Bugungi kun haqiqati – hech bir mamlakat global xavf-xatarlarni yolgʻiz holda bartaraf etishga qodir emas


Saqlash
19:09 / 14.09.2022 801 0

Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti arafasida jahon afkor ommasining nigohi Samarqandga qaratilgan. Nufuzli anjumanda tashkilotga aʼzo davlatlar – Hindiston, Qozogʻiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va Oʻzbekiston, shuningdek, kuzatuvchi va hamkor davlatlar – Ozarboyjon, Armaniston, Belarus, Eron, Moʻgʻuliston, Turkmaniston va Turkiya rahbarlari qatnashishi kutilmoqda. 15 ta davlat yetakchilari va 10 ta xalqaro tashkilot rahbarlari ishtirok etishining oʻziyoq Samarqand sammitining ahamiyatini koʻrsatib turibdi.

 

Xalqaro tadbir oldidan mamlakatimiz hamda qator yetakchi xorijiy davlatlarning nufuzli gazetalari va internet-nashrlarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning dasturiy ahamiyatga ega, konseptual maqolasi chop etildi. Maqolani oʻqir ekansiz, Samarqand sammitidan nimalar kutilyapti, oliy darajadagi uchrashuv mamlakatimiz, mintaqa va umuman zamonaviy dunyo uchun qanchalik muhim, yangi davrda respublikamiz nega mintaqaviy va global miqyosda keng hamkorlik va muloqotni ilgari surmoqda, Oʻzbekistonning ShHTga raisligi tashkilot faoliyatida qanday aks etdi, degan savollarga javob topasiz.

 

“Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: oʻzaro bogʻliqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” maqolasi avvalida bir tarixiy davr nihoyasiga yetib, bashorat qilish mushkul boʻlgan yangi bir davr boshlanayotgan shiddatli jarayonlar “tarixiy evrilish” iborasi bilan ifodalangan. “Xalqaro hamkorlikning universal prinsip va normalarga asoslangan tizimi izdan chiqib borayotgani bugungi kun haqiqatidir”.

 

Davlatimiz rahbari “bugungi kun haqiqati” deganda: a) global darajada davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonchning chuqur tanazzulga yuz tutayotgani; b) bu esa geosiyosiy qarama-qarshiliklarga ragʻbat berib, “bloklarga mansublik” stereotiplarining qayta tugʻilish xavfini yuzaga keltirayotgani; s) davlatlar oʻrtasidagi bunday oʻzaro ishonchsizlik jarayoni jahon iqtisodiyotining avvalgi taraqqiyot yoʻliga qaytishini va global taʼminot zanjirlarining tiklanishini murakkablashtirayotgani hamda d) global iqlim oʻzgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligining ortishi, bioxilma-xillikka putur yetishi hamda xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishini nazarda tutadi. “Bunday murakkab sharoitda bir haqiqat aniq: hech bir mamlakat yolgʻiz holda ushbu global xavf-xatarlarni chetlab oʻtish yoki bartaraf etishga qodir emas”.

 

Oʻzbekiston oʻtgan bir yil davomida Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilar ekan, «Har birimiz kuchli boʻlsakkina, ShHT kuchli boʻladi» shiorini ilgari surib, aʼzo mamlakatlarning foydalanilmagan rezervlarini ishga solish orqali Tashkilotni jadal rivojlantirish strategiyasiga eʼtibor qaratdi. Shu paytgacha ShHTga raislik qilgan biror davlatda 80 ga yaqin tadbir tashkil etilmagan edi. Vazirlik va idoralar rahbarlari darajasida 30 ta tadbir oʻtkazildi. Mamlakatimiz ShHTning 37 ta hujjatini muvofiqlashtirish jarayonini yakunlab berdi. Shulardan 30 tasi Oʻzbekiston tashabbusi bilan, shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ishlab chiqilgani eʼtiborga molik.

 

ShHT sammitini oʻtkazish uchun Samarqand shahri tanlangani bejiz emas. Maqolada taʼkidlanganidek, bu maskanda insoniyatning tinch va farovon yashash, oʻz kuch va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish, baxtli hayot kechirish kabi mushtarak maqsadlari asrlar boʻyi mujassamlashib kelgan. Tabarruk zaminda yashaydigan har bir odam yaxshi qoʻshni Xudo insonga ato etgan baxtning bir boʻlagi ekani, tinch-totuv qoʻshnichilik esa barakot manbailigini chuqur anglagan. Zero, hamkorlik, savdo, ijod, ilm-fan va sanʼat, insoniy gʻoyalar ustuvor boʻlgan joyda ezguliklar koʻpayadi, xalqlar farovon va oʻzaro ahil yashaydi. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Samarqand ruhi” bundan 20 yil avval mamlakatlarimizning davr talablariga mos, yangi tashkilotni yaratishiga turtki bergan “Shanxay ruhi”ni uygʻun ravishda toʻldirib turadi.

 

Dilbarxon XOLJIGITOVA,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi masʼul xodimi,

Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi,

Taekvondo ITF boʻyicha ikki karra jahon chempioni

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16823
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi