Afsonaviy xun imperatori Atilla, birinchi mojor qiroli Almushxon – “Gʻarbdagi turklar o‘lkasi” va venger xalqining paydo bo‘lishi tarixi


Saqlash
15:12 / 26.12.2022 1351 0

Yevropaning yetakchi tillarida Hungary, Vengriya, Sharq tillarida esa ko‘proq Mojoriston deb ataladigan Sharqiy Yevropadagi Karpatorti davlatlaridan biri bo‘lmish bu o‘lka ming yillardir turkiy el-uluslar uchun yot-begona emas. Bir tomondan ota-bobolarimiz o‘zlarining o‘nlab siyosiy uyushmalarini Sharqiy Yevropa kengliklarida barpo qilgan kezlarda Vengriya – Mojoriston tuproqlari ular uchun beshik vazifasini bajargan bo‘lsa, boshqa tomondan esa bu o‘lkaning tub aholisini tashkil etuvchi vengerlarning turkiy xalqlarga qay darajadadir qarindoshligi to‘g‘risidagi qarashlar nafaqat bilim dunyosida, balki xalqimiz orasida ham keng tarqalgan. Qizig‘i shundaki, xalqimiz orasida Hungary atamasini uzoq ajdodlarimiz – xunlar bilan bog‘lab tushuntirish keng yoyilganidek, XX asr boshlarida turkistonliklar bu o‘lka uchun “Mojoriston” atamasini ishlatishgan. Hozirgi kunda ham yerli matbuotimizda onda-sonda bo‘lsa-da, Mojoriston, “mojorlar yurti” kabi atamalar ishlatilayotganiga ko‘zimiz tushadi. Yurtimizda Mojor, Mojor-saroy singari qishloq va ovul otlari uchrashi esa bu atamaning ildizi bizning yerlarda emasmi? degan so‘roq-savollarga yetaklaydi. Ustiga-ustak “to‘qson ikki bovli o‘zbek urug‘i” shajarasidagi urug‘lardan birining “mojor” ekanligi uzoq Yevropadagi bu xalq bilan bog‘liq tushunchalarimizni yana-da teranroq boyitishga undaydi.

 

O‘tmishda, bundan bir yarim – ikki ming yillar oldin Sharqiy Yevropaning so‘lim go‘shalaridan bo‘lmish Karpat tog‘lari etaklari va Dunay daryosi qirg‘oqlaridagi yaylovlarga mo‘l, qut-barakaga ega hududlarga Ichki Osiyodan sak-skif, xun, keyinchalik ilk o‘rta asrlarda bulg‘or, avar, savir, ogur (o‘g‘ur), to‘qurg‘ur (to‘qqiz o‘g‘uz), o‘no‘g‘ur (o‘n o‘g‘ur), o‘turg‘ur (o‘ttiz o‘g‘ur), mojor, shekel, qabar, o‘rta asrlarda esa kun, kuman, qipchoq, pecheneg (bijanak), uz kabi o‘nlab Ichki osiyolik ko‘chmanchi elatlar borib o‘rnashishgan va o‘z siyosiy uyushmalarini tuzishgan. Ularning ko‘pchiligi turkiy tilli el-uluslar bo‘lgani hech kimga sir emas. Qizig‘i shundaki, bugungi kunda ham Vengriya – Mojoristonda Kun, Nagy Kun “Ulug‘ Kun”, Kishi Kun “Kichik Kun”, Shekel, Besenyo “Pecheneg” atamalariga biror tuman yoki qishloq nomi o‘laroq duch kelasiz. Bu o‘lkaning yirik tumanlaridan biri bo‘lmish Shekel yoki Shekeliyani ko‘pchilik izlanuvchilar eski turk urug‘laridan biri – chigil yoki izgil bilan bog‘lab tushuntiradilar. Vengriyaning bu tumanidagi yerli elat ushbu atamani o‘zlarining qadimiy nomi deb bilishdan tashqari, yerli aholisining shevasi turkiy so‘zlarga boyligi bilan birmuncha ajralib turadi.

 

Xo‘sh, Vengriya tub aholisi bugungi kunda o‘zlarining kelib chiqishi, turkiylar bilan bog‘liq tomonlari borligi masalalariga qanday qarashadi?

 

XVIII–XIX asrlarda Yevropadagi turli-tuman siyosiy boshboshdoqliklardan charchagan, Avstriya-Vengriya saltanatining ko‘zga ko‘ringan elatlaridan birini tashkil qilgan vengerlar, ayniqsa, ularning yetakchi elitasi o‘zlarining qardosh-qarindosh elatlarni izlab, ular yordamida o‘zlarini qaytadan tiklab olishga umid qila boshlaydilar. Bunga vengerlar yashaydigan joylar Karpat o‘lkalaridagi yerli tubjoy xalqlar – ko‘pchiligi ularga til tomondan mutlaqo yot bo‘lgan slavyanlar, ruminlar, nemislar bilan o‘ralgani ham turtki beradi. Yevropaliklarning deyarli barchasi bitta til oilasi – hind-yevropa tillarining turli tarmoqlarida so‘zlashib, ular orasida venger tiliga yaqin birorta til yo‘q edi.

 

Bunday yolg‘izlanishning farqiga borgan vengerlar orasida esa bir necha yuz yillardan beri o‘z javobini kutgan “nega bizning tilimiz qo‘shnilarnikiga o‘xshamaydi, bizning ham qardoshlarimiz bormi, bo‘lsa ular qayerda?” degan so‘roqlar kundan-kunga, yildan-yilga ortib boraveradi. 1860-yillarda Usmonli o‘lkalaridan yo‘lga chiqib, Turkistonning o‘nlab o‘lkalarini yayov kezib chiqqan mashhur Armini Vamberi – “cho‘loq darvish” ham aynan shunday so‘roqlarga javob topishga intilganlarning biri edi. Aslida undan ming yilcha burun ham venger o‘lkasidan Sharqqa qarab otlanib, o‘z qarindoshlarini izlagan kishilar talay bo‘lgan. Ulardan biri – venger ruhoniysi Yulian 1235–1238-yillarda Idil-Volga va Yoyiq-Urol qirg‘oqlarida bo‘lib, bu yerda o‘z qarindoshlarini topganini shu yo‘sinda tilga olgan: “ularning tili mutlaqo vengercha: ular – uni va u – ularni tushunardi”.

 

Vengerlar o‘z qardoshlarini Sharqdan izlashi bejiz emasdi. Oradan bir necha yuz yillar o‘tgan bo‘lishiga qaramay, xalq xotirasida o‘z ajdodlarining kunchiqar o‘lkalardan – Volga–Urolbo‘yi yoki undan-da uzoqroq o‘lkalardan kelganliklari to‘g‘risida afsonayu rivoyatlar saqlanib qolgan bo‘lsa, venger oydinlari esa yunon va lotin tilli qo‘lyozmalarda bunga imo-ishoralar borligini so‘ylar edilar. Qisqasi, vengerlar orasida o‘zlarining turkiy el-uluslarga qarindosh ekaniga ishonch o‘rta asrlarda shunchalar o‘rnashib qolgan bo‘lib, bu esa keyinchalik o‘nlab ilmiy izlanishlarni boshlab beradi. Biroq XIX–XX asrlarga kelib bu to‘g‘ridagi barcha qarashlar o‘z yechimini topadi – venger tili turkiy tillarga emas, fin-ugor tillari guruhiga kirishi oydinlashadi. Bu til bo‘yicha barcha ko‘rsatkichlar – sanoq tizimi, qarindosh-urug‘chilik atamalari, kelishik va olmoshlar, qo‘yingki deyarli barcha-barchasi venger tilining fin-ugor til oilasiga kiruvchi fin, saam, mordvin, udmurt tillari bilan qarindosh ekanini ochiq-oydin ko‘rsatib turardi.

 

Shunga qaramay, vengerlarning turkiylarga qarindoshligi masalasi kun tartibidan tushmasdan davom etdi. Chunki boshqa fin-ugor xalqlaridan farqli o‘laroq vengerlar milliy davlatchiligining ilk ildizlari Yevropa Xun saltanati (370–469), Mojor qirolligi (qurilishi 896-y.) davriga borib taqalar, vengerlarning milliy qahramonlari sanaladigan Yevropaning ulkan bir bo‘lagini o‘z qo‘l ostiga olgan atoqli xun imperatori Atilla (430–453) va ilk qirollik tamal toshini qo‘ygan Almushxon (IX asr) va yana bir qator boshqa venger hukmdorlarining ham kelib chiqishiga ko‘ra turkiy ekani, venger tilida yuzlab turkiy so‘z va atamalarning borligi, xalq nomi – venger va mojor atamalarining turkiy negizda ochiqlanishi, bir necha venger qabila-urug‘ nomlarining turkiylarda ham uchrashi, “Vengriya” atamasidan oldin – IX–X asrlarda bu o‘lka otining “Gʻarbdagi turklar o‘lkasi” anglamida ilk bor yunon manbalarida “Gʻarbiy Turkiya” ko‘rinishida uchrashi – bularning barchasi o‘zining javobini kutar, venger jamoatchiligi o‘z olimlaridan bunga yechim topish kerakligini uqtirar edilar.

 

Ko‘p yillik izlanishlar natijasida venger tarixchi, tilchi va elshunos olimlari yalpi bir to‘xtamga kelishdi – vengerlarning etnik shakllanishida faqat fin-ugorlar emas, turkiy elatlar ham faol qatnashgan, ilk o‘rta asrlarda Sharqiy Yevropaga onogur, ungar / hungar “venger”, magyar “mojor” atamalari ostida kelib o‘rnashgan elat boshlang‘ichda turkiy belgilari ustuvor xalq bo‘lib, keyinchalik fin-ugorlarga aralashib ketishgan. Bugungi kun jahon fanida ham vengerlarni qadim va ilk o‘rta asrlarda Urolbo‘yida, bugungi Boshqirdiston o‘lkasida yashab, fin-ugor tillarida so‘zlashgan, bu yerdan kunbotarga ko‘chib, bir sira – VII – VIII asrlarda Qora dengiz shimolida Xazar xoqonligi (630–969) tuproqlarida yashagan, IX asrning ikkinchi yarmidan esa bugungi Vengriya hududlariga siljib, bu yerlarga uch-to‘rt asr burun kelib o‘rnashgan xun, avar, savir, o‘g‘ur kabi turkiy elatlar orasiga borib qo‘shilgan elat o‘laroq qaraladi.

 

Bu nuqtai nazarga zid fikr bildiruvchilar ham talay, biroq venger tilida hozirgi turkiy tillardan ko‘ra ko‘proq ilk o‘rta asrlarga tegishli yuzlab eski turkcha so‘zlarning uchrashi har qanday tilshunos olimning diqqatini o‘ziga tortmay qolmaydi. Ayniqsa, eski turklar bilan bog‘lanuvchi, ekin-tikinchilik va bog‘dorchilikka xos “alma” (olma), “arpa”, “buza” (bug‘doy) kabi so‘zlar uchrashi ularni Ichki Osiyoga yetaklaydi.

 

Venger olimlarini ko‘p yillardan beri o‘ziga chorlab kelgan jihatlardan biri bu – turkiylar orasida boshqirdlarning vengerlar bilan umumiy tomonlarga egaligidir. Tilchilar bu ikki xalq nomi – “boshqird” (bašqırd, bašgar) va “mojor” (magyar)da o‘zaro o‘xshashlik topsalar, elshunoslar “kesa”, “eneu”, “yurmati” kabi 6 ta yetakchi boshqird urug‘ nomining vengerlarning bosh urug‘lari bo‘lgan “Keszi”, “Yenö”, “Gyurmat” nomlarida uyg‘unlik ko‘radilar. Bundan tashqari, har ikkala xalqning kuy-qo‘shiqlarida o‘zaro uyg‘unlik borligiga urg‘u berishadi. Venger xalqi orasida o‘z ota-bobolarining kunchiqardagi Volga–Ural bo‘yidan ko‘chganligi to‘g‘risidagi es-xotiralar esa bu kabi o‘xshashliklar bejiz emasligini ko‘rsatadi.

 

Aslida turkiy xalqlar ichida ko‘proq boshqird–mojor o‘xshashligi ko‘zga tashlanishi bu ilk o‘rta asrlarda Volga–Ural bo‘yidagi siyosiy va etnomadaniy aralashuvlar natijasi bo‘lib, undan bir necha yuz yillar burun bunday jarayonlar yanada uzoqroqda – Ordos o‘lkasi (Xuanxe daryosining yuqori qirg‘oqlari/Shimoliy Xitoy)da yuz bergan, o‘shanda xitoy yilnomalarida uxuan (o‘g‘ur), xua (avar), syanbi (savir), bulo (bulg‘or), ida (eftalit) singari bir qator turkiy va turk-mo‘g‘ul qabila-urug‘lari orasida mujung degan elat ham tilga olinadi. Tarixchi va elshunoslar mujung atamasini “mojor” deb tiklash kerak, deb qaraydilar. Xitoyliklar o‘zlariga yot bo‘lgan el-uluslarning nomini o‘z iyeroglif yozuvlarida berishga qiynalib, turk-mo‘g‘ulcha urug‘ nomlarini turlicha yozishganidan ko‘pchilikning xabari bo‘lsa kerak.

 

Demak, milodning boshlarida Mo‘g‘ulistonning kungayi – Xitoyning shimolidagi Ordos o‘lkasida yashaga turkiy elatlar milodiy IV–V asrlarda xunlar boshchiligida turli sabablarga ko‘ra kunbotar o‘lkalarga Oltoyga, undan Volga–Uralbo‘yiga, undan esa Sharqiy Yevropaga ko‘chib, ko‘proq bugungi Vengriya–Mojoriston o‘lkasida turg‘unlasha boshlagan. Shuning uchun vizantiyaliklar bu yerni yangi kelib o‘rnashgan turkiy elatlar o‘lkasi o‘laroq “Turkiya”, “Gʻarbiy Turkiya” deb atagan bo‘lsalar, keyinchalik bu atama butunlay boshqa tuproqlarga – Onado‘li (Kichik Osiyo) ga ko‘chgan.

 

Sharqiy Yevropaga ko‘chgan turkiy elatlarning bir bo‘lagi – bulg‘orlar esa yana-da ilgariroqqa – Bolqon yarim oroliga siljib, bugungi Bolgariya davlatining tamal toshini qo‘yishgan. Bundan tashqari, bu jarayon faqatgina shu bilan tugamagan, Bolqon va tegrasidagi slavyan xalqlari bo‘lmish serb, xorvat, bosniyaliklar orasiga singib ketgan ushbu turkiy elatlar ularning nomlarida ham o‘z izini qoldirgan. Ayrim elshunos izlanuvchilar savir atamasidan “serb”, qubrat so‘zidan “xorvat” (Qubratxon – Sharqiy Yevropadagi Buyuk Bulg‘oriya davlati boshqaruvchisi, o‘l. 650-y.), pecheneg (vengerchasi besenyo) “Bosniya” atamalari kelib chiqqan deyishadi. Bunday qarashlar qanchalik to‘g‘ri yoki yanglish ekani kelajakda aniqlanishi kerak.

 

Vengriya tub aholisining nomi bo‘yicha ham haligacha tortishuvlar davom etmoqda. XX asrning boshlarida venger va boshqa yevropalik izlanuvchilar Xungari (Hungary) atamasini ko‘proq xunlar bilan bog‘lab tushuntirgan bo‘lsalar, bugungi kunda bu atamani ogur (o‘g‘ur) turklarining bir tarmog‘i bo‘lmish O‘n-o‘g‘ur (On-ogur) bilan bog‘lash keng yoyila boshladi. “O‘nta o‘g‘ur urug‘i birlashmasi”ga tegishli bilgilar yunon va lotin yozma manbalarida uchrab, Vengriya tuproqlariga ilk odimini qo‘ygan turkiy elatlar orasida ogur (o‘g‘ur) lar yetakchilik qilgan. Ular bel-ogur (besh o‘g‘ur), qutrigur/to‘qurgur (to‘qqiz o‘g‘ur), onogur (o‘n o‘g‘ur) kabi ichki bo‘linishlarga ega bo‘lgan. Qizig‘i shundaki, ushbu ko‘chishlardan biroz keyin Ichki Osiyo siyosatida yetakchilik qilgan turkiy elatlarning bir bo‘lagi oguz/o‘g‘uz atalib, eski turk bitiktoshlari, arab va fors yozma manbalarida ularning sakiz o‘g‘uz “sakkiz o‘g‘uz”, to‘quz o‘g‘uz “to‘qqiz o‘g‘uz”, o‘tuz o‘g‘uz “o‘ttiz o‘g‘uz” singari yon tarmoqlari bo‘lgan. Eski turkchada o‘g‘ur (keyinchalik o‘g‘uz) “urug‘lar birlashmasi”, “urug‘-qabilalar” ma’nosidagi so‘z o‘laroq negizi old-turkcha (prototurkcha) og‘ “o‘g‘” (nasl)ga borib taqaladi. O‘z navbatida O‘rxun bitiktoshlaridagi og‘ush “o‘g‘ush” (oila), og‘ul “o‘g‘ul” (bola) so‘zlari shu o‘zakdan o‘sib chiqqan. Bundan ko‘rinadiki, vengerlarning bosh etnonimiga aylangan on-ogur (o‘n o‘g‘ur – o‘n o‘g‘uz) so‘zining eski turkchadagi ma’nosi “o‘nta urug‘”, “o‘n urug‘ birlashmasi”dir. Keyinchalik bu so‘z vengerlarga qo‘shni slavyanlar tilida biroz o‘zgarishga uchrab “venger, venger” ko‘rinishini olgan bo‘lsa, uzoqroq qo‘shnilari tomonidan esa “hongur, hungar” o‘laroq ishlatila boshlagan.

 

Qisqasi, turkiy tillarning o‘g‘ur tarmog‘idagilar milodiy IV–V asrlarda Sharqiy Yevropaga kelishlaridan oldin, Urol va Gʻarbiy Sibir kengliklarida, shuningdek, Qozog‘iston dashtlari, Jung‘oriya pasttekisligi va Oltoy tog‘larining g‘arbiy etaklarida yashab, keyinchalik olis kunbotardagi o‘lkalarga ko‘chishgan. Sanab o‘tilgan o‘lkalarda yashovchilar va ularning qo‘shni elatlari Xitoydan shimol va shimoli-g‘arbda yashab, yilnomalarda syunnu (xun), yuyeban, gaoche (lug‘. “yuksak aravalilar”), tele (*tegrek “arava”), xua “avar”, ida (eftalit), syanbi “savir”, mujung (mojor) kabi turli etnonimlar bilan atalsalar-da, ularning ko‘pchiligi tili o‘xshash elatlar sifatida tilga olingan. Ushbu el-uluslarning Sharqiy Yevropaga ko‘chishini milodiy III–IV asrlarda xunlar boshlab bergan bo‘lib, qolganlari birin-ketin ularning izidan borishgan. Ushbu ko‘chmanchi elatlar to‘g‘risida chuqur izlanishlar olib borgan ayrim g‘arblik tilshunoslar Yevropa xunlari tilini “turkiy va mo‘g‘ul tillari orasidagi, chamasi birinchisiga yaqinroq oltoy tillaridan biri”, deb yozgan bo‘lib, ularga tegishli so‘zlarning bir qismi venger tilida saqlanib qolgan.

 

IX–X asrlarda chinakam venger qirolligi o‘laroq maydonga chiqqan Arpad sulolasi Hétmagyar, ya’ni vengercha “yetti mojor” urug‘ining birlashuvi natijasida Sharqiy Yevropaning eng kuchli davlatlaridan biriga aylanadi. 896-yilda qurilgan ushbu davlatga oradan ko‘p o‘tmay Shimoliy Kavkaz va Qora dengiz bo‘ylaridagi turkiy Xazar xoqonligidan ajralib, Karpat tog‘lariga qarab ko‘chgan 3 urug‘li qabar turklari kelib qo‘shiladi. Shundan boshlab o‘z ichida Hétmagyar deb atalib kelayotgan bu mojor siyosiy uyushmasi “10 ta urug‘ birlashmasi ma’nosida” O‘n-o‘g‘ur davlati, ya’ni yaqin qo‘shnilari va vizantiyaliklar yozma manbalarida Onnoguria deb atala boshlaydi.

 

Bugun vengeriyaliklarning ko‘pchiligi uchun o‘tmishda bo‘lib o‘tgan bu voqeliklarning uncha ahamiyati yo‘q. Qariyb 10 million aholiga ega Vengriya o‘zini ko‘p millatli, turfa madaniyatlarga ega davlat o‘laroq ko‘z-ko‘z qiladi. O‘lka tub aholisining ko‘pchiligi vengerlardan iborat bo‘lsa-da, sezilarli bir qismi o‘zga el-uluslar, o‘zining kelib chiqishini slavyanlarga taqaydigan millatlardir. Slavyan unsuri, ayniqsa, slavyancha so‘zlar bugungi venger tilining qariyb 20–30 foizini tashkil etadi.

 

Tobora ildamlashib borayotgan o‘zaro madaniy birikuv – globallashuv jarayonlarida vengerlarning ko‘pchilik qismi Yevropa jamiyatining ajralmas bir bo‘lagiga aylanish tarafdori va o‘zlarining bosh maqsadini shunga qaratishgan. Biroq vengerlarning o‘zlarini ayri bir millat, ayri bir davlat sifatida ko‘ruvchi bo‘lagi, ayniqsa, ularning oydin qismi, shu bilan birga, boshqaruvdagilar o‘z kelib chiqishi, o‘tmishi, yalpi aytganda o‘zligini saqlashga intiladilar. Bu keyingi yillarda Venriya hukumati tomonidan turkiy davlatlar bilan yaqinlashish – har bir turkiy davlat bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Turkiy kengashga a’zo bo‘lish va boshqalarda ko‘zga tashlanmoqda.

 

Gʻaybulla BOBOYOROV,

tarix fanlari doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16822
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi