Ertaklar haqiqatga aylangan yurt


Saqlash
11:09 / 16.09.2022 1299 0

Bolalik xotiralarni yodga olarkanman, beixtiyor sham yogʻdusida kitob oʻqishlar, dars tayyorlashlaru, ertak tinglab uyquga ketgan oydin kechalar yodimga tushadi. Baʼzan yoz kechalarida suv sepilgan hovli oʻrtasiga joy solib, onamga “ertak ayting, ertak ayting” deb xarxasha qilardim. Oyim ham yoʻq demasdan ertak aytishga tushardi.

 

Osmondagi yulduzlarga koʻz tikib tinglarkanman, oʻzimni goʻyo ertakka tushib qolgandek his qilardim. Ayrim ertaklarni qayta-qayta eshitayotgan boʻlsam ham zerikish nimaligini sezmasdim, yana va yana eshitgim kelaverardi. Ha, ertaklar oʻzga bir olam edi.

 

Hatto kapalaklaru, qaldirgʻochlarga oshno boʻlgan yillarda onamning etagidan tutib bir chaqirim naridan suv olib kelgan vaqtlarimiz hanuz elas-elas esimda. Loy, tuproq yoʻllar, zim-ziyo koʻchalar: baʼzan yiqilib, loyga belanganim, qishning ayozli kunlarida chelak koʻtargan qoʻllarning muzlab qolishiyu, bir tomchi suvning qadri...

 

Goʻyo ertakka tushib qolgimiz kelardi: Ertaklarda obod yurt, farovon hayot, toʻkin-sochin bozorlar, katta-katta yer egalari va ularning saxovatpeshaligi hamda xalqi farovonligi uchun kecha-kunduz jon kuydiradigan adolatli podsho... va albatta, har ertak doim yaxshilik bilan murod-maqsadiga yetardi.

 

Endi oʻylab qarasam, ogʻir turmush tarzi, yoʻqchilik, inson va uning qadr-qimmati butkul unutilgan oʻsha zamonlarda ertaklar tinglab, unda xayolan yashab, baxtli hayotni his etarkanmiz. Boshqacha boʻlishi ham mumkin emasdida: eshiging tagigacha paxta ekilgan, reja bajarilmasa, koʻrpachang­ning paxtasini olib, davlatga topshiriladigan, 1-sentyabrda birinchi qoʻngʻiroq chalingan kundan to dekabrgacha barcha maktab bolalari paxtaga, dalaga quvilgan zamonlar edi. Bugun ushbu xotiralarni gapirib bersam, aksariyat yosh avlod ishonmasligi mumkin, goʻyo ertak eshitayotgandek lol qolishar ehtimol. Aslida esa bularning bari haqiqat va katta avlod bu davrning jonli guvohi.

 

Shukurki, bugun hur va ozod yurtda yashayapmiz, inson manfaatlari, huquq va erkinliklari, osuda va farovon hayoti kafolatlangan. Yurtimiz tinch, bozorlarimiz toʻkin, koʻchalarimiz charogʻon, xonadonlarimiz fayz­­li. Fermerlarimiz — katta-katta yer egalari, tadbirkorlarimiz — saxovatli, eng asosiysi, Yurtboshimiz xalqparvar, adolatli, inson qadrini ulugʻlagan. Xullas, ertaklar haqiqatga aylangan yurtda yashayapmiz. Iloha, koʻz tegmasin! Tangri taolo oʻz panohida asrasin yurtimizni, xalqimizni va uning Yurtboshisini!

 

Darhaqiqat, istiqlol tufayli oʻz yurtimizga egaligimiz, koʻhna tariximiz, boy merosimiz, milliy davlatchiligimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va anʼanalarimiz qayta tiklandi. Mehr-oqibat, bagʻri­kenglik, hamjihatlik kabi fazilatlar, farovon turmush, olijanob Yurtboshi, ona Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuygʻusi – bularning barchasi qalbimizda gʻurur, tafakkurimizda yuksalish, yuragimizda ishonch uygʻotdi.

 

Darhaqiqat, Prezidentimizning “Obod mahalla dasturi toʻgʻrisida”gi, “Obod qishloq dasturi toʻgʻrisida”gi Farmonlari hamda 2021-yilning 2-aprel kuni qabul qilingan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” das­turlari asosida bugun qishloqlarimiz har qachongidanda chiroy ochib bormoqda. Bir paytlar oʻnqir-choʻnqir, ayniqsa, yogʻin-sochin kunlarda yurib boʻlmas loy koʻchalar bugun keng va charogʻon, asfaltlangan, eng chekka qishloqlarda ham har bir xonadon toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda. Qisqasi, hududlar qiyofasi tubdan yaxshilanib bormoqda.

 

Shukurki, ertaklar haqiqatga aylandi!

 

Ha toʻgʻri, bugungi odamlar kechagi odamlar emas, bugungi Oʻzbekiston kechagi Oʻzbekiston emas. Tarixga nazar tashlasak, XIX asrning ikkinchi yarmida mamlakatimiz istilo qilingan, mustaqillik uchun kurashganlar qatagʻon qilingan. Nafaqat iqtisodiyotda, ilm-fan, madaniyat, sanʼat sohasida ham turgʻunlik davri boshlangan. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, diniy, mafkuraviy tazyiqlar avj olgan. Hech kim oʻz fikrini ochiq-oydin aytolmas, aytganlarning esa boshiga misli koʻrilmagan kulfat yogʻilar edi. Manfur siyosat tufayli millatning asl farzandlari, ziyolilar ulugʻ shoir taʼbiri bilan aytganda, “tugʻildiyu, shu on boʻgʻildi”.

 

Bugun esa Oʻzbekistonning oʻz yoʻli bor, maqsadi aniq, ertasi bugunidanda, nurli ekaniga ishonch mustahkam. Shiddat bilan rivojlanayotgan yurtimizda oʻzgarishlar har sohada oʻz aksini topmoqda. Eng asosiysi, Yangi Oʻzbekistonda inson, uning qadr-qimmati oliy qadriyat darajasiga koʻtarildi.

 

Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, “Davlat – inson uchun” degan xalqchil gʻoya izchillik bilan qaror topmoqda. Jamiyatda aholi va siyosiy partiyalarning faolligi, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli va ahamiyatini oshirishga qaratilgan, tizimli ishlar olib borilmoqda. Inson, uning haq-huquqlari, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda ishonchli himoya qilish Yangi Oʻzbekis­tonning bosh tamoyiliga aylanmoqda.

 

Aytish joizki, oʻtgan davr mobaynida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi, hayotimizning barcha jabhalarida tub oʻzgarishlar koʻzga tashlandi. Muxtasar aytganda, Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotida yangi bosqichga qadam qoʻydi.

 

Oʻzbekiston xalqining koʻp asrlik boy tarixiga nazar tashlar ekanmiz, unda taraqqiyotning bir necha rivojlanish bosqichlarini koʻrish mumkin. Bu bosqichlarda davlatchiligimizning shakllanishi, jamiyatda ilm-fan, sanʼat va madaniyatning yuksalishi jahon tamaddunining rivojiga hissa qoʻshishdek iftixorli jarayonlar koʻz oldimizda gavdalanadi.

 

Bunday ijtimoiy noyob hodisa “Renessans” – uygʻonish, qayta tiklanish, yuksalish deb ataladi. Sir emaski, bugungi kungacha Oʻzbekiston ikki buyuk uygʻonish davriga beshik boʻldi. Bu jahon ilm-fanida oʻz isbotini topgan va tan olingan tarixiy haqiqatdir. Bugun yana bir muhim Uygʻonish jarayoniga tamal toshi qoʻyilmoqda. “Yangi Oʻzbekiston” va “Uchinchi Renessans” soʻzlari hamohang jarang sochmoqda, xalqimizni ulugʻ maqsadlar sari olgʻa qadam tashlashga undamoqda. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, “Biz — dunyoga, dunyo — bizga ochiq boʻlishi kerak. Bugungi hayot, bugungi taraqqiyotning talabi ham aslida shu. Biz ana shu hal qiluvchi tamoyilni albatta hayotimiz qoidasiga aylantiramiz”.

 

Erkinlik... Bu eng ulugʻ neʼmat! Insoniyat yaralibdiki, erkin, ozod, farovon hayot kechirishni orzu qiladi.

 

Soʻz erkinligi — demokratik jamiyatning asosiy ustunlaridan biri hisoblanadi. Shu maʼnoda bugun mamlakatimiz media makonida ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Buni soʻnggi besh-olti yilda ommaviy axborot vositalari faoliyatida, ayniqsa, internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlardagi faollikda yaqqol kuzatish mumkin.

 

Qolaversa, Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida yurtdoshlarimizdagi daxldorlik tuygʻusi, oʻz kelajagiga befarq emaslikni bevosita kuzatib, shunga amin boʻldikki, boshlanayotgan yangi davr oʻzgarishlariga fuqarolarimiz oʻzlari tashabbuskor boʻlmoqdalar, islohotlarni faol qoʻllab-quvvatlamoqdalar.

 

Xabaringiz bor, Prezidentimizning tomonidan “Inson – jamiyat – davlat” tamo­yili asosida islohotlar poydevoriga tamal toshi qoʻyilgan edi. Endilikda ushbu yondashuv hayotimizning muhim qadriyatiga aylandi.

 

Buni yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz bir yilligi munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizga yuksak davlat mukofotlarini tantanali topshirish marosimida guvoh boʻlganim voqea misolida ifodalamoqchiman. Taniqli suxandon Dilorom Umarova Prezidentimiz qoʻlidan “Mehnat shuhrati” ordenini qabul qilib olarkan shunday dedi: “Umrimning 35 yili televideniyeda oʻtdi, 10 yildan buyon nafaqadaman, ammo sohadan uzilib ketmadim, yoshlarga oʻz tajribamni baholi qudrat oʻrgatib kelmoqdaman. Bu mukofot men uchun kutilmagan boʻldi. Demak, mehnatlarim qadrlandi. Yurtimizda hech bir inson eʼtiborsiz qolmaydi, olib borilayotgan islohotlarning barchasi — «Inson qadri uchun”.

 

Istiqlol — bu shunday ulugʻ neʼmatki, u asrlar toʻfonidan sogʻ-omon oʻtib, oʻzligimizni, milliy anʼana va qadriyatlarimizni anglash imkonini berdi. Uzoq yillar hukmronlik qilgan zoʻravon va mustabid tuzumning qurboni boʻlgan ota-bobolarimizning orzusi, istak va maqsadlari istiqlol tufayli roʻyobga chiqdi.

 

Bugun yurtimizning qay bir goʻshasida boʻlmang, shaharu qishloqlarimizga bormang, qaysi bir yurtdoshimiz bilan suhbatlashmang, ularning nigohida kelajakka ishonch, koʻtarinkilik, qalbida gʻurur tuygʻusi hukmronligiga guvoh boʻlasiz.

 

Toʻgʻri, yurtimizda hali muammolar ham kam emas. Hali yoʻllari toʻkis boʻlmagan, chang va oʻydim-chuqur koʻchalar ham oz emasdir. Toza ichimlik suvi, tabiiy gaz yetib bormagan joylar ham bor. Hali ish bilan taʼminlashdagi muammolar ham yetarli. Taʼlimda, sogʻliqni saqlash tizimidagi kamchiliklar ham bor gaplar. Sud-huquq tizimidagi va bosh­­qa sohalarda korrupsion holatlar uchrayotgani ham yolgʻon emas. Bular bor.

 

Lekin iymon bilan, ishonch bilan ayting, dunyoning qay yurtida muammo, kamchilik yoʻq oʻzi?

 

Ayting, ayniqsa, soʻnggi 5-6 yilda ona diyo­rimizda qanchadan-qancha muammolar hal etilmadimi, har sohada yangilanish sezilmadimi? Albatta, sezildi, namoyon boʻldi! Buni koʻrmaslik, eʼtirof etmaslik insofdan boʻlmas.

 

Yurtboshimiz doim aytmoqda, hamma muammolarni faqat oʻzimiz, oʻz kuchimiz bilan bartaraf etamiz, uni hech kim chetdan kelib hal qilib bermaydi. Shunday ekan, yurt ravnaqi, el farovonligi va inson qadri ustuvor jamiyat uchun, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish uchun bir bayroq ostida birlashaylik. Uchinchi Renessans poydevorini birgalikda quraylik va kelajak avlodlar uchun faxr-iftixorga aylanaylik.

Olimjon OʻSAROV

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi

 

“Hurriyat” mustaqil gazetasi 2022-yil 35-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16823
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi