Maktabda o‘zgarmagani – o‘qituvchining dunyoqarashi


Saqlash
13:09 / 21.09.2021 1093 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq umumta’lim muassasalarida Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimi joriy etilib, bu vazifaga Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tavsiya etilgan taniqli shoir, yozuvchi, jurnalist va ijodkorlar, oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy gumanitar kafedralari professor va o‘qituvchilari jalb qilindi. Targ‘ibotchilarning vazifasi qilib ijodkor o‘qituvchi va o‘quvchilarning ijodiy ishlarini keng jamoatchilikka yetkazishga ko‘maklashish, mushoiralar, adabiy kechalar, qiziqarli darslar, kitobxonlik va she’rxonlik musobaqalarini tashkillashtirish belgilangan. Men ham o‘zimga biriktirilgan maktab bilan ijodiy aloqani yo‘lga qo‘yganman va maktabdagi ba’zi “nomsiz” og‘riqlar haqida turkum mulohazalarimni kim bilandir o‘rtoqlashgim keldi.

 

Ostonadagi uchrashuv

Maktab bag‘rida kechgan yillar, unda olingan saboq 99 foiz odamning hayot yo‘lida qo‘rg‘oshin muhrdek o‘chmas iz qoldiradi: kim shu davrda yaxshi ustoz qo‘liga tushgan, yaxshi saboq chiqargan bo‘lsa, butun hayoti yaxshi, aksi bo‘lsa, bu halqadan chiqib ketishi – umrlik muammoga aylanadi (Maktabning tashxisi bir, nari borsa uch-to‘rt foiz xato chiqishi mumkin: pedagogika inson tafakkuri mahsuli, o‘qituvchi ham odam – xato qilishi mumkin. Ammo yomon o‘quvchining yaxshi odam bo‘lib ketishi kam kuzatilgan).

Ozoda, fayzli dargohga kirib bordim, maktab rahbari tashqarida kutib turgan ekan, bu e’tibordan quvondim, albatta. Shinam, fayzli xonada suhbat tez qo‘r oldi, maqsad aniq, niyat xolis, ehtiyoj sezilgan, shuning uchun bu harakatni – maktablarda ma’naviy-madaniy ishlar  tashkilotchisi bo‘lishni ikki tomon ham ma’qullagandi. Taassurotlar yorug‘, bu balki bolalikka xos beg‘ubor kayfiyatdir, lekin mohiyatga razm solib qaralsa, xalq ta’limi sohasida, maktablarda jiddiy muammolar to‘planib qolgan. Bu holning sabablari ma’lum, endi vaziyatni o‘nglash shart. Maktab masalasi, donishmand bobolarimiz ta’kidlaganidek, har doim hayot-mamot masalasi bo‘lib kelgan.

– Ijodkor o‘quvchilarimiz ko‘p, deydi maktab rahbari ularning yuzaga chiqmayotganiga o‘zi aybdordek xijolat bo‘lib, –  ammo mashhurlarimiz yo‘q.

– Xalqimiz talantli, – ohangni pastga tushirmay davom etaman. – Ezgulikning kechi yo‘q.

– Endi sizlar keldingizlar, yordam berarsizlar...

– Albatta, maqsad ham shu.  – Birdan kasb (jurnalistlik) sindromi qo‘zg‘aydimi, jiddiy savollar ko‘ndalang bo‘la boshlaydi:

– Gazeta o‘qib borasizlarmi?

O‘ychan nigohlar sergaklanadi, bosh ham xiyol ko‘tariladi. Shaxt bilan shunday so‘zlar yangraydi:

     Biz gazeta o‘qimaymiz...

Bu gap ohangida “Bizni jinoyat ustida qo‘lga tushirmoqchi bo‘layapsizmi? Yo‘q, kechirasiz, biz  xalqning ishonchli ziyolilarimiz, intizom birinchi o‘rindagi burchimiz va biz yuqorining buyrug‘i (balki irodasi)ni og‘ishmay amalga oshiramiz” deganga o‘xshash taraddi bor edi! Ha, ma’rifatga eltuvchi yagona yo‘l – mutolaa, mutolaning eng qulay vositasi – kundalik gazetalar singari aqidalar bilan yashayotgan odam  “Biz gazeta o‘qimaymiz!” degan so‘zlarni eshitsa, ajabtovur holga tushar ekan. Qandingni ur, muallim! Samimiy aytilgan bu e’tirofda  aslo g‘arazlik yo‘q edi, faqat sohaning eng “katakon”i tomonidan “Biz majburiy obunaga qarshimiz” tarzida uzoqni o‘ylamay izhor qilingan, bepisandlarcha aytilgan fikrning oqovasi edi bu gap.

Xalqimiz tabiati qiziq-da, – “katta”larni juda hurmat qiladi, ularni ota o‘rnida ko‘radi. Bu holning ham yaxshi, ham yomon tomoni bor. Ana shu nozik nuqtani anglagan va allaqachon olg‘irlikka o‘rgangan ba’zi kimsalarning “katta”likka intilishi shundan. Binobarin, “katta”ning gapini qonun o‘rnida ko‘radi. Shunday bo‘lgach, kimsan vazirning gapi GAP-da! Agar “katta”lardan biri devorni suyashni buyursa, nimagaligini so‘ramay 2-3 kun ham suyab turadigan xalqning vakiliga boshqa e’tiroz bildirib o‘tirish ortiqcha ekanligini sezib, sukut saqladik.  Demak, “majburiy obuna” umuman obuna deb tushunilgan, izidan gazetaga obuna bo‘lmaslik umuman o‘qimaslik deb tushunilgan. Mana, mohiyat! Tagi bo‘sh bir og‘iz gap qanday salbiy oqibatlarga olib kelgan?! (Rus  tili o‘qituvchisi farzandlariga o‘zini “Papa” deb atashga o‘rgatadi va avlod yuz yillardan buyon “Papalar”  degan nom oladi) Shuning uchun ham “O‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir”  deyishadi dono xalqimiz.

Maktablar hayotida keyingi yillarda ko‘p ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Hovlining bir og‘iz qilib o‘rab olingani, yagona qulf-u kalit qilingani bu dargohga qancha fayz bag‘ishladi?! Shu yo‘ldan qirq yillardan beri qatnayman. Beton ustunlar tiklangan, temir panjaralar bilan qilingan ihota ming kuyda “tovlanardi”: goh qiyshayib qolgan, goh singan, ichkari esa ko‘chaga bemalol ko‘rinib turar, “nomahram”  joy edi. Endi devorlar husn bo‘lib turibdi. Boshqa o‘zgarishlar-chi? Ana shunday yangilanishlar jarayonida bir narsa o‘zgarmay qolayotgan ekan (birinchi taassurotdanoq shuni angladim): o‘qituvchining dunyoqarashi!

O‘tgan o‘n yilliklarda bu soha qanday islohotlarni boshdan kechirmadi? Shu buhronda o‘qituvchining o‘z ustida ishlashi uchun imkon berilmagan ekan; hammasi – ommaviy: tadbirlar, musobaqalar, attestatsiyalar va hokazo. Lekin o‘qituvchidan “Shu o‘zgarishlarga ulgurayapsanmi? Vaqting yetarlimi?” deb so‘ralmagan, so‘ralsa ham javobi eshitilmagan yoki inobatga olinmagan. Oqibatda o‘qituvchi o‘zini mukammallashtirmay, o‘z ustida ishlamay qo‘ygan – institutda olingan  “bagaj”, darsga nari-beri, majburiyat yuzasidan tayyorgarlik, yangilik izlamaslik... Chunki bunga zarurat bo‘lmagan: har kuni tadbir, har kuni komissiya... Koshki bu “tadbir”lar ma’naviyatga xizmat qilsa! Oqibatda, zehni loqaydlashib, kasbga muhabbati ham so‘nib ketgan, “inson qalbining me’mori”ga emas, oddiy xodimga, har oyda maoshni kutadigan iste’molchiga aylanib qolgan. Bunday odam gazeta o‘qiydimi, kitob o‘qiydimi? Axir bu mashg‘ulot uchun pul to‘lashmaydi-ku (tushuncha shu darajaga yetgan)! Qolaversa, “yuqori”dagilarning o‘zi o‘qimaydi-da!

Qarshimda sodda, samimiy, ishchan rahbar o‘tirardi, buning ustiga u maktablardagi bugungi pedagogik faoliyatda anqoning urug‘iga aylanib qolgan erkak zotidan edi va sohaning hozirgi talablarini juda chuqur bilishi, uncha-buncha savol-javobda menga tutqich bermasligi ham ko‘rinib turardi. Shu holni bilgach, ko‘ngilga taskin beruvchi mavzulardan gaplashdik. Maqsadimiz ezgu, bu dargohda farzandlarimiz voyaga yetayapti, farzandlar esa kelajagimiz. Kim, qanday aqlli odam kelajagiga, ilm dargohiga befarq bo‘ladi?! Ijodkorlarning maktablarga jalb etilishi ham shu joylarga bugungi kunlarning  YANGI nafasini olib kirish.

  Yaqinda chop etiklgan kitobimni sovg‘a qildim. Rahbar uni loqayd qo‘liga oldi, ichida “Buni nima qilaman?” yoki “Maqsad nima?” degan savollar aylanayotgani aniq edi. Ehtimol, eski “dard” – kitobni sotib berish tashvishi haqidagi o‘y qiynayotgandi.

– Beg‘araz, dedim. – Agar yana uchrashuvlar nasib etsa, men haqimda tasavvur hosil qilishingiz uchun taqdim etdim. Boshqa maqsad yo‘q. O‘qing, til-adabiyot o‘qituvchilariga ham  bering. Hatto ichida “Adabiyot muallimi” degan maqola ham bor...

Xayrlashdik. Rahbar mamnuniyat bilan kuzatib qo‘ydi.

Hakim SATTORIY,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat

markazi bosh mutaxassisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19453
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16796
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi