SHHT Samarqand sammiti: xalqaro hamkorlikning yangi ufqlari


Saqlash
12:09 / 15.09.2022 879 0

Bugungi kunda dunyo nigohi joriy yilning 15-16-sentyabr kunlari qadimiy va hamisha navqiron Samarqandda boʻlib oʻtadigan oliy darajadagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkilotining 22-majlisiga qaratilgan. Samarqand sammitida tashkilotning 8 ta aʼzo mamlakat yaʼni Oʻzbekiston, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, shuningdek, 3 ta kuzatuvchi maqomidagi mamlakat - Belarus, Eron, Moʻgʻuliston hamda mehmon sifatida taklif etilgan 4 ta mamlakat - Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Armaniston davlat va hukumat rahbarlarining ishtirok etishi belgilangan va 30 dan ortiq hujjatlarning imzolanishi rejalashtirilgan.

 

Shu bilan birga, mazkur sammitda qatnashish uchun BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi, YUNESKO, Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning rahbarlari taklif etilgan.

 

Shuni alohida qayd etish joizki, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan keyingi 5 yil mobaynida SHHT sammitlari doirasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, innovatsiya kabi boshqa sohalar boʻyicha oʻzaro hamkorlik samaradorligini oshirish borasida 54 ta tashabbus ilgari surilgan. Mazkur tashabbuslarning 33 tasi tashkilot doirasida tatbiq etilib, 17 ta tashabbus Samarqand sammitida amalga oshirish rejalashtirilgan.

 

Samarqand sammitining asosiy maqsadlaridan biri SHHT aʼzo davlatlarining safini yanada kengaytirish masalasi. Shu oʻrinda sammitda tashkilotning aʼzolik maqomiga ega boʻlishga intilayotgan Eronning majburiyatlari toʻgʻrisidagi memorandum imzolanishi hamda SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida uzoq muddatga moʻljallangan yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomani 2023-2027-yillarda amalga oshirish boʻyicha keng qamrovli rejani amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan.

 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan mazkur hujjat strategik ahamiyat ega boʻlib, SHHTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan maʼqullanganligi eʼtiborga molikdir. Samarqand sammitida asosiy eʼtibor savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan. Yaʼni investitsiyalar, energetika, transport, logistika, sanoat kooperatsiyasi, axborot va telekommunikatsiyalar, qishloq xoʻjaligi, bojxona va boshqa sohalardagi sheriklikni yanada mustahkamlash boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan ishlarni amalga oshirish belgilangan. Shu bilan birga, SHHTning kuzatuvchi va muloqot boʻyicha hamkorlar aʼzoligini kengaytirish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilinishi koʻzda tutilgan.

 

Mazkur sammitning ahamiyati haqida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: oʻzaro bogʻliqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” maqolasi xalqaro hamjamiyat ekspertlari doirasida katta aks-sado bergani barchamizni behad quvontirdi. Maqolada davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev dunyoning turli nuqtalarida davom etayotgan qurolli mojarolar savdo va investitsiya oqimlarini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini taʼminlash borasidagi muammolarini yanada keskinlashtirayotganligi, shu bilan bir qatorda, global iqlim oʻzgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligining ortishi, bioxilma-xillikka putur yetishi hamda xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi jamiyatlarimizning zaif tomonlarini yanada yaqqolroq koʻrsatib berayotganligiga alohida eʼtibor qaratib oʻtadi.

 

Prezidentimiz bu muammolar insoniyat taqdiriga bevosita daxldor boʻlgan mushtarak qadriyat va neʼmatlarning yemirilishiga olib kelayotganligi hamda odamlar hayoti va faoliyatiga tahdid solib, ularning daromad manbalarini qisqartirayotganligini tashvish bilan qayd etadi.

Prezident bunday murakkab sharoitda hech bir mamlakat yolgʻiz holda ushbu global xavf-xatarlarni chetlab oʻtish yoki bartaraf etishga qodir emasligini bugun biz yashayotgan, jarayonlar oʻzaro chambarchas bogʻlangan dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yakkayu yagona yoʻli – konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan koʻp tomonlama hamkorlikda faoliyat olib borishni taqozo etishini bildiradi. Shu oʻrinda, inqiroz va boʻhronlar davrida mamlakatlar, ular xoh katta, oʻrta yoki kichik boʻlsin, oʻzlarining tor doiradagi manfaatlarini ustun qoʻymasdan, aksincha, asosiy eʼtiborni global hamjihatlikka qaratish lozimligi tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga xavf tugʻdirayotgan, har qaysi mamlakatga raxna soladigan tahdid va xatarlarga qarshi umumiy saʼy-harakat va imkoniyatlarni birlashtirish va safarbar etish, tashkilotga aʼzo barcha uchun birdek manfaatli ekanligini Prezidentimiz alohida taʼkidlab oʻtgani bejiz emas.

 

Yurtboshimizning ushbu maqolasi xorijlik ekspertlar, siyosatshunoslar tomonidan alohida eʼtirof etildi. Jumladan Xitoyning SHHT tadqiqot markazi bosh kotibi Den XAO tomonidan bildirilgan fikr ayniqsa, eʼtirofga molikdir. (Oʻzbekistonning SHHTdagi muvaffaqiyatli raisligi,birinchi navbatda, mamlakat yetakchisining siyosiy irodasi tufaylidir. Yangi Oʻzbekiston gazetasi) Den XAO: «Xitoy ekspert doiralari vakillari Oʻzbekistonning SHHTni rivojlantirishga doir konstruktiv yondashuvlari va qarashlari, jumladan, tashkilotning turli bloklardan xoli maqomga ega ekani, ochiqlik, uchinchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani, barcha ishtirokchi tomonlarning tengligi va suverenitetini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, siyosiy qarama-qarshilik va ixtilofga yoʻl qoʻymaslik singari masalalardagi nuqtayi nazariga qoʻshilishadi. Oʻzbekiston SHHT asoschilaridan biri sifatida tashkilot rivojiga muhim hissa qoʻshdi» deb yozgan.

 

Muallif Oʻzbekistonning muvaffaqiyatli raisligi, birinchi navbatda, mamlakat yetakchisining siyosiy irodasi tufayli amalga oshirayotganligiga eʼtibor qaratib oʻtadi. Den XAO oʻz fikrini davom ettirar ekan, yil davomida oʻtkazilgan saksondan ortiq yirik tadbir doirasida SHHT uchun keng qamrovli kun tartibi shakllantirilgani, bunda xavfsizlik sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, transport va iqtisodiy oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish, tashkilotning xalqaro maydondagi oʻrnini mustahkamlash, rivojlanishning yangi yoʻllari va nuqtalarini izlash kabi koʻplab muhim masalalar qamrab olinganiga eʼtibor qaratadi.

 

Anqara Inqiroz va siyosiy tadqiqotlar markazi direktori Mexmet Seyfettin Erol ham maqola haqida oʻz fikrlarini eʼlon qildi. (Oʻzbekistonning SHHTdagi muvaffaqiyatli raisligi,birinchi navbatda, mamlakat yetakchisining siyosiy irodasi tufaylidir. Yangi Oʻzbekiston gazetasi) Jumladan, «Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilish va Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ushbu tuzilma doirasida ilgari surilgan ustuvor vazifalarning amalga oshirilishi, haqiqatan ham, jahon miqyosida ishonch va geosiyosiy qarama-qarshiliklar inqirozi kuchayib borayotgan bugungi murakkab davrda SHHTning nufuzi va mavqeini mustahkamlashga xizmat qildi», deya alohida qayd etib oʻtadi u. Shu bilan birga, Mexmet Seyfettin Erol maqolada bugungi kundagi global tendensiyalarni chuqur tahlil qilishga, yangi muammolar va imkoniyatlar bilan oʻzaro bogʻliq dunyoda SHHTning xalqaro muammolar spiralidagi rolini baholashga katta eʼtibor qaratilganini, bunda Oʻzbekiston rahbari tomonidan «Har birimiz kuchli boʻlsakkina SHHT kuchli boʻladi» degan shiorni eʼlon qilgani Oʻzbekistonning tashkilotga raisligi mohiyatini ochib berganligiga alohida urgʻu qaratadi.

 

Mana shunday yana bir eʼtirof “Yagona kelajakka ega jamiyat” tahlil markazining ijrochi direktori Xolid Akram Taymur tomonidan ham aytib oʻtilgan. (Oʻzbekistonning SHHTdagi muvaffaqiyatli raisligi,birinchi navbatda, mamlakat yetakchisining siyosiy irodasi tufaylidir. Yangi Oʻzbekiston gazetasi) «Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz maqolasida Oʻzbekiston SHHT mamlakatlari bilan hamkorlikni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat berishini taʼkidlar ekan, oʻzaro bogʻliq dunyodagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha oʻz qarashlarini oʻrtoqlashgan. Toshkentning yangi mintaqaviy siyosatining asosiy maqsadi Markaziy va Janubiy Osiyoni barqarorlik va izchil rivojlanish hududiga aylantirish, ishonch, oʻzaro hurmat va yaxshi qoʻshnichilik muhitini yaratishdir», deya taʼkidlagan Xolid Akram Taymur.

 

 

Darhaqiqat, bugun Shanxay Hamkorlik Tashkilotining dunyo miqyosidagi eng dolzarb muammolarini samarali hal etishdagi oʻrni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Tashkilotga aʼzo davlatlar siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, savdo, madaniyat va gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratishmoqda. Bugungi globallashuv sharoitida mintaqaviy va xalqaro miqyosida vujudga kelayotgan keskin oʻzgarishlar davrida SHHT oʻzini koʻp tomonlama hamkorlikning taʼsirchan mexanizmi sifatida namoyon etmoqda. Xulosa qilib aytganda, SHHTning navbatdagi sammitida mintaqada xavfsizlik, iqtisodiyot, transport, ilm-fan, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlash borasidagi strategik vazifalarni amalga oshirish uchun koʻhna Samarqand sharq mashʼali sifatida yana oʻz yogʻdusini olamga taratadi.

Mansur MUSAYEV

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi,

siyosiy fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16823
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi