ShHT boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagan


Saqlash
12:09 / 14.09.2022 1137 0

Keyingi bir yilda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga Oʻzbekiston raislik qildi. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, bu muddat dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan oʻziga xos “tarixiy evrilish” pallasiga toʻgʻri keldi – bir tarixiy davr nihoyasiga yetib, bashorat qilish mushkul boʻlgan yangi bir davr boshlanyapti. Shu yil 15-16-sentyabrda boʻlib oʻtadigan SHHTning Samarqand sammiti qabul qilinadigan qarorlar mintaqaviy darajada ham, global miqyosda ham muloqot, oʻzaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshishi kutilmoqda.

 

2001-yil sentyabr oyida tashkil topgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) xalqaro munosabatlarda yuz bergan fundamental oʻzgarishlarning mahsuli boʻlib, koʻp qutbli yangi dunyoviy tartibotni shakllantirishda ishtirok etayotgan mintaqaviy tashkilot hisoblanadi. Buni gʻarblik olimlar ham eʼtirof etmoqda. Xususan, britaniyalik ekspertlar Roy Ellison va Lena Jonsonning fikricha: «SHHT umumiylik yoki umumiy maqsad negizida yuzaga kelmagan. Boshqa xalqaro tashkilotlarda avval institutlar shakllanib, keyinchalik mazmun bilan toʻldirilgan. SHHT esa avval tor masalalar yuzasidan kelishuvga erishish va shu asosda kun tartibini kengaytirib borish yoʻlidan yurgan».

 

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti mohiyatini tushuntirishda gʻarbona nazariyalarni qoʻllab boʻlmaydi, chunki ularning negizida “xalqaro munosabatlarda yirik davlatlarning manfaatlari asosiy boʻlib, kichik mamlakatlar bu «oʻyin qoida”lariga rioya etadi», degan gʻoya yotadi. Ushbu tashkilot mutlaqo yangi geosiyosiy, iqtisodiy va sivilizatsiyaviy shart-sharoitlar taʼsirida qaror topganini inobatga olib, SHHTni “yangi mintaqaviylik” nazariyasi doirasida oʻrganish maqsadga muvofiq. Tashkilotning oʻziga xos xususiyatlarini anglashda 2002-yili qabul qilingan Xartiyasiga murojaat qilish mumkin. Unga muvofiq, “Shanxay ruhi” asosini oʻzaro ishonch, oʻzaro manfaat, tenglik, oʻzaro maslahatlashuv, madaniyatlar xilma-xilligiga nisbatan hurmat, birgalikda rivojlanishga intilish kabi tamoyillar tashkil etadi.

 

Xartiyada yana ikkita muhim asos mavjud:

1. SHHTning boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani;

2. Qarorlarning konsensus (kelishuv) asosida qabul qilinishi.

 

SHHT tashkiloti tuzilgan paytda Markaziy Osiyo mamlakatlari yosh, diplomatik tajribasi kam va siyosiy-iqtisodiy jihatdan kuchsiz boʻlishiga qaramay, Rossiya va Xitoy bilan teng va oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erisha oldi. Natijada mintaqada oʻzaro manfaatli iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy, mudofaa sohalarida hamkorlik kuchaydi. Hozirgi kunda SHHT umumiy hududi 34 million kvadrat kilometr (YevroOsiyoning 60 foiz qismi)dan iborat, 3 milliarddan oshiq aholi yashaydigan kuchli xalqaro tashkilotga aylanib bormoqda.

 

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning xavfsizlik, iqtisodiyot, transport, ilm-fan, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga doir 10 dan ortiq tashabbusi SHHT doirasida amalga oshirildi. 2018-yili Prezident qaroriga binoan Toshkentda «SHHT xalq diplomatiyasi markazi» faoliyatini boshlaganidan soʻng ijtimoiy-madaniy, xalqaro huquq, taʼlim, tasviriy sanʼat va boshqa sohalarda oʻzaro hamkorlik yanada mustahkamlandi, doʻstona munosabatlar kuchaydi.

 

Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxonada «SHHT bilim zali» ochildi. Tashkilotga aʼzo davlatlar musiqasi oʻzbek sanʼatkorlari tomonidan ijro etilib, elektron tarzda tarqatildi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining “Lider ayollar forumi” uyushtirildi. Xalqaro tinchlik kuniga bagʻishlab SHHT davlatlari bogʻcha bolajonlarining rasmlar koʻrik-tanlovi, yoshlar orasida SHHT faoliyatini targʻib etuvchi intellektual tadbirlar tashkil etildi. SHHTning 20 yilligi hamda Oʻzbekiston Mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlab «Oʻzbekiston va SHHT: barqaror rivojlanish hamkorligi» mavzusidagi davra suhbati oʻtkazildi.

 

2021-yili tashkilotga raislik Oʻzbekistonga oʻtganidan soʻng saksondan ortiq yirik tadbirlar doirasida SHHT uchun keng qamrovli kun tartibi shakllantirildi. Oʻzbekistonning raisligi davrida tayyorlangan oʻttizdan ortiq konseptual dastur, kelishuv va qarorlarda tashkilot uchun ulkan istiqbolga ega yoʻnalishlar oʻz aksini topdi. Bir soʻz bilan aytganda, SHHTning Samarqand sammitiga katta tayyorgarlik bilan kelindi. Ushbu nufuzli tadbir umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yoʻlidagi oʻzaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik prinsiplariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni yoʻlga qoʻyish borasida oʻziga xos namunaga aylanishiga ishonamiz. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Samarqand ruhi” bundan 20 yil avval mamlakatlarimizning davr talablariga mos, yangi tashkilotni yaratishiga turtki bergan “Shanxay ruhi”ni uygʻun ravishda toʻldirib turadi.

Eʼtibor SULTONOVA,

siyosiy fanlar doktori, professor,

«SHHT xalq diplomati» unvoni sohibi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16823
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi