Turkiston Muxtoriyati – hukumat kimlardan iborat edi?


Saqlash
17:02 / 21.02.2023 6399 0

2023-yil 22-fevralda bolsheviklar tomonidan Turkiston Muxtoriyati (1917-yil 27-noyabr–1918-yil 27-fevral) hukumati mahv etilganiga roppa-rosa 105 yil to‘ladi! Qo‘qon shahridagi Rus-Osiyo banki binosida yangi hisobda 1918-yil 22-fevralda (eski hisobda 9 fevralda) bolsheviklar qo‘li bilan tayyorlangan “tinchlik shartnomasi” imzolangan edi. Aytish joizki, o‘tgan 100 yildan ortiqroq vaqt mobaynida Turkiston xalqlarining muxtoriyati uchun (mustaqillik uchun emas!) kurashgan muxtoriyatchilar va taraqqiyparvarlar hayoti va faoliyati, xususan, ushbu hukumat vazirlari hamda Turkiston Milliy majlisi a’zolarining fojiali o‘limi bilan yakunlangan ayanchli taqdiri yetarlicha o‘rganildi, deb ayta olmaymiz. Mazkur tadqiqot ma’lum ma’noda ushbu  bo‘shliqni to‘ldirishiga umid qilamiz.

 

Butunturkiston musulmonlari qurultoylari

 

“Sho‘roi Islomiya” tashkiloti tashabbusi bilan 1917-yil 16–22-aprelda Toshkentda Butunturkiston musulmonlarining I qurultoyi chaqirildi. Turkiston o‘lkasining davlat maqomi masalasi qurultoy kun tartibidagi asosiy masala edi. Qurultoyda Turkiston o‘lka musulmonlari Markaziy sho‘rosi (arxiv hujjatlarida Kraymussovet) – Milliy markaz tuzildi. Unga Mustafo Cho‘qay rais, Islom Sulton Shoaxmedov rais o‘rinbosari, Ahmad Zaki Validiy va Ubaydulla Xo‘jayev kotib etib saylandi. Markaziy sho‘ro tarkibiga Mahmudxo‘ja Behbudiy, Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov, Nosirxon To‘ra, Muhammadjon Tinishboyev va bashqa taraqqiyparvarlar kiritildi. Shuningdek, Munavvar qori va Sadriddinxon afandi boshchiligida Toshkent qo‘mitasi ham tuzildi. Bu holat milliy tashkilotlarni jipslashtirish bilan birga milliy ozodlik harakatini bir tizimga solib, tashkiliy jihatdan markazlashtirar edi.

 

1917-yil 17–20-sentabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turkiston va Qozog‘iston musulmonlari qurultoyida “Sho‘roi Islomiya” va “Sho‘roi Ulamo”, “Turon” va boshqa siyosiy tashkilotlarni birlashtirish asosida “Ittifoqi muslimin” nomli siyosiy partiyani tuzishga kirishildi.

 

Turkistonnni boshqarish shakli to‘g‘risidagi masala 1917-yil 26–28-noyabr (yangi hisob bilan 9–11-dekabr)da Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan Butunturkiston musulmonlarining favqulodda IV qurultoyining diqqat markazida turdi. Qurultoyda muxtoriyat va mustaqillik e’lon qilish fikrini hamma qo‘llab-quvvatladi. 1917-yil 26–30-dekabrda (yangi hisob bilan 1918-yil 8–12-yanvarda) Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan yerli ishchi, askar va dehqon deputatlari I favqulodda qurultoyi vakillari tomonidan Turkiston Muxtoriyati hukumatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, Turkiston o‘lkasi Xalq Komissarlari Sovetiga ishonchsizlik bildirish to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qilindiki, bu hol qatnashchilar siyosiy ongi ancha yuksakligidan nishona edi. Aynan mana shu anjumanda Turkiston Muxtoriyati hukumati tashkil qilindi. Qurultoy Turkiston o‘lkasini Rossiya Federativ Respublikasi tarkibida hududiy jihatdan muxtor deb e’lon qildi. Qurultoyda Ta’sis Majlisi chaqirilgunga qadar hokimiyat Turkiston Muvaqqat Kengashi va Turkiston Milliy Majlis (Millat Majlisi) qo‘lida bo‘lishi kerak deb hisoblandi.

 

Milliy Majlis tarkibiga 32 nafar kishi saylandi: Ubaydulla Xo‘jayev (Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev), Mustafo Cho‘qayev (Mustafo Cho‘qay), Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov, Sadriddinxon Sharifxo‘jayev, Qo‘ng‘irxo‘ja Hojinov, Ismatulla Ubaydullin, Saidnosir Mirjalilov, Sherali (Serali) Lapin, Said Ja’farboy Saidov, Islom Sulton Shoaxmedov, Abdurahmonbek O‘razayev, Hidoyatbek Yurali Agayev, Nosirxon To‘ra (Nosirxonto‘ra Kamolxonto‘ra o‘g‘li), Mirodil Mirzaahmedov, Toshxo‘ja Ashurxo‘jayev, Abdulqodir Qushbegiyev, Obidjon Mahmudov, Jamshidboy Qorabekov, Solomon Abramovich Gersfeld, Abdusamad Abdusalimov, Ubaydulla Derbisalin, Musa Akchurin, Mustafo Mansurov, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Ibrohim Dalshin, Muhammadjon Tinishboyev, Xalil Shirinskiy, Tolibjon Musaboyev, Kamol Rahmonberdiyev (Kamol qozi), Olimxonto‘ra Shokirxonto‘rayev, Sobirjon Yusupov, Odiljon Umarov va boshqalar. Biroq Milliy Majlis raisi lavozimiga nomzodi ko‘rsatilgan Sherali Lapin bu taklifni rad etgach, mazkur lavozimga qurultoyda boshqa kishi saylanmadi.

 

 

Shubhasiz, millat fidoyilarining ushbu sa’y-harakatlari bolsheviklarni sarosimaga soldi. Turkiston o‘lkasi Xalq Komissarlari Soveti Turkiston Muxtoriyatini tugatish uchun 1918-yil 30-yanvardayoq harbiy harakatlarni boshlab yubordi. Sovetlar 31-yanvarda Skobelev (hozirgi Farg‘ona), Andijon, keyinchalik Perovsk (hozirgi Qizilo‘rda) shaharlaridan 200 nafardan ortiq askarlarni Qo‘qonga tashladi. Dastlabki jangda muxtoriyatning taxminan 1000 kishidan iborat milliy qo‘shinidan tashqari qo‘qonlik tinch aholi vakillari ham qatnashdi. Asosan bolta, cho‘kich, ketmon, o‘roq, tayoq ko‘targan xaloyiqning soni 10 000 kishiga yetdi. Qurol-aslahasiz shahar ahli qizillarning hujumini uch kun davomida mardonavor qaytardilar. 1918-yil 19-fevralga o‘tar kechasi Toshkentdan Turkiston o‘lkasi harbiy komissari Ye.Perfilyev boshchiligidagi piyoda, otliq va artilleriya qismlaridan iborat yana 11 ta eshelondan iborat qo‘shin yetib keldi. 19-fevraldan boshlab 3 kun davomida qizillar shahar ustiga to‘plardan snaryadlar yog‘dirishdi. Qo‘qon butunlay vayron bo‘ldi va o‘t-olov ichida qoldi. Uch kun davomida 10 000 nafardan ziyod kishi qirg‘in etildi.

 

 

“Ulug‘ Turkiston” gazetasi chuqur qayg‘u bilan xabar berganidek, “20 (7)-fevral kuni Ho‘qand (Qo‘qon) tarixining eng dahshatli kuni edi. Bunda armanilar ayricha faoliyat ko‘rsatganlar…” Gazetadagi ushbu maqola “Ho‘qand – hozir o‘liklar shahri” degan dahshatli ibora bilan tugaydi. Nihoyat, 1918-yil 22-fevralda Qo‘qon shahridagi Rus-Osiyo banki binosida bolsheviklar tomonidan tayyorlangan “tinchlik shartnomasi” imzolandi. Ushbu shartnomaning ikkinchi moddasida “Aholi o‘lka Xalq Komissarlari Soveti hokimiyati va barcha mahalliy sovet tashkilotlarini tan oladi”, deb yozilgan edi. Ha, o‘qqa tutilgan, o‘ldirilgan, talangan va tahqir etilgan qo‘qonliklarning tirik qolgan qismi sovet hokimiyatini tan olmasdan qayoqqa borardi?

 

1918-yil 30-aprelda Turkiston ishchi, soldat va dehqon deputatlarining V syezdida RSFSR tarkibida Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi (ba’zi manbalarda Turkiston Sovet Respublikasi) tuzilganligi e’lon qilindi. Go‘yoki sovet hokimiyati Turkistonda yashovchi mahalliy xalqlarga sovet avtonomiyasi boshqaruvidagi “milliy davlatchilik” va “muxtoriyat”ni “hadya etgandi”.

 

Muxtoriyat hukumati vazirlari kimlar edi?

 

Shu o‘rinda Turkiston Muxtoriyati hukumati a’zolarining hayoti va faoliyati hamda keyingi taqdiri to‘g‘risida to‘xtalib o‘tamiz:

 

Muhammadjon Tinishboyev

 

 

Muhammadjon Tinishboyev (Muxamedjan Tinishpayev. 1879–1939) davlat va jamoat arbobi, tarixchi olim.

 

Yettisuv viloyati Lepsinsk uyezdi Sadir volostida 1879-yil 12-mayda tug‘ilgan. Millati qozoq. U 18891900-yillarda Verniy erkaklar gimnaziyasi, 19001906-yillarda Sankt-Peterburg Imperatorlik instituti Aleksandr I nomidagi temir yo‘l transporti injenerlar institutida o‘qidi.

 

1907-yili II chaqiriq Rossiya Davlat dumasi deputati qilib saylandi. 1917-yil aprelda Rossiyada tuzilgan Muvaqqat hukumatning Turkiston komiteti a’zosi, Turkiston Muxtoriyati Bosh vaziri va ichki ishlar vaziri (1917-yil noyabr-dekabr), Alash O‘rda hukumatida ichki ishlar vaziri (1917-yil dekabr1920-yil mart) va keyinchalik Bosh vazir o‘rinbosari lavozimlarida ishladi. U keyinchalik Turkiston ASSR va Qozog‘iston ASSRda turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatdi. Turkiy xalqlar tarixi va etnografiyasiga oid asarlar yozgan, ularning ayrimlari o‘sha paytda rus tilida Toshkentda nashr qilingan.

 

Sovet hokimiyati tomonidan M.Tinishboyev birinchi marta 1930-yil 3-avgustda qamoqqa olindi va besh yilga RSFSRning Markaziy qoratuproq hududi (hozirgi Voronej oblasti)ga surgun qilindi (19301935). Keyinchalik Toshkentda NKVD tomonidan 1937-yil 21-noyabrda qayta qamoqqa olindi hamda Toshkent turmasidagi kasalxonada 1939-yil 3-iyulda 60 yoshida vafot etdi. M.Tinishboyevning asarlari Almatida 1991-yildan keyin nashr etildi. SSSR tarqalgach, Qozog‘istonda uning xotirasiga bag‘ishlab haykallar o‘rnatildi. Qozog‘istonda Muhammadjon Tinishboyev nomli maxsus esdalik medali ta’sis etilgan.

 

***

Mustafo Cho‘qay

 

 

Mustafo Cho‘qay (1890–1941) taniqli davlat va jamoat arbobi hamda Turkiston xalqlari mustaqilligi uchun izchil kurashchi.

 

Sirdaryo oblasti Perovsk uyezdi Jopek volostidagi Avliyotarang‘il ovulida 1890-yil 25-dekabrda (yangi hisob bilan 1891-yil 7-yanvarda) tug‘ilgan. Otasi Cho‘qaybey To‘rg‘ay dodxoh o‘g‘li bo‘lis (volost) boshlig‘i, qozoqlarning qipchoq urug‘i aslzodalaridan bo‘lgan, onasining ajdodlari Xiva xonlariga borib taqalgan. Mustafo Cho‘qay tarjimai holida o‘zini qipchoq deb hisoblagan.

 

Mustafo Cho‘qay boshlang‘ich ta’limni Oqmachitda olgach, Toshkentdagi erkaklar gimnaziyasida o‘qidi (19021910). Sankt-Peterburg universitetining yuridik fakultetini tugatgan (1914). Mustafo Cho‘qay 1916-1917-yillarda Rossiya IV Davlat dumasining musulmonlar fraksiyasida kotib va tarjimon bo‘lib ishlaydi.

 

1917-yil aprelda Mustafo Cho‘qay Petrograddan Toshkentga qaytdi va Turkistondagi siyosiy jarayonlar markazida turdi. 1917-yil bahoridan boshlab “Birlik tug‘i” va “Свободный Туркестан” gazetalarini chop eta boshladi. O‘sha yili 1623-aprelda Toshkentda o‘tgan Butunturkiston musulmonlarining I qurultoyida Mustafo Cho‘qay raisligida Turkiston o‘lka musulmonlari Markaziy Sho‘rosi (Краймуссовет), ya’ni Milliy Markaz tashkil qilindi. Orenburgda 2128-iyulda bo‘lib o‘tgan Butunqirg‘iz (Butunqozoq) I syezdida qatnashdi. Muvaqqat hukumatning Turkiston Komiteti a’zosi (1917-yil avgustdan). Toshkentda bolsheviklar tomonidan zo‘ravonlik bilan hokimiyat egallab olingach, Mustafo Cho‘qay boshchiligidagi Milliy Markaz noyabr oyi boshlarida Qo‘qonga ko‘chib bordi.

 

1917-yil 12-dekabrdan boshlab Mustafo Cho‘qay Turkiston Muxtoriyati hukumatining Bosh vaziri bo‘ldi. Ayni paytda Mustafo Cho‘qay Orenburgda 1917-yil 5–13-dekabrda (yangi hisobda 18–26-dekabr) bo‘lib o‘tgan Butunqirg‘iz (Butunqozoq) vakillarining I syezdida tashkil qilingan Alash O‘rda hukumatining ham tashqi ishlar vaziri bo‘lgan.

 

Yoshligidan turkchilik g‘oyalari bilan tarbiyalangan Mustafo Cho‘qay yagona va bo‘linmas Turkiston tuzish tarafdori edi. U qozoq elatdoshlari bo‘lgan “Alash” partiyasi a’zolariga alohida avtonom hukumat tuzish zarur emasligini, ular Turkiston Muxtoriyati hukumati tarkibiga maxsus viloyat sifatida kirishlari mumkinligini bildiradi. Kelajakda bu muxtoriyatga Buxoro amirligi va Xiva xonligi hududlarini ham qo‘shib olgan holda mustaqil Turkiston davlatini (O‘zbekiston yoki Qozog‘iston emas!) tuzish imkoniyati vujudga kelar edi. Biroq Mustafo Cho‘qay, Behbudiy, Munavvar Qori, Ubaydulla Xo‘jayev, Fayzulla Xo‘jayev kabi millat yetakchilarining bunday geosiyosiy qarashlari ayrim kishilarga yoqmaydi.

 

Mustafo Cho‘qay 1919-yil fevralda Yevropa davlatlariga maxsus memorandum bilan murojaat qilib, Turkistondagi istiqlolchilarning bolsheviklarga qarshi kurashini qo‘llab-quvvatlashga, sovet rejimini ag‘darib tashlashga chaqirdi.

 

1919-yil bahorida qozoq dashtlari va Kaspiy dengizi orqali avval Boku, so‘ngra Tiflis (Tbilisi) shahriga boradi. Bu yerda u “Yeni Dünya” va “Şafak” gazetalari, “На рубеже” jurnaliga muharrirlik qildi. Qizil armiya Tiflisni bosib olgach, Mustafo Cho‘qay muhojirlikka jo‘nab ketishga majbur bo‘ldi hamda Istanbulga yetib keldi. Mustafo Cho‘qay 1921-yil yozida Parijga keldi. U 20 yil muhojirlikda yashadi. 1929-yildan boshlab Turkiston Milliy Birligi Markaziy Qo‘mitasining raisi bo‘ldi. 19291939-yillarda chiqqan “Yaş Türkistan” jurnaliga muharrirlik qildi. Jurnal Parijda tayyorlanib, Berlinda nashr qilingan (uning 117 ta soni chop etilgan).

 

Mustafo Cho‘qay muhojirlikda yashab, O‘rta Osiyo respublikalarida sovet rejimiga qarshi davom etayotgan qurolli istiqlolchilik harakati (bolsheviklar “bosmachilik” harakati deb atagan) to‘g‘risida “О басмачестве” maqolasida shunday yozgan edi: “Turkiston – Sovet Ittifoqining qo‘zg‘olonchilar hozirgacha o‘z harakatini to‘xtatmagan yagona qismi. Buning ikkita sababi bor. Birinchidan, Moskva zulmidan qutulish uchun mamlakatni kurashga olib kelgan milliy tuyg‘uning kuchliligi. Bu umumiy holatning sababi hisoblanadi. Ikkinchidan, mahalliy xususiyatga molik sabab ham bor. Bu sovet milliy siyosatining faqat Turkistonga xos alohida xususiyatidir.”

 

Germaniya SSSRga hujum qilgan 1941-yil 22-iyun kuni natsistlar Parij atrofidagi Nojan shaharchasida yashayotgan Mustafo Cho‘qayni qamoqqa olishdi. U 13-iyulgacha Kompen harbiy lagerida hibsda saqlandi. Mustafo Cho‘qay 1941-yil sentabrdekabr oylarida sovet harbiy asirlari saqlanayotgan Suvalki, Vustrau va Chenstoxova konslagerlarida bo‘lib, asir tushgan turkistonliklarni omon saqlash yo‘llarini izladi. Mustafo Cho‘qay va toshkentlik o‘zbek Vali Qayumxon turkistonliklardan Turkiston legioni tuzishni rejalashtirdilar. Biroq Mustafo Cho‘qay konslagerlarda yuqumli tepkili terlama (tif) kasalligini yuqtirib, 1941-yil 27-dekabrda vafot etdi.

 

Mustafo Cho‘qay rus, o‘zbek, qozoq, turk, fransuz, ingliz, nemis, polyak tillarida Turkistonning XX asr tarixiga oid ko‘plab maqolalar va kitoblar yozdi. “1917-yil xotira parchalari” (Berlin, 1937; o‘zbek tilida) kitobi katta shuhrat qozondi. Bu asar turk (Anqara, 1988), rus (Germaniya, 1989; Tokio-Moskva, 2001), o‘zbek (Toshkent, 1992) tillarida alohida kitob bo‘lib nashr qilindi. Uning 2 jildli “Tanlangan asarlar” kitobi (Almati, 1998-1999) qozoq va qisman rus tillarida bosilib chiqdi.

 

SSSR tarqalgach, Qozog‘iston va O‘zbekistonda Mustafo Cho‘qayning asarlari chop etildi. Taniqli tarixchi olim professor Kushim Yesmag‘ambetov boshchiligida Almatida Mustafo Cho‘qayning 12 jildlik asarlar to‘plami nashrdan chiqdi. Qozog‘istonda Mustafo Cho‘qay haqida badiiy asarlar yaratildi, kinofilmlar suratga olindi, uning xotirasiga atab haykallar o‘rnatildi.

 

***

Islom Sulton Shoaxmedov

 

 

Islom Sulton Shoaxmedov (Shohislom Shagisultonovich Shagiaxmetov. 1882–1922) taniqli musulmon jamoat va siyosat arbobi.

 

1882-yil 21-noyabrda Orenburgda tatar-boshqird oilasida tug‘ilgan. I.Shoaxmedovning dunyoqarashi asosan Orenburg tatarlari o‘rtasida shakllangan. I.Shoaxmedov Orenburg erkaklar gimnaziyasini tugatgach (1905), Sankt-Peterburg universitetining avval sharqshunoslik, so‘ngra yuridik fakultetida o‘qiydi (19051910). Turkiy va rus tillaridan tashqari ingliz, fransuz, nemis tillarini yaxshi bilgan. Talabalik paytida u Rossiyadagi sotsial-demokratik harakatga qiziqib, 1907-yilda Toshkent garnizoni soldatlari o‘rtasida tashviqot ishlarini olib borgan.  Petrogradda 1917-yil yozda tashkil qilingan Butunrossiya musulmonlari Sho‘rosi Ijroiya Komiteti a’zosi va sekretari.

 

U Peterburgda 1912-yil oktabrda chiqqan “Мусульманской газеты”ning muharriri bo‘ldi. Bir qator sud ishlarida mensheviklar partiyasi vakillarini himoya qiladi. I.Shoaxmedov Rossiya imperiyasidagi musulmon aholisi huquqlari uchun kurashgan. 1915-yil boshlarida Qo‘qonga kelgan. I.Shoaxmedov Skobelev okrug sudida tergovchi advokat o‘rinbosari sifatida o‘z faoliyatini boshlaydi. Bu yerda u “Sadoi Farg‘ona” gazetasini chiqarishda muhim rol o‘ynaydi. 1916-yilda “G‘ayrat” jamiyatini tuzib, “Туркестанский край” gazetasi nashrini yo‘lga qo‘yadi va unga muharrirlik qiladi. 1916-yil Farg‘ona vodiysida ko‘tarilgan mardikorchilik qo‘zg‘olonini qo‘llab-quvvatlaydi.

 

Turkiston Muxtoriyati hukumatida Bosh vazir o‘rinbosari, keyinchalik moliya vaziri bo‘ldi. Turkiston Muxtoriyati Konstitutsiyasi loyihasining muallifi. Muxtoriyat hukumati tugatilgan paytda Qo‘qon qo‘rg‘oni ichida bolsheviklar tomonidan qo‘lga olingan (1918-yil fevral). 1918-yil bahorida “Ulug‘ Turkiston” gazetasida yozilishicha, u Toshkentdagi qamoqxonada qiynoqlar natijasida aqldan ozgan va turma lazaretiga ko‘chirilgan. 1918-yil mayda bolsheviklar tomonidan Turkiston Muxtoriyati hukumatining tirik qolgan a’zolari afv qilingach, qamoqdan chiqqan.

 

1919-1920-yillarda I.Shoaxmedov bolsheviklar bilan hamkorlik qilgan. 1920-yil oxirida u yashirin ravishda Manchjuriyaga jo‘nab ketgan. 1921-yil boshlarida Britaniya Hindistoniga qarashli Peshovardagi rus qochoqlari joylashgan lagerga tushib qolgan. I.Shoaxmedov qarindoshi badavlat savdogar Agafurov oilasining moddiy ko‘magida 1921-yil avgustda Vladivostokka keladi. Oradan ko‘p o‘tmay I.Shoaxmedov qattiq kasallangan va Vladivostokdagi qarindoshlari huzurida qolib ketgan. U 1922-yil oxiri yoki undan keyin, 40 yoshlarda vafot etgan.

 

***

Ubaydulla Xo‘jayev

 

 

Ubaydulla Xo‘jayev (Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev; Ubaydulla Asaddullayevich Xo‘jayev. 1886–1942) taniqli davlat va jamoat arbobi, o‘zbek matbuotining tashkilotchilaridan biri.

 

1886-yili Toshkent shahrida hunarmand oilasida tug‘ilgan. Saratovdagi huquqshunoslik institutida o‘qigan (19081912). Talabalik yillaridayoq mashhur rus yozuvchisi Lev Tolstoy bilan yozishmalar olib bordi (1909). Toshkent okrug sudida 1913-yildan xususiy advokat bo‘lib ishladi. Tez orada jadidchilik harakatining rahbarlaridan biriga aylandi. U Toshkentda 1914-yil apreldan “Sadoi Turkiston” gazetasini chiqarib, unga muharrirlik qildi. O‘z atrofiga yoshlarni to‘plab, “Umid” yashirin jamiyatini tuzdi. Keyinchalik bu tashkilot “Taraqqiyparvar” deb nomlanib Turkiston jadidlarining yetakchi tashkilotiga aylandi. Chor ma’murlari tomonidan “Sadoi Turkiston”  yopilgach, u Andijonga keldi va rus tilida “Туркестанский голос” gazetasini nashr qildirdi.

 

Mardikorchilik haqidagi imperator Nikolay II farmonini bekor qildirish uchun mahalliy sarmoyador Mirkomilboy Mirmo‘minboyev bilan birga Petrogradga yo‘l oladi. Turkiston o‘lka musulmonlari Markaziy Sho‘rosi (Milliy Markaz) kotibi va a’zosi (1917-yil aprel), Butunrossiya musulmonlar Sho‘rosi Ijroiya Komiteti a’zosi (1917-yil may), Toshkentda 1917-yil mart oyida tuzilgan “Sho‘roi Islomiya” tashkiloti raisi, Muxtoriyatchilik harakati tashabbuskorlaridan biri, Turkiston Muxtoriyati hukumatining harbiy ishlar vaziri (1917 yil noyabr1918 yil fevral) bo‘lgan.

 

Ubaydulla Xo‘jayev 1918-yil fevralda hukumat topshirig‘i bilan Kavkazga bordi va Turkistonga g‘alla keltirish masalasini hal qildi. Muxtoriyat tugatilgach, u AshxobodSamarqand temir yo‘lida bolsheviklar qo‘liga tushib qoldi. Sovet hokimiyati tomonidan 1918-yil mayda afv etilgach, Orenburgga boradi va Boshqirdiston Muxtoriyati hukumatini tuzishda faol ishtirok etadi.

 

Ubaydulla Xo‘jayev bir necha marta (1918, 1929, 1931, 1938) qamoqqa olingan. Ozodlikka chiqqach, Toshkentda singlisining uyida muhtojlikda yashagan. Ingliz yozuvchisi J.R.Kiplingning mashhur “Maugli” asarini o‘zbekchaga tarjima qilgan. Oxirgi marta 1938-yil 20-fevralda Toshkentda hibsga olinib, SSSR NKVD maxsus kengashining qarori bilan 1939-yil 14-mayda 8 yilga mehnat tuzatish lageriga hukm qilingan. 1942-yil 31-oktabrda qamoqxonada halok bo‘lgan.

 

Ubaydulla Xo‘jayev singlisining o‘g‘li, ya’ni jiyani bo‘lgan O‘zbekiston xalq shoiri Shukrullo (1921–2020) “Tirik ruhlar” (1999) romanida Ubaydulla Xo‘jayev faoliyatini hamda “Kafansiz ko‘milganlar” (1990) xotira-qissasida qatag‘on qilingan yurtdoshlarimiz qismatini yoritgan.

 

***

Obidjon Mahmudov

 

 

Obidjon Abduxoliqovich Mahmudov (Obid chatoq. 1871–1936) davlat va jamoat arbobi, yirik sarmoyador va noshir.

 

1871-yil 12-mayda Marg‘ilonda tug‘ilgan. Otasi Abduxoliq to‘pchi asli buxorolik bo‘lgan. Obidjon Mahmudov Qo‘qonga ko‘chib kelib, madrasa ta’limini oldi. U Kaspiy dengizidagi Cheleken yarim oroliga borib, neft qazib olish bilan shug‘ullanadi va boyib ketadi.

 

Sankt-Peterburg universitetining tog‘-kon muhandisligi fakultetini tugatgan. Farg‘ona vodiysida ko‘plab neft konlarini ochishda ishtirok etgan. U Farg‘ona vodiysidagi jadidchilik harakatida faol qatnashgan va ularni moddiy jihatdan ta’minlab turgan. 1914-yili bosmaxona tashkil qilgan. “Sadoi Farg‘ona” (1914), “Tirik so‘z” (1917) va rus tilida chiqqan “Ферганское эхо” (1914) gazetalarining muharriri va noshiri.

 

O.Mahmudov 1917-yilda Qo‘qon shahar Dumasi raisi o‘rinbosari etib saylandi. Mustafo Cho‘qay boshchiligidagi Milliy Markaz 1917-yil noyabr oyi boshlarida Toshkentdan Qo‘qonga ko‘chib kelgach, uning hovlisida joylashganlar. O.Mahmudov Butunturkiston musulmonlari favqulodda IV qurultoyi chaqirilishi hamda Turkiston Muxtoriyati hukumati tashkil qilinishida katta rol o‘ynadi. U hukumatda oziq-ovqat vaziri lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. Keyinchalik yustitsiya vaziri lavozimini egalladi. Obidjon Mahmudov sovet rejimi tomonidan bir necha marta qamoqqa olingan. Qamoqda orttirgan og‘ir xastaliklar tufayli 1936-yil 21-noyabrda 65 yoshida vafot etgan.

 

***

Abdurahmonbek O‘razayev

 

 

Abdurahmonbek O‘razayev (1888–1937) taniqli davlat va jamoat arbobi.

 

1888-yilda Yangi Marg‘ilon (hozirgi Farg‘ona) shahrida amaldor oilasida tug‘ilgan. Abdurahmonbek ota tomondan qozoqlarning qipchoq urug‘iga borib taqaladi. Otasi – Muhammad O‘razayev (1898-yil 10-mayda vafot etgan) O‘rta juzdagi aslzodalardan biri bo‘lib, 2-Orenburg kadet korpusini tugatgan hamda Marg‘ilon uyezdi boshqarmasida tarjimon va kotib bo‘lib ishlagan. Onasi – Niyozjon Bibixonim Farg‘ona viloyati Yangi Marg‘ilon uyezdi Avval qishlog‘ida tug‘ilgan o‘zbek ayoli bo‘lib, u erining vafotidan so‘ng o‘qituvchilik qilgan.

 

A.O‘razayev Skobelev gimnaziyasi (1910) va Moskva universitetining yuridik fakultetini (1915) tugatgan. Farg‘ona saylov okrugidan Butunrossiya Ta’sis Majlisi a’zosi (1917) qilib saylandi. Turkiston Muxtoriyati hukumatida ichki ishlar vazirining o‘rinbosari hamda Milliy Majlis a’zosi bo‘ldi. So‘ngra ichki ishlar vaziri lavozimida faoliyat ko‘rsatdi.

 

Muxtoriyat hukumati bolsheviklar tomonidan ag‘darilgach, 1918-yil fevral oyi oxirida A.O‘razayev bolsheviklar qo‘liga tushib qolgan. U 1918-yil may oyida dastlab amnistiya qilindi hamda sovet hokimiyati idoralarida turli lavozimlarda ishladi. A.O‘razayev keyinchalik Sibirga surgun qilindi. U yerda sil kasali bilan qattiq og‘rib qolgach, Toshkentdagi qarindoshlari (singlisi) oilasiga qaytishga ruxsat berildi. Bo‘lg‘usi atoqli olim, kuyovi Qori Niyoziy xonadonida yashadi. Toshkentda bir muddat istiqomat qildi, 1937-yilda vafot etdi.

 

A.O‘razayevning singlisi – Oyshaxonim O‘razayeva (1897-yil 2-sentabr–1988-yil 31-yanvar) onasi singari sovet maktablarida ishlagan. Turkistonda dastlabki ayol o‘qituvchilardan biri bo‘lgan. U Skobelev (hozirgi Farg‘ona) shahridagi ayollar gimnaziyasini tugatib, Namangandagi rus-tuzem maktabida rus tilidan dars bergan. So‘ngra Skobelevdagi sovet maktabida faoliyat ko‘rsatdi. U keyinchalik O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi va birinchi prezidenti Toshmuhammad Niyozovich Qori-Niyoziyga turmushga chiqqan.

 

***

Nosirxon To‘ra

 

 

Nosirxon To‘ra (Nosirxonto‘ra Said Kamolxonto‘ra o‘g‘li. 1873–1931) istiqlolchilik harakatining g‘oyaviy rahbarlaridan biri, mashhur ulamo. 

1873-yili Namanganda o‘zbek ulamosi oilasida tug‘ilgan. Buxoroda, so‘ngra Kobul, Dehli, Bag‘dod va Hijoz shaharlarida tahsil olgan. Turkistonga qaytgach, 1912-yili Namangan shahriga qozi bo‘lgan. 1913-yildan boshlab jadidchilik harakatida faol qatnashgan. “Sho‘roi Islomiya” tashkilotining Namangan shu’basi rahbari, Namangan shahar Dumasi a’zosi (1917).

 

Butunturkiston musulmonlari favqulodda IV qurultoyini 1917-yil 2628-noyabrda Qo‘qon shahrida o‘tkazishda jonbozlik ko‘rsatdi. Turkiston Muxtoriyati hukumati tarkibiga maorif vaziri sifatida kiritildi. 1919-yili Kosonsoyda “Milliy ittihod” tashkiloti yacheykasini tashkil qilgan. Sovet rejimi tomonidan bir necha marta qamoqqa olinadi. Orenburgda surgunda bo‘lgan (19251928). Surgundan qaytgach, mavjud tuzumga qarshi faol kurashni davom ettirgan.

 

OGPU maxsus uchligining 1930-yil 27-oktabrdagi yig‘ilishida 5054-ish, ya’ni Nosirxon To‘ra va uning safdoshlari (jami 92 nafar kishi) ishi ko‘rib chiqilgan hamda ularga hukm chiqarilgan. Nosirxon To‘ra va safdoshlaridan 12 nafari o‘lim jazosiga, qolganlari esa turli muddat qamoq jazosiga hukm qilingan. Arxiv manbalarida ko‘rsatilishicha, qatag‘on qilingan Nosirxon To‘ra 1931-yil 13-aprelda Toshkent shahrida 55 yoshida otib tashlangan. Nosirxon To‘raning “Tarixi Turkiston” (15 bo‘limdan iborat), “Orenburg maktublari” esdaligi va boshqa asarlari mavjud.

 

2021-yil 25-avgustda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Oliy sudi majlisida Nosirxon To‘ra va boshqalarga oid 92 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi bekor qilinib, ular o‘limidan so‘ng oqlandi.

 

***

Saidnosir Mirjalilov

 

 

Saidnosir Mirjalilov (1884–1937) ma’rifatparvar va davlat arbobi.

 

1884-yili Turkiston shahrida o‘zbek oilasida tug‘ilgan. Dehqonchilik va savdo ishlari bilan shug‘ullanib, Turkistonning yirik sarmoyadorlaridan biriga aylangan. Turkiston shahrida paxta tozalash zavodi qurib, jadid maktabini ochgan (1914). Davlat Dumasi musulmon shu’basining Peterburgda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida qatnashgan (1914). U 1917-yili Toshkentga ko‘chib kelgan va shahar Dumasiga a’zo bo‘lgan. “Sho‘roi Islom” tashkilotining a’zosi sifatida Turkiston Muxtoriyati hukumatining 1917-yil noyabrda tashkil etilishida faol qatnashgan va hukumatning g‘aznachisi bo‘lgan.

 

Muxtoriyat hukumati bolsheviklar tomonidan ag‘darib tashlangach, S.Mirjalilov avval Samara va Tiflisga boradi, so‘ngra bir muddat Turkiyada yashaydi. U 1921-yilda Toshkentga qaytib, “Turkiston” savdo-sanoat shirkatini tashkil qilib, undan tushgan daromad hisobiga “Milliy ittihod” tashkilotini qo‘llab-qo‘vvatlagan hamda Germaniyaga o‘qishga yuborilgan ayrim talabalarni nafaqa bilan ta’minlagan, ularga moddiy yordam ko‘rsatgan. U “Nashri maorif” ma’rifiy tashkiloti va “Ko‘mak” jamiyatining asoschilaridan biri (19231925). S.Mirjalilov Hamza va Cho‘lpon, yozuvchi Abdulla Qodiriyni moddiy jihatdan quvvatlab turgan.

 

Sovet rejimi tomonidan u bir necha marta (1925, 1932, 1937) qamoqqa olingan. Solovki orollaridagi qamoqxonaga tashlangan (19251928). S.Mirjalilov 1937-yil 21-iyulda Toshkentda uchinchi marta qamoqqa olinib, 1937-yil 9-oktabrda otib tashlangan. S.Mirjalilovning qizi Zarifa Saidnosirova (19081986) kimyogar olima, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1968) hamda birinchi o‘zbek ayol rassomi bo‘lib, u taniqli yozuvchi Oybek (1905–1968)ning rafiqasidir. Z.Saidnosirovaning “Oybegim mening” xotiralar kitobi nashr qilingan.

 

Qahramon RAJABOV,

tarix fanlari doktori, professor,

Tarix instituti bosh ilmiy xodimi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16809
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi