Urishishni oʻrgatmaydigan koreyscha tarbiya


Saqlash
17:04 / 03.04.2023 1181 1

Zinadan koʻtarilarkanman, qiya ochiq eshikdan qoʻshnining tovushi eshitiladi.

 

 «Anavi iplos Samarni samokating bilan ur!»

«Eshitdingmi, yaqin kesa, basharasiga sol!»

 

Besh yarim yashar bolakay eshik oldida «Xoʻp» deganday bosh silkitadi. Samar degani kim edi-ya, qoʻshni bolalarni bir-bir koʻz oldimdan oʻtkazaman. E, ha, narigi «dom»da turadigan Surayyoni oʻgʻliku! Adashmasam, u ham besh yosh edi yoki toʻrtmikan? Nogahon qoʻshnining tovushi qulogʻim ostida jaranglaydi.

 ".... samokating bilan ur!"  ".... basharasiga sol"…

Ancha yillar oldin Suvsoz dahasida turardik. Qoʻni-qoʻshni barimiz yosh juvonlar, hammamizda ikkitadan bola, oʻyin maydonchasiga chiqsak, birpasda gʻala-gʻovur koʻtariladi. Bolalarning birisi yigʻlagan, birisi boshqasini urgan, qum sochgan. Shu orada qoʻshni juvon baqira ketdi:

 

«Ur, senam, qarab turma, ur!» Bolalar tomon qarayman, toʻrt yashar oʻgʻlim menga qarab moʻltiraydi. Oʻzidan bir yosh kichkina bola qoʻlidagi oʻyinchogʻi bilan urgan, shekilli, nima qilishni bilmay jim turibdi. Qoʻshni ayol esa hamon oʻgʻlimga buyurmoqda: «Ur!» Aslida, u oʻz oʻgʻlini urishini soʻrayapti. Oʻzicha adolat qilyapti shu tarzda.

 

– Bolaligidan oʻzini himoya qilishga oʻrgatmasangiz, ertaga koʻchadan kaltak yeb keladi. Orada menga ham nasihat qilgan boʻladi:

– Boʻshang boʻlmasin, ertaga ogʻzidagi oshini oldirib qoʻyadi.

 

Qoʻshni juvonning aytishicha, bogʻchada bolalar bir-birining nonini olib qoʻyarkan. Yoʻq joydan shunchaki urishib ketisharkan. Kattam shu muhitda ozmi koʻpmi yashadi. Ammo men «Ursa qarab turmada, sen ham ur», demadim, kaltak yeb kelsa, ichim achidi, biroq indamadim. Lekin muhit baribir taʼsir qilarkan. Oʻgʻlim asta-sekin «koʻcha» qoidalarni oʻzlashtirdi, ursa javob qaytarishni oʻrgandi. Keyinroq Koreyaga ketdik, oʻgʻlim koreys bogʻchasiga qatnashni boshladi. Bir kuni bogʻchadan olgani borsam, ustozi doʻsti bilan urishib qolganini aytdi.

 

– Bu notoʻgʻri ekanligini tushuntirdim, doʻstidan uzr soʻradi, – dedi bogʻcha opasi jilmayib. – Siz ham ayting.

Uyga qaytish yoʻlida oʻgʻlimdan soʻradim:

– Seni jazolashgandir.

– Yoʻq, dedi oʻgʻlim. – Rasm chizib oʻtirdim.

 

Hayron qoldim. Aytishicha, yomon ish qilib qoʻygan bolalarni tarbiyachi urushmas ekan. Boshqa bir xodim oldiga oʻtqazib, qoʻliga qogʻoz-qalam berarkan, bola surat chizib oʻtirarkan. Birozdan soʻng tarbiyachi rasmda nima chizganini soʻrash bahona, boya nega urishgani va bu yaxshi emasligini tushuntirarkan.

 

Koreyada ham gohi oʻyin maydonchaga chiqamiz. Bolalar tartibli oʻynashadi. Bir biroviga zarar berishmaydi. Bir kuni yonimizga ona-bola kelishdi.

– Akadan soʻra, deydi qoʻshni juvon oʻgʻliga:

– Aka, samokatingizni olib tursam maylimi?

Bolakay onasining gaplarini qaytaradi. Oʻgʻlim beixtiyor samokatini beradi. Qoʻshni bolakay bir aylanib keladi.

– Akaga rahmat ayt: Rahmat, aka.

Bolakay takrorlaydi.

 

Kuzatib turib hayratlanaman. Koreyada bolalar bir-biri bilan urishmaydi. Bir-biriga ozor bermaydi. Koreyslar bolalarini yumshoq koʻngil, bagʻrikeng qilib tarbiyalashadi. Mening esa qulogʻim ostidan hech ketmay jaranglaydi bu gaplar: 

“...oʻzini himoya qilishga oʻrgatmasangiz, ertaga koʻchadan kaltak yeb keladi.» “...ertaga ogʻzidagi oshini oldirib qoʻyadi.»

Yashirmayman, ancha payt ana shu qoʻrquv changalidan chiqolmadim. Bunga yana bir sabab bor edi. Kursdosh dugonalarning onlayn davrasida bir kun beixtiyor shu mavzuda soʻz ochilib qoldi.

– Qizim boshida rosa qiynaldi, dedi Xitoyda bir necha yil yashab qaytgan dugonam. – Oʻrtoqlari ajratib qoʻyarkan, sumkasini tepib, narsalarini olib qoʻyisharkan. Qizim juda tang ahvolda qoldi. Maktabga borgisi kelmasdi. Biz «birovga ozor berma, urishish yaxshi emas», deb tarbiyalaganmiz, hozir muhit boshqa ekan, odamlar oʻzgarib ketibdi. «Seni xafa qildimi, joyiga oʻtqazib qoʻy, ikkinchi gapirolmaydigan qilib jon-joyiga sol», deb oʻrgatish kerak ekan. Ruhshunosga olib bordim, u ham shunaqa maslahat berdi. Hozir qizim oʻzini ancha tiklab olgan, oʻzini xafa qildirib qoʻymaydi...

 

Bola tarbiyasi nozik masala. Birgina xato ertaga qimmatga tushishi mumkin. Men haliyam bolalarimni oʻsha eski usul asosida tarbiyalayapman: «Birovga ozor berish yaxshi emas. Oʻzingdan kichkinani xafa qilma. Birov bilan urishma, talashma. Atrofingdagilarga qoʻlingdan kelgancha yaxshilik qil. Yaxshilik qoʻlingdan kelmasa, yomonlik qilishdan tiyil.»

 

Ehtimol, xato yoʻldadirman. Ertaga boshi devorga urilsa, mendan xafa boʻlar. Hayot yoʻlida qoqilib-qoqilib oʻz yoʻlini topib olar. Biroq bir narsadan koʻnglim toʻq. Birovga ozor bermaydi, buning ortida esa buyuk ezgulik bor. Men ertamiz ezgulikka toʻla boʻlishini istayman.

 

Raxshona AHMEDOVA

1 Izoh

Rayhona Kamolova

06:01 / 01.01.1970

Juda toʻgʻri fikrlar. Men ham yosh onaman maqoladan ózimga ibrat oldim. Raxshona Ahmedova sizni yaxshi koʻraman. Asarlaringizdam doim ibrat olaman.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16792
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi