaganidek, katta qalb, xalqparvarlik, farzandlik mehri ila quchoq ochib xalq ichiga kirish, uning qalbiga nazar tashlab, orzu-umidlari, niyatlarini ro‘yobga chiqarish, og‘riqlariga malham bo‘lishni o‘z hayotining mazmuni, farzandlik burchi deb bilgan yurt sarvari, uning o‘z xalqi baxti saodatini ko‘zlab o‘ylagan niyatlari ijobatiga shu xalqning o‘zi kuch beradi, ruh beradi. Bu kuch va ruh mohiyatida “ishonch” degan qutlug‘ so‘z mujassam bo‘ladi.

 

“Yangi O‘zbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo‘lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to‘la javob beradigan obyektiv zaruratdir”. Davlatimiz rahbarining ushbu so‘zlari bugungi islohotlar, shunchaki islohot uchun emas, ulug‘ maqsadlarga pillapoya bo‘luvchi tarixiy o‘zgarishlar yo‘li ekanligini yaqqol namoyon etadi. Aynan ana shu maqsadda islohotlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan jamiyatimiz a’zolarining bilim va salohiyati, kuch va imkoniyatlari azm-u shijoatga aylanmoqda.

 

Ana shu azm-u shijoatning yana bir ifodasi sifatida Referendumda xalqimiz asl vatanparvarlik, faollik, katta ishonch bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni qo‘llab-quvvatlab, “Yangi O‘zbekiston orzusi”, uning ro‘yobi uchun ovoz berdi. Bu shunchaki oddiy hodisa emas, tarixiy voqeadir. “Bahorning qanday kelishi, uning nafasidan ma’lum”, deydilar. Shu ma’noda, amalllarning qanday bo‘lishi, unga kuch va ruh beruvchi niyat mohiyatiga bog‘liq.

 

30-aprel O‘zbekiston xalqi hayotida unutilmas kun bo‘ldi! Millionlab yuraklarning xohish-irodasi o‘laroq, yangi O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi kuchga kirdi! Mamlakatimiz fuqarolarining 15 million 34 ming 608 nafari yoki 90,21 foizi yoqlab ovoz berdi. Xalqimiz hamjihatligi, ma’naviy birligi, yuksak vatanparvarligini butun dunyoga namoyon etdi. Yangilangan Konstitutsiya xalqimizni bamisoli bayroqdek birlashtirdi.

 

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun bo‘yicha mamlakat saylov qonunchiligi me’yorlariga muvofiq o‘tkazilgan Referendumda MDH hamda uning Parlamentlararo Assambleyasi, YHHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, ShHT, Islom hamkorlik tashkiloti singari xalqaro tashkilotlar hamda AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Quvayt, Hindiston va boshqa xorijiy davlatlardan jami 258 nafar kuzatuvchi ovoz berish jarayonlarini kuzatdi va ezgu niyatli xalqimizning yakdil ovozini e’tirof va ehtirom etdi.

 

Ertangi kunga bo‘lgan yuksak ishonch butun xalqimizni yangi O‘zbekistonni barpo etish va yangi uyg‘onish davri poydevorini yaratishdek ulug‘ maqsad yo‘lida jipslashtirib, yanada kuchli va mustahkam qilmoqda. Konstitutsiyaviy qonun umumxalq ovozi bilan qabul qilindi. U xalqimizning farovon jamiyat, yuksak tarqqiy etgan qudratli davlat barpo etishdek ezgu oruzlari ro‘yobga chiqishida mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

 

Referendum yangi O‘zbekiston orzusi – barchamiz, mehnatkash, tinchliksevar xalqimizning ezgu maqsadi, hayotining ajralmas qismiga aylanganini butun dunyoga namoyon etdi. Negaki, yangilanayotgan Konstitutsiyamiz mohiyatida el-yurtimizning azaliy umid-niyatlari, yuksalish sari intilishlari o‘ziga xos aks etmoqda. Millionlab ko‘ngillardagi orzular, duolar, niyatlar unda mujassam.

 

 Muqaddas hadislarda “Barcha amallar niyatlarga qarab bo‘lg‘usidir”, deyiladi. Avvalo, shuni mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan kezlarda xolis niyat qilindi. Bu Konstitutsiya xalqchil bo‘lsin, har bir fuqaro o‘z taklifini bildirsin. Toki, uni xalq irodasi bilan umumxalq Referendumida qabul qilganimizdan keyin, har bir O‘zbekiston fuqarosi faxr bilan “Bu mening Konstitutsiyam!” deb ayta olsin. Ana shu jarayonda Prezidentimiz “Konstitutsiyaviy islohotlarimizning bosh maqsadi – inson qadri, xalq manfaatini amalda ta’minlashdir”, degan ulug‘ niyatni bildirgan edi. Boshlanayotgan yangi davrdagi o‘zgarishlarga fuqarolarimiz befarq bo‘lmadi, o‘zlari tashabbuskor bo‘lib, 220 mingdan ko‘p taklif berdi.

 

Pok niyatlar bilan boshlangan xayrli ishlar “Xalq yo‘li Haq yo‘li” degan ko‘hna naqlning hayotimizdagi yana bir munavvar ko‘rinishi bo‘ldi.

 

Yangilangan Bosh qonun buyuk davlat, buyuk tarix, buyuk madaniyat yaratgan xalq o‘zligidan so‘zlaydi

 

Har bir Konstitutsiya milliy ruh, ma’naviyat, xalq mentaliteti, o‘zligi, millat tarixi va madaniyati bilan uzviy bog‘langanda yanada xalqchillik kasb etadi. Yangilangan Konstitutsiyamizda bu jihatlar ifodasiga alohida e’tibor qaratildi. Biz bu ruhni Konstitutsiyamiz muqaddimasidayoq yaqqol sezamiz:

 

“Biz, O‘zbekistonning yagona xalqi, inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga sodiqligimizni tantanali ravishda e’lon qilib, demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalariga sadoqatimizni namoyon qilib, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish borasida hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatimizni anglagan holda, davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasiga, shuningdek, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosiga tayanib, mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini ko‘paytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil ahd qilib, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga asoslangan holda, O‘zbekistonning jahon hamjamiyati, eng avvalo, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarini hamkorlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash hamda rivojlantirishga intilib, fuqarolarning munosib hayot kechirishini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni, ko‘p millatli jonajon O‘zbekistonimizning farovonligini va gullab-yashnashini ta’minlashni maqsad qilgan holda, ushbu Konstitutsiyani qabul qilamiz va e’lon qilamiz”.

 

Endi Konstitutsiyamizni varaqlagan, u bilan tanishishni niyat qilgan har bir xorijiy mutaxassis, avvalo, muqaddimasidanoq bizning kimligimizni, buyuk davlat, buyuk tarix, buyuk madaniyat yaratgan xalq ekanimizni, qanday ulug‘ niyat va maqsadlar ila kelajakka qadam qo‘yayotganimizni, bugungi ulug‘vor niyatlarimiz mohiyatida buyuk ajdodlarimizning ulug‘vor ishlari bardavomligini anglaydi.

 

Asosiy qonunimiz muqaddimasida uch ming yildan ziyod davlatchilik tajribasi, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan ajdodlarimizning ilmiy, madaniy merosiga tayanib uni qabul qilayotganimiz bejiz ta’kidlaganmagan. Chunki har qanday kuchli taraqqiy etgan davlat asosida iqtisodiy va ma’naviy omillar mustahkam poydevor bo‘lib yotadi. Negaki, aynan ma’naviyat insonlar qalbida o‘zaro ishonch va hurmat, e’tibor, xalq va davlat kelajagini birgalikda qurish yo‘lidagi ezgu intilish, ibratli fazilatlarni kamol toptiradi. Yangilangan Konstitutsiyamizdagi qator moddalarda har bir fuqaroga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanishi, davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishi haqida g‘amxo‘rlik qilishi, tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinishi, oila, ota-ona va farzandlar burchi, ta’lim-tarbiya, ijtimoiy axloq bilan bog‘liq qator modda va normalar, avvalo, milliy o‘zligimiz asosiga qurilganligi bilan ajralib turadi.

 

Xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari!

 

“Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani ishlab chiqishda O‘zbekiston fuqarolarining misli ko‘rilmagan faolligi, bir tomondan, davlat rahbari olib borayotgan demokratik islohotlar siyosatini keng qo‘llab-quvvatlayotganidan, ikkinchi tomondan, Yangi O‘zbekistonni barpo etish maqsadlariga erishish samaradorligidan chuqur va samimiy manfaatdorligidan dalolat beradi”. Ommaviy axborot vositalari orqali juda ko‘p xorijiy olimlar, kuzatuvchilar fikrini o‘qib, to‘g‘risi g‘ururlandim. Ular qatorida Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori Sun Chjuanjining fikrlari asl voqelik e’tirofidir. Haqiqatdan ham, xalqimizning misli ko‘rilmagan faolligi xorijiy mehmonlarning nafaqat hayrati, havasini ham keltirdi. Bu chindan ham xalq konstitutsiyasi bo‘ldi.

 

Huquqshunos mutaxassislar, olimlarning aytishicha, dunyodagi ko‘p davlatlar konstitutsiyalari obro‘li, e’tiborli olimlar, huquq ilmining yetuk bilimdonlari tomonidan ishlab chiqilarkan. Shunga ko‘ra, ular nazariy asoslar, qonun tili, mazmun nuqtai nazaridan yuqori baholanar ekan-u, ammo ularda xalqchillik va xalq ruhi yetishmas ekan. Qaysiki davlatda uning asosiy qonunlari xalq xohish-irodasi bilan Referendum asosida qabul qilinsa, shu davlat fuqarolari “Bizning Konstitutsiyamiz chinakam xalqchil bo‘ldi”, deya faxrlanarkan. Negaki, aynan Referendum orqali Qonstitutsiyani qabul qilish, unga o‘zgartishlar kiritish bu eng insonparvar, xalqchil, yuksak demokratik yondashuv hisoblanadi. Bu jarayonda fuqarolarimiz befarq bo‘lmasdan, o‘zlari tashabbuskor bo‘lib, 220 mingdan ko‘p taklif bergani uning naqadar xalqchilligini ko‘rsatib turibdi.

 

Yana dunyo ekspertlari alohida e’tibor qaratgan muhim jihat shundaki, yangilangan Konstitutsiyamiz muqaddimasi “Biz, O‘zbekistonning yagona xalqi...”, deb boshlanadi. Mutaxassislar fikricha, bunday boshlanish boshqa dunyo konstitutsiyalarida uchramaydi. Shuning o‘zi ham yana bir karra xalqchil Konstitutsiya ekanligini namoyon etib turibdi.

 

Referendum o‘ziga xos vatanparvarlik, ma’naviy birlik, xalqimiz siyosiy madaniyatining o‘ziga xos ko‘zgusi bo‘ldi. O‘zbekiston tarixida birinchi marta mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan beshta siyosiy partiya, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan jami 43 mingdan ziyod vakil ovoz berish jarayonlarini bevosita kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Referendum uchastkalariga o‘rnatilgan videokameralar onlayn translyatsiya orqali ovoz berish jarayonlarini odamlar kuzatib bordi.

 

Ovoz berish kuni nafaqat O‘zbekistonda yashayotgan 130 dan ziyod millatga mansub fuqarolarimiz, balki xorijiy davlatlarda yashayotgan vatandoshlarimiz ham bayramona kayfiyatda, oilasi, farzandlari bilan ovoz berish jarayonlarida ishtirok etgani xalqimiz ma’naviy birligining namunasidir. Referendumda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz uchun 39 ta davlatda tashkil etilgan 55 ta Referendum uchastkasida ovoz berish imkoniyati yaratildi.

 

Bu kunning umr bo‘yi yoddan chiqmaydigan yana bir muhim jihati, unda turli kasb-kordagi, turli yoshdagi vatandoshlarimizning favqulodda faolligi bo‘ldi. Hatto yuz bilan yuzlashgan otalarimiz, momolarimiz, yangi oila qurgan kelin-kuyovlar, yuksak ishonch va umid bilan qatnashgan yoshlarimiz faolligi hammamizni to‘lqinlantirdi.

 

Har bir muhim masalani el-yurt bilan maslahatlashish bizning eng katta milliy qadriyatimiz hisoblanadi. Sohibqiron Amir Temur tuzuklarida eng muhim masalalarni mashvarat-u, maslahat bilan amalga oshirganini ta’kidlaydi.

 

“Inson qadri uchun!” tamoyili yangilangan qomusimizning yuragiga aylandi

 

Muqaddas dinimiz, buyuk allomalarimiz boy ilmiy va ma’naviy merosida ham inson – hayot gavhari, tengsiz mo‘jiza sifatida ulug‘lanadi.

 

Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratdi. Negaki, “Inson qadri uchun” g‘oyasini hamda hozirgi islohotlarning bosh tamoyili bo‘lgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuv Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyatiga chuqur singib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylandi. Inson qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi yangi tahrirdagi Bosh qonunimizning qator moddalarida muhrlab qo‘yildi.

 

Inson qadri, baxt-saodati, farovonligi hamma davrlarda buyuk ajdodlarimiz ta’limotlarining bosh mazmuni bo‘lib kelgan. Imom Buxoriy tarixga muhrlab ketgan muqaddas hadislardan tortib, Abu Nasr Forobiy ta’limotlari, Abu Ali ibn Sino va Abu Rayhon Beruniy qarashlari, Sohibqiron Amir Temur davlatchilik nazariyasi, Alisher Navoiyning gumanistik g‘oyalari mohiyatida ham insonparvar davlat tuzish maqsadi yotadi. Ana shu ma’noda, Konstitutsiyamizga kiritilgan xalqchil maqsadlarni ifodalagan normalar ajdodlarimiz orzu-niyatlariga hamohang ekanligini ko‘ramiz.

 

Jumladan, Abu Ali ibn Sino jamiyat kishilarning o‘zaro kelishuvi asosida qabul qilinadigan adolatli qonunlar yordamida boshqarilishi lozimligini ta’kidlaydi. Jamiyat a’zolarining hammasi bu qonunga itoat etishlari lozimligini uqtiradi.

 

Abu Nasr Forobiy esa, agar insonlar hamjihat farovon hayot barpo etish uchun zarur bo‘lgan axloqiy tamoyillar, fazilatlar, adolat, axloqiy xulq-atvor va boshqalar haqida yetarli bilimga ega bo‘lsa, erkinlik, tenglik, fazilatli hayot asosida mukammal jamoaga birlashishi mumkin deb hisoblaydi.

 

Sohibqiron Amir Temur o‘z davlatining kuch-qudratini oshirish va mustahkamlash uchun, birinchi navbatda, harbiy va eng muhim iqtisodiy islohotlar o‘tkazgani ma’lum. Ular zamirida donishmandlar aql-idroki, g‘oyalari mujassam edi. Ayniqsa, taraqqiyot uchun yagona davlat, o‘zaro totuvlik, qulay mulkiy va huquqiy sharoit yaratishga, xalq farovonligini ta’minlashga alohida e’tibor bo‘lgan.

 

Amir Temur hamisha inson manfaatlarini kuchaytirishga intilib, irqi, millati, dini va kelib chiqishidan qat’i nazar, insonlarning bir butun hududda yashashi mumkinligi to‘g‘risidagi “yagona makon” g‘oyasining ilk tashabbuskori edi.

 

Alisher Navoiy ijodi zamirida avvalo, inson va uning qadr qimmati turadi. Mutafakkir nazdidagi komil inson pok qalbi va niyatlari, ezgu so‘zi va amali bilan ham xalqqa foyda keltirishi kerak. El-yurt manfaati uchun kurashadigan kishilarni haqiqiy inson, deb ataydi.

 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz mohiyatida “O‘zbekiston ijtimoiy davlat” degan tushuncha yotadi. “Ijtimoiy davlat” tushunchasi “Inson qadri” tushunchasi bilan chambarchas bog‘liq. Ushbu g‘oyaning tub negizida, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, aholiga xizmat qilishdek olijanob maqsad mujassam. Ijtimoiy davlat har bir inson uchun ijtimoiy tenglik va adolat tamoyillari asosida munosib yashash sharoitini yaratib beradi.

 

Shuningdek, ijtimoiy davlat muhtojlarga uy-joy, yashash uchun zarur bo‘lgan iste’mol tovarlarining eng kam miqdori belgilab qo‘yilishini nazarda tutadi. Shaxs va uning oilasi munosib hayot kechirishi uchun yetadigan ish haqi, bandlikni ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, kambag‘allikni qisqartirishni talab qiladi.

 

Mamlakatimizda keyingi yillarda aholi turmush darajasini yuksaltirish, bandlikni ta’minlash, kafolatlangan sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam, barcha uchun teng imkoniyatlar yaratish, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida ham ana shunday ezgu maqsad bor.

 

Milliy davlatchiligimiz tarixini o‘rganganimizda ham “ijtimoiy davlat” tushunchasi shunga o‘xshash nomlarda ko‘plab uchrashiga guvoh bo‘lamiz. Masalan, Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri” asarida fozil shahar haqida bildirilgan fikrlar ham aynan “ijtimoiy davlat” tamoyilining mazmun-mohiyatiga uyg‘un.

 

Prezidentimiz ushbu tushunchani izohlar ekan, “Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, demakdir”, deya ta’rif bergan edi.

 

Nazarimizda, buyuk bobolarimiz orzu qilgan va o‘z asarlarida keltirgan “fozil shahar orzusi” “ijtimoiy davlat” tushunchasi mohiyatidagi xalqparvar yondashuvda mujassam.

 

Barcha sohalardagi o‘zgarishlar mohiyatidagi “Inson qadri uchun”, “Xalq roziligi” tamoyillari aynan ajdolarimizning buyuk qarashlari va orzulariga uyg‘un bo‘lgan xalqchil siyosat mohiyatini o‘zida aks ettirib turibdi. Shu ma’noda, yangi O‘zbekistonni barpo etishga kirishilgan ilk kunlardan boshlab davlatimiz rahbarining xalqimizga bo‘lgan cheksiz muhabbati va farzandlik ehtiromi bilan barcha sohalardagi islohotlar markazida bo‘lgan inson, uning qadri, huquqi, baxtli hayot kechirishi uchun unga sharoit va imkoniyatlar yaratib berish bilan bog‘liq ulug‘ niyati Konstitutsiyamiz markaziga olib chiqilib, insonparvarlik g‘oyasi yangilangan Bosh qonunimiz yuragiga aylandi.

 

“Mening Konstitutsiyam!”

 

O‘zbekistonda insonparvar, demokratik huquqiy davlat qurish – konstitutsiyaviy islohotlarning muhim maqsadiga aylandi. Referendum yakunlarini tahlil qilar ekanmiz, “Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdir”, degan xulosaga kelamiz. Shunday ekan, endilikda har bir vatandoshimiz “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi mening Konstitutsiyam!”, deb yuksak g‘urur bilan ayta oladi.

 

Ishsizlikdan himoyalanish, kafolatlangan sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam, barcha uchun teng imkoniyatlar, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ham ijtimoiy davlatning asosiy vazifasidir. Shular qatorida yashash uchun zarur resurslar – ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi, transport va boshqa qulayliklar bilan ta’minlanish, majburiy mehnatga taqiq qo‘yish ham ijtimoiy davlatda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Bir so‘z bilan aytganda, ijtimoiy davlatda hech kim e’tibordan chetda qolmaydi, o‘z muammolari bilan yolg‘iz tashlab qo‘yilmaydi.

 

Inson qadrini amalda eng oliy qadriyat darajasiga ko‘tarishga qaratilgan barcha amaliy ishlarimizning mustahkam huquqiy asoslarini yaratib, ertangi kunimiz, kelajagimiz qanday bo‘lishini belgilab oldik. Qizg‘in muhokamalar va ochiq, shaffof muloqotlar davrida xalqimizning huquqiy, siyosiy madaniyati, muloqat darajasi o‘sdi. Bu hayotimiz dunyoqarashimiz qanchalar yaxshi tomonga o‘zgarganligini namoyon etdi.

 

Shu bois, barchamiz Konstitutsiyaga kiritish taklif etilgan yangi norma va qoidalarni ong-u tafakkurimiz, qalbimizdan o‘tkazib, ularga xolis va haqqoniy munosabatimizni bildirdik. Kuzatishlarimizga yakun yasab shuni ayta olamizki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qilishimiz O‘zbekistonning yangi tarixiy taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yayotganini ko‘rsatuvchi muhim omil bo‘ldi.

 

Yangi O‘zbekistonni barpo etish uchun, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy-ma’naviy poydevor yaratildi. Yurtimizning inson huquqlari, demokratik islohotlar, ochiqlik, oshkoralik, shaffoflik borasidagi obro‘-e’tibori bir necha barobar ko‘tarildi.

 

O‘zbekiston yangilangan Konstitutsiya bilan yangi tarixiy taraqqiyot sari qadam qo‘yayotganini dunyoga namoyon etdi. Bu munavvar yo‘lning boshlanishi bo‘ldi. Referendum millati va elatidan qat’i nazar, yagona va qudratli O‘zbekiston xalqini yanada jipslashtirishga, ulug‘vor maqsadlar sari safarbar etishga xizmat qildi. Undagi faolligimiz bilan biz o‘zimiz, oilamiz, farzandlarimiz mana shu muqaddas zaminda yanada erkin va farovon yashashi uchun mustahkam poydevor yaratdik!

 

Minhojiddin MIRZO,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat

markazi rahbari

 

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi,

2023-yil 6-may, 88-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16815
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi