“At-tuhfa”: kitob bo'yicha olimlar bahsi nega 8 asrdan buyon tugamadi?


Saqlash
17:02 / 15.02.2023 3329 0

“At-tuhfatuz zakiyya fiy lug‘atit turkiya” asari zakiy bobolarimizdan bizgacha yetib kelgan qutlug‘ bir merosdir. Kitob nomi arabiy yozuvida  التحفة الزكية في اللغة التركية‎  shaklida  berilgan va o‘zbek tiliga “Turkiy til haqida noyob tuhfa” shaklida tarjima qilingan.

 

Bu noyob tuhfa XIV asrda Misrda yozilgan bo‘lib, uni yozgan muallifning ismi ma’lum emas. Asar qo‘lyozmasining bizgacha yetib kelgan yagona nusxasi hozirgi kunda Istanbuldagi Boyazid kutubxonasida saqlanadi. Qo‘lyozma 91 varaq 182 betdan iborat,  har bir betda 7 ta so‘zga sharh berilgan va ular 13 ta qatorga joylashtirilgan.

 

Asar kirish,  3000 ta so‘zlik lug‘at va grammatikaga oid alohida bobdan tarkib topgan. Lug‘adashi va grammatika qismida berilgan asosiy so‘zlar mamluklar davrida shakllangan qipchoq tiliga oid. Undagi qipchoqcha so‘zlar qizil rangli, arabcha so‘zlar qora rangli siyohda yozilgan.

 

“At-tuhfatuz zakiyya fiy lug‘atit turkiya”da turkman, tatar, qarluq tillari haqida ham ma’lumotlar keltirilgan bo‘lsa-da, asosiy so‘zlar  mamluk-qipchoq tiliga oid. Muallif bu haqda shunday yozadi: “Men bu asarda qipchoq tiliga asoslandim. Chunki eng ko‘p qo‘llaniladigan (ilg‘or) til qipchoq tilidir. Turkman tilini bu ishda bayon qilmadim. Faqat zarurat bo‘lgandagina ko‘rsatdim” (Attuhfatuz zakiyat-u fil lug‘atit turkiya [Turkiy til (qipchoq tili) haqida noyob tuhfa]. Tarjimon va nashrga tayyorlovchi S.M.Mutallibov, – Toshkent: Fan, 1968. – B. 4). Shuningdek, muallif asarda Abu Hayyon G‘arnatiyning (1256–1344) qipchoq tili haqidagi “Kitobul idrok lilisan al-atrok”  asaridan ham foydalanganini aytib o‘tgan.

 

“At-tuhfa” mamluk-qipchoq tilida yozilgan. Mamluk-qipchoq tili turkiy tillarning qipchoq guruhiga kiradi. Bu til XIII–XV asrlarda Misr va Suriyada sultonlar va davlat xizmatchilari, savdogarlar so‘zlashadigan o‘zaro muloqot tili – lingva frankaga aylangan (Lingva franka (ital. lingua franca “franklar tili”) – kishilar o‘rtasidagi  muloqot uchun tizimli ravishda ishlatiladigan (o‘z ona tilidan boshqa) til yoki dialekt. Arablar va turklar bu tilni “Lisan al-ifrang” deb atashgan.). Bu tilni qipchoq-o‘g‘uz, Oltin O‘rda tili, Misr mamluklari tili, qipchoq adabiy tili kabi nomlar bilan ham atashgan. Ammo, baribir bu til tilshunoslikda mamluk-qipchoq tili nomi bilan atalib kelinadi.

 

Boyazit kutubxonasida saqlanayotgan qo‘lyozmani 1940-yilda birinchi bo‘lib venger olimi Tibor Xalashi-Kun tadqiq qilgan. 1945-yilda turkiyalik professor Besim Atalay uni turk tiliga tarjima qilgan. 1967-yilda uni yahudiy dinidagi turkiy xalq – qaraim millati vakili Aleksandr Dubinskiy o‘rgangan. 1968-yilda esa Solih Mutallibov asarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Yuqorida ismi zikr etilgan, Solih Mutallibovdan boshqa barcha olimlarda “Tuhfa”dagi so‘zlarni o‘z tili doirasida tahlil qilish ko‘zga tashlanadi va ularning hammasi asardan o‘z tili uchun nimadir o‘zlashtirishga harakat qilgan.

 

N.Baskakov ham o‘zining “Turkiy tillarning tarixiy-tipologik fonologiyasi” nomli asarida mamluk-qipchoq tilini g‘arbiy qipchoq tillari, aniqrog‘i qumiq, qaraim, qirimtatar, qorachoy va balqar tillariga o‘xshash deb topgan.  Adham Tenishev esa uning shimoliy qipchoq tillari, xususan tatar va boshqird tillariga yaqinligini aytgan. Bu ikki olimda ham negadir tuhfani o‘ziniki qilishga bo‘lgan intilish ko‘zga tashlanadi. Chunki Nikolay Baskakov asli Oltin O‘rda beklarining avlodidan bo‘lsa-da, turkologiyaga qiziqishi Qoradengiz bo‘yida shakllangan. Adham Tenishev esa tatar millatiga mansub.  Shuning uchun ham noyob tuhfaning o‘rganilishida ko‘plab bahstalab masalalar yuzaga kelgan. Har bir shaxs, predmet yoki voqelikni, umuman olganda obyektni o‘rganishda subyekt muhim o‘rin tutadi. Shunday ekan olimlarning bahslaridagi “ko‘rpani o‘ziga tortish”ni to‘g‘ri tushunish mumkin. Aslida esa mamluk-qipchoqlari tili, xususan “At-tuhfa” tili ham qipchoq va o‘g‘uz dialektlarining sintezidan iboratdir.

 

“At-tuhfa” lug‘ati hozirgi kundagi qaysi tilga yaqinligi doimo bahstalab mavzu bo‘lib kelgan. Ayrimlar uni o‘g‘uz tiliga, boshqalari qipchoq tiliga yaqin deb topishgan. T.Xalashi-Kun (Halasi-Kun T. Die mameluk-kiptschakischen Sprachstudien und die Handschriften in Stambul // Korosi Csoma Archivum. – Bedapest, 1940. – Bd. 3. – Th. 1 – S. 80–83). mamluk-qipchoq tilidagi yodgorliklardagi so‘zlarni dialektlarga ko‘ra uch guruhga ajratgan: 1) sof qipchoq so‘zlari; 2) sof o‘g‘iz so‘zlar 3) qipchoq-o‘g‘uz aralash so‘zlar. Shu o‘rinda, asarning o‘rganilishi tarixiga nazar solsak, muammo birmuncha oydinlashadi.

 

Sharqiy Afrika va G‘arbiy Osiyo mamlakatlarining tarixini o‘rganish shuni  ko‘rsatadiki, o‘g‘uz turklari bu yerga ancha avvalroq kirib borgan. Bu davrda qipchoq tili Yevropaning shimoliy-g‘arbiy tomonida ko‘proq tarqalgan. Qipchoq tilining bu hududlarga kirib kelishi mamluklar davrida kuchaygan va  tez orada koyne (Koynе́ (yunoncha: Κοινὴ Ἑλληνική “umume’tirof etilgan yunon tili”, yoki  κοινὴ διάλεκτος, “umumiy dialekt”) – yunon tilining postklassik antik davrda paydo bo‘lgan va xalqaro muomalada bo‘lgan shakli.) darajasiga yetgan. Buning asosiy sabablaridan biri asli qipchoqlardan bo‘lgan Sulton Beybars va Oltin O‘rda xoni Berkexon o‘rtasida tuzilgan  ittifoq bo‘lishi mumkin. Chunki 1258-yilda Bog‘dod fath etilganidan keyin Xulaguxon bilan Berkexon orasiga sovuqlik tushadi va xon o‘z qo‘shinlariga ortga, Qipchoq yurtiga qaytishga, qaytishning imkoni bo‘lmasa Misrga ketishga amr qiladi. Berkexon chingiziylar orasida birinchi bo‘lib islomni qabul qiladi va Oltin O‘rdadada madrasa ochish uchun eng ilmga chanqoq yigitlarni Misrga o‘qishga yuboradi. Shu tariqa Misrning qo‘shinlaridagi harbiylar orasida ham,  madrasalarda o‘qiydigan talabalar orasida ham qipchoq turklari ko‘paya boshlaydi. M.Ulaqov va A.Chechenovning “Turkiy tillardagi yozma yodgorliklar zamonaviy qorachoy-bolqor tili tarixini o‘rganish manbasi sifatida” nomli kitobida keltirilishicha, Misr hukmdorlari qipchoqlar bo‘lgani uchun qipchoq tilining nufuzi tobora ortib borgan. Bu esa o‘z-o‘zidan arablar va turklar, xususan amaldorlar ham bir-birlarini tushunishi uchun lug‘atlar tuzish ehtiyojini yuzaga keltirgan. Natijada arab tilidagi kitoblar turkchaga, turkcha kitoblar arabchaga tarjima qilina boshlangan. Shu tariqa, arab-qipchoq gramatikasi va glossariylari yuzaga kelgan (Улаков М.З., Чеченов А.А. Письменные памятники тюркских языков как источник истории современного карачаево-балкарского языка (спецкурс). – Нальчик: Издательство КБНЦ РАН, 2001. – 52 с.).   Tez orada Misr va unga tobe hududlarda o‘g‘uz tili bilan qorishgan sinkretistik qipchoq tili umumiy muloqot tiliga aylangan. “At-tuhfatuz zakiyya fiy lug‘atit turkiya” asari o‘sha davrning mevasidir.

 

Hozirgi kunda asarni o‘rganish Turkiya, Ozarboyjon, Eron Ozarboyjoni, Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Filologiya yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalarga  “At-tuhfatuz zakiyya fiy lug‘atit turkiya” asaridan foydalanish bo‘yicha alohida kurslar ham tashkil qilingan. Misol uchun, Tabrizda tartib etilgan turuz.com saytini (https://turuz.com/page/title/about-turuz) ko‘zdan kechirsangiz, nafaqat “At-tuhfa”, balki qipchoq tiliga oid boshqa manbalarni ham topishingiz mumkin. Ammo, O‘zbekistonda bu borada sustkashlik ko‘zga tashlanadi. Asarning Solih Mutallibov tomonidan tarjima qilingan varianti bugungi kunda o‘zbek o‘quvchilari uchun yagona manba bo‘lib turibdi. Solih Mutallibov asarni o‘zbek tiliga tarjima qilish bilan birga uni semantik tahlil ham qilgan. Gramatikasi va fonetikasiga o‘zbek adabiy tili me’yorlari doirasida tushuntirishlar berib o‘tgan. Ammo tarjimada ham, sharhlarda ham ayrim kamchiliklar ko‘zga tashlanadi. Bunda S.Mutallibovning qipchoq tilida so‘zlashuvchi informantlardan foydalanmagani ko‘zga tashlanadi.

 

“At-tuhfatuz zakiyya fiy lug‘atit turkiya” shunday bir manbaki, undan o‘zbek tilining qipchoq va o‘g‘uz lahjalaridagi so‘zlarni qiyosiy tahlil qilish va semantikasini shakllantirishda unumli foydalanish mumkin. Inchunin, o‘zbek qipchoq lahjasida qo‘llaniladigan, ammo ma’nosi unutilgan ko‘p so‘zlar asarda berilgan. Misol uchun, qiңir(yomon niyatli), qilchir(g‘ilay), kashal(sochi to‘kilgan), tamaqsav(ochko‘z), taz(kal), sangirav(gap tushunmaydigan), sholaq(buzuq), ulkar(hulkar), ovurchuq(charx), shishshak(ikki yoshli qo‘chqor), keshak(ikki yoshli tuya), uchmaq(jannat), tamuq(g‘)(do‘zax), jarma(po‘sti tozalangan bug‘doy), burch(qarz), aru(toza), butaq(daraxt shoxi), qo‘qitmoq(titmoq), muyuz(shox) (Attuhfatuz zakiyat-u fil lug‘atit turkiya [Turkiy til (qipchoq tili) haqida noyob tuhfa]. Tarjimon va nashrga tayyorlovchi S.M.Mutallibov, – Toshkent: Fan, 1968. – 280-b.) kabi so‘zlar qipchoq tillarida  qo‘llaniladi, ammo ayrimlarining ma’nolari unutilgan.

 

Asardagi ayrim so‘zlarda ch o‘rniga shipillovchi sh harfi, shipillovchi sh o‘rniga  sirg‘aluvchi s tovushi qo‘llanilganini ham ko‘rish mumkin. Bundan ko‘rinadiki, mamluk-qipchoq tilining shakllanishida nafaqat Oltin O‘rda qipchoq tilining, balki qipchoq-no‘g‘ay shevalarining ham ta’siri bo‘lgan. Shashti(sochli), qashabardi(qochaverdi), shuridi, sheshek(chechak), qonshi(qo‘shni), kashti(kechdi), shag‘ir(chag‘ir), bursh(burch-qarz) kabi so‘zlar qozoq, qoraqalpoq va no‘g‘ay tillarini esga soladi. Shuning uchun Qozog‘istonda “At-tuhfa” qozoq tilining asosiy tarixiy manbasi o‘laroq o‘rganiladi. Birgina Nazim Konkabayeva dissertatsiyasida “At-tuhfatuz zakiyya fiy lug‘atit turkiya” 1152 so‘z tahlil qilingan (Konkabayeva N.N. “At-Tuxfa az-zakiya fi әl-lug‘at at-tүrkiya” yeskertkіshіne tarixilingvistikaliq interpretatsiya. “6D021200 – Tүrkіtanu” mamandig‘i boyinsha PhD filosofiya doktori dәrejesіn alu үshіn dayindalg‘an dissertatsiya. https://www.kaznu.kz/content/files/pages/folder17928/Aңdatpa%20Konkabaeva%20N.N..pdf).

 

O‘zbekistonda esa bunday tadqiqotlar ko‘zga tashlanmaydi. Qolaversa, o‘zbek tilidagi tarjimada ham bir nechta xatoliklar kuzatiladi. Jumladan, hamzalik bo‘limida keltirilgan kichi so‘zi  kishi deb tarjima qilingan. Aslida esa kishi katta odam kichi kichik odamni bildirgan. O‘zbek adabiy tilidagi kichik so‘zi qipchoq lahjasida kichi shaklida talaffuz qilinadi.

 

Tamaqsav so‘zi qipchoq tilida odamning och qolgani, suvsav chanqaganini bildiradi. Ammo tarjimada tamaqsavning tarjimasi ochko‘z  deb berilgan. Ayrim shevalarda tamaqsav ochko‘z ma’nosida ishlatilgan bo‘lishi mumkin, ammo uning bu so‘z tamoq va sav(sog‘) so‘zlarining birikmasi ekaniga ham e’tibor qaratish kerak. Qipchoq  tilida ochko‘z ma’nosida jutuqi leksemasi ham ishlatiladi.

 

Sangirav so‘zi qipchoq tilida yaxshi eshitmaydigan yoki gap tushunmaydigan ma’nosida qo‘llaniladi. Ammo tarjimada oddiyginа kar deb berilgan. O‘zbek  qipchoq lahjasida sangiravning yana bir angirav shakli ham angrayib turadigan, anglamaydigan kishi ma’nosida faol qo‘llaniladi.

 

Ayni bo‘limdagi ko‘sa leksemasiga sharh yozilmagan. Qipchoq tilida ko‘sa so‘zi soqolsiz yoki siyrak soqolli ma’nosida qo‘llaniladi. Shuningdek, ayni nom bilan ataldigan qipchoq urug‘i ham bor.

 

Yeyiladigan ovqatlar bo‘limida esa qurut leksemasi quritilgan qatiq, aniq ta’rif berilgan bo‘lsa-da, qo‘shimcha ravishda  “...buning pishloq ma’nosi ham bor” deb qo‘shimcha qilingan. Aslida esa pishloq boshqa taom turi hisoblanadi.

 

O‘tgan zamon fe’li bo‘limida suqlandi so‘zi havaslandi deb izohlangan. Aslida esa turkiy tilda suq kinna ma’nosida ishlatiladi (Birovning suqi kirdi). Shuningdek, biron kishiga tikilib yoki shahvat nazari bilan qarash ham suqlanish deyiladi. Ayni bo‘limda yana ikkita so‘z berilgan: surtudi, surtundi. Bu so‘zlar qipchoq lahjasida artish, artinish ma’nosida ishlatiladi, ammo tarjimada qashidi, qashindi deb izohlangan.

 

“Tuhfa”da avval o‘zbek tilining qipchoq lahjasida qo‘llanilgan, ammo fors tilining ta’sirida muomaladan chiqib ketgan so‘zlar ham bor. Misol uchun jumurtqa(yumurtqa) so‘zi barcha turkiy tillarda qo‘llaniladi. Ammo o‘zbek tilida uning o‘rniga forscha tuxum varianti ishlatiladi.

 

Turkiy tillarda piyoz so‘g‘an deb ataladi va bu lug‘atda berilgan. Ammo o‘zbek tilida fors tilidagi piyoz qabul qilingan.

 

Tuhfaning otlar bo‘limida tarvuzning arxaik varianti – qarpuz nomi keltirilgan. Tarvuzning qarpuz atalishi turkiy tillar tiynatiga mos keladi. Ma’lumki, turkiy tilda qa o‘zagidan yasalgan so‘zlar uch xil ma’noda keladi: idish, qop, qopqoq (eshik). Qarpuz, qavun, qavaq kabi poliz ekinlari o‘z-o‘ziga idish bo‘la oladi.  Shuning uchun ushbu variantni to‘g‘ri deb qabul qilish mumkin.

 

“At-tuhfa”ning qisqacha tahlili shuni ko‘rsatadiki, bu asar yangicha ruh bilan qaytadan tadqiq qilinishi kerak. Tadqiq qilinganda ham o‘zbek tili qipchoq shevalaridagi so‘zlar bilan tarixiy-qiyosiy tahlil qilinishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

 

“At-tuhfatuz zakiyya fiy lug‘atit turkiya”ning Solih Mutallibov tomonidan tarjima qilinishi o‘z davri uchun muhim hodisa bo‘lganini inkor etib bo‘lmaydi. Xususan, tarjimon “Qisqacha kirish va grafikaga doir ma’lumotlar” bobida arab yozuvining xususiyatlari, alifbodagi arab tilida mavjud bo‘lmagan, qipchoq tilida mavjud tovushlarning qo‘llanilishiga doir tavsiflarni professional darajada yetkaza olgan. Shuningdek, “Ma’rifa va nakra bob”ida grammatik qoidalarning ta’riflanishi, arab tilidagi aniqlik artikllaridan qipchoq tillarini tabdillashda foydalanish bo‘yicha muhim ma’lumotlarni zamonaviy tilda tushuntirib bera olgan. Arabcha harflarida yozilgan so‘zlarning kiril alifbosiga o‘tkazilishida ham xatolik ko‘zga tashlanmaydi. So‘zning grammatik turkumlari, so‘z shakllari, so‘zlarning gap tarkibida o‘zaro birikish yo‘llari to‘g‘ri bayon qilingan. Misol uchun, yangi o‘zbek tilidagi affikslar arab tilida “ismi foil qo‘shimchasi” deyilganini o‘quvchi qiyinchiliksiz tushunib oladi.

 

Ammo, lug‘at qismidagi sharhlarda anchagina kamchiliklar ko‘zga tashlanadi. Nafsilambirini aytganda, lug‘atlar bilan ishlashning o‘ziga yarasha zahmatlari bor. Har bitta so‘zni alohida tahlil qilish, ta’rif-u tavsifini berish oson ish emas. Shuning uchun lug‘atlar bilan ishlashda mualliflik jamolari ishlashi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

 

Bugungi kunda o‘zbek tilining lug‘at boyligini oshirish eng dolzarb vazifaga aylangan. Inchunin, lug‘atsiz tilni rivojlantirish mumkin emas. Lug‘atlar esa aniq manbalardan yig‘iladi. Shunday ekan, lug‘at boyligimizni oshirishda ulug‘larimiz qoldirgan meroslardan manba sifatida foydalanish o‘rinli bo‘ladi. Qolaversa, zamonaviy lug‘atimizning tarkibida o‘z qatlam so‘zlarning soni ham achinarli darajada kam. “At-tuhfatuz zakiyya fiy lug‘atit turkiya” o‘z qatlam so‘zlarni qayta tiklash imkonini beradi.

 

Anvar BO‘RONOV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16792
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi