Inson huquqlari va manfaatlarini taʼminlashda davlat organlari bilan nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligining istiqbollari


Saqlash
16:10 / 11.10.2022 1145 0

Mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan qamrovdor islohotlarning asosiy maqsadi inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati, qonuniy ehtiyojlari va manfaatlarini, bir soʻz bilan aytganda, inson qadrini har tomonlama himoya qilishdir.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼriflaganidek, “Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini taʼminlashni nazarda tutamiz. Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, sifatli taʼlim, ijtimoiy himoya tizimi, sogʻlom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz”.

 

Harakatlar strategiyasi: fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasidagi amaliy qadamlar

 

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini himoya qilish sohasida davlat organlari bilan nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasida rivojlanayotgan ijtimoiy hamkorlik munosabatlari Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida boshlangan shiddatli va izchil islohotlarning asosiy maqsadlari bilan mushtarak hamda hamohangdir.

 

Bu haqda fikr yuritganda, avvalo, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni toʻla roʻyobga chiqarish alohida diqqat markazida turganini taʼkidlash lozim. Shu bilan birga, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarining rivoji ochiq va adolatli fuqarolik jamiyati shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, biz ijtimoiy va huquqiy davlatni bunyod etmay turib, oʻzimiz orzu qilgan adolatli va ochiq fuqarolik jamiyatiga erisha olmaymiz.

 

Harakatlar strategiyasi doirasida insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik va madaniy huquqlarini taʼminlash sohasida aniq maqsadga qaratilgan bir qator taʼsirchan chora-tadbirlar amalga oshirildi. Keyingi olti yil ichida qoʻlga kiritilgan muayyan amaliy va aniq natijalardan ayrimlariga toʻxtalish lozim, deb hisoblaymiz.

 

Birinchi natija: qariyb 350 qonun, Oʻzbekiston Prezidentining 4 ming 400 dan ortiq farmon va qarori, bir qancha milliy strategiya, konsepsiya va davlat dasturlari qabul qilindi. Ular orasida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi, Barqaror taraqqiyot sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar, Gender tenglikka erishish strategiyasi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi, Millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasi, BMTning “Yoshlar-2030” strategiyasiga asoslangan Davlatning yoshlar siyosatini rivojlantirish konsepsiyasi alohida oʻrin tutadi.

 

Ikkinchi natija: fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishning institutsional mexanizmlarini mustahkamlash boʻyicha muhim choralar koʻrildi. Xususan:

 

• Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi tashkil etildi, Parlament Ombudsmani, Biznes-Ombudsman, Bolalar Ombudsmani, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz kabi inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar faoliyati mustahkamlandi;

 

• Barqaror taraqqiyot sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi majburiyatlariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha Parlament komissiyasi, Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha Milliy komissiya singari bir qator parlament institutlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

 

Eng muhimi, jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklik institutlari izchil rivojlanmoqda. Nodavlat notijorat tashkilotlari parlament va parlament komissiyalari, shuningdek, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda roʻyobga chiqarish uchun masʼul davlat organlari faoliyatiga keng jalb etilmoqda. Shu tariqa jamiyatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrni va ahamiyati tubdan kuchaydi.

 

Uchinchi natija: ushbu sohada mamlakat Prezidenti va hukumatning 200 dan ziyod hujjati, bir qancha milliy strategiya, konsepsiya va dasturlar ishlab chiqildi hamda qabul qilindi. Xususan, kasaba uyushmalar, volontyorlik faoliyati, ayollarni taʼqib va zoʻravonliklardan himoya qilish, ayollar va erkaklarning huquq va imkoniyatlari tengligini kafolatlash, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi nihoyatda muhim qonunlar qabul qilindi hamda hayotga keng tatbiq etilmoqda.

 

Shuningdek, mamlakat Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi, nodavlat notijorat tashkilotlari, ijtimoiy sheriklik, jamoatchilik nazorati, ekologik nazorat, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, yoshlar siyosati toʻgʻrisidagi qonunlar qabul qilindi.

 

Toʻrtinchi natija: Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirishga qaratilgan keng qamrovli tashkiliy-huquqiy choralar amalga oshirildi. Natijada, bugungi kunda:

 

• nodavlat notijorat tashkilotlari soni salkam 16 foizga koʻpayib, 9 ming 800 tadan oshgan boʻlsa, mahallalar soni qariyb 10 mingtaga yetdi. Ommaviy axborot vositalari 2016-yilgi holat bilan solishtirganda, deyarli 30 foizga oʻsdi hamda hozirgi vaqtda 1 ming 962 tani tashkil etmoqda. Oʻz navbatida, milliy axborot makonidagi internet-nashrlar ikki barobarga koʻpaydi va 677 taga yetdi. Shu oʻrinda, xususiy OAV jamiyat hayotida tobora muhim oʻrin egallab borayotganini taʼkidlash lozim;

 

• siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik, madaniy va maʼrifiy maqsadlarga erishish, shuningdek, Barqaror taraqqiyot sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish borasida davlat organlari bilan nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasidagi ijtimoiy sheriklik darajasi tubdan yangi bosqichga koʻtarildi.

 

Beshinchi natija: Davlat byudjetidan ijtimoiy sheriklikni qoʻllab-quvvatlash uchun ajratiladigan mablagʻlar miqdori besh barobardan ziyod ortdi. Birgina 2022-yilning oʻzida ijtimoiy sheriklikka qaratilgan 700 tadan ortiq dastur va loyihalar davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda;

 

• Oʻzbekistonda istiqomat qiladigan 130 dan ziyod turli millat va elatlar oʻrtasida tinchlik, doʻstlik va bagʻrikenglikni mustahkamlashga xizmat qilib kelayotgan milliy madaniyat markazlarini ilk bor sezilarli darajada moliyaviy ragʻbatlantirish yoʻlga qoʻyildi. Davlat subsidiyasini oladigan nodavlat notijorat tashkilotlari safi nogironligi boʻlgan shaxslar, aholining zaif qatlamlari huquqlari va manfaatlarini himoya qiladigan fuqarolik jamiyati institutlari hamda ekologik nodavlat tashkilotlar hisobiga yanada kengaydi;

 

• mamlakatimizning 11 ta mintaqasida “Doʻstlik va NTT uyi” tashkil etilgan boʻlsa, yana 3 ta mintaqada shunday uylar ochilish arafasida turibdi. Qolaversa, 15 ta “kovorking markazi” ish boshladi. Nodavlat notijorat tashkilotlari tizimida doimiy asosda ishlaydigan xodimlar soni 52 ming kishidan oshdi.

 

Yangi Oʻzbekistonning konstitutsiyaviy oʻziga xosligi va fuqarolik jamiyati

 

Keyingi davrda nodavlat notijorat tashkilotlari, ayniqsa, “Xalq — qonunlarning yagona manbai va muallifidir” hamda “Barcha muhim qarorlar bevosita xalq bilan muloqot asosida va jamoatchilik fikrini hisobga olgan holda qabul qilinadi” degan tamoyillarni hayotga tatbiq etishda sezilarli faollik koʻrsatayotgani koʻzga tashlanmoqda.

 

Xususan, joriy yilda nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya boshchiligida konstitutsiyaviy islohot hamda Asosiy qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish masalalarining turli jihatlariga bagʻishlangan 100 dan ortiq milliy va xalqaro forum oʻtkazildi. Birinchi marotaba 200 dan ziyod milliy NNT Konstitutsiyaviy qonun loyihasini jamoatchilik, gender, bola huquqlari, inson huquqlari himoyasi va aksilkorrupsiya ekspertizalaridan oʻtkazish jarayonlarida faol ishtirok etdi.

 

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot doirasida Yangi Oʻzbekistonning konstitutsiyaviy oʻziga xosligini belgilash nazarda tutilmoqda. Bunday monandlik, oʻz navbatida, Oʻzbekistonning ochiq va adolatli fuqarolik jamiyati shakllangan davlat sifatida oʻzini namoyon etishini, jumladan, bir qator demokratik institutlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashni taqozo etadi.

 

Birinchidan, “Ijtimoiy sheriklik” instituti. Vazirlar Mahkamasi zimmasiga davlatning yoshlar siyosatini amalga oshirish, oilani qoʻllab-quvvatlash, uni mustahkamlash va muhofaza qilish choralarini koʻrish, anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, ijtimoiy himoya, shu jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslarni himoya qilish tizimini rivojlantirish, ijtimoiy sheriklik va fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash dasturlarini amalga oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot dasturlarini ishlab chiqish hamda roʻyobga chiqarish jarayonlariga nodavlat notijorat tashkilotlari faollarini jalb etish yuzasidan aniq vazifalar yuklangan.

 

Ikkinchidan, “Jamoatchilik nazorati” instituti. Bu borada, xususan, davlatning byudjet siyosati ustidan jamoatchilik nazorati oʻrnatilgani, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qonunchilik takliflarini kiritish huquqiga ega boʻlgan va kamida yuz ming kishidan iborat “Xalq tashabbusi” instituti joriy etilgani eng muhim yangiliklardan boʻldi.

 

Uchinchidan, Mahalla instituti. Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga mahalla instituti faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan normalar kiritilishi rejalashtirilmoqda. Buning natijasida oʻzbek mahallalari jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining bosh boʻgʻiniga aylanadi.

 

Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari tajribasi va xalqaro eʼtirof

 

Yangi Oʻzbekiston — ochiq va masʼuliyatli davlat, oʻz xalqaro majburiyatlarini bajarishga sodiq ishonchli sherikdir.

 

Mamlakatimizning xalqaro tashkilotlar, xususan, BMT bilan inson huquqlari sohasidagi hamkorligi soʻnggi 6 yilda tamomila yangi marralarni zabt etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-, 75- va 76-sessiyalarida, shuningdek, BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida nutq soʻzladi.

 

Jahonning oliy minbarlaridan yangragan ushbu murojaatlar asnosida Oʻzbekiston Prezidenti 30 dan ortiq tashabbusni ilgari surdi. Bu tashabbuslar, asosan, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, taʼlim, maʼnaviyat, ekologiya, turizm, inson huquqlari himoyasi va boshqa muhim sohalarga taalluqlidir.

 

Oʻzbekistonning BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga saylangani keyingi yillardagi amaliy saʼy-harakatlarimizning yuksak xalqaro eʼtirofi boʻldi. Bu borada BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyoda tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni taʼminlash”, “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik”, “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror taraqqiyot”, “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish” nomli rezolyutsiyalari qabul qilingani ham dunyo hamjamiyati tomonidan Oʻzbekiston eʼtirof etilishining yorqin va oʻziga xos ifodasidir.

 

Oʻzbekiston BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini ratifikatsiya qildi. Mamlakatimizda “Markaziy Osiyo mamlakatlari lider-ayollari muloqoti” shafeligida mintaqamizdagi xotin-qizlar fuqarolik jamiyati institutlari faollari va “BMT-ayollar” tuzilmasi vakillari ishtirokida mintaqaviy forum tashkil etildi. Shuningdek, yoshlar huquqlari boʻyicha “Yoshlarni global faoliyatga jalb etish” mavzusida butunjahon konferensiyasi oʻtkazildi.

 

Oʻzbekistonning tashabbusi asosida BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi tomonidan Pandemiya sharoitida yoshlar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi rezolyutsiya qabul qilindi.

 

Bundan tashqari, BMT tashkil topganidan buyon tarixda birinchi marotaba, Oʻzbekiston tomonining tashabbusi bilan tashkil etilgan Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi Samarqand shahrida oʻtkazildi. Forum yakunida qabul qilingan Inson huquqlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasi BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasining asosiy hujjatlaridan biri sifatida tasdiqlandi. Oʻzbekiston Parlamenti inson huquqlari sohasidagi “Samarqand ruhi”ni roʻyobga chiqarishga qaratilgan “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqladi va amalga oshirmoqda.

 

2019-yili Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasining VI yillik seminari boʻlib oʻtdi. Seminar yakunida Yoshlar huquqlari boʻyicha Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.

 

Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi: fuqarolik jamiyati bilan oʻzaro hamkorlikning yangicha andozalari

Mamlakatimizda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda yangi bosqichga koʻtarish yuzasidan bir qator amaliy takliflarni bildirish maqsadga muvofiq.

 

Birinchi taklif: “Fuqarolik jamiyati bilan oʻzaro hamkorlikning yangicha andozalari — taraqqiyotning yangi strategiyalari — xulq-atvorning yangi modeli” hamda “Maqsadlar yakdilligi va manfaatlari umumiyligi” prinsiplari asosida vakillik va ijro hokimiyatining barcha darajalarida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalarda eng muhim qarorlar qabul qilinishi jarayonlariga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini keng jalb etish tavsiya etiladi.

 

Nodavlat notijorat tashkilotlari faollari, jumladan, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi, Saylov jarayonini barqaror rivojlantirishning Milliy maqsad va vazifalari, Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiya kabi juda muhim strategiya, konsepsiya va dasturlarni amalga oshirish jarayonlarida keng ishtirok etishi zarur.

 

Ikkinchi taklif: ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning hozir amal qilayotgan shakllarini yanada rivojlantirishni taklif etaman. Xususan, bu oʻrinda:

 

• jamoaviy murojaatlar asosida mintaqaviy, sohaviy va davlat dasturlari ijrosi sifatini hamda davlat mablagʻlarining sarflanishi holatlarini tekshirish amaliyoti;

 

• jinoyatchilik, ayniqsa, odam savdosi, qiynoqlar, uyushgan va transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashish, shuningdek, penitensiar muassasalar va jazoni ijro etish muassasalarida adolat va inson huquqlariga rioya qilinishi sohalaridagi jamoatchilik nazorati;

 

• korrupsiya botqogʻiga botgan soha va tarmoqlarni aniqlash, korrupsiogen omillarning oldini olish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan toqatsiz munosabatni shakllantirish ishlari;

• aholi sogʻligʻi va genofondiga zarar yetkazadigan mavjud ekologik muammolarni bartaraf etish, qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihalarini “ekologik ekspertiza”dan oʻtkazishni yoʻlga qoʻyish;

• ayollar, yoshlar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa zaif qatlamlari muammolariga yechim topish boʻyicha ishlarni samarali va manzilli asosda tashkil etish masalalari nazarda tutilmoqda.

 

                                                   Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

Milliy markazi direktori

 

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 172-son (2022-yil 24-avgust)

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16823
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi