Tarjima - nozik san’at yoxud doktor Xaus o‘zbekchani biladimi?


Saqlash
15:12 / 14.12.2022 2083 2

Oy o‘rtanar, ko‘zlarida yosh,

Bag‘ri dog‘u yuragi qiyma.

Der: ey, falak, men edim quyosh,

Nega meni qilding tarjima?

Erkin Vohidov

Shoirning ushbu sheʼrini bolaligimda yod olgandim. Undagi ohang, mazmun goʻzalligi hozirgi paytda ham meni hayratga soladi, zavqlantiradi. Tarjima inson hayotidagi ehtiyoj va buyuk kashfiyotlardan biri desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Balki fikrimda bir oz qarama-qarshilik bordir, chunki odatda, ehtiyojlarimiz bizni kashfiyotlarga yetaklaydi. Qisqasi, tarjima – inson hayotidagi zarurat. Uni koʻplab yozuvchi, shoirlarimiz, muharrirlarimiz sanʼat darajasida amalga oshirishgani ham bor gap. Biz mukammal ishlardan zavqlanamiz, uning asosida qanday mashaqqat, aqliy mehnatning qanday nozik qirralari yotganini sezmaymiz. Xatolarga duch kelganimizdagina oʻsha koʻzimizdan pana jarayonning tafsilotlari bizga koʻringanday boʻladi. Shu maʼnoda bir tilshunos va tomoshabin sifatida “Doktor Xaus” serialining oʻzbekcha dublyajida kuzatilgan ayrim xatolar haqida soʻz yuritishni istadik.

Dunyoga mashhur bu serialni dastlab ruscha dublyajda koʻrib, muxlisiga aylangan edim. Syujetning qiziqarliligi, tibbiy masalalarning tafsilotlari, ayniqsa, satira va tahlilga boy dialoglari meni qoyil qoldirgan edi. Shu sabab, film oʻzbek tiliga oʻgirilib, efirga uzatila boshlanganda juda quvongandim. Chunki qator romantik seriallardan farqli oʻlaroq ilm, aql, oʻz ishiga sadoqat, mutaxassis masʼuliyati kabi tushunchalar birinchi planga qoʻyilgan, insonning hayotiy voqealarga romantik yo xayoliy emas, aynan asl reaksiyasi aks ettirilgan kartina oʻzbek tomoshabiniga juda koʻp narsa beradi. Albatta, tarjima mukammalroq boʻlganida serialdan yanada koʻproq zavqlanish mumkin edi…

Odatda bizda, gʻarb seriallari rus tilidan tarjima qilingani bois “Doktor Xaus” ham shu tarzda oʻzbekchaga oʻgirilgan boʻlsa kerak, deya taxmin qildim. Ayrim gʻaliz jumlalarni tushunmay, soʻzma-soʻz rus tiliga oʻgirganimda, risoladagiday gap chiqaverishi bu fikrimni tasdiqlagandek boʻldi. Shundan soʻng til bilan bogʻliq xatolarni ketma-ket qayd etishni boshladim. Chunki ular misolida til birliklarining tabiatini yanada chuqurroq anglaymiz, tahlil qilganimizda esa oʻzbek tilidagi soʻzlar, birikmalar, umuman, lisoniy ifodalarning xususiyatlarini yaxshiroq tushunamiz.

Shu maʼnoda serialning oʻzbekcha dublyajida uchragan ayrim xatolarni uch guruhga ajratib tahlil qildik:

1. Tarjimadagi xatolar. Serialning 1-fasl 5-qismida rohiba ayol tomonidan aytiladigan bir gap bor. Ruscha dublyajda “…нельзя не верить в Бога и одновременно злиться на него” deyiladi. Oʻzbekchaga shu gap “Uni gʻazablantirib, unga ishonmaslik mumkin emas”, deb tarjima qilingan. Aslida esa “...bir paytning oʻzida Xudoga ham ishonmaslik, ham undan achchiqlanish mumkin emas” degan mazmun ifodalanishi kerak edi.

Shuningdek, 1-fasl 8-qismda Forman doktor Xausga bemor haqida “atropinga taʼsiri yoʻq”, deydi. Atropin dori boʻlsa, nima uchun bemor doriga taʼsir qilishi kerak, aksincha boʻlishi kerak emasmi, degan savol paydo boʻladi. Holbuki, ruschadagi “Не реагирует на атропин” jumlasi soʻzma-soʻz tarjima qilinganda ham “bemor atropinga hech qanday reaksiya bildirmayapti” mazmunini beradi. Oʻzbekchada esa oddiygina va tushunarli qilib, “Atropin taʼsir qilmayapti” deyish toʻgʻri boʻlardi. Yana bir qismda Xausning Voglerga “Я не завидую комитету по трансплантатам” degan gapida feʼldagi inkor yuklamasi tushirib qoldirilib, “hasad qilaman” shaklida tarjima qilingan. “Hasad qilmoq” va “havas qilmoq” feʼllari rus tilida ham, ingliz tilida ham bitta feʼl bilan berilishi va oʻzbekchaga tarjima qilayotganda kontekst va vaziyatga qarab aynan qaysi maʼnoda qoʻllanayotganini aniqlash lozimligini koʻpchilik biladi. Boʻlishsiz feʼl boʻlishli shaklda xato tarjima qilinishi bilan birga, ayni oʻrinda “havas qilmayman” maʼnosi ifodalangani eʼtibordan chetda qolgan.

2. Soʻzma-soʻz tarjima. Dialoglarning aksariyati soʻzma-soʻz tarjima qilingani uchun tushunarsiz chiqqan. Xususan, bir safar Kameron Xausga “Tugʻilgan kuningiz bilan” deydi, javoban Xaus “Kimni?” deb soʻraydi. “Kuningiz” soʻzidagi egalik qoʻshimchasi tugʻilgan kun kimniki ekanligini bildirib turganiga nahotki tarjimon ham, matnni oʻqiyotgan mutaxassis ham eʼtibor bermagan boʻlsa? Tugʻilgan kun bilan tabriklash uchun aytiladigan inglizcha “Happy birthday”, ruscha “с днем рождения” ifodalarida gap kimga qarata aytilayotganini vaziyat belgilab beradi, ularda oʻzbek tilidagi kabi tugʻilgan kun kimga tegishli ekanini ochiq ifodalovchi grammatik koʻrsatkich qoʻllanilmagan. Inglizchada (serial yaratilgan tilda) Xaus vaziyatdan gap unga qaratilganini bilib tursa-da, bu masalaga beparvoligini koʻrsatish uchun “kimni” deb soʻraydi.

Oʻzbekchada esa ikki odam gaplashayotib, biri “Tugʻilgan kuningiz bilan” deganda, ikkinchi suhbatdosh “Kimni?” deya soʻrashi kamida ahmoqlik belgisi sanaladi.

Birinchi faslning oxirgi qismida “peshob pufagi” birikmasi ishlatilgan. Ruschadagi “мочевой пузырь”ning soʻzma-soʻz tarjimasi. Oʻzbek tilida u aʼzoning “qovuq” degan nomi bor-ku!

Shuningdek, serialda koʻp takrorlanadigan “tahlil natijasi salbiy / manfiy”, “dori ish beryapti /bermayapti”, “unda ogʻriq bor” kabi soʻzma-soʻz tarjima boʻlgan jumlalar borki, ular oʻzbek tomoshabini uchun oʻta gʻaliz eshitiladi. Jumladan, “tahlil natijasi salbiy / manfiy” yoki “biopsiya natijasi salbiy” kabi ifodani olaylik. “Salbiy” soʻzi oʻzbek tilida “yomon” degan degan maʼnoni bildiradi. Rus tilida “отрицательный” boʻlsa, u inson sifatlariga nisbatan ishlatilganda “salbiy” degan mazmunni, tibbiy tahlil natijalariga nisbatan ishlatilganda “inkor qiluvchi” mazmunini anglatadi.

Har qanday tilda koʻp maʼnoli soʻzlar, jumlalar boʻlib, biror ifodani bildirish uchun boshqa tilda aynan oʻsha soʻz bilan berib boʻlmaydi. Masalan, oʻzbekcha “koʻchaning boshi” degan birikmadagi “bosh” soʻzini rus tiliga oʻz maʼnosida “голова”, yaʼni “голова улицы” deb tarjima qilib boʻlmaydi. Shuning uchun “tahlil natijasi salbiy / ijobiy” deyishning oʻrniga, “tahlil natijasi bu kasallik borligini koʻrsatmadi / koʻrsatdi” deyish tomoshabin uchun tushunarliroq boʻlardi.

3. Soʻzlarni xato qoʻllash. Serialning oʻzbekcha tarjimasidagi aksariyat gaplarda soʻzlarning uslubiy jihatdan xato qoʻllanganiga ham guvoh boʻlamiz. Masalan, “yolgʻiz, jufti (eri yo xotini) yoʻq” degan tushuncha “tanho” soʻzi bilan berilgan. Oʻzbek tilida “tanho” soʻzi “tengi yoʻq, oʻxshashi yoʻq” degan ijobiy maʼnoni anglatadi. Bu tushuncha “yolgʻiz” soʻzi bilan ifodalansa toʻgʻri boʻladi. Shuningdek, dublyajda bir necha marta “zarba yetkazdi” degan jumla qoʻllangan. Zarba yetkazilmaydi, beriladi; zarar yetkazilishi mumkin. “Zarba bermoq”, “zarar yetkazmoq” kabi feʼllar yasama feʼl hisoblanib, xuddi yasama otlar kabi (masalan, oshqozon, otboqar) bitta soʻzdir. “Oshqozon”ni “oshtova” yoki “oshtovoq”, “otboqar”ni “otqarar” deb boʻlmagani kabi “zarba bermoq”ning oʻrniga “zarba yetkazmoq” deb boʻlmaydi.

Yana bir oʻrinda “qanday kasallik ekanini taxmin qilyapti” degan mazmunda “uning gʻoyasi bordir” degan gap ishlatiladi. “Gʻoya” soʻzi mazkur vaziyatda notoʻgʻri ishlatilgan. Hoynahoy ruscha “у него есть идея?”dan soʻzma-soʻz tarjima qilingan. Qaysi oʻzbek shifokor huzuriga borsa “mening kasalim nima ekanligi haqida biror gʻoyangiz bormi?” deb soʻraydi? Nega oʻzbek tomoshabiniga tushunarli shaklda “Xaus nima deb taxmin qilyapti” yoki “Xaus qanday fikrda” deb tarjima qilish mumkin emas?

 

Dublyaj, albatta, juda qiyin va murakkab jarayon. Hozir aksariyat ishlar tez bajarilishi ortidan sifat tushishi holatlari kuzatiladi. Mazkur serial dublyajida yoʻl qoʻyilgan xatolarni ham shunday sabablar bilan izohlash mumkindir balki. Ammo maromiga yetkazib bajarilgan ish natijasi uzoqroq yashaydi. Serialning ham bir necha yil davomida tomoshabinlarni zeriktirmay, sevimli asarga aylangani uni yaratishda ana shunday katta mehnat qilinganidan dalolat beradi. Ayniqsa, bosh qahramonning isteʼdodli va zakiy ekani, favqulodda toʻgʻri qarorlar qabul qilishi tomoshabinlarning mehrini qozondi. Shuningdek, Doktor Xausning intellektual fazilatlaridan biri uning poliglotligidir. Ammo, afsuski, u oʻzbekchani yaxshi oʻzlashtira olmadi…

Iroda Azimova

Filologiya fanlari nomzodi, dotsent

2 Izohlar

Dilmurod

06:01 / 01.01.1970

Maqolada mavzu sodda va ravon tilda yoritilibdi. Muhimi tushunishga qiynalmadim. Shunday maqolalar ko'payaversin!

Nazokat

06:01 / 01.01.1970

Assalomu alaykum Iroda opa. Toʻgʻrisini aytsam bu kinoni oʻzbek tilida oxirigacha koʻra olmadim. Sababi rus tilida koʻrgandim barcha qisimlarini. Tarjimadagi xatoliklar faqat meni gʻashimga tegmaganidan hursandman. Kino judayam zoʻr . Hozirgacha koʻrib turaman. Siz va Zulfiya opamga raxmat . Oz vaqt oʻquvchingiz boʻlgan boʻlsam ham hayotimda kerakli va asqotgan juda koʻp bilimlarni olganman. Ishlarizga omad.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16792
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi