Agrar va industrial jamiyat a’zolari ehtiyojlarining farqli va o‘xshash jihatlari


Saqlash
10:10 / 12.10.2022 2483 0

Ma’naviy hayotning mazmuni, shakli va o‘ziga xosligini jamiyatning umumiy taraqqiyot darajasi belgilaydi. Ushbu qonun ma’naviyatni jamiyat moddiy hayotidan ajratmay, unga Yaratganning sir-asrori emas, rivojlanuvchi ijtimoiy hodisa sifatida tushunishda katta ahamiyatga ega. Agrar jamiyat kishisining dunyoqarashi, qadriyatlar tizimi, ma’naviyati, odatda, o‘rta asrlar taraqqiyot darajasiga mos. Uni sanoat, texnika, transport va aloqa tizimi taraqqiy etgan, axborot texnologiyalari yuksak rivojlangan bugungi kun kishilariniki bilan aslo taqqoslab bo‘lmaydi.

 

Agrar jamiyatda aholining aksariyati, ayniqsa, jismoniy mehnat kishilari savodsiz bo‘lgan. Bel, ketmon, omoch, o‘roq, bolta, ho‘kiz, eshak, ot-arava yordamida xo‘jalik yuritilgan. Dehqon, qo‘shchi, aravakash va kosib-hunarmanddan savodli bo‘lish talab etilmagan. Industrial jamiyatda esa zavod-fabrika ishchi va xizmatchi yo ta’mirchidan, qishloq xo‘jaligi dehqon yo traktorchidan, transport tizimi haydovchisidan, jillaqursa, boshlang‘ich ma’lumotli bo‘lishni talab qiladi. Texnologiyalarning uzluksiz murakkablashuvi bu talablarni yanada kuchaytiradi. Jamiyatning savodxonligi yangi ma’naviy-madaniy ehtiyojlarni tug‘dirib, qondirilish usullarini esa xilmaxillashtirdi. Agar savodsiz omi kishi to‘y va sayillarda baxshilar, qissaxonlarni tinglab, ma’naviy ehtiyojlarini qondirsa, savodli kishi yozma adabiyot, mumtoz mutafakkirlar asarlarini o‘qish imkoniga ega.

 

Mehnat vositalari va texnologiyasi nafaqat ishlab chiqarish usuli, munosabatlarini, shu bilan birga, yaratilgan moddiy va madaniy mahsulotlar, ta’lim olish, ilmiy va badiiy axborotdan foydalanish qanday taqsimlanishi va tarqatilishini belgilaydi. Ular muayyan jamiyatdagi iste’mol va ehtiyojlar mazmunini, shaxsning o‘zligini yuzaga chiqarish imkoniyatini aniqlaydi. Ushbu qonuniyat industrial jamiyatda umumiy, o‘rta maxsus va oliy ta’lim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, OAV iqtisodiyotning zaruriy tuzilmasiga aylanganida yaqqol ko‘rinadi.

 

Umumtamadduniy (sivilizatsion) taraqqiyot darajasi odamlarning dunyoqarashi, tafakkuri hamda jamiyatning ilm-fani, adabiyoti, madaniy saviyasini belgilaydi. Ular asosida qadriyatlar, ijtimoiy me’yorlar qaror topadi. Bu jamiyat rivojlanishining umumiy qonuni – moddiy va ma’naviy hayot mushtarakligi, o‘zaro chambarchasligining voqe bo‘lishidir.

 

Birinchi maqolada inson ehtiyojlari uzluksiz yuksalishi to‘g‘risida so‘z yuritilgan edi. Ehtiyojlarning mazmuni, o‘sish, yuksalish sur’ati jamiyatning umumtaraqqiyot darajasiga, aloqa va muloqot vositalariga, odamlar o‘rtasidagi iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, diniy, mafkuraviy, maishiy, oilaviy va boshqa aloqalarning rang-barangligi va intensivligiga bog‘liq. Boshqacha aytganda, ular mavjud tamaddun darajasiga mos bo‘lib, uning ta’sirida shakllanadi va o‘zi ham unga ta’sir ko‘rsatadi. Mazkur qonun sivilizatsiya va ma’naviyatning uzviy mushtarakligini ifodalaydi. Ibtidoiy jamiyatda odamlar o‘rtasidagi ijtimoiy aloqalar ancha qashshoq va jo‘n edi. Ular, asosan, urug‘-jamoa jipsligi, xavfsizligi, oziq-ovqat ta’minoti masalalarini hal qilishga borib taqalgan. Mana shu uch zaruratdan kelib chiqib urug‘-jamoa munosabatlari me’yorlashtirilgan, tartibga solingan, e’tiqodda, diniy marosimlarda, urf-odatlarda, raqs va qo‘shiqlarda, asotirlarda mustahkamlangan.

 

Agrar jamiyatda aqliy mehnat jismoniy mehnatdan ajraldi. Ibtidoiy sinkretizm parchalandi. Ilm-fan, adabiyot va san’at, davlat va huquq, diniy tashkilot alohida institut sifatida ajralib chiqdi, yozuv paydo bo‘ldi. Ma’naviy ong o‘sdi, ma’naviy madaniyatning alohida shakllari vujudga keldi. Shunga muvofiq ma’naviy ehtiyojlar rang-baranglik kasb etdi, mazmunan boyidi. Agrar jamiyat ikki yirik tarixiy davr – quldorlik va feodalizmga bo‘linadi. Ibtidoiy va agrar jamiyatlar vakillarining ongi, tafakkuri, bilimi, ma’naviy ehtiyojlari, turmush tarzi va ma’naviyatini taqqoslasak, ular o‘rtasida katta farq mavjudligini ko‘ramiz. Misr, Mesopotamiya, Qadimgi Xitoy, Qadimgi Eron, Qadimgi Yunoniston – ilk agrar jamiyatlar, ilk sivilizatsiyalar vatani. Ularning taraqqiyoti, madaniyati ibtidoiy jamiyatga nisbatan juda balanddir. Agrar jamiyat doirasida islom Uyg‘onish davrida Sharq, Yevropa Uyg‘onish davrida G‘arb ma’naviy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi.

 

O‘z navbatida feodal (agrar) va kapitalistik (industrial) jamiyatlar a’zolari ma’naviyati, ma’naviy ehtiyojlari, ilm-fan va adabiyoti, san’ati o‘rtasida yanada katta farq mavjud. O‘rta asrlarda yashagan kishi o‘z oldiga XX asr kishisi qo‘ygan mazmundagi inson huquqlari, erkinliklari, zamonaviy demokratik talablarni qo‘ya olmas, bo‘sh vaqtini tashkil etishning, muloqot qilishning zamonaviy vositalaridan foydalana olmas edi. Zero, ushbu qadriyatlar faqat inson ongi, tajribasi, aql-zakovati mahsuligina emas, shuningdek, tamadduniy taraqqiyot va ijtimoiy munosabatlar takomillashuvi natijasi hamdir.

 

Ma’naviyat va butun ijtimoiy taraqqiyot qonunlari odamlarning ongli faoliyati orqali yuzaga chiqishi avvalgi maqolada qayd etilgan edi. Kimdir amaldagi me’yor va qoidalarni takomillashmagan, hatto adolatsiz deb biladi va ularni o‘zgartirish kerakligini uqtiradi. Kimdir, aksincha, himoya qiladi. Keskin radikal va konservativ fikrlar o‘rtasidagi bahs, ba’zan keskin kurashlar oqilona yo‘l topishga, mavjud qoida va me’yorlarni, urf-odatlar va diniy marosimlarni takomillashtirishga xizmat qiladi. Murosa yo‘li topilmasa, kurash zo‘ravonlik vositalarida davom etadi. Ichki nizolar, fuqarolik urushlari, qo‘zg‘olonlar, inqiloblar, saroy to‘ntarishlari... har doim ham faqat hokimiyat uchun zo‘ravonlik ko‘rinishida kurashish emas. Ular ba’zida mamlakat kelajagi, davlat boshqaruvi va ijtimoiy munosabatlarni isloh qilishning murosa yo‘li topilmagani oqibati hamdir.

 

Ma’naviyat yuksalishining umumtamadduniy taraqqiyot darajasiga bog‘liqligi qonuni adabiyot va san’at misolida yaqqol ko‘rinadi. Qabilalar uyushmasi va ilk davlatchilik davrida qahramonlik eposlari vujudga keldi. Go‘ro‘g‘li turkumi, Alpomish, Rustamxon va boshqa dostonlar xalqimizga o‘sha davrdan va ilk o‘rta asrlardan meros. Ko‘chmanchi, yarimko‘chmanchi turmush tarzi, yaylov, vodiylar uchun kurash, yangi hududlarning o‘zlashtirilishi, etnoslarning tartibsiz migratsiyasi qurolli to‘qnashuvlar, o‘zaro kurashlarni tug‘dirgan. Har bir qabila (qabilalar uyushmasi), yosh davlat o‘z ideal qahramoni obrazini yaratishga, yosh avlodni ular timsolida tarbiyalashga harakat qilgan. Shu tariqa qahramonlik eposlari vujudga kelgan.

 

O‘rta asrlarda agrar jamiyat birmuncha barqarorlashdi. O‘rta asrlar islom dunyosida dastlab har tomonlama rivojlanish kuzatildi. Markazlashgan feodal davlatlar tarix sahnasiga chiqdi, hududlar bo‘lib olindi, aholining tartibsiz mayda guruhlari migratsiyasi deyarli barham topdi. Bu davrda turkiy tilda “Hibat ul-haqoyiq”, “Qutadg‘u bilig”, “Devonu lug‘atit-turk” kabi mumtoz asarlar yozildi. Bunday sharoitda turli xalqlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar, urushlar boshqacha mazmun va maqsad kasb etdi. Endi urushlar turli davlatlar – xonliklar, amirliklar, bekliklar to‘qnashuviga aylandi. Qabilaviy-etnik mafkura dunyoviy-siyosiy va diniy mafkura bilan almashdi. Islom asosida yangi sivilizatsiya qaror topib, uning axloqiy, siyosiy-huquqiy, e’tiqodiy ideallari shakllandi. Adabiyot va san’at, diniy va siyosiy mafkura yangi sivilizatsiyazaruratini, ehtiyojlarini ifodalay boshladi.Folklorni bir oz ortga surib, yozma adabiyot, professional san’atoldingio‘ringachiqdi. “Hibatul-haqoyiq”da, “Qutadg‘u bilig”da biz yangi axloqiy va e’tiqodiy ideallar in’ikosini, “Devonu lug‘atit-turk”da siyosiy-etnik jipslik ideallari va axloqiy-e’tiqodiy qadriyatlar ifodasini ko‘ramiz.

 

Ahmad Yugnakiy, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Koshg‘ariy asarlarida o‘z davridagi islom sivilizatsiyasining tarixiy talablari, ziddiyatlari, tamaddun oqimiga qo‘shilayotgan turkiy xalqlarning ehtiyojlari aks etdi. Yusuf Xos Hojib zamonida islomda zohidlik, tarkidunyochilik g‘oyalari yoyilgan edi. Shu sababdan daho bobomiz bek-u xonlarni uzlatga chekinish, tarkidunyochilikdan qaytaradi. Xalqparvarlik rahbarga Olloh tomonidan yuklatilgan burch, deya uqtiradi. Din peshvolariga (O‘zg‘urmishga) qarata esa O‘gdulmish nomidan bunday deydi:

 

Olam xalqi bari ulus, kent qo‘yib

Sendek g‘orga kirsa, ulug‘ yuk tuyib,

Dunyo buzilmasmi, bitmasmi olam,

Avlodlar yaralmas, qolmas-ku odam.

 

(Yusuf Xos Hojib. Qutadg‘u bilig. Toshkent, 2016. 304-bet).

 

Mahmud Koshg‘ariy turk tilining umumiy me’yorlarini belgilash, saqlash qatorida alohida elatlarga bo‘linib borayotgan turkiy qabilalarni qoraxoniylar davlati tevaragida birlashtirish g‘oyasini ham olg‘a surgan. Ko‘rinib turibdiki, sivilizatsiya ehtiyojlari va talablari jamiyat badiiy fikri muayyan yo‘nalishda rivojlanishini taqozo etadi. Bu boradagi misol va dalillar asosan turkiy (eski o‘zbek) adabiyotdan keltirildi. Aslida bunday misol va dalillar har qanday xalq adabiyotida topiladi. Masalan, bu davrda eron qahramonlik eposlarini qayta ishlab, yirik “Shohnoma” asarini yaratgan Firdavsiy aslida Eron buyuk davlatchilik g‘oyasini aks ettirdi. Qahramonlik eposlari asosida vujudga kelgan yozma adabiy eposlar etnik qabilachilik manfaatlarini emas, markazlashgan feodal davlat manfaatlarini ifodalay boshladi. Ibtidoiy tuzum davridagi qabila-urug‘chilik, ilk agrar, ya’ni patriarxal quldorlik jamiyatidagi mayda shahar-davlatlar mafkurasi sharoitida yuqorida sanalgan asarlarga obyektiv ehtiyoj yo‘q edi. Ularni yaratishga jamiyatning intellektual-g‘oyaviy va badiiy imkoniyatlari ham ojizlik qilar edi.

 

Alisher Navoiy davriga kelib islom to‘liq hukmron mafkuraga aylandi. Islom sivilizatsiyasi IXXII asrlardagi olamshumul yutuqlari ortidan ichki va tashqi nizolar, feodal tarqoqlik va separatizm, mo‘g‘ul istilosi kabilarni boshdan kechirib, bir muddat turg‘unlikdan keyin Amir Temur va temuriylar faoliyati bois yangi uyg‘onish bosqichiga ko‘tarildi. Adolat, inson qadr-qimmati, komil inson va adolatli podshoh g‘oyalari ijtimoiy ongda dolzarb edi. XV asrga kelib islomda tasavvuf katta mavqega erishdi. Shu sababdan mazkur g‘oyani Navoiy naqshbandiya tariqati qarashlariga muvofiq ifodaladi.

 

XV asr adabiyotida realistik obraz, muayyan tarixiy sharoitda yashaydigan, o‘z fazilat va qusurlariga ega tipik va ayni paytda, takrorlanmas individual inson obrazini, uning dunyoviy ishqini, psixologik kechinmalarini tasvirlashdan ko‘ra, qahramon timsolida insonparvarlik, ezgulik va adolat g‘oyalarini targ‘ib etish, odamlar uchun namuna, ibrat bo‘ladigan ideal qahramon qiyofasini tasvirlash, uning majoziy ishqini ko‘rsatish muhimroq edi. Insonparvarlik, insonni sevish – Xudo irodasini, ko‘rsatmasini bajarish, Xudoni sevishdir, degan g‘oya targ‘ib etilib, inson himoya qilindi, ulug‘landi. Navoiy Farhod, Majnun, Bahrom, Iskandar, Shirin, Layli va boshqa ideal obrazlar tizimini yaratdi. Asarlarida raiyatga g‘amxo‘r odil podshoh g‘oyasini ilgari surdi. Dostonlarning boshida Olloh va Payg‘ambardan keyin Husayn Boyqaroga, ayrimlarida Badiuzzamon va boshqa tarixiy shaxslarga bag‘ishlangan maqtovlardan maqsad ham raiyatparvar podshoh g‘oyasini odamlar, hukmdorlar ongiga singdirish, shu orqali nizolar va ayirmachilik kayfiyatining oldini olish edi.

 

Daho shaxslar merosi tahlil etilganda, uning o‘z tamadduni saviyasi va dolzarb muammolari bilan bog‘liqligi ayonlashadi. Navoiy ijodi islom tamaddunining adabiyot va ijtimoiy qarashlarda erishgan yutuqlari bilan uzviy bog‘liq. U Nizomiy, Dehlaviy, Jomiy badiiyati, Naqshband tariqati, Aziziddin Nasafiy falsafasi, turkiy salaflarning so‘z san’atidagi yutuqlarini teran o‘zlashtirgan va yangi pog‘onaga ko‘targan. Bu, ayni paytda, o‘sha davrda islom tamadduni duch kelgan yangi muammolar, tarixiy da’vatlarga badiiy-falsafiy javob hamdir. Navoiy ijodi islom tamadduni taraqqiyot pog‘onasini ko‘rsatuvchi ko‘zgu va uning so‘nggi o‘rta asrlardagi badiiy-falsafiy cho‘qqisidir.

 

G‘arbda tovar-pul munosabatlari rivojlanib, kapitalizm oyoqqa turishi jarayonida yangi industrial sivilizatsiya shakllandi. U XVIIXIX asrlar mobaynida insonning insonga shaxsiy qaramligiga (qullik, krepostnoylik) barham berdi, hammani qonun oldida tenglashtirdi. Bu davrda adabiyot ideal qahramonlar obrazi orqali umumiy insonparvarlik, ezgulik g‘oyalarini tarannum etishdan zamondoshlar o‘y-tashvishi, ijtimoiy ahvoli va mavqei, aniq muammolarini badiiy tahlil qilishga o‘ta boshladi. Insonparvarlik va ezgulik g‘oyalari endi konkret insonni himoya qilish, jamiyatdagi adolatsizlikni tanqid qilish orqali olg‘a suriladigan bo‘ldi. Yangi badiiy uslub – tanqidiy realizm XIX asr 30-yillarida qaror topdi. Tanqidiy realizm inson tashqi (ijtimoiy ahvoli) va ichki dunyosini (ongi, psixologiyasi, tuyg‘ulari va kechinmalari) har tomonlama tahlil qildi, ochib berdi. U ratsionalistik tafakkurga tayanar edi. Tanqidiy realizmning rivojlanishi kapitalistik (industrial) tamaddunning ratsionalizmga ishonchi so‘nib ulgurmagan, taraqqiyot chizig‘i hali uzluksiz yuqorilayotgan pallaga to‘g‘ri keldi. Shu bois u determinizm – sababiyat (sabab-oqibat) aloqalarini qat’iy yoqlar edi. U insonning har bir harakati, xulq-atvori, intilishlari-yu hissiy kechinmalarini ijtimoiy va psixologik jihatdan dalillashga urindi. Biroq ongosti hodisalariga murojaat etmadi, chunki ular ijtimoiy hayotda sezilarli rol o‘ynamas, boz ustiga, o‘sha davrda ularning na ijtimoiy, na psixologik sabablari ma’lum edi. Ongosti hodisalarini yoritish alohida badiiy tahlil va usulni taqozo etar edi.

 

XIX asr oxiri – XX asr boshlarida industrial tamaddun yanada yuqoriroq bosqichga qadam qo‘ydi. Barcha sohalarda G‘arb sivilizatsiyasining ichki ziddiyatlari qalqib chiqdi. Ilgari ular ko‘proq iqtisodiy hayotda yuz ko‘rsatib, ish tashlash va inqiloblarga sabab bo‘lardi. XIX asr oxirgi choragida siyosiy va iqtisodiy to‘qnashuvlar bir oz susaydi. Ammo inqiroz ma’naviy hayotda chuqurlashdi. Kapitalistik tamaddun ideallari, uning oqilona tuzum ekaniga ko‘pchilik ishonmay qo‘ydi. Ongosti hodisalari, odamlarning g‘ayrishuuriy xatti-harakatlari ijtimoiy hayotda tobora sezilarli iz qoldira boshladi. Irratsionalizm kuchaydi. Har xil modernistik, avangardistik oqimlar, turli-tuman tasvir va ifoda uslublari paydo bo‘ldi. Ikkinchi tomondan – adabiyot va san’at, o‘z ichki rivojlanish qonunlariga ko‘ra, tanqidiy realizm darajasida qolib ketishi, ongosti hodisalarini badiiy tahlil etmasligi mumkin emas edi. Tanqidiy realizm inson ongini har tomonlama o‘rganib, ongosti ostonasida to‘xtab qolgan bo‘lsa, modernistik adabiyot va san’at ongosti hodisalarini tasvirlash va ifodalashdan cho‘chimadi. U, tanqidiy realizm kabi, insonning hamma tuyg‘u va kechinmalarini oqilona badiiy asoslab berish, sabablarini ko‘rsatish vazifasini o‘z oldiga qo‘ymadi. Inson ichki olamidagi irratsional, aql yordamida tushuntirib bo‘lmaydigan jihatlariga ham diqqat qaratib, tasvirlab ketaverdi. Ongosti hodisalarini, ongsizlikni (agar diniy-mistik xarakterdagilari bo‘lmasa) nafaqat o‘rta asrlar, hatto XIX asr birinchi yarmi adabiyoti tasvirlay olmas edi.

 

Modernizm oqimlari industrial jamiyatdan postindustrial jamiyatga o‘tish davri mahsulidir. Ular ratsional tafakkur qatorida irratsional tafakkurning badiiy ijodda oldingi o‘rinlarga chiqishi, ularning eklektik qorishuvi, ba’zan irratsionalizmning ratsionalizmdan ustun kelishi, ba’zan ijodkorning relyativistik fikr yuritishi tufayli yuzaga keldi va rivojlandi. Postindustrial jamiyat mustahkam oyoqqa turib olgan XX asr 50-yillaridan asta-sekin yangi postmodern oqimlar tarqala boshladi. Lekin bu adabiyot va san’atda ijod to‘liq, dastlab modernizmga, so‘ng postmodernizmga o‘tib ketgan ekan-da, degani emas. Adabiyot va san’atda ijodkor shaxsi hal qiluvchi rol o‘ynaydi. U buyuk salaflari an’analariga sodiq qolib, ularni zamonga moslashtirib davom ettirishi, yangi epkin va uslublarni qabul qilmasligi mumkin. Badiiy asar siyosiy va e’tiqodiy qarashlar, sivilizatsiya evrilishlarining shunchaki in’ikosi emas, balki o‘ziga xos individual va ijtimoiy talqinidir. Shu sababdan zamonaviy adabiyot va san’atga badiiy usul hamda uslublar xilma-xilligi xos.

 

Zamonaviy postindustrial sivilizatsiyaning ma’naviyatga yana bir ta’siri (bu gal salbiy!) – ommaviy madaniyatning alohida ijtimoiy fenomenga aylanishidir. Ommaviy madaniyat deganda barcha mahsulotlar industrial usulda ishlab chiqarilishi, zamonaviy OAV – gazeta, jurnal, radio-televideniye, internet, kino kabilar nazarda tutiladi. U xalq madaniyati emas, unga milliylik, individuallik, eksklyuzivlik xos emas. Ommaviy madaniyatning o‘tgan sivilizatsiyalarda vujudga kelishi noreal edi. U moddiy va ma’naviy buyumlar tovarga aylangan, iste’mol va turmush tarzi, uy-ro‘zg‘or buyumlari, odamlar yashaydigan kvartiralardan tortib, ishga qatnaydigan transport vositalari, yeydigan ovqati-yu ko‘radigan teletomoshasi, o‘ynaydigan o‘yinigacha standartlashgan jamiyat mahsulidir.

 

Ma’naviyat yuksalishining umumtamadduniy taraqqiyot darajasiga bog‘liqligini ilm-fan va ta’lim tizimi rivoji yanada oydinlashtiradi. Agrar jamiyatda ilm-fan va xalq ta’limi iqtisodiyotning bevosita tarmog‘i bo‘lmagan. Ilm-fan, ta’lim garchi bir qadar iqtisodiyot buyurtmalarini bajarsa-da, ma’naviyatning mustaqil sohasi sifatida alohida rivojlangan. Unga ma’rifatli xonlar, vazirlar, beklar, Navoiy singari buyuk shaxslar homiylik qilgan. Ulug‘bek saltanatida Samarqandda ilm-fan gurkirab o‘sdi. Undan keyin inqirozga uchradi. Chunki ijtimoiy ishlab chiqarish ilm-fanga kuchli ehtiyoj sezmas edi.

 

Industrial jamiyatda fabrikant ta’limni, ilm-fanni yaxshi ko‘radimi, yomon ko‘radimi – bundan qat’i nazar, fan-texnika yutuqlarini, yangi texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilmasa, ishchi va injener-texnik xodimlarning malakasini oshirmasa, kasodga uchrashi tayin. Industrial ishlab chiqarish millionlab injener, texnik, iqtisodchi, buxgalter, menejer, marketolog, moliyachi, soliqchi, bank, birja, sug‘urta kompaniyalari xodimi, yurist, umuman, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilma mutaxassislariga muhtoj. Shu bois ularni tayyorlash tizimi vujudga kelib, xalq xo‘jaligining ajralmas tarmog‘iga aylandi. Minglab maktablar, o‘rta maxsus va oliy ta’lim o‘quv yurtlari va ilmiy muassasalar paydo bo‘ldi. Jamiyat ongi, bilimi, malakasi, ilm-fan, ta’lim, umuman, ma’naviyat tizimi yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. Industrial sivilizatsiya jamiyatning sinfiy va kasbiy tuzilmasi, ma’naviy ehtiyojlari va ma’naviy qiyofasini tubdan o‘zgartirib yubordi.

 

Yoki yana bir misol. Ilk fabrikantlar orasida ishchilarini ashaddiy ekspluatatsiya qiladigan, ularning sog‘lig‘iga zig‘ircha qayg‘urmaydigan toshyuraklar ko‘p edi. Biror ishchi mayib-majruh bo‘lib yoki o‘lib qolsa, fabrikant tashvish chekmagan. Ilk fabrikalarda malakasiz qo‘l mehnati ustunlik qilgan. Shu bois fabrikant ishchini yo‘qotishdan zarar ko‘rmagan. Ammo, boshqa tomondan, fabrikalarda ishchi-xodimlar soni oddiy ustaxonalarga nisbatan bir necha barobar ko‘p. Agar fabrikaning biror ishchisi yuqumli kasallikka chalinsa, dard boshqalarga ham yuqib, unumdorlik pasayib ketadi. Bunday voqealar ko‘p uchragan. Oqibatda mulkdor rahmdilligidan emas, foydadan quruq qolmaslik vajidan fabrika qoshida lazaret ochishga majbur bo‘lgan. Texnologiyalar murakkablashib, ishchi-xodimlarning malakasi katta ahamiyat kasb eta boshlashi jarayonida endi bemorni, mayib bo‘lgan mutaxassisni har kim bilan almashtirib bo‘lmasligi ayonlashgan. Fabrikant malakali ishchi-xodimini avaylay boshlagan.

 

Buning ustiga shaharlar tez o‘sgani sayin sog‘liqni saqlashning ahamiyati mamlakat miqyosida ortib boravergan. Yevropa xalqlari tarixiy xotirasida necha bor vabo, o‘lat va chechakdan aholining yarmi qirilib ketgani saqlanib qolgan. Endi esa fabrikant ham, davlat ham sog‘liqni saqlashga e’tibor qaratishga majbur bo‘ldi. Natijada ushbu tizim industrial jamiyatda iqtisodiyotning zaruriy tarmog‘iga aylandi.

 

Zamonaviy sivilizatsiya sharoitida davlat boshlig‘ining ilm-fanni, adabiyot va san’atni, ijodkor-ziyolilarni qadrlashi yoki qadrlamasligi, hatto yomon ko‘rishi jamiyat ma’naviyati rivojlanishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatsa-da, to‘xtatib qo‘ya olmaydi. Sho‘ro dohiylari – Lenin va Stalin ziyolilarni, olimlarni uncha xushlamagan, hatto nuqul nolib yuradigan tuturiqsiz, chirkin shaxslar, deb atagan. Ijodkor ziyolilarning katta qismi 20-yillar boshida mamlakatdan chet elga chiqarib yuborilgan, qolganlarning qanchasi 30-yillarda qatag‘on qilingan. Hitler hokimiyat tepasiga kelgan yillarda Germaniyada shunga o‘xshash vaziyat va siyosatni kuzatamiz. Biroq Stalin ham, Hitler ham ilm-fandan, ijodkor-ziyolilardan voz kecha olmagan. Busiz mamlakat rivojlanmas, ularning butun dunyoda bolshevistik yoki fashistik tuzumni o‘rnatish niyati amalga oshmas edi. Shu sababdan ular sarkash ijodkorlarni jazolash bilan bir qatorda tuzumga oshkora qarshi bo‘lmaganlarni o‘z tomoniga og‘dirishga harakat qilgan. Turli rag‘batlantirish yo‘llarini izlagan, unvon, mukofot, orden-medal va lavozimlar bilan taqdirlagan.

 

Shunday qilib, ma’naviyat rivojlanishi umumtamadduniy taraqqiyot darajasi va talablariga muvofiq kechadi. Bu ma’naviyat yuksalishining obyektiv qonunidir. Mazkur qonun ikki tomonlama aloqadorlikni ifodalaydi.

 

Ma’naviyat yuksalishi qanchalik umumtamadduniy taraqqiyot darajasiga bog‘liq bo‘lsa, tamaddun rivojlanishi ham shunchalik ma’naviyat taraqqiyotiga bog‘liqdir. Ma’naviyat sivilizatsiyaga aks ta’sir ko‘rsatadi. Bu, avvalo, ilm-fan, texnologiyalar, boshqaruv demokratlashuvi, inson huquqlari va erkinliklari o‘sishiga taalluqli. Bundan tashqari, ma’naviyat insonning muayyan maqsadni belgilashida, unga erishish uchun usul va vositalarni erkin tanlashida, qiyinchiliklarni yengib, olg‘a intilishida, ya’ni iroda, bilim va e’tiqod kuchida ham namoyon bo‘ladi. Ushbu o‘zaro bog‘liqlik barcha zamonlar, barcha jamiyatlar uchun xosdir. Sivilizatsiya va ma’naviyatning taraqqiyot darajalari bir-birini taqozo etadi. Bu bog‘liqlik, aloqadorlik tasodifiy emas, zaruriy, doimiy, takrorlanuvchan va birlamchi ahamiyatlidir. Shu sababdan mazkur bog‘liqlik ijtimoiy taraqqiyotning ma’naviyat yuksalishiga mansub xususiy, ammo ma’naviyatning umumiy qonunidir.

 

Ma’naviyat rivojlanishiga ijtimoiy-siyosiy muhit, boshqaruv rejimi, huquqni talqin qilish va qo‘llash amaliyoti kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Bular, ma’lumki, muayyan tamaddun xususiyatlaridan kelib chiqadigan ijtimoiy hodisalardir.

 

Albatta, ma’naviyatning turli sivilizatsiyalar sharoitida, ayniqsa industrial, postindustrial jamiyatda rivojlanishi bir chiziqli – faqat yuksalish tomon bo‘lgan emas. Ziddiyatlar, illatlar ma’naviyatga salbiy ta’sir etmay qolmagan. Jamiyat taraqqiyoti kabi ma’naviyat rivojlanishi ham murakkab. Gullab-yashnash va inqiroz davrlarini boshdan kechirgan. Bir sivilizatsiyaning boshqa sivilizatsiya bilan almashinuvi ma’naviyatni tubdan o‘zgartirib, yangi e’tiqodiy, mafkuraviy asoslarga o‘tkazgan. Bu haqda keyingi maqolada so‘z yuritamiz.

 

Abdurahim ERKAEV

 

“Tafakkur” jurnali, 2017-yil 3-son.

“Ma’naviyatning uch qonuni (ikkinchi maqola)”

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19453
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16796
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi