“Tangri biz bilan” – Vatan uchun iblis bilan hamkorlikka tayyor, sovetlar tomonidan ayovsiz yo‘q qilingan Turkiston legioni askarlari qismati


Saqlash
12:04 / 26.04.2023 1434 0

...1941-yilning may oylarida Uchinchi Reyxning targ‘ibot idoralari tomonidan SSSR ishg‘ol etilgach uning hududida bir qator kichik ma’muriy birliklar, xususan Turkiston Reyx komissariatini tuzish belgilangandi. Bu hudud faqatgina O‘rta Osiyo va Qozog‘istonnigina emas, Ozarboyjon, Volgabo‘yi va Sharqiy Turkistonni ham qamrab olishi kerak edi. Ushbu rejaga Germaniyadan boshpana topgan turkistonlik faollar ham yordam berishgan, albatta. Xususan, bir paytlar Turkiston Muxtoriyati mas’ullaridan bo‘lgan Mustafo Cho‘qay, Vali Qayumxon singari ziyolilar o‘z mamlakatlaridan kelgan harbiy asirlarni ro‘yxatga olib, ular orasida targ‘ibot ishlarini olib borganlar.

 

30-yillar boshida Germaniyada davlat tepasiga kelgan natsistlar allaqachon Sovet Sharqidagi vaziyat, jumladan ittifoq va undan tashqaridagi turkistonliklar kayfiyatini o‘rgana boshlagan edi. Bolsheviklar bosqinidan so‘ng Turkiston muxtoriyati, Buxoro va Xorazm hududidan minglab mahalliy aholi vakillari Afg‘oniston, Xitoy, Turkiya, Germaniya singari mamlakatlarga hijrat qilgan, umuman XX asr boshidan Chor Rossiyasi va bolsheviklarning, Stalin hukumatining Markaziy Osiyo xalqlariga o‘tkazgan jabr-zulmlari nasistlarga yaxshi ma’lum edi va mazlumlar kuchidan umumiy dushmanga qarshi kurashda foydalanish ularning rejasidan allaqachon o‘rin olgandi.

 

Xo‘sh, Sovet hukumati bundan xabarsizmidi? O‘n yillar mobaynida son-sanoqsiz uqubatlarga giriftor qilingan o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman va boshqa xalqlar vakillariga nisbatan ishonchsizlik yo‘q emasdi albatta. Ma’lumotlarga ko‘ra 1935-yilgacha O‘rta Osiyo respublikalari vakillari harbiy xizmatga deyarli olinmagan. Urush xavfi orta borgach, hukumat armiya saflarini to‘ldirish uchun bu taktikani o‘zgartirishga majbur bo‘lgan. Ammo baribir turkistonlik jangchilarga “ikkinchi toifa” askarlar sifatida qarash saqlanib qolgandi.

 

Turkiston legioni askari formasi va belgilari

 

38-yilning ayovsiz qatliomidan ko‘p o‘tmay, Ikkinchi jahon urushi boshlanadi. Fashistlar Germaniyasi Stalin hukumati bilan kelishuvni buzib, 1941-yilning 22-iyun kuni kutilmaganda Urushning dastlabki paytlarida hali qo‘liga qurol ushlab ko‘rmagan minglab o‘rta osiyolik askarlarni yetarlicha harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazilmay birinchilar qatorida jang maydonlariga tashlangan, ular esa “zambarakka go‘sht” bo‘lishgan xolos. Turkiston askarlarining katta qismi nemislar tomonidan asir olingan va oldindan ishlab chiqilgan harbiy rejaga muvofiq tuzilgan “Turkiston legioni”ga jalb qilingan.

 

Urushning shafqatsiz qonunlari bor. Asir olingan askarning oldida ikki yo‘l turadi: Yo Vatanga sadoqatda sobit turib, dushman qo‘lida o‘lim topish, yo dushman tomonga o‘tib, Vatanga qarshi jang qilish. “Biz nega bu yerdamiz? Qaysi Vatan uchun jon berishimiz kerak? Asl Vatan allaqachon zabt etilib, mustabid saltanat tuprog‘iga qo‘shilmagandi?” Bu savollarni o‘sha damda urush o‘choqlariga itqitilgan minglab hamyurtlarimiz o‘z-o‘ziga berishgani aniq.

 

Asirlar orasida birinchi yo‘l – Stalinga sadoqat yo‘lini tanlaganlar, tabiiyki o‘sha zahoti otib tashlangan yoki natsist konslagerlarida turli qiynoqlar ichida jon berishgan. Qolganlar esa yo jonini qutqazish, yoki sovet hukumatiga nisbatan alam va nafrat tufayli ikkinchi yo‘lni tanlashgandi. Shu tariqa 1941-yilning oktyabrida natsistlar armiyasi mayori Andreas Mayer boshchiligida ilk turkistonliklar batalyoni shakllantiriladi. O‘sha yilning dekabrida Gitler nemis armiyasi safida SSSRning slavyan bo‘lmagan sobiq vatandoshlaridan iborat harbiy tuzilmalarni tashkil qilish va qo‘llab-quvvatlash haqidagi farmonga imzo chekadi.

 

“Turkiston legioni” faollaridan biri bo‘lgan adib va sharqshunos Boymirza Hayitning yozishicha, “1941–1943-yillarda 4 mln 847 mingdan ortiq turkistonlik frontga chaqirilgan. Shulardan 1 mln 700 mingga yaqini nemislar tomonidan asirga olingan. Yetarlicha qurol-aslaha bilan ta’minlanmagan, urushga tayyor bo‘lmagan askarlarning ko‘pi kurashib o‘lib ketishdan ko‘ra taslim bo‘lishni afzal ko‘rishgan. Qarshilik ko‘rsatishga uringanlar nemislar tomonidan o‘sha zahoti o‘ldirilgan. Rozi bo‘lganlar esa harbiy va siyosiy tayyorgarlik mashg‘ulotlariga jalb qilinganlar”.

 

 

“Turkiston legioni”ning ilk harbiy tuzilmalari 1942-yil 2-may kuni Bryansk o‘rmonlarida Sovet armiyasiga qarshi jangga yuborilgan. 1942-yil avgustida Vali Qayumxon raisligidagi “Turkiston Milliy Birlik qo‘mitasi” tuzilgan va o‘zbek tilida “Milliy Turkiston” jurnali nashr etila boshlagan. Jurnalning ilk sonida qo‘mitaning “Bizning yo‘l otalar yo‘lidir, mustaqillik yo‘lidir” sarlavhasi ostidagi bayonoti chop etilgan edi.

 

Tabiiyki, bu harakat Gitler boshchiligidagi natsistlar hukumati manfaatlariga to‘la mos kelar, shu bois, Uchinchi Reyx tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi. 1944-yildagi ma’lumotlarga ko‘ra “Turkiston legioni”dagi askar va zobitlarining miqdori 181 ming 402 kishini tashkil etgan. Harbiy qo‘mondonlar Reyx rahbariyati tomonidan tayinlangan, Legionning siyosiy va ma’rifiy ishlari Turkiston Milliy Birlik qo‘mitasi tomonidan boshqarilgan. Har bir askar va zobitning chap bilagida “Turkiston, Alloh biz bilan” tamg‘asi bo‘lgan, legionga yangi a’zolar Turkiston bayrog‘i osida, Qur’onga qasamyod bilan qabul qilingan.

 

“Turkiston legioni” Sovet qo‘shinlariga qarshi shiddatli janglar olib bordi, ularga juda ko‘p janglarda qaqshatqich zarbalar berdi. Sovet qo‘shinlari “Turkiston legioni” askarlarini asir olishmas, topgan joylarida o‘ldirishar, hatto yaradorlar ham otib tashlanardi. “Turkiston legioni” 1944-yilning oxiriga qadar taxminan 65 ming askaridan ayriladi.

 

Fashistlar Germaniyasi mag‘lubiyat muqarrar bo‘lib turgan bir paytda 1945-yil 24-mart Turkiston legionini Turkiston Milliy Hukumati sifatida rasman tan oladi va Legion rahbariyatiga ishonch yorlig‘i topshiradi. Ammo endi nasistlar hukumati singari legionning ham kelajagiga umid yo‘q edi. 1945-yil 8-may kuni Germaniya batamom taslim bo‘ldi. Shu tariqa “Turkiston muxtoriyati” taqdiri muallaq qoldi.

 

AQSH, Buyuk Britaniya va Sovet Ittifoqi davlat rahbarlarining 1945-yil fevral oyidagi Yalta uchrashuvi yakunlariga ko‘ra har bir davlat urushdan keyin o‘z fuqarolarini qaytarib olishi kerak edi. Shu kelishuv asosida Amerika, Angliya va Fransiya armiyasi nazoratida bo‘lgan hududlarda qo‘lga olingan “Turkiston legioni” askarlari majburan Sovet Ittifoqiga jo‘natila boshladi. Ammo ularning deyarli hech biri “Vatan”ga qaytishni istamasdi. Chunki Sovetlar yurtida ularni qanday mash’um qismat, azob-uqubatlar kutayotgani ayon edi.

 

Ma’lumki, natsistlar nazorati ostida armanlar, kavkaz musulmonlari, gruzinlardan iborat maxsus tuzilmalar ham bor edi. Ularga bir paytlar SSSRdan chiqib ketgan vatandoshlari yordam qo‘lini cho‘zadilar. Ammo sho‘rlik turkistonliklar uchun yordam beradigan qudratli kuch qolmagandi. Shu bois Turkiston Milliy birlik qo‘mitasi rahbarlaridan biri bo‘lgan Boymirza Hayit Turkiya Qurolli kuchlarining Bavariyadagi vakili, polkovnik Ehson Unasanga yordam so‘rab murojaat qiladi. Shundan so‘ng Anqarada o‘z taqdirini kutayotgan 100 mingdan ortiq turkistonlikni Turkiyaga keltirish masalasi muhokama qilinadi. Turkiya hukumati “ular orasida sovet josuslari ko‘p bo‘lishi mumkin” degan xavotir bilan legionerlarni mamlakatga kiritmaslikka qaror qiladi. Shu bois ularning katta qismi majburan son-sanoqsiz eshelonlarda SSSRga olib ketiladi. Legionda yuqori vazifada ishlagan harbiylar tez fursatda otib tashlanadi, qolganlar uzoq muddatga Sibirdagi jazo lagerlariga yuboriladi. Legionerlarning katta qismi o‘ta og‘ir sharoitlarda, ochlik, muhtojlik, turli kasalliklar va qahraton sababli vafot etadi. Jazo muddatini o‘tab, uylariga qaytganlar ham sovet yillarida qat’iy ta’qib va taqiq ostida yashashgan.

 

Amerika hukumatining ko‘magida faqat 6–7 ming nafar legion a’zolari AQSH va Yevropa mamlakatlariga yuboriladi. Ularning avlodlari hozirga qadar ushbu o‘lkalarda yashab kelishmoqda.

 

Legion safida jang qilgan ziyolilardan biri, keyinchalik AQSH razvedkasida xizmat qilgan Ro‘zi Nazar bir intervyusida “O‘shanda biz o‘z Vatanimizni ozod qilish uchun Gitler tugul, hatto shaytonning o‘zi bilan hamkorlik qilishga ham tayyor edik” degandi. Nima bo‘lganda ham, “Turkiston legioni” bizga begona emas, uning safida kurashgan, qon to‘kkan, jon olib-jon bergan askarlarga ham Vatan, millat, iymon-e’tiqod tuyg‘usi begona bo‘lmagan.

 

 Rustam JABBOROV

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16810
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi