Amir Temur bunyodkorligi o‘z davri mualliflari tavsifida


Saqlash
11:09 / 30.09.2021 2029 0

Amir Temur bunyodkorligi deganda Sohibqiron tomonidanamalga oshirilgan keng qamrovli ishlar va uning natijasida barpo etilgan shaharlar, qo‘rg‘onlar, karvonsaroylar, bozorlar, rabotlar, sug‘orish tarmoqlari, ekinzorlar, bog‘-rog‘lar, masjidlar, xonaqohlar, maqbaralar ko‘z oldimizga keladi va ular haqida yozma ma’lumotlar o‘z davri mualliflari asarlarida yozib qoldirilgan.Ushbu maqoladamavzugadaxldorvoqeliklar ayrim misollartahlili orqali ifoda etildi.

Jome masjid. Bu haqda yozma manbalarda berilgan ma’lumotlar bir-birini to‘ldiradi. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida mazkur masjid qurilishi Amir Temurning oliy farmoni bilan yakshanba kuni, ramazon oyining to‘rtida, tarix sakkiz yuz birda (1399 yil 10 may) boshlangan. Qurilish ishiga Ozarbayjon, Fors, Hindiston va boshqa mamlakatlardan besh yuz nafar sangtarosh jalb etilgan va yana besh yuz kishi tog‘larda tosh kesib,bu toshlar Hindistondan keltirilgan 95 ta baquvvat fillar (zanjir-pil) yordamida tog‘dan Samarqandga tashilgan, ho‘kizlar qo‘shilgan aravalardan ham foydalanilgan, masjid uchun har birining uzunligi yetti gaz keladigan 480 ta ustun tog‘dagi toshlardan yo‘nib keltirilgan; masjid balandligi yerdan to tomigacha o‘n gaz, eshigi yetti xil metall qorishmasidan (haft jo‘sh), mehrobi metalldan bo‘lgan. Amir Temur masjid qurilishiga shahzodalar va amirlardan ish yurituvchilar tayinlagan.

Hofizi Abru bu haqda, tamomi rub’i maskunda uningdek imoratni ko‘rsata olmaydilar: masjidning poydevori xoro toshi (granit)dan, mehrobi po‘latdan ekanligi, unga g‘aroyib shakllar, ajoyib nafisliklar, latif yozuvlar va nozik sa’atkorliklar qilingani, to‘rt ruknida to‘rtta minora qurilgani, sahni va tomi – hammasi toshdan mahorat bilan ishlanganini yozadi.

Amir Temur aksari vaqtini masjid qurilishiga ajratgan va o‘sha yaqin-atrofda joylashgan Xonim (Bibixonim) madrasasi va Tuman-og‘o xonaqohida (Tuman-og‘o nomi bilan bog‘liq xayrliimoratlar jumlasiga Qusam ibn Abbos (Shohizinda) me’moriy majmuasida yaratilgan masjid va maqbara ham kiradi vamasjidning janubiy eshigi ustiga mazkur imorat Amir Musoning qizi Tuman-og‘o tomonidan qurilgani yozilgan) turib, ishlarni shaxsan o‘zi nazorat qilgan. Qurilish ishlari Amir Temur yetti yillik yurishda vaqtida ham davom etgan va safardan qaytgach, uning kirish eshigi torroq va pastroq qurilganini ko‘rib, buzdirib, kengroq va balandroq qilib qayta qurdirgan. Klavixo o‘z “Kundaligi”da masjidning mazkur qismi qayta qurilishini bevosita Amir Temurning o‘zi muntazam nazorat qilgani va quruvchilarni rag‘batlantirib turgani haqida yozadi.

Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” asarida Jom’e masjidning mazkur peshtoqiga oid nodir ma’lumot yozib qoldirgan: “(Temurbek Samarqand shahrida) Ohanin darvozasig‘a yovuq qal’aning ichida bir Masjidi jum’a solibtur... Masjidning peshtoqi kitobasida bu oyatni – Va iz yarfa’uIbrohimu-l-qavo’ida (ni) – andoq ulug‘ xat birla bitibturlarkim, bir kuro‘h (... kuro‘h (ko‘ruh) – uzunlik o‘lchov birligi (shar’iy), taxminan 2 km) yovuq yerdin o‘qusa bo‘lur” 2-sura (Baqara surasi), (Ushbu oyatning to‘la matni tarjimasi quyidagicha: Eslang, Ibrohim (o‘z o‘g‘li) Ismoil bilan birgalikda Uyning (Ka’baning) poydevorini ko‘targanlarida, (shunday duo qildilar): “Ey, Rabbimiz, bizdan (ushbu ishimizni) qabul et. Albatta, Sen Eshituvchi va Donodirsan). Mazkur oyatda Ibrohim o‘z o‘g‘li Ibrohim bilan muqaddas masjid Ka’ba uyi poydevorini ko‘targanlarida aytgan so‘zlari keltirilgan. Amir Temur ham o‘zi barpo etgan Jome masjid peshtoqiga ushbu so‘zlarni bitmoqni lozim deb topgan).

Jome masjid peshtoqiga yozilganushbu yozuv bugungi kunda saqlanmagan bo‘lsa-da, unga o‘xshashini hozirgacha mavjudOqsaroy devoridagi ulkan bitiklardan bilsa bo‘ladi va bu holat, o‘z navbatida, Amir Temur o‘zi yaratgan imoratlarga juda katta o‘lchamda bitiklar yozdirishni buyurgani ma’lum bo‘ladi.

Muhim tomoni, ushbu Jom’e masjid uchun granit toshlardan iborat mahalliy qurilish materiallari ishlatilgan va ular, Sharafuddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida ta’kidlaganidek,Samarqand yaqinidan, tog‘dan keltirilgani aytiladi. “Boburnoma”da bu tog‘ xususida hamdaundan tosh qazib olinadigan joy haqida bir aniqlik bor va unda: “Samarqand bila Kesh orasida bir tog‘ tushubtur, Itmak doboni derlar, sangtaroshliq qilur toshlarni tamom bu tog‘din eltarlar”, deb yozilgan. Kun tartibidagi vazifa, Samarqand imoratlari uchun maxsustoshlar qazib olingan joy arxeolog va geolog olimlarimizharakati bilan aniqlansa, bugungi kunda Samarqanddagi Amir Temur Jome masjidiga ziyoratga kelgan turistlarga ushbu yodgorlik haqida so‘zlovchi ekskursovodlar uchun qo‘shimchamuhim ma’lumotbo‘lardi.

 “Bog‘i Behisht”. Sharafuddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida Sohibqiron Amir Temur 779/1377-yili Amir Musoning qizi Tuman-og‘oni o‘z nikohiga olganini yozarkan, uning uchun Samarqandning g‘arbida, o‘n ikki yulduz (burj) soniga muvofiq, o‘n ikkita bog‘ni bitta qilib (bir bog‘) yaratgani va unda oliy qasr barpo etib, uni “Bog‘i Behisht” deb atagani haqida xabar beradi.

“On hazratning muborak xotiri hurlar zotidan bo‘lgan malaksimon malikaning ko‘nglini xushlash uchun jannat misol bir bo‘ston barpo etilishini taqozo etdi. Bu haqda tezda farmon berildi va Samarqandning g‘arbida yulduzlar uy (burj)larining soniga muvofiq holda bir-biriga tutash o‘n ikkita bog‘dan iborat bitta bog‘ yaratdilar. Unda bir muhtasham ko‘shk ham qurdilar, yaxshilab bezadilar va nomi ham o‘ziga mos qilib qo‘yildi, ya’ni “Bog‘i bihisht” deb ataldi”, deb yozadi tarixchi bu haqda.

“Bog‘i bihisht” Sohibqironning doim e’tiborida bo‘lgan va yetti yillik yurishdan qaytgach, uzoq Kastiliya (hozirgi Ispaniya)dan tashrif buyurgan Rui Gonsales de Klavixo boshchiligidagi elchilarga ham shu bog‘da katta ziyofat uyushtirgan edi. Klavixo ushbu bog‘ning hashamatini ancha batafsil yoritgan. U yozgan muhim ma’lumotlardan biri, bog‘da odamlar sayr qiladigan xiyobonlar va yo‘lkalar borligi eslatib o‘tilganidir.

Demak, Amir Temur Samarqand shahri atrofida yaratgan o‘ndan ortiq bog‘lar ichidadastlabkisi “Bog‘i Behisht” bo‘lib,o‘z tuzilishi bilan boshqa bog‘lardan farq qilgan, aniqrog‘iunda o‘n ikkita bog‘ yaratilib, ular bitta bog‘ tarkibiga birlashtirilgan edi.Shu o‘rinda Amir Temur tomonidan o‘n ikki raqamiga alohida e’tibori tadqiqotchilar tomonidan turlicha talqin qilinishini eslatib o‘tmoqchimiz. Sohibqiron nazdida o‘n ikki raqami astronomik tushuncha bo‘lib, o‘n ikki burjni anglatgan. Amir Temur o‘z davridaastronomiyava astrologiya bilan qiziqqan, xizmatida munajjimlar ishlagani manbalarda qayd etilgan; Sharafuddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida Abdulloh Lison uning taniqli saroy munajjimi sifatida eslatiladi.

Bog‘i Dilkusho. Amir Temur 799 (1396)-yil kuzida Konigil o‘langi chekkasida bog‘ qurishga buyuradi va kishining bahri-dili ochiladigan joy bo‘lganligi uchun uni “Bog‘i Dilkusho” deb ataydilar. Bog‘ to‘rtburchak shaklda bo‘lib, har bir tomonining uzunligi 1500 shar’iy gaz (taxm. 1 km) va markazida uch qismdan iborat baland gunbazli bir qasr qurilgan edi.

Mazkur bog‘ o‘sha kezlarda sovchilar jo‘natilgan Hizrxojaxonning qizi Tugal xonimga atalganedi. Bog‘ qurilishi tugagach, Sohibqiron qishlov uchun Toshkent viloyatiga boradi. Hijriy 800-yil rabi’ul-avval oyining boshi (milodiy 1397-y. 22. XI.)da Tugal xonim hozirgi Toshkent viloyatining Chinos qishlog‘ida qishlovda turgan Amir Temur huzuriga yetib keladi. Amir Temur o‘sha yerda katta to‘y qilib, uni o‘z nikohiga oladi.

“Bog‘i Dilkusho” haqida Zahiriddin Bobur muhim ma’lumot keltiradi: “Samarqandning sharqida ikki bog‘ solibtur, birikim yiroqroqtur, Bog‘i Bo‘ldudur, yovuqrog‘i Bog‘i Dilkushodur. Andin Feruza darvozasig‘acha xiyobon qilib, ikki tarafida terak yig‘ochlari ekturubtur. Dilkushoda ham ulug‘ ko‘shk soldurubtur, ul ko‘shkta Temurbekning Hinduston urushini tasvir qilibturlar”.

Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”da Amir Temur yetti yillik yurishdan qaytganda Bog‘i Dilkushoda katta bazm tashkil qilib, Kastiliya elchilarini qabul qilgani haqida xabar beradi. Klavixo ham ushbu qabul to‘g‘risida juda mufassal yozgan: “Ul bog‘ning kirish darvozasi juda katta va baland bo‘lib, oltin, lazur va (o‘yma) naqshlar bilan bezatilgan; darvoza oldida ko‘psonli darvozabonlar qo‘llarida gurzi ko‘tarib turardilar. Qanchalik odam ko‘p bo‘lmasin, darvozaga yaqinlashishga hech kimning haddi sig‘masdi. .. Senor (Temurbek) o‘sha yerdagi hashamatli xonaga kiradigan eshik oldida, baland supada o‘tirardi; oldida otilib turgan favvora joylashgan bo‘lib, unda qizil olmalar qalqib turardi”.

Samarqanddan janubiy yo‘nalishda Kesh (Shahrisabz)ga borishda hozirgi Taxta Qoracha dovonigacha manbalarda uchta bog‘ qayd etilgan: Bog‘i Davlatobod, Bog‘i Qaroto‘ba, Bog‘i Taxti Qarocha.

Bog‘i Taxti Qarochahaqida o‘sha davr tarixchilari bayon qilgan ma’lumotlarga to‘xtalmoqchimiz.Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida mazkur nomda ikkita joy qayd etilgan: biri Sheroz atrofida; Amir Temur uch yillik yurishi chog‘ida 1397 yil dekabrda lashkar bilan Fors mamlakatining poytaxti Sherozga yetib boradi va shahar tashqarisidagi Taxti Qarocha degan joyda to‘xtaydi; ikkinchisi – Samarqanddan Keshga boradigan yo‘ldagi tog‘ yon bag‘rida;Sharafiddin Ali Yazdiy yozishicha, u yerdan Samarqandgacha masofa yetti farsax (taxm. 45 km) keladi. Amir Temur bir bog‘ yaratishni va bog‘ ichidagi baland joyda bir ko‘shk qurishni buyuradi. Bog‘ ichidan o‘tgan soydan sharqirab suv oqardi. Farmonga muvofiq bog‘ qurilishi yakuniga yetgach, Amir TemurFors mamlakati markaziSheroz shahrida bo‘lganidan esdalik sifatida,bu bog‘ni“Taxti Qarocha” deb atadi. Tarixiy kechinmalar bayoniga ko‘ra, mazkur bog‘ qurilishining vaqti 1398 yil bahoriga to‘g‘ri keladi. Taxti Qarocha bog‘idan dovongacha oraliqda Qutlug‘ Yurt degan aholi maskani ham bo‘lgan. Ibn Arabshoh ham bu bog‘ni eslatib o‘tgan: “Samarqand bilan Kesh o‘rtasida bir bo‘ston barpo etib, unda bir qasr qurdirdi va uni Taxti Qaracha deb atadi. Hikoya qiladilarki, qasr quruvchilaridan birovining biyasi yo‘qolib, olti oy shu bo‘stonda o‘tlab yurgandan keyin uni topib olgan”.

Bu yerda hozirgi holatda Zarafshon tizmasining Samarqand viloyati bilan Qashqadaryo viloyati o‘rtasidagi qismida joylashgan dovon xususida so‘z bormoqda.“Boburnoma”da uning nomi “Itmak doboni” deb atalgan va u yerdan Samarqand imoratlari uchun toshlar qazib olingani yuqorida aytib o‘tildi. Temuriylar davriga mansub boshqa tarixiy manbalardauning nomi Kesh dovoni (aqbai Kesh) shaklida berilgan. Hozirgi nomi Taxtaqoracha dovoni, absolyut balandligi 1675 m. Ma’lum bo‘ladiki, Amir Temur o‘z vaqtida barpo etgan bog‘ va ko‘shkning nomi, vaqt o‘tishi bilan, dovon nomiga aylangan. Amir Temur bunyodkorligi haqida o‘z davri mualliflari asarlarida yozib qoldirilgan ma’lumotlar asosida yuqorida keltirilgan tahlildan tarixiy voqeliklarni to‘laroq yoritishda manbalarni qiyosiy o‘rganishzarur,degan xulosa kelib chiqadi.

Omonullo BO‘RIYEV,

O‘zR FA Sharqshunoslik instituti tarix fanlari doktori;

Abdulhamid MUTALIYEV,

O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy xodim

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19457
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16805
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi