30 000 odamni qirgan, qalʼani qulatgan, ayollar va bolalarni oʻldirgan “qahramonlar” medali – “Georgiy tasmasi”dagi qora dogʻlar


Saqlash
20:05 / 05.05.2023 1841 0

9-may yaqinlashishi bilan “chipor tasma” bilan bogʻliq tortishuvlar, muhokamalar boshlanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda “Georgiy tasmasi”ni taqish kerakmi yo taqmaslik joizmi, qabilidagi bahslar avj oladi. Bir qarashda, beozordek koʻringan bir qarichgina matoning kimga ziyoni tegibdi, kim taqsa taqavermaydimi, deyish mumkin. Lekin uning ortida yashiringan haqiqatlarni hamma ham bilmaydi yoki bilishni istamaydi. Agar bilishganida, anglashganida, balki bu tortishuvlarga sabab qolmasdi...

 

Aslida bu tasma 1730 yillardanoq Rossiya imperiyasining ramziga aylangan. Qirolicha Yekaterina Ikkinchining farmoniga muvofiq, Usmoniylarga qarshi urushda jasorat koʻrsatgan harbiylarni ragʻbatlantirish maqsadida 1769-yilda “Avliyo Georgiy” ordeni taʼsis etilgan. Bu orden albatta qora-zargʻaldoq yoʻlaklardan iborat maxsus tasma bilan taqilgan. shuningdek, bu rangli tasma Chor Rossiyasining boshqa koʻpgina harbiy ordenlariga biriktirilgan. Xususan, 1881-yildagi mashʼum Koʻktepa jangida qatnashganlar uchun ham xuddi shunday tasmaga osilgan maxsus orden taʼsis etilgan boʻlib, uning nomi 1881-yil 12-yanvarda Koʻktepani qamal bilan olganlik uchun!” edi.

 

 

Xoʻsh, bu maxsus ordenga nomi kiritilgan Koʻktepa qayerda joylashgan, u yerda qanday karomat koʻrsatishganki, qamalchilarga mukofot berilgan? Koʻktepa bugungi Turkmaniston poytaxti Ashxoboddan 45 chaqirim narida joylashgan Eron bilan chegaradosh Axal viloyatiga qarashli shahar. Bu yerda azaldan turkmanlarning taka urugʻi yashab kelgan. Xiva xonligi, Buxoro amirligi va Eron Qojarlar davlatiga tobe boʻlgan turkmanlarning katta qismi XIX asr oxirlariga kelib, mamlakatlar oʻrtasidagi nizolar natijasida deyarli mustaqil maqomga ega boʻlishgan, har uchala davlat oraligʻida koʻchmanchi va yarim oʻtroq tarzda kun kechirishgan. Eron bilan bir necha bor urishgan Rossiya hukumati hamon mamlakatni egallashdan umid uzmagan, ammo u yerga kirib borish uchun avval turkmanlarni mahv etishga toʻgʻri kelardi. Qolaversa, janubdan inglizlarning ham kirib kelish xavfi kuchaya boshlagan, turkmanlarning inglizlar bilan aloqa oʻrnatgani maʼlum edi. Shu bois, Chor hukumati 1873-yilda Xiva xonligini boʻysundirgach, asosiy eʼtiborni turkmanlarga qaratadi. Ammo 1878-yilda general-leytenant Ivan Lazarev boshchiligidagi rus qoʻshinlarining turkmanlarga qarshi yurishi muvaffaqiyatsiz tugaydi. Uning oʻlimidan soʻng qoʻshinga general mayor Nikolay Lomakin rahbar etib tayinlanadi. Turkmanlar va ruslar oʻrtasidagi birinchi Koʻktepa jangi 1879-yil 9-sentyabr kuni boʻlib oʻtadi. Janglarda chiniqqan turkmanlarning jasorati tufayli bosqinchilar 500 ga yaqin jangchisidan ayriladi. Ruslar Turkiston zaminida shu vaqtgacha bu qadar katta qarshilikka uchramagan edi. Shundan soʻng Chor Rossiyasi rahbariyati turkmanlarga qarshi puxta yurishga hozirlik koʻradi. 1880-yilning boshida Ikkinchi Koʻktepa yurishi uchun genaral-leytenant Mixail Skobelev rahbar etib tayinlanadi. Skobelev sal avvalroq Qoʻqon xonligini zabt etib, xunrezlikda katta tajriba toʻplagan edi.

 

 

Ammo ruslarning katta qoʻshin bilan kelayotganini eshitgan turkmanlar ham jiddiy hozirlikka kirishadi. Qisqa fursatda Nurberdixon turkman boshchiligida katta qoʻshin toʻplanadi. Maʼlumotlarga koʻra, oʻsha paytda qoʻliga qurol olishga qodir boʻlgan taka turkmanlarning umumiy soni 45 mingdan ortiq boʻlgan. Skobelev 1880-yilning iyun oyida Krasnovodsk (hozirgi Turkmanboshi)ga 7200 nafar zamonaviy qurollarga ega askar va zobitlar bilan yetib keladi. Turkmanlar son jihatdan ustun boʻlsada, qoʻllarida qilich, nayza va qalqondan boʻlak qurollari boʻlmagan.

 

 

Tomonlar oʻrtasidagi dastlabki toʻqnashuv oʻsha yilning dekabr oyida boshlanadi. Ilk jangda rus sarkardalaridan biri Petrishevskiy halok boʻlgach, bosqinchilar katta talofat berib ortga chekinadilar. Ammo, kutilgan yordam kuchlarining yetib kelmasligi, zamonaviy qurollarning yoʻqligi urush taqdirini ruslar foydasiga hal qiladi. 72 ta toʻp, zamonaviy miltiqlar bilan qurollangan 5000 ga yaqin rus askari 1880-yilning 23-dekabrida yana turkmanlarga qarshi urushga kiradi. Shundan soʻng turkmanlar joylashgan qalʼa qamali 23 kun davom etadi. Aholi va askarlar tish-tirnoqlari bilan Koʻktepani himoya qilishadi. Tezroq gʻalaba qozonish istagida ruslar mingdan ortiq minalar bilan qalʼa devorlarini portlatib, ichkariga bostirib kiradilar. Qirgʻinbarot jangda mudofaachilarning deyarli barchasi shahid boʻladi. Erkaklarning katta qismi qirilib bitganidan soʻng ayollar va keksalar ham qoʻllariga qurol olib, oʻz yurtini mudofaa qilishga tushadi. Urushda bosqinchilarga qarshi mardonavor kurashgan Koʻnibek, Oʻrozmuhammad, Dikma Sardor, Choʻpon Botir, Tojikoʻk, Ogʻali, Goʻchquli singari yigitlar, Uzuk Xotun, Tumor qiz, Toʻrdigoʻzal ismli xotin-qizlar nomi tarixda qolgan.

 

 

General Skobelev qalʼani egallagach, shaharning kattayu kichik aholisini oʻldirishga, hech kimga shafqat qilmaslikka buyruq beradi. Maʼlumotlarga koʻra, kun boʻyi davom etgan qirgʻinda 30 000dan ortiq koʻktepalik oʻldirilgan, faqat bir necha ming kishi choʻlga qochib, jonini saqlab qolgan. Ruslar esa jangda hammasi boʻlib 1 104 nafar askaridan ayriladi. 1881-yilning fevral oyida Chor Rossiyasi ushbu mudhish gʻalaba munosabati bilan maxsus orden taʼsis etib, urushda qoʻli qonga botgan askar va ofitserlarini ushbu mukofot bilan taqdirlaydi. May oyiga kelib, turkmanlar yashaydigan hudud toʻla Rossiya tasarrufiga olinib, Kaspiy orti viloyati tashkil etiladi.

 

 

Oʻsha paytda jahon matbuotida bu dahshatli voqea haqida shov-shuv koʻtariladi. Qalʼada himoyachilar bilan birga boʻlgan ingliz ofitserlarning xabar berishicha, rus askarlari Skobelevning topshirigʻiga asosan, u yerda qolgan tinch aholiga nisbatan juda vahshiyona munosabatda boʻlgan va ommaviy qirgʻinlar uyushtirgan. Mixail Skobelevning oʻzi ham markazga yuborilgan xatlarida qalʼada 8 000 dan ortiq erkak, ayol va bolalar oʻldirilganini qayd etgan. Rus askarlarning Koʻktepadagi qilmishlari haqida Lev Tolstoyning qizi Tatyana Suxotina-Tolstaya oʻz kundaliklarida yozishicha, Skobelev aholini shafqatsizlarcha oʻldirishlari uchun askarlarni ichirib, mast qilishlarini buyurgan ekan.

 

 

Bu may oyi kelishi bilan fikrlar kerak, kerakmasga ajraladigan, ba'zilar buyam tariximizning bir parchasi deb himoya qiladigan (aslida ikkinchi jahon urushiga umuman aloqasi yoʻq uning), baʼzilarmiz faxrlanib koʻksimizga, mashinalarimizga, bolalarimiz kiyimiga taqib qoʻyadigan tasma bilan bogʻliq bir mudxish kechmish. Bunday tarixlar esa eh-he-e yana qancha... Xulosani va kelayotgan bayramni ushbu tasma bilan yoki usiz oʻtkazish qarorini esa oʻzingizga qoldiramiz.

 

Darvoqe, Turkmanistonda mustaqillikdan soʻng – 1991-yildan boshlab, 12-yanvar xotira kuni sifatida Koʻktepada qurbonlari yodga olinadi. 1995-yilda ularning xotirasiga atab, mamlakatdagi eng katta masjidlardan biri barpo etilgan. 2009-yilda esa bu qirgʻinbarot jang tarixiga bagʻishlangan “Koʻktepa” muzeyi ish boshlagan. Va bu yurt uchun, kelajak avlod uchun jon bergan minglab ajdodlar oldidagi qarzdorlik, minnatdorlik va insoniylikning bir koʻrinishi.

Rustam JABBOROV

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16810
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi