Erkinlik boshqa, boshboshdoqlik boshqa; fikr boshqa, mahmadanagarchilik boshqa – shoir Eshqobil Shukur bilan tilsizlik, ma’naviyatsizlik, vatansizlik haqida suhbat


Saqlash
12:02 / 08.02.2023 1393 0

Dunyo katta o‘rmon. Umumiy makonda umumiy va shaxsiy chegarani belgilab olish muhim. Chegara unutilgan joyda mavhumlik boshlanadi. Tafakkur esa a’mol va qiyofamizni, maqsad va maslagimizni, ufqimizni ravshanlashtirib turadi. Ildizini his qilgan inson bugungi manzaralar oldida kelajak og‘riqlarini tuyishi tayin. Oyina.uz muxbiri shoir Eshqobil Shukur bilan umumiy makondagi umumiy va shaxsiy burchlar haqida suhbat qurdi.

 

Bozorga borgan odam puliga qarab narsa tanlaydi. Internet foydalanuvchisida bu qonuniyat o‘zgacharoq. Axborot ummoniga har qanday inson ham g‘arq bo‘lishi mumkin. Bugungi manzara oldida ko‘nglingizdan nimalar o‘tadi?

 

– Mirzo Bedilning “Ko‘rinmagan suvga qo‘lingni yuvma” degan misrasi bor. Hozir aynan ko‘rinmagan suvga qo‘l yuvish urf bo‘ldi. Shovqin-suron ko‘p, sokin mulohaza yo‘q. Gap ko‘p, fikr yo‘q. Holbuki, bir vagon gapdan ko‘ra bir chimdim fikr avlo. Shuning uchun o‘ylab-netib o‘tirmay, duch kelgan narsaning izidan lo‘killab yugurib ketaverish, hovliqmalik, farosatsizlik avjga chiqyapti. Erkinlik boshqa, boshboshdoqlik boshqa, fikr boshqa, mahmadanagarchilik boshqa. Odamning dunyoga, umuman hamma narsaga munosabatini uning ichki madaniyati belgilab beradi. Aslan madaniyatli odam zulmatdan ham nur axtaradi, bundan mosuvolar esa har narsadan, jumladan, internetdan ham, illat, fisq-u fujur topadi.

 

XX asrda kino dunyoni zabt eta boshlaganida G‘arb faylasuflaridan biri “Kino bizni ko‘rishga o‘rgatdi, lekin qarashdan judo qildi”, degan edi (holbuki, o‘sha paytdagi filmlar hozirgidan ko‘ra ancha tuzuk bo‘lgan). Darhaqiqat, ko‘rish va qarash boshqa-boshqa tushuncha. Bir kunda ming-minglab narsalarni ko‘ramiz, lekin shundan bor-yo‘g‘i uch-to‘rttasiga qaraymiz. Qarashda dunyoqarash, fikr, ichki munosabat, hatto tuyg‘u ishtirok etadi, ko‘rishda esa unday emas. Dunyoning mashhur kinokompaniyalari Gabriel Garsia Markesga “Yuz yil yolg‘izlikda” romani asosida badiiy film ishlanishi uchun ruxsat ma’nosidagi bittagina “xo‘p” so‘zi uchun millionlab dollar va’da qilishganda adib, ehtimol, ayni ko‘rish va qarash orasidagi tafovutni hisobga olib, “Yo‘q!” degandir.

 

Quyoshning chiqishi va botishini, dalalarni oppoq qor qoplaganini, osmonda porlagan yulduzlarni odam ko‘rsa-yu, hech narsani his qilmasa, bu navbatdagi ko‘rlikning bir turi emasmi? Avvalgi zamonda odamlarni qarashga emas, ko‘rishga moslashtiradigan vosita bitta kino bo‘lgan bo‘lsa, bugun ularning hisobi yo‘q. Axborot ochko‘zligi davrida qarash butunlay inqiroz girdobiga kirdi. Bugun qalbiy sezgi yemirilib boryapti.

 

Buning ustiga, internetda savodsizlik, ona tilimizga hurmatsizlik avjga minyapti. Ba’zi buyuklikka da’vogarlarning otini to‘g‘ri yozishi amri mahol. “Youtube”dagi bir soat-u qirq minutlik ko‘rsatuvning sarlavhasiga qarang: “Internetni yog‘latgan buxorolik qizaloq oila”. Sho‘rlik jumla, bechora til. Yog‘lash bilan yig‘lashning farqiga bormagan odam qanday qilib jurnalistlik yo blogerlik qila oladi? “Buxorolik qizaloq oila” deganini aytmaysizmi? Internet qanday yig‘laydi axir? Afsuski, o‘zbek internet segmentida o‘zbek tiliga bu kabi hurmatsizliklar son mingta. Avval o‘qish-yozishni o‘rgan-da, keyin o‘rtaga chiq, og‘ayni, deydigan odam yo‘q.

 

“Nima bo‘pti, shunga ota go‘ri qozixonami, badxatlik bilan bo‘lsa-da, aytadigan gapini amal-taqal qilib tushuntirsa bo‘ldi-da”, deguvchilar ham topiladi. Lekin bu hol minglab yoshlarning saviyasini, didini buzishi haqida o‘ylashmaydi. Shu o‘rinda bir afsonani eslab o‘tish joiz. Urushda qahramon jangchi dushmandan yengiladi, bu mag‘lubiyatga taqachi uning oti taqasiga bitta mixni kam urgani sabab bo‘ladi. Milliy tafakkurda ham ba’zan bitta kichik xato o‘sha urilmay qolgan mixday noxush oqibatga olib kelishi mumkin.

 

– Ilgari insonlarda andisha degan muhim parda bo‘lgan. Boshqalarga imkon qadar shu parda ortidan ko‘rinishga harakat qilingan. Atrofni kuzata turib, zamondoshlarimizning ma’nan yalang‘ochlashib, ma’nan qashshoqlashib borayotganiga guvoh bo‘lamiz. Sizga ham shunday tuyuladimi?

 

– Meni andisha tuyg‘usi ko‘p o‘ylantiradi. Hozir bu tuyg‘uning otini chappa qo‘yayotganlar bisyor. Biri “qo‘rqoq” desa, biri “nochor”, “ojiz” deydi. Ustidan kuladiganlar ham ko‘p. Menga andisha eng mazlum tuyg‘u bo‘lib ko‘rinadi. Uning g‘amgin holatini his etaman. Odamzot andishaga o‘z singlisiga qaraganday avaylab munosabat qilishi kerak. Yo‘qsa, ko‘p narsadan judo bo‘ladi.

 

Munchalar ma’yussan singlim, Andisha,

G‘amgin ko‘zlaringda marjon-marjon yosh.

Lablaring pirpirab turar hamisha,

Ikki jahon aro bir joning talosh.

 

Shamoldagi shamday titrab turasan,

Ma’suma ko‘nglingda otashin ohlar.

Bilmam, qay mehrobga boshing urasan,

Ortingda ta’qiblar, oldingda chohlar.

 

Boshqa tuyg‘ular ham xatarda qolgan. Shuning uchun quruqlashish, soxtalashish, ma’naviy yalang‘ochlashish kuchayib boryapti. Qadimgi xitoyliklarning bir nasihati bor: “Ming yil soya bo‘lib yurma-da, bir kun odam bo‘l!” Insonni inson sifatida tutib turgan kuch tuyg‘ulardir. Chunki ular botinimizni xudo bilan bog‘lab turadi.

 

Men bu haqda, ya’ni tuyg‘ular halokati haqida she’r yozganman. Unda shunday satrlar bor:

 

Bu yo‘llar yastanar mangu ko‘ngilday,

Undan o‘tib borar qancha kuz, bahor.

Borar boshi egik aka-singilday,

Ma’yus qo‘l ushlashgan Nomus bilan Or.

 

Unda hodisalar toshib boradi,

Kimdir jonin bersa, kimdir olar jon.

Bu yo‘ldan qaygadir shoshib boradi,

Bir gala it quvgan hokisor Vijdon.

 

Qadrdon tuyg‘ular Hayo va Iymon,

Oqibat, Qanoat, Diyonat, G‘urur.

Bu ko‘hna yo‘llardan borurlar qayon,

Har birin yuzida hovuch-hovuch nur.

 

Ko‘rib qolganimda ularni har gal,

Otamni, onamni, bolam, singlimni,

Ko‘rganday bo‘laman Abad va Azal

Yo‘llari ustida hayron ko‘nglimni.

 

Ba’zan, yo‘q, ba’zan emas, ko‘pincha samimiylik bilan mahmadanagarchilikning farqiga bormay qolyapmiz. Natijada kim ko‘p laqqillasa, o‘shani hammadan aqlli deb o‘ylayapmiz. G‘avsul A’zam “Mening sukutimni anglamagan odam so‘zimni anglamaydi”, deb bekorga aytmagan.

 

– Davlatimiz rahbarining “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir”, degan e’tirofi bor. Bugungi ma’naviyatli inson deganda kimni tushunasiz, uning burchi nimalardan iborat?

 

– Men bu borada bobolarim va momolarimni eslayman. Bugun o‘ylab qarasam, aslida ular haqiqiy ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lishgan ekan. Qoyil qoladigan jihati shundaki, ular ma’naviyat haqida ko‘p gapirmay, bizga ma’naviyatni singdirgan, Vatan haqida ma’ruza qilmay, Vatan tuyg‘usini singdirgan. Suvga, Yerga, Elga, o‘tmishga, hayotga qanday qarash kerakligini, uyat va andisha nima, nomus va or nima, bularni o‘zlarining amallari, xatti-harakatlari bilan asta-sekin qon-qonimizga singdirib borgan. Bu donishmandona usul. Bugungi ma’naviyat targ‘ibotchisi ma’naviyatni qizil va quruq, baqiroq so‘zga aylantirib qo‘yishdan saqlanishi kerak. Ma’naviyat uning ichidagi dardi bo‘lishi kerak. Dardki, bolasiga vasiyatday o‘tadigan dard. Dardki, hayotining ma’nosiga aylangan dard. Ma’naviyat haqida gapirilayotganda uch xil holat ko‘rinish beryapti: samimiylik, befarqlik, mahmadanagarchilik. Hamma gap xuddi shu samimiyatda.

 

Yana bir narsani aytib o‘tishni istardim. XXI asrga kelib, vatan haqidagi qarashlar ham globallashyapti, jo‘nlashyapti. Daraxtlarning ildizlari o‘zlari bilan. Odamlarning ildizlari qabristonda. Ota-bobolari, qarindosh-urug‘lari yotgan joyda. Qishlog‘im qabristoniga ziyoratga borganimda o‘z ildizlarimni his etaman. Bu narsa Vatan tushunchasining muhim bir qismidir. Bugungi kunda urchib ketayotgan “Qayerda yashash yaxshi bo‘lsa, maishat yaxshi bo‘lsa, o‘sha yer Vataning” degan mulohaza haqida o‘ylaganimda shu gaplar ko‘nglimga keladi. Buni zamonaviy qarash deguvchilar ham bor. Yo‘q, bu zamonaviylik emas, xoinlik bu!

 

– “Boboso‘z izidan” kitobingiz ma’naviy bisotimizga katta meros bo‘lib qo‘shildi. Tilimiz qayg‘usi bo‘lganki, shu mavzuga qo‘l urgansiz. Mustaqillikka erishganimizga o‘ttiz yildan oshdi, mamlakatimiz iqtisodiy jihatdan o‘nglanib oldi, lekin bu borada qashshoqlashib borishimizga nimalar sabab deb o‘ylaysiz? Bugun ham ona tilimiz uchun ko‘ngildagidek g‘amxo‘rlik qilyapmizmi?

 

– “Boboso‘z izidan”, bu – mening iztirobim. Ancha oldinroq tilimiz g‘ariblashib ketayotganini sezganman. Xususan, yoshlar tili quruq va hissiz holga tushib, jo‘nlashib qolgan. Na rang bor, na joziba? Ilgariyam aytganman, yana ming marta qaytarib aytishga tayyorman, bitta so‘z yo maqolning yaralishi uchun ming yillar kerak bo‘lgan, uni yo‘qotish uchun esa hozir o‘n yil kifoya qiladi. Tanangizga bir o‘ylab ko‘ring, bir necha ming yillar davomida yig‘ilgan xazinalarni bir necha o‘n yilda boy berish... bu nima degani? Minglab qadimiy so‘z va iboralarni jimgina go‘rga tiqib ketaveramizmi? Ona tili uchun kurash bu – millat uchun kurash, Vatan uchun kurashdir. Ona tilining holati qanday bo‘lsa, xalqning ham, Vatanning ham holi shunday bo‘ladi.

 

G‘arb ta’siri o‘zaro suhbatlarimizga ham shiddat bilan kirib keldi. Buni birgina misol bilan ko‘rsatib o‘tishim mumkin. Masalan, chet el kinolarida, kitoblarida favqulodda holatda ham, bo‘lar-bo‘lmas vaqtda ham, hatto qoqilib ketganda ham “Jin ursin” iborasini qo‘llaydilar. Bizda esa bunday vaqtlarda odatda “Yo, Xudo!” deyishadi. Muhim farqimizni ko‘rsatadigan holat bu! Ammo keyingi paytlari kundalik muomalamizda kino va seriallar ta’sirida “jin ursin” iborasi juda faollashib ketdi. Ajdodlarimiz ba’zi iboralarni irim qilib tilga olishmagan. Lekin shu irimda ham madaniyat va niyat bo‘lganini payqash qiyin emas. Bunday misollarni yuzlab keltirish mumkin.

 

– Adabiyot maydonida ko‘pdan beri favqulodda holat oldidagi jimlik hukm surayotganday, ammo hech narsa “sodir” bo‘lmayapti. O‘quvchining didi o‘sib ketdimi yoki chinakam hayratlantiruvchi asarlar yaratilmayaptimi?

 

– O‘qilmayapti. Yaxshi kitoblar yozilyapti, o‘qilmayapti. O‘qilmagandan keyin durdona ham ochilmaydi. Bizning yoshligimizda bilmasvoylar ham o‘qirdi. Buning ustiga, internet didsizlikni kuchaytirib yubordi. Tilla bilan tezakning farqiga bormaydigan odamlar urchib ketyapti. Xohlagan odam xohlagan tuturiqsiz narsasini she’r deb, hikoya, roman deb e’lon qilaveradi. Natijada saviyasiz chapakvozlar ko‘payadi va ular Abdulla Oripov bilan jo‘qivoyning farqiga borolmaydi. Ikkisini bitta shohsupada deb bilish farosatning uyi kuygani emasmi? Katta adabiyotning paydo bo‘lishi uchun katta o‘quvchilar ham kerak.

 

– Adabiyotga katta ovoz bilan kirib kelgan iste’dodlar keyinchalik oy botgandek dunyoga singib ketyapti. Yo‘lning oxirigacha borishga ularga nima xalal beryapti yoki ustoz ijodkorlar bajargan qaysi shartlarni uddalolmayapti?

 

Eng qiyini shu – yo‘lning oxirigacha borish. 1980-yillarda biz 50 dan ortiq ijodkor yoshlar hayqirib maydonga kirib kelganmiz. Bugun qarasang, 4-5 kishi qolibdi. Pushkin aytganiday: “Har xil yo‘llar bilan ketdik biz bu hayotda”. Umr bo‘yi davom etadigan jarayon bu. Har kun ishga borib ishlab kelishday faqat aqlning o‘zi bilan bitadigan ish emas. Ko‘ngil va muhabbat bilan bog‘liq jarayon. Iste’dodning joni – muhabbatdir!

 

– Barcha san’at turlari bitta ildizga – folklorga borib birlashadi. Xalq og‘zaki ijodining bugungi qadri, o‘rni Sizni qoniqtiradimi? Folklorsiz hayot nimalardan mahrum bo‘ladi?

 

– Suv uch xil shaklda: suyuq, bug‘ va muz ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Uch xil holatida ham go‘zaldir. Menimcha, bunga sabab suvning mohiyati go‘zalligidir. Hamma narsada mohiyat go‘zal bo‘ldimi, bas, har qanday tarzda go‘zal bo‘ladi. Rayhonning hatto o‘ligi ham, chirigi ham xushbo‘y, chunki u jannati deb yozganimda ayni shuni nazarda tutganman.

 

Xalq og‘zaki ijodi ham shu suvga o‘xshaydi. Hamisha, har qanday holatda mohiyati go‘zal. Folklorsiz hayot ildizsiz daraxtday gap. Buni birgina alla misolida ko‘rishimiz mumkin. Beshikda singdirilgan alla odamga tobutiga qadar ruhan hamrohlik qiladi.

 

– Atrofdagi muammo, og‘riqlar ijodkorning qalbini uyg‘otib turadi. Bugungi qalam ahlining a’moli nimalar bo‘lishi kerak?

 

Hammaning ko‘zi toshga aylanganda ham, shoirning ko‘zida yosh turadi. Bu mening keyingi yillarda kelgan xulosalarimdan biri. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak. Siz aytayotgan a’mollar o‘sha ko‘zdagi yosh bilan, dard va iztirob, inson va dunyo muammolari bilan bog‘liq. Rumiy aytganiday: “Dard bo‘lmasa, Iso tug‘ilmas edi”. Suhbatimizni Bedil bilan boshladik, Bedil bilan tugataylik. Mirzo Bedil yozgan: “Bug‘doydan so‘radim: Nega hamisha ko‘zing yumuq? Bug‘doy dedi: Ne qilayki, ko‘zimni ochsam, qoshimda tegirmon ko‘rinsa...” Bu hikmat meni mudom o‘ylantiradi. Dunyoning o‘zi shu-da! Men ayni daqiqalarda yumuq ko‘zlar va ularning qarshisida turgan buyuk tegirmonni tasavvur qilyapman.

 

Nargiza ODINAYEVA,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19453
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16796
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi