Yangi Sirdaryoning oydin tonglari


Saqlash
18:10 / 18.10.2022 843 0

“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shoiri ostida o‘tkazilayotgan “Ma’naviyat karvoni”ning navbatdagi manzili Sirdaryo vohasi bo‘ldi

 

O‘zbekiston Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Nodir Xolbo‘tayev, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibot markazi rahbari Minhojiddin Mirzo, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati rahbari Baxtiyor Husanov boshchiligidagi ijodkorlar, teatr va kino yulduzlari, adabiyot va san’at darg‘alari hamda iqtidorli yoshlardan iborat ijodiy jamoa Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Ba’zan toshqin va sokin oqadigan Sirdaryoning ustidan o‘tar ekanmiz, barchamizning yuzimizga mayin epkinlar ohista uriladi. “Sirdaryo viloyatiga xush kelibsiz!” degan yozuvga ko‘zimiz tushishi bilan ulug‘ bir ziyoratgohga kirib kelayotgandek yuragimni ilohiy kalimalarga yo‘g‘rilgan his-tuyg‘ular qamrab oladi.

 

Baxt bog‘lariga ta’zim

 

Sirdaryoliklarning ezgu niyati, jonini jabborga berib qilgan sa’y­harakati, qahratonning qahriyu saraton olovidan hayiqmay bag‘irlariga bosib olib chiqayotgan baxt bog‘lariga bosh egib, ta’zim qilaman. Ayting, nechun egilmayin? Axir bu muqaddas tuproqda o‘ttiz to‘qqizinchi yillarda badarg‘a qilingan ne­ne aziz zotlarning peshona teri to‘kilgan, bobolarimiz, alpdek og‘alar, kayvoni momolar, pariruxsor onaxonlarning xoki poklari yotibdi.

Yangi O‘zbekiston rivojlanayotgan davlatlar qatoriga kirib, yangi Sirdaryo uning baraka beshiklaridan biriga aylangunicha bu muborak zaminda mehnatu zahmat ahli qancha fidoyiliklar qilgan. Ular og‘zidan olov purkab turgandek cho‘l bilan har kuni hayot­mamot jangiga kirishgan va har doim g‘olib bo‘lib, g‘alaba qilgan.

Bugun bog‘u bo‘stonga aylanib borayotgan, barakaga boylanayotgan, qaytadan kamol topayotgan shahri Gulistonning bu qadar chiroy ochishida esa ne­ne jo‘mardlarning mashaqqatli mehnati mujassam. Gulistonning ko‘rkam va maftunkor shahar bo‘lib tanilishi shu go‘shada yashayotgan turli millat va elat vakillarining hamnafas va hamjihatlikda bir yoqadan bosh chiqarib ishlagani samarasidir.

 

Maqsadi, maslagi, matlabi birlar

 

Mard taqdirini toshdan ko‘rar, nomard yo‘ldoshdan, degan hikmat bejiz aytilmagan. Sirdaryoliklar eng og‘ir kunlarda ham bir­biridan yozg‘irmaydigan, yaxshi kunlarida o‘tgan qayg‘ularini gapirmaydigan mardlardir. Ularning e’tiqodi, iymoni, maqsadi­maslagi, matlabi, muhabbati birdir.

Bu yerlarda qachonlardir qush uchsa qanoti, odam o‘tsa oyog‘i kuyadigan cho‘lu biyobon bo‘lganiga bugungi kunda birovni ishontirish qiyin. Faqatgina kitoblardan o‘qish mumkin Sirdaryoning o‘tmishini. O‘zbekiston xalq shoiri, Sirdaryo farzandi To‘ra Sulaymon bu cho‘llarga kelgan zamonlarini bir she’rida bunday tasvirlaydi:

O‘tmishim eslasam, og‘riydi jonim,

Olov tutashganday o‘rtanar tanim,

Qalin to‘qay ichra to‘kilgan qonim,

Otamdan yodgorlik shu chayla, chalg‘im,

Yerto‘lada kechmish o‘smirlik chog‘im...

Ha, sevikli shoirimizning taqdiriga o‘xshagan necha minglab taqdirlar mana shunday chaylayu yerto‘lalararo g‘oz turib obod yurt istiqboli uchun, farovon hayot, nurli kelajak uchun mehnat zahmatini chekishgan. Ular o‘rtanib, qiynalib qazigan ariqlardan bugun Sirdaryo ahli qonib­qonib suv ichmoqda.

O‘sha mashaqqatli zamonlarda kim ham o‘ylabdiki, vaqt o‘tib, kunlar kelib Guliston yurtimizning eng go‘zal shaharlaridan biriga aylanishini. Bu yerlarda Guliston davlat universiteti kabi bir qancha ta’lim muassasalarining qad rostlashini. Me’moriy jihatidan o‘ziga xos viqorli muhtasham musiqali drama teatri, bir yilda 400 dan ziyod musobaqa va festivalni o‘tkazadigan keng va katta sport maydonlari, ko‘rkam saroylar, yashillik olamiga burkanib, gulzorlarga aylangan xiyobonlarda bugun hayot qizg‘in qaynaydi.

Ayniqsa, xalq sog‘lig‘i yo‘lida barpo etilgan salomatlik yo‘lakchalari, dilga yoqar dam olish maskanlari, shinam kafe­restoranlar, she’riyat sultoni Alisher Navoiy bobomizning shaharning qoq o‘rtasida savlat to‘kib turgan ulug‘vor haykali ko‘zlarni quvnatadi.

Hozir Sirdaryo yoshlari boshida baxt qushlari charx urib uchib, bulbullar sayramoqda. Baxt qo‘rg‘onidan esgan atru rayhonlar bo‘yi Shirin shahri atrofiga qadar yoyilib bormoqda. Sirdaryo tumanida esgan xushnafas nasimlar Oqoltin tumanining nahorgi sabolariga qo‘shilib dimoqlarga uriladi. Yangiyer shahriga ko‘rk bag‘ishlab tushayotgan yangi binolar ko‘zlarni quvnatadi. Boyovutning bog‘larida yetilgan olmalar, Sayxunobod anorlari, Xovosning qovun­tarvuzlari shu muqaddas go‘shaning serhosil, unumli yerlarining rizqu barakasidan darak. Mirzaobodning oltinrang bug‘doyzorlarida, Mehnatobodning keng dalalarida ochiladigan qizg‘aldoqlar urug‘i cho‘l shamollarining harir pardasiga o‘ranib, dashtu dalalarga sochilib ketadi. Sardoba kengliklarida yetilgan poliz ekinlarining xaridori juda ko‘p...

 

Bog‘ingizdan bahor ketmas bo‘ldi, ustoz

 

O‘zbekiston xalq shoiri To‘ra Sulaymon Sirdaryoning bo‘ylariga mahliyo bo‘lib, “Bahor, ketma mening bog‘imdan”, deb aytganida qalbi nechog‘liq nafosatga g‘arq bo‘lgan ekan­a?!

Bahor kelsa, boshlanur bog‘da bulbul xonishi,

Sa’va, qumri nag‘masi, suralay tovlanishi,

Qirlarda lola sayli, qishloqlarda yil boshi:

To‘xtagay tabiatda haqqushlar zorlanishi,

Bahor, ketma mening bog‘imdan...

Prezidentimiz tashabbusi hamda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan To‘ra Sulaymon uy­muzeyi tashkil etilishi nafaqat sirdaryoliklarni, balki yurtimizda yashayotgan barcha she’riyat muxlislarini behad quvontirdi. Mirzaobod tuman dagi 2­umumta’lim maktabi, shoir yashagan ko‘cha uning nomi bilan atalmoqda.

“Ma’naviyat karvoni” tadbirlari doirasida Nodir Xolbo‘tayev hamda Sirojiddin Sayyid boshchiligida bir guruh shoir va yozuvchilar Mirzaobod tumaniga To‘ra Sulaymon uy­muzeyi qurilishini ko‘rgani bordik.

Kuzak shamollari esib turgan vaqtda anvoyi gullarga burkangan To‘ra Sulaymon ko‘chasiga kirib borar ekanmiz, qarshimizda bunyod etilayotgan muhtasham inshootni ko‘rib, yuraklarimiz entikib, ko‘nglimiz shodlikka to‘ldi. Hali qurilish, ta’mirlash ishlari to‘liq tugallanmagan bo‘lsa­da, savti suratidan bu bino kelajakda adabiyot ixlosmandlarining qadami uzilmaydigan she’riyat qo‘rg‘oni bo‘lishidan darak berib turibdi.

Qurilish rahbari Alisher ismli yigit bizlarni muzey loyihasi bilan tanishtirar ekan, uy­muzey yonida bunyod etilayotgan moʻjazgina bog‘, o‘quv va anjumanlar xonasi, kutubxona, shoirga tegishli buyumlar saqlanadigan ko‘rgazmalar zali bitib, faqat pardozlash ishlari qolganini mamnuniyat bilan so‘zlab berdi.

Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin  Sayyid uy­muzeyning yaqin kunlarda takomiliga yetadigan binosiga qarab ehtirom ila: “O‘zbekiston xalq shoiri To‘ra Sulaymon nomidagi bu uy­muzey yaqin kelajakda nafaqat millatimiz, balki, dunyo adabiyot ixlosmandlari qadamjosiga aylanadi. Bu uy­muzeyda yirik adabiyot bayramlari, mushoiralar, she’riyat kechalari, ilmiy  anjumanlar o‘tadi”, — deya ta’kidladi.

Xayolan shoir bilan gaplashaman­u, lablarim unsiz pichirlaydi. “Assalomu alaykum, ustoz! Mana, sizning she’riyat qarorgohingizdamiz. Sirdaryodamiz, nomingiz bilan atalgan ko‘chaning atirgullariga, rang­barang chechaklari, yashil archalari, hovlingizdagi marvarid tutning quyosh nurida tovlanayotgan yaproqlariga boqib, “Bog‘ingizdan bahor ketmas bo‘ldi, ustoz”, deyman.

 

“Enajon”, deb bosh ur, bolam, Boyovutga

 

Davlatimiz rahbari 2019 yil 19 fevral kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Guliston shahrida O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabini tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

2019 yil 18 may kuni Vazirlar Mahkamasining “Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomi dagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab­internatni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Ushbu ijod maktabida yosh qalam ahli malakali ustozlaridan saboq olmoqda. Yosh ijodkorlar Halima Xudoyberdiyeva kitoblarini to‘lig‘icha yod olib, she’rlarini qo‘shiqqa solmoqda.

Shoira tavallud topgan Boyovut tumanidagi  Madaniyat markazida bir qancha ma’naviy­ma’rifiy tadbirlar ishtirokchisiga aylandik. Boyovut yengil sanoat kasb­hunar kollejida, Guliston davlat universiteti va mahallalarda uyushtirilgan tadbirlarda ustozning jonbaxsh she’rlari qayta va qayta yod etildi. Tashrifimiz doirasida mazkur tumandagi maktablar bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi yuqorilaganini eshitib, dilimiz yayradi.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 iyun dagi “2020–2021 yillarda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanini ijtimoiy­iqtisodiy ri vojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish chora­tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Bo‘ston oilaviy shifokorlik punkti 595 million, 7­oilaviy poliklinika ham investisiya dasturi asosida 997 million so‘m hisobiga mukammal ta’mirlangan.

Prezidentimizning 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora­tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Uchqo‘rg‘on mahallasi da 80 xonadonli 3 ta, Sohil mahallasida 120 xonadonli uy­joy foydalanishga topshirilgan.

Joriy yilda Yangiobod massivida yana 520 xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi jadal sur’atlarda olib borilishi mamlakatimizdagi izchil islohotlarning mantiqiy davomidir. Bag‘riga shamol tekkan Boyovutdagi ezgu ishlar ni ko‘rib, qalbimiz zavqqa to‘ldi va ustoz Halima Xudoyberdiyevaning “Ulug‘bekka” she’rini esga oldik:

Jonim o‘g‘lim, qanotsizga sen qanot bo‘l,

O‘zga o‘z bo‘l, egilmagil, yodga yod bo‘l.

Yerga kirsa, bosib ketma, ehtiyot bo‘l,

Yo‘lingdagi xotirani o‘ldirmagil.

Seni berdim katta elga, katta yurtga,

Mehring bilan ko‘ngli iliq, ko‘zi to‘rtga,

“Enajon”, deb bosh ur, bolam, Boyovutga,

Tilingdagi xotirani o‘ldirmagil...

“Ma’naviyat karvoni” tadbirlari doirasida Sirdaryodagi ko‘plab ezgu ishlarga guvoh bo‘ldik va ishtirokchisiga aylandik.

 

Kelajak avlod uchun imkoniyat

 

Yangiyer shahrida bir milliard so‘m evaziga rekonstruksiya qilingan 2 ta Madaniyat markazining ko‘rkam konsert zallarida aholi bilan uchrashdik. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan yoshlarga kitoblar taqdim etildi. Hududdagi o‘zgarish va yangiliklardan ko‘nglimiz o‘sdi.

Ayniqsa, Yangiyer qurilish va kommunal xo‘jalik kasb­hunar kolleji bazasida Toshkent kimyo­texnologiya institutining Yangiyer filiali ochilishi, Yangiyer akademik liseyi bazasida Guliston davlat universiteti pedagogika fakulteti tashkil etilishi kelajak avlod uchun yana bir imkoniyatdir.

Yangiyer sanatoriysi bunyod etilishi, qayta ta’mirlangan “Muruvvat” nogiron ayollar internat uyining foydalanishga topshirilishi ham sirdaryoliklar uchun ahamiyatga molik voqeadir.

Tumanda nefrologiya markazi, Yuksalish va Navro‘z mahallalarida 780 xonadondan iborat 5 qavatli 25 ta yangi uy­joy qurilgani xalq farovonligi yo‘lidagi islohotlar samarasidir.

Viloyat paxta xirmoni yuksalishini Oqoltin tumanisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Oqoltinliklar yetishtirgan poliz ekinlari Shimoliy muz okeaniga yetib borgan, desak mubolag‘a bo‘lmas.

“Yangi davr” mahalla fuqarolar yig‘inida 240 xonadonli 10 ta ko‘p qavatli uy­joy qurilib foydalanishga topshirilgani esa tuman aholisi uchun munosib sovg‘a bo‘ldi.

Shu yerda yana bir ma’lumotni aytib o‘tmasak bo‘lmas. Tumandagi mavjud 13 ta mahallaning besh tasi shu vaqtgacha balansda bo‘lmagan binolardan foydalanib kelgan. Prezidentimiz topshirig‘i va tuman hokimi qarori bilan mazkur binolar ularning balansiga o‘tkazib berildi. Aholi band ligini ta’minlash maqsadida tumanda 1376 ta korxona faoliyat ko‘rsatyapti, shundan 824 tasi ki chik korxona va mikrofirma, 435 tasi esa fermer xo‘jaligidir. Sayxunobod, Xovos, Mirzaobod, Sardoba, Yangiyer, Guliston, Sirdaryo tumanlari, Guliston, Shirin shaharlariga tashrif buyurganlar so‘nggi olti yilda amalga oshirilayotgan bunyodkorlikning yangi usullari asosida arzon uy­joylar egasi bo‘layotgan fuqarolar quvonchi va shukronalik so‘zlariga guvoh bo‘ladi. Sirdaryo hududlarini kezar ekanmiz, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ni joriy qilish va shu orqali qiynalgan oilalar , ayollar, yoshlarni aniq ish bilan band qilish va daromadga ega bo‘lishiga alohida e’tibor berilayotganini ko‘rdik.

Qayerga bormaylik, ertasiga ishonch bilan boqayotgan zamondoshlarimizning quvonchiga sherik bo‘ldik. Yangi mavzu, yangi qahramonlar hayotining shodliklari bilan hamnafas bo‘lib, vaqt qanday o‘tganini sezmay ham qolibmiz. Biz esa Sirdaryoga she’rlarimiz, qo‘shiqlarimiz qorishiq mehru muhabbatimizni berdik. Sirdaryo bizni sohilining bo‘yiga, uyining to‘riga o‘tkazdi.

Sirdaryo bag‘ridan chiqqan so‘nmas nur — Halima Xudoyberdiyevaning “O‘g‘lim Ulug‘bekka” degan she’ri parchasi bilan maqolamga nuqta qo‘ydim. Zotan, unda yurakdan aytilmagan izhorlarim, yozilmagan so‘zlarim ifodasi bor...

Ko‘p chiqdim men Vatanimning to‘riga,

Poygagiga sen ham oyoq yech, bolam.

Ekin ekkin uning qiru o‘riga,

To‘kin ekkin, ekkin qolmay kech, bolam.

Qolgan gaplar bari yolg‘on, puch, bolam.

Metin bolam, qudrat bolam, kuch bolam!

* * *

“Ma’naviyat karvoni”ning Sirdaryo safaridan qaytar chog‘imiz oqchorloqlar charx urgan daryo sohillarida otayotgan oq tongni kuzatdik. Boshing uzra baxt qushlaring ketmas bo‘lib qanot yozgan, Xizr nazar qilgan oq tonglaring muborak bo‘lsin, Sirdaryo!

 

 

 

Zulfiya MO‘MINOVA,

 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2022 yil 18 oktyabr soni

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16823
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi