Shaxsiy daxlsizlik, senzurasizlik taʼminlanayotgan, xalqaro “Miranda qoidasi” kengroq joriy etilayotgan Bosh qomus – Yangilanayotgan Konstitutsiyamizdagi muhim oʻzgarishlar nimalar?


Saqlash
16:04 / 06.04.2023 1015 1

Bugun mamlakatimizda konstitutsiyaviy qonun loyihasi atrofida kechayotgan muhokamalar muhim siyosiy jarayonlardan biriga aylandi. Xalqimiz kelajagiga daxldor mazkur hujjatni moddama-modda tahlil qilish, mazmun-mohiyatini anglash va referendumda ovoz berish har bir fuqaroning siyosiy huquqidir. Ushbu haqiqatni aholining turli qatlamlariga teran tushuntirishda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining viloyat boʻlimlari rahbarlari ham faollik koʻrsatishmoqda.

 

Maʼsudjon SULAYMONOV, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Fargʻona viloyat boʻlimi rahbari:

 

Buyuk vatandoshimiz Burhoniddin Margʻinoniyning shoh asari “al-Hidoya” eng moʻtabar huquqiy qoʻllanma sifatida sakkiz asrdan buyon butun islom dunyosi, ayniqsa, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Turkiya va arab davlatlarida eng muhim va ishonchli manbalardan biri vazifasini oʻtab kelmoqda. U hatto qoʻllanma sifatida islomiy universitetlar oʻquv dasturlariga ham kiritilgan. Yurtdoshimiz bu kitobda oʻz davrida va keyinchalik ham moʻmin-musulmonlar duch keladigan dolzarb hayotiy masalalar, jumladan, oilaviy va ijtimoiy munosabatlar, mulkchilik, savdo-sotiq, jinoyat va jazo, insonning burch va masʼuliyatiga taalluqli juda koʻp murakkab muammolarni islomiy huquq nuqtai nazardan hal etib berdi. Burhoniddin Margʻinoniyning eng muhim xizmati – vaqt oʻtishi bilan diniy sohada vujudga keluvchi muammoli savollarga batafsil javob topish, fiqhiy izohlash va mukammal bayon qilish boʻldi. Zero, har qanday qonuniy asos yoki hukm maʼlum vaqt oʻtishi bilan oʻzgartirish, toʻldirish, izohlash yoki yangilashga muhtoj boʻlib qolishi mumkin.

 

Xuddi shunday holatni mamlakatimiz Bosh qonuniga kiritilayotgan oʻzgartirishlarda ham koʻrib turibmiz. Misol uchun, unga davlat va mamlakat taraqqiyotida salmoqli oʻringa ega boʻlgan oʻqituvchi kasbiga oid alohida modda qoʻshilmoqda. “Iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlar” deb nomlangan IX bobning 52-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi. Davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi”, deyilgan.

 

Yoki 27-moddada quyidagilarni oʻqiymiz: “Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas. Hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga koʻra yoʻl qoʻyiladi. Shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas. Shaxsni ushlash chogʻida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shart”. Yaʼni Konstitutsiyaga shaxs erkinligi va daxlsizligiga oid butunlay yangi, zamonaviy modda kiritildi, deyish mumkin.

 

Bir soʻz bilan aytganda, yangi tahrirda qabul qilinadigan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻligʻicha adolat prinsiplariga asoslangani bilan ahamiyatli. Zero, inson qadri va shaʼni ulugʻ hisoblangan Yangi Oʻzbekistonning Bosh qomusi avvalo xalqaro huquq normalari, qolaversa, milliy oʻzligimiz hamda mentalitetimizga mos va xos boʻlishi zarur.

 

Akramjon MUQIMOV, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Navoiy viloyati boʻlimi rahbari, Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputati:

 

Odamlarimiz dunyoqarashi va tafakkuridagi tub oʻzgarishlar davr bilan mutanosib tarzda yuz bermoqda. Asosiy qonunimiz – Konstitutsiyamizda bu yangilanishlar oʻz ifodasini topishi, uning har bir moddasi xalq manfaati, xohish irodasini koʻzlashi tabiiy hol. Shu nuqtai nazardan yangi Konstitutsiyada xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi belgilanib, inson manfaatlari yuqori oʻringa qoʻyilayotgani barchamiz uchun kutilgan jarayonga aylandi.

 

Yangi Oʻzbekistonda oʻzaro munosabatlarning asosi sifatida “Davlat-jamiyat-inson” tamoyili oʻrniga, “Inson-jamiyat-davlat” gʻoyasi asos qilib qoʻyilayotgani ham yuqoridagi fikrimizga hamohang. Asosiy eʼtibor inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish va mustahkamlashga qaratilganini yangi Konstitutsiyaning oʻziga xos jihati desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Misol tariqasida avvalgi Konstitutsiyada “Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar” deb nomlangan IX bobning 37-moddasida “Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda koʻrsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir. Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni oʻtash tartibidan yoki qonunda koʻrsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi”, deyiladi. Yangi Konstitutsiyada esa bu bob “Iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlar” deb nomlanishining oʻziyoq, uning qamrovi ancha kengayganini koʻrsatadi. Unda yuqoridagi 37-moddaga muqobil boʻlgan 42-modda bilan tanisharkanmiz, jiddiy oʻzgarishlarni koʻramiz. Xususan, mazkur moddada mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini taʼminlash zarurati hisobga olingan holda belgilanishi, shuningdek, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi mutlaqo dolzarb va adolatli qoʻshimchalardan biri, nazarimizda. Shu maʼnoda, ishonch bilan aytish mumkinki, koʻp millionli xalqimizning uzoq muhokamasi va takliflari asosida tayyorlangan Yangi Konstitutsiyamiz mamlakatimizda kelgusida “Uchinchi Renessans”ni barpo etishda oʻziga xos koʻprik boʻlib xizmat qiladi.

 

Lola SAODATOVA, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi rahbari:

 

Bugungi odam kechagisi emas, uning ong-u tafakkuri yangilangan, dunyoqarashi oʻsgan. Yon-atrofda boʻlayotgan voqea-hodisalarga teran nazar solishni oʻrgangan. Taʼbir joiz boʻlsa, kun sayin yangilanib, oʻzgarib, takomil topib bormoqda. Shunday ekan, uning huquq va erkinliklarini eski aqidalar orqali taʼminlash, lozim oʻrinda majburiyatlari chegarasini belgilash, hayotga toʻgʻri, sogʻlom munosabatini shakllantirishning imkoni kam. Binobarin oʻttiz yildan oshiq vaqt davomida beminnat xizmat qilib kelayotgan Bosh qomusimizni tubdan tahrirlash zarurati ana shu ehtiyoj taqozosidan kelib chiqdi, desak xato boʻlmaydi. Qolaversa, sud-huquq, soʻz va eʼtiqod erkinligi, ijtimoiy himoya yoʻnalishlarida bekor qilingan cheklovlar, qoʻshni davlatlar bilan yangi hamkorlik ufqlari ochilganining Konstitutsiyada muhrlanishi, mamlakatimiz aholisi 2040-yilda 50 millionga yetishi va yarmidan koʻpini yoshlar tashkil etishidan kelib chiqib, ular uchun munosib hayot: barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruvga qaratilgan huquqiy poydevor kerak.

 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya esa shu zaruratlarga koʻra, jurnalistlarning erkin, turli maʼmuriy bosimlardan qoʻrqmasdan faoliyat yuritishini taʼminlashga qaratilgan normalarni ham oʻzida jamlagan. Tabiiyki, bu mamlakatimizda axborot erkinligi yanada yuksalishiga, jamiyatda ochiqlik va oshkoralik, qonuniylik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi. Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bagʻishlangan alohida bob kiritilgani kuchli jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyishda ham muhim ahamiyatga ega.

 

Sobiq Ittifoqdan qolib ketgan eskicha, inson haq-huquqlarini poymol qiluvchi baʼzi norasmiy cheklovlar tufayli oilada kimningdir sudlangani uning qarindoshlari huquqlarini cheklab qoʻyardi. Garchi mehnat qonunchiligiga koʻra, shaxslarni yaqin qarindoshlari sudlangani munosabati bilan ishga qabul qilmaslik holati gʻayriqonuniy deb hisoblansa-da, ayrim davlat boshqaruvi organlariga aynan shunday real toʻsiq bor edi. Shu tufayli qancha yoshlar orzularidan voz kechishgan, oʻzlari qiziqqan kasbda ishlolmagan holatlar bor. Bu hol qarindosh-urugʻlar oʻrtasida nizolar, noroziliklarga sabab edi. Yangi loyihada “Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi mumkin emas” degan konstitutsiyaviy norma esa bu kabi noqulayliklarga batamom chek qoʻyadi.

 

Loyihani koʻzdan kechirar ekansiz, shu kabi inson qadr-qimmatiga oid huquqiy normalar bir ipga tizilib qarshi oladi: 20-moddada – Inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi. 23-modda – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emas. 25-modda – Oʻzbekiston Respublikasida oʻlim jazosi taqiqlanadi. 44-modda – Bolalar mehnatining bolaning sogʻligʻiga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning taʼlim olishiga toʻsqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi. 58-modda – Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlaydi.

 

Shuningdek, yangi loyihada inson huquq va erkinliklari kafolatlari sezilarli darajada oshganiga misol sifatida xalqaro “Miranda qoidasi”, “Xabeas korpus” tartibi yanada kengroq joriy etilayotganini keltirish mumkin. Jumladan, “Miranda qoidasi”ga binoan ushlangan shaxs sukut saqlash, soʻroq jarayonida advokati ishtirokini talab qilish va boshqa huquqlarga egaligi sodda tilda shaxsga ilk soniyalardayoq tushuntiriladi(27-modda). Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin (28-modda). Shuningdek, har kimning yozishmalari, telefon orqali soʻzlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga ega (31-modda) ekani belgilanmoqda. Bunday huquqlarning cheklanishiga yoki uy-joyda tintuv oʻtkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyilishi belgilab qoʻyilmoqda.

 

Umuman olganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiya hayoti farovon, odamlari rozi, qonun ustuvor jamiyat qurishga qaratilgani bilan eʼtiborga molik. Shunday ekan, ushbu jarayonga befarq boʻlmasligimiz, oʻz fikrimiz, nuqtai nazarimizni ifoda etishimiz darkor. Zero, gap birov emas, oʻz hayotimiz, ertamiz haqida borayotir.

 

Gulnoza NAJMIDDINOVA

Oyina.uz

1 Izoh

Ф.Шокиров

06:01 / 01.01.1970

Кўплаб ислоҳотлар бўлаётганини кўряпмиз. Шу ўзгаришлар фақат бугунги кун учун эмас, келажакда ҳам давом этиши учун уларнинг ҳуқуқий асослари конституциявий даражада мустаҳкамланиши керак. Вақт ўтиши билан ҳуқуқий эркинликларга муносабат ўзгариши хавфи бор, шулардан холи бўлиш учун ҳам конституциявий ислоҳотларга эҳтиёж бор.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16822
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi