Samarqanddan qaralganda dunyo tarqoq emas, balki yaxlit va boʻlinmas boʻlib koʻrinadi


Saqlash
17:09 / 13.09.2022 691 0

Hozirgi dunyo tub oʻzgarishlar, tafakkurdagi evrilishlar davrini boshdan kechirmoqda. Turli siyosiy maqsadlar, yangi jahon tartibotini vujudga keltirish, dunyoga egalik qilish maqsad va iddaolari jiddiy tus olmoqda. Davlatlararo va mintaqalararo manfaatlar toʻqnashuvi tobora chuqurlashmoqda. Siyosiy va gʻoyaviy qarama-qarshiliklar insoniyat taraqqiyotiga putur yetkazmoqda, umumsayyoraviy muammoga aylanmoqda.

 

Qurol-yaroq ishlab chiqarish poygasi, inson xayoliga sigʻmaydigan va tasavvur qilish qiyin boʻlgan yangidan-yangi ommaviy qirgʻin qurollarining paydo boʻlayotgani bashariyatni tashvishga solyapti. Uning buyuk orzulariga, yashash shafqu zavqiga, turmush saodatiga jiddiy tahdid tugʻdiryapti. Ana shunday murakkab iqtisodiy, maʼnaviy va ruhiy ozurdaliklar paytida inson va insoniyat hayotiga ezgulik olib kiradigan, umumdunyoviy muammolarni hal qilishda yuksak aql-idrok va boy maʼnaviy qudrat bilan yondashadigan, boshqacha aytganda, sharqona insonparvarlik va donishmandlik anʼanalarini qaltis sharoitda dadillik bilan namoyon etadigan nufuzli tuzilmaga ehtiyoj tobora oshib borayotir. Buning amaldagi ifodasi sifatida Shanxay hamkorlik tashkiloti namoyon boʻlmoqda.

 

Zotan, SHHT hech qanday harbiy-siyosiy, iqtisodiy ustunlikka intilmaydi. Davlatlarning ichki ishlariga aralashmaydi. Suverenitetini hurmat qiladi. Aʼzo davlatlar teng huquqlilik prinsipi asosida birlashgan. Hozirgi paytda SHHT makonida Yer shari aholisining yarmidan koʻprogʻi joylashgan, 2030-yillarga borib asosiy koʻpchiligini tashkil etadi. Nufuzli tuzilma mintaqa istiqbolini katta siyosiy madaniyat, siyosiy axloq, oʻzaro bir-birini tushunish va hurmat qilish tamoyillariga tayanib belgilash, bunda davlatlarning katta yo kichikligidan, aholisining koʻp yo ozligidan, iqtisodiy imkoniyatlaridan qatʼi nazar, birday javobgarligi taʼminlashga intiladi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 2022-yil 12-sentyabr sonida chop etilgan “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: oʻzaro bogʻliqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” maqolasida ana shu masalalar koʻtarilgan.

 

Davlatlararo va mintaqalararo manfaatlar toʻqnashuvi avj olayotgan, oʻzaro ishonch, bir-birini tushunish hislari kamayib borayotgan bir sharoitda SHHTning navbatdagi sammitiga mezbonlik qilish Oʻzbekistonning tobora murakkablashib borayotgan jahon siyosatida butunlay yangi, umumdunyoviy salohiyatini yana bir bor koʻrsatadi.

 

SHHTning Samarqand sammiti oʻziga xos siyosiy, ijtimoiy va maʼnaviy mazmunga ega. Zotan, qadimiy shahar uch ming yillik taraqqiyoti davrida insoniyat hayotiga nur taratib, qalbiga ziyo baxsh etib kelgan. Bir necha qudratli davlatlar poytaxti sifatida mintaqada ijtimoiy hayot darajasini mislsiz koʻtargan, fan, madaniyat, sanʼat va adabiyot rivojlanishiga zamin yaratgan, qator sivilizatsiyalarga makon boʻlgan Magʻribu Mashriqni, Shimolu Janubni bogʻlab turgan.

 

Samarqanddan yetishib chiqqan yoki Samarqand ilmiy maktabi sabogʻini olgan, olamshumul kashfiyotlari bilan insoniyat taraqqiyotiga hissa qoʻshgan olimu ulamolarning qarashlarida tor manfaatlar yuz koʻrsatmagan. Aksincha, ular uchun butun insoniyat bitta odam edi. Yer sharining qaysi nuqtasida yashamasin, inson insonligi uchun baxtli, saodatli, farovon yashash huquqiga ega ekani; millati, irqi, ijtimoiy kelib chiqishi va diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar, oliy qadriyat sanalishi; har qanday hurmat va ehtiromga loyiqligi gʻoyasini ilgari surishgan.

 

Ushbu fikrlar davlatimiz rahbarining maqolasida chuqur tahlil etilgan. “Tarixan shakllangan tushunchaga koʻra, Samarqanddan turib qaralganda, dunyo tarqoq emas, balki yaxlit va boʻlinmas boʻlib koʻrinadi. «Samarqand ruhi” degan noyob fenomenning mazmuni ham asli shunda mujassam boʻlib, u xalqaro hamkorlikning, jumladan, SHHT doirasidagi sheriklikning prinsipial jihatdan yangi formatini shakllantirish borasida mustahkam poydevor boʻlishi mumkin», deydi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

 

Davlatimiz rahbarining maqolasida, aytish mumkinki, Shanxay hamkorlik tashkilotining bugungi umumdunyoviy oʻrni va mavqei toʻlaligicha ochib berilgan. Zotan, butun insoniyat ezgulikka, yaxshilikka, mehr-muruvvatga kuchli ehtiyoj sezmoqda, bu esa SHHT hurmat-eʼtiborining oshib borishiga omil boʻlyapti. Negaki, boshqa mintaqaviy va xalqaro bloklar harbiy-siyosiy maqsadga qaratilgani bilan ishonchdan qolayotir. SHHT esa ayni ana shu umumdunyoviy ishonchga ruh bagʻishlamoqda, jon kiritmoqda. Butun insoniyatni, Yer sharini asrashning tayanchiga aylanmoqda. Buni SHHTga aʼzo boʻlish istagini bildirayotgan davlatlarning yildan-yilga koʻpayayotganida ham koʻrish mumkin.

 

SHHT mintaqaviy tashkilot sifatida dunyoga kelgan edi. Biroq boshqa mintaqadagi davlatlar ham mazkur tuzilmaga aʼzo boʻlish istagini bildirayotgani uning umumsayyoraviy ahamiyat kasb etayotganidan, insoniyatning buguni va istiqbolini belgilaydigan nufuzli tashkilotga aylanib borayotganidan dalolat beradi. Samarqand esa ana shu umumdunyoviy ehtiyojning ishonchli daʼvatkor minbariga aylanmoqda.

 

Narzulla JOʻRAYEV,

siyosiy fanlar doktori, professor,

“Maʼrifat” targʻibotchilari jamiyati aʼzosi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16823
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi