Islohotlar – jamiyat ehtiyojlari va demokratik jarayonlar hosilasi


Saqlash
16:02 / 01.02.2023 1410 0

Demokratiya – xalq hokimiyati, xalqning davlat boshqaruvidagi ishtiroki. U erkinlik tushunchasi bilan hamohang yashaydi va erkinlik toifalarini oʻzida namoyon etib, shaxsning ozod hayotini taʼminlash tamoyillari amalda boʻlishini taqozo etadi. Bu ijtimoiy tushunchalar inson omilisiz amalga oshmaydi. Ularni harakatga keltirish, jamiyatda namoyon etish uchun ham inson ishtirok etadi. Bu jarayonda inson omili birlamchi boʻlib, mazkur tushunchalar uning manfaatlariga xizmat qilishga qaratiladi.

Demokratiya ijtimoiy-siyosiy jarayon hamdir, uni amalga oshirishning oʻziga xos mexanizmlari mavjud. U insondagi erk tuygʻularini amalda na­moyon eta olishga imkoniyat yaratadi. Bu imkoniyat shaxs va jamiyat oʻrtasidagi meʼyor toi­falariga mos kelishi zarur.

Hurriyat va demokratiya tushunchalari oʻrtasidagi ijtimoiy muvozanat saqlansa, u oʻzaro manfaatlarga, jamiyatda taraqqiyot bosqichlarining mutanosib rivojiga xizmat qiladi.

Bugun biz jamiyatimizda bu kabi hodisaga qanday munosabatdamiz, ijti­moiy meʼyorlarga amal qilyapmizmi, davlat tomonidan taqdim etilayotgan imkoniyatlardan toʻgʻri foydalanyapmizmi?

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan maʼmuriy islohotlarni mustaqillikni qoʻlga kiritganimizdan keyingilari bilan solishtirsak, ularga xolisona baho bera olsak, yurtimiz taraqqiyoti, fuqarolik jamiya­tini barpo qilish borasida salmoqli qadam tashlanganing guvohi boʻlamiz. Prezidentimiz ilgari surayotgan barcha tashab­buslar, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy sohadagi loyihalar xalqimiz istagi, talab va ehtiyojlariga, fikr-mulohazalariga, siyosiy irodasiga asoslangan holda hayotga tatbiq etilmoqda.

Keyingi vaqtlarda jamiyatimizda muayyan ijtimoiy jarayon kuzatilmoqda. Tanqid kelajak mevasi, deya bir yoqlama yondashuvga asoslanib ish yuritish tobora koʻpayib bormoqda. Davlat boshqaruvi organlarini, jamiyatimizdagi oʻzgarish­larni, jarayonlarni tanqid qilish, baʼzi hollarda boʻrttirish holatlariga guvoh boʻlmoqdamiz. Tanqid qilishdan maqsad nima? Muammolarni bartaraf etishmi yoki omma diqqat-eʼtiborini tortib, auditoriyani kengaytirishmi?

Bunday yondashuvlar bugungi kunga qadar qoʻlga kiritilgan yutuqlar, erishilgan natijalarga va kelajakdagi maqsadlarimizga mutanosibmi? Toʻgʻri, adolat mezoniga mos tanqidlar yoʻq emas. Aksariyat holatlarda esa ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda milliy mentalitetga toʻgʻri kelmaydigan, fuqarolarni chalgʻitadigan, inson taʼbini xira qiladigan, islohotlarga ishonchsizlik kayfiyatini yuzaga keltirishga qaratilgan xabarlarni tarqatish, kundalik hayotda uchraydigan maishiy muammolar, ijtimoiy hayotdagi kamchiliklarni dastak qilib, boʻrttirib, tirikchilik manbaiga aylantirib olganlar ham, afsuski, koʻpayib bormoqda.

Oʻtgan yillar davomida Prezidentning xalq qabulxonalari, hukumat idoralari, vazirliklar va davlat boshqaruvining boshqa organlari meʼyoriy hujjatlari loyihalarini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etadigan portal, shuningdek, jamoatchilik onlayn platformalari tashkil qilinishi, soʻz va fikr erkinligi huquqiy kafolatlanishi bilan bogʻliq ijobiy oʻzgarishlar yurtdosh­larimiz uchun oʻz talab va istak­larini bildirish, soha masʼullariga yetkazish, ularni hal qilish uchun real ijtimoiy platforma, imkoniyat maydoniga aylandi.

Bu imkoniyatlardan qanday maqsadlarda foydalanish har bir fuqaroning siyosiy pozitsiyasi va dunyoqarashi bilan bogʻliq boʻlgani holda, mamlakatda kechayotgan islohotlarga bepisand qarash, undan sunʼiy ravishda kamchiliklar topish va uni boʻrttirib koʻrsatish kabi harakatlar ortida goʻyoki boshqa manfaatlar yashiringandek tuyuladi. Demokratik erkinliklar faqat salbiy manzaralarni koʻrsatish va yoritishdan iboratmi? Agar shunday boʻlsa, bu adolat mezonlariga qanchalik mos keladi?

Oʻzbeklar dunyoga buyuk tarixi, maʼnaviyati, maʼrifati, madaniyati bilan oʻrnak xalq. “Oiladagi vaziyatni qoʻshni bilmasin” yoki “turmushdagi muammolarni dastak qilish yigit kishining ishi emas”, deydi dono xalqimiz. Oiladagi kelishmovchiliklarni dasturxon qilaversak, balki qoʻni-qoʻshni toʻgʻri tushunar, agar muntazam davom etsachi, unda qanday fikr tugʻiladi?

Vatan ham oila kabi muqaddas dargoh. Biz oilamizdagi voqelikni ochiqlashdan toʻxtab, oʻz kamchilik va tafakkurimiz qusurlarini tahlil qilishni boshlashimiz, yurtimizda yuz berayotgan voqea-hodisalarga daxldorlikni his etishimiz lozim. Vaholanki, davlatimiz tomonidan jamoatchilik fikri jiddiy inobatga olinayotgani, koʻplab qaror va hujjatlar shu asosda shakllantirilayotgani ayni haqiqat. Faqat bu haqiqatni koʻra bilish kerak.

Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasidan ham anglashimiz mumkinki, islohotlardan maqsad — insonga eʼtibor. 2023-yilning nomlanishida ham teran maʼno mujassam.

Yana bir yirik ijtimoiy masala — taʼlim tizimini isloh qilish. Shu bois, Prezidentimizning “Taʼlim sifatini oshirish Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻlidir”, deya taʼkidlashi ham jamiyatimizdagi dolzarb jarayonlarga hamohangdir.

Oʻzbekiston taraqqiyotining 2023-yildagi ustuvor yoʻnalishlaridan yana biri — ixcham va samarali davlat bosh­qaruv tizimiga oʻtilishi. Ushbu masala ham jamoatchilik tomonidan koʻp bora eʼtibor qaratilgan, baʼzi jihatlari jiddiy tanqid ostiga olingan edi. Aynan shu jihatdan Prezidentimizning 2022-yil 21-dekabrdagi «Yangi Oʻzbekis­ton maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoni jamiyatimiz oldida turgan dolzarb muammolarga samarali yechim beradi, deya taʼkidlash oʻrinli boʻladi.

2023-yildagi ustuvor yoʻnalishlardan yana biri — inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish Davlatimiz rahbari oʻz Murojaatnomasida “Oxirgi paytlarda ayrim vaqtincha ushlab turish joylarida inson huquqlari buzilishi boʻyicha ogʻriqli masalalar koʻtarilmoqda”, deya ijtimoiy tarmoqlarda aks sado bergan fuqarolarning muammolari, murojaatlariga eʼtibor qaratish zaruriyati haqida soʻzlagan edi. Bu kabi misollar, davlat boshqaruvi organlari tomonidan jamoatchilik fikr-mulohazalari tinglanayotgan, amaliyotga tatbiq etilayotgan bir paytda ayrim toifalar, xususan, baʼzi bloger va ommaviy axborot vositalari tomonidan nooʻrin tanqidiy yondashuv xalq va davlat oʻrtasidagi munosabatlarga, xalqning davlatga ishonchiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shu oʻrinda bunga tariximizdagi ayrim misollarni keltirishni oʻrinli deb oʻylaymiz.

XIX asr oʻrtalarida Oʻrta Osiyoga kelgan “ilmiy tadqiqot ekspeditsiyalari” jamiyat va xalqning turmush tarzini oʻrgangan. Ushbu “kuzatish”lar natijasida Oʻrta Osiyo xalqlari haqidagi barcha maʼlumotlar, kamchiliklar, davlat bosh­qaruvining ojiz jihatlari, davlat va jamiyat munosabatlari oʻrganilib, oʻlka haqida maxsus xarita ishlab chiqadi. ­Xaritada mintaqa aholisi, ayniqsa, ziyolilari orasida ichki ziddiyat mavjudligi, aholi toʻq yashashi, ammo kayfiyatida noshukrlik, yurt taqdiriga bepisandlik, xudbinlik illatlari zohirligi, milliy adovat va etnik ziddiyatlar tarangligi, aholining aksariyat qismida tirikchilik gʻami, ilm-maʼrifat, yurt taraqqiyo­tiga loqaydlik, beparvolik mavjudligi hamda mutaassiblik kayfiyatiga berilgan aholi qatlami Haq oldidagi farzi qolib, halqumi oldidagi burchiga koʻproq erk berganidan oʻlkani istilo qilish uchun yetarli imkoniyatlar borligi haqida xulosa berilgandi. Afsuski, bu xulosalar hissiyotlar emas, balki tarixiy manbalar asosida shakllantirildi va ularni yana davom ettirish mumkin. Oqibatda xorijlik kuzatuvchilar Oʻrta Osiyoni istilo qilish, yanada parchalash, boyliklarini oʻzlashtirish, diniy eʼti­qodidan uzoqlashtirish, millat asliyatini yoʻq qilish imkoniyati mavjud, degan xulosaga kelgan. Bu esa oʻz natijasini uzoq kuttirmadi.

XIX asr oxiri — XX asr boshlarida tarix sahnasiga chiqqan jadidchilik harakati jamiyat hayotida oʻzgarishlar yasash orqali insonni ilm-maʼrifatga oshno qilish maqsadida yangi gʻoyalar ishlab chiqqan, mustamlakachilikka qarshi kurash mazkur harakatning bosh gʻoyasi edi. Oʻrta Osiyo jadidlari yetakchisi Mahmudxoʻja Behbudiy Turkiston oʻlkasi xalqlarini ilm-maʼrifatga daʼvat etar ekan: «Sizlargʻa vasiyat qilaman. Maorif yoʻlida ishlaydurgʻon muallimlarning boshini silangizlar! Oʻrtadan nifoqni koʻtaringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qoʻymangizlar! Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur, zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol boʻlur, yaxshi tarbiyalangan qalb va vijdon hech qachon egasini sharmanda qilib qoʻymaydi», degandi.

Jadid maʼrifatparvarlari Oʻrta Osiyo istilo qilinishining asosiy sabablari sifatida jamiyatda milliy birdamlik yoʻqligi, maʼrifat tanazzuli, yaʼni zamonaviy ilm-fanga eʼtibor sustligi, muammo va kamchiliklarga bir yoqlama yondashuv, fikriy tarqoqlik, uyushqoqlik yetishmasligi, kundalik turmush muammolariga oʻralashib qolishni koʻradi. Ular millat taraqqiyotini jaholatda emas, ilmu maʼrifatda, tarqoqlikda emas, milliy birdamlikda koʻrib, muammolarni doston qilish bilan ish bitmasligi, aksincha, yechimiga doir aniq asoslangan ilmiy yondashuvlar zarurligini taʼkidlagan edi.

Hayotga, yurtimizda boʻlayotgan ijobiy oʻzgarishlarga, bunyodkorlikka, yurt egasining zimmasida ulkan masʼuliyat turgani oʻlaroq, davlat hokimiyati tizimi boshqaruv emas, balki xizmat koʻrsatuvchi idora sifatida shakllantirilgani, xalqni rozi qilish bilan Haq rizosiga erishish davlat siyosatining bosh maqsadiga aylanganiga sogʻlom nigoh bilan nazar solish vaqti keldi. Zero, qadimgi yunon donishmandi Platon quyidagi nasihatni aytadi: «Podshohga, uning qonunlariga boʻysunmaslik — aqlsizlik. Aqlsizlik esa tanaz­zulga olib boradi». Uning nasihatini oqil kishi anglab olishi qiyin emas. Davlatimiz rahbari “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobini ming yillardan buyon yashab kelayotgan “Dunyoda hech qachon bir xil tong otgan emas”, degan ibora bilan boshlagani ham bugungi kunning hikmatlaridan biridir.

Islohotlar maʼmuriy, iqtisodiy, siyosiy boʻladimi, muayyan davriy bosqichlarda oʻtkazilishi zarur boʻlgan ehtiyojdir. Davlatning bosh vazifasi xalqqa xizmat qilish ekan, har bir fuqaro, millat, xalq va jamiyat ehtiyojlari yuksalib, insoniy talablari ortib boraveradi. Bu esa, oʻz navbatida, jamiyat davlat oldiga qoʻyayotgan talablarga parallel ravishda javob berishni, ham­ohang siyosat yuritishni taqozo etadi. Agar davlat jamiyat, xalq ongi va idrokida yuzaga kelayotgan oʻzgarishlarni, tendensiyalarni hisobga olmasa, oʻrtada boʻshliq paydo boʻladi. Ayni paytda buni kuzatib turgan qoʻshtirnoq ichidagi “doʻstlarimiz” bu vaziyatdan unumli foydalanish imkonini qoʻldan boy bermaslik harakatiga tushadi.

Bu holatda yangi islohotlar oʻtkazilishi tabiiy. Natijada jamiyatda barqarorlik va muvozanat yuzaga keladi. Muvozanat esa tinchlik, xavfsizlik, barqarorlik kafolatidir. Davlatimiz rahbari mana shunday boʻshliqning oldini olish maqsadida jamiyat hayotida yuzaga kelgan ehtiyojlarga javoban davlat boshqaruvida yangi maʼmuriy islohotlarni oʻtkazish tashabbusi bilan chiqdi. Mazkur tashabbusdan koʻzlangan asosiy maqsad ixcham va samarali davlat bosh­qaruvi tizimiga oʻtishdir. Davlatimiz rahbari bu yilgi Murojaatnomasida maʼmuriy islohotlar haqida soʻzlar ekan, oldinlari eʼtibordan chetda qolib, “yoʻq boʻlib ketish” arafasida boʻlgan sohalarni “oyoqqa turgʻizish” uchun olti yil davomida yangi vazirlik va idoralarni tashkil qilishga ehtiyoj mavjudligini aytib oʻtgan edi.

Ehtiyojlarga monand tashkil qilingan vazirlik va idoralar oʻsha davr uchun moʻljallangan islohotlarni bajardi. Quyidagi misollar fikrimizni tasdiqlaydi. Farzandlarimizning maktabgacha taʼlimga qamrovi 2016-yilda 10 foizga ham yetmas edi. 2022-yilda 60 foizdan oshdi. Yoshlarimizning oliy taʼlimga qamrovi 8-9 foizdan ortmagan. 2022-yilda 40 ­foizga yaqinlashdi. Har bir yoshga oliy taʼlim muassasasiga kirishga berilayotgan imkoniyat — kelajakka kiritilgan investitsiya. Bu investitsiya tez orada Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi imkoniyatlari eshigini ochib beradi.

Yoki “mahallabay” ishlash tizimi yaratilishi, davlat xizmatlari markazlari orqali fuqarolarning qator sunʼiy byurokratik toʻsiqlardan xalos etilishi, davlat-xususiy sheriklik sohalarida erishilgan katta natijalar oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq. Bu sohaga davlat tomonidan kiritilgan sarmoya juda katta edi, ammo biz ularni tez unutdik.

Shunday ekan, bir narsani anglashimiz kerakki, yurtimizda boshlangan bu islohotlar va yangilanishlar ortga qaytmas tus oldi. Aholining faolligi, zamonaviy texnologiya va kasb-hunarga intilishi ortib borayotgani ortidan iqtisodiyotda kundan-kunga yangi yoʻnalish va sohalar yaratilmoqda. Shu bilan birga, bu borada xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish maqsadida “qoʻl boshqaruvi”dan — aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga oʻtish vaqti kelgani ham haqiqatdir.

Yana bir mulohaza. Biz islohotlar jarayonida davlatimiz rahbariga tayanch boʻlishimiz, tashabbuslarni daxldorlik bilan teran anglashimiz bugungi zamon talabiga aylanmoqda. Jamiyatimizda kuzatilayotgan muammolarni oʻz ­vaqtida ­bartaraf etishda Prezidentimizga yelkadosh boʻlish hamda barcha tizimdagi rahbarlardan jasorat va masʼuliyat bilan yondashish talab etiladi.

Bizga berilgan imkoniyat hamma xalqlarda ham mavjud emas. Jaloliddin Manguberdi, Amir Temurdek sarkarda va Sohibqiron bobolarimiz, Imom Buxoriy, Zamaxshariy, Fargʻoniy, Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Bobur kabi allomalarni boshqa yurtlarda uchratmaysiz. Ammo ularni oʻziga taalluqli deya qancha davlatlar tarixni oʻzgartirishga urinmoqda. Chunki ular ham millat boʻlishni, ular bilan hisoblashishlarini, hurmat qilishlarini xohlaydi. Qancha harakat qilmasinlar, tarixiy mansub­likni oʻzgartirishning iloji yoʻq.

Xoʻsh, yangi maʼmuriy islohotlar xalqqa, jamiyatga nima beradi? Shu xususida baʼzi qarashlarimizni qisqacha bayon etsak.

Birinchidan, Prezident tashabbusi bilan ilgari surilgan konsepsiya “inson — jamiyat — davlat” tamoyilini amalga oshirish mexanizmi vazifasini bajaradi. Konsepsiya oʻz siyosiy ahamiya­tiga koʻra, davlatning shaxs oldidagi masʼuliyatini kuchaytiradi va “xalq davlat idoralariga emas, aksincha, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyili amalda samaraliroq natija berishiga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, maʼmuriy islohotlar konsepsiyasini amalga tatbiq etish orqali davlat byudjetida katta mablagʻ iqtisod qilinadi va ular ijtimoiy sohaga yoʻnaltiriladi. Natijada joylarda, chekka hududlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari, maktablar, sogʻliqni saqlash muassasalari bunyod etiladi, yangi ish oʻrinlari yaratiladi. 2023-yil uchun belgilangan “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” Davlat dasturidagi vazifalarni samarali amalga oshirish imkoniyati yanada oshadi.

Uchinchidan, haqiqat qiyosiy tahlilda koʻrinadi. Ijtimoiy soha xodimlarining 3-4 yil oldingi faoliyatini hozirgisi bilan solishtirib boʻlmaydi. Hashar, koʻcha tozalash, paxta mavsumini hamma biladi, hamma eshitgan. Aslida sifatli taʼlim tanazzulining asoslari shulardir. Bugun esa oʻqituvchi oʻqituvchilik, shifokor shifokorlik vazifasiga qaytdi. Biroq bu haqda hech kim gapirmaydi. Nega bu haqda — Prezidentimiz tomonidan adolat tiklanib, farzandlarimiz manfaati yoʻlidagi eng katta qadam tashlangani haqida koʻp ham indamaymiz?

Toʻrtinchidan, erkak oʻqituvchilarning maktablarga qaytishi, ish haqining muntazam oshirilib borilishi, ularni sohasidan tashqari ishlarga jalb qilishdek xudbin siyosatga nuqta qoʻyilishi biz kutgan kunlar emasmidi!

Beshinchidan, islohotlarimizning bosh markazida inson, uning qadri, shaʼni va munosib turmush tarzi uchun yetarlicha shart-sharoit yaratish muhimligi turibdi. Yurtimizdagi keng koʻlamli islohotlar oʻlaroq, qoʻlga kiritilgan qator yutuq va natijalarimiz dunyo eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. Bu dunyo miqyosidagi Oʻzbekiston imiji yuksalishiga zamin yaratmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “...insonparvarlik ruhi bilan yoʻgʻrilgan bunday islohotlarimiz buyuk Alisher Navoiy bobomizning bitta koʻngli oʻksik odamni xursand qilish — Kaʼbani obod etish bilan barobar, degan teran maʼnoli soʻzlariga, mehr-oqibat, saxovat va olijanoblik kabi fazilatlarni doimo qadrlab, ulugʻlab yashaydigan xalqimizning orzu-intilishlariga har tomonlama uygʻun va hamohangdir», degan eʼtirofida ulkan maʼno mujassam. Zero, yuksak insoniy fazilatlarga ega xalqimiz hamisha davlat va Konstitutsiya himoyasida ekani bizni ulugʻ maqsadlar sari chorlab turadi. Bu, oʻz navbatida, bizdan teran fikrlashni taqozo etadi.

Furqat JOʻRAQULOV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari, siyosiy fanlar doktori

Yangi Oʻzbekiston gazetasi. 2023-yil, 20-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16823
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi