SHHT sammiti samarasi Oʻzbekiston taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtaradi


Saqlash
10:09 / 08.09.2022 774 0

Shu kunlarda yurtimizdagi ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlardagi jamoatchilik muhokamalarida Samarqandda boʻlib oʻtadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammiti toʻgʻrisidagi xabarlar bot-bot koʻzga tashlanyapti. Ammo koʻpchilik bu qanday tashkilot ekani, Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan sammitning mazmun-mohiyati va davlatimiz taraqqiyot yoʻlidagi ahamiyati haqida toʻliq tasavvurga ega emas.

 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021-2022-yillarda mamlakatimiz raislik qilayotgan ushbu nufuzli tashkilotga dastavval boshqacha koʻrinishda asos solingan. Yaʼni SHHT avval boshida Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston davlatlari oʻrtasida harbiy sohada hamda chegara hududlarida oʻzaro ishonchni mustahkamlash, qurolli kuchlarni qisqartirish boʻyicha shartnoma imzolash uchun “Shanxay forumi” yoki “Shanxay beshligi” sifatida tashkil etilgan. Biroq 2001-yilda Oʻzbekiston Respublikasi taʼsischilardan biri sifatida qoʻshilgach, Shanxay hamkorlik tashkiloti nomini olgan.

 

Tashkilotning asosiy maqsadlari mintaqada xavfsizlik, tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, xalqaro terrorizm, separatizm, ekstremizm va uning barcha koʻrinishlariga qarshi kurashish, shuningdek, giyohvand moddalar, ommaviy qirgʻin qurollarining tarqalishini oldini olishdan iborat. Bugungi kunda tashkilotga aʼzo mamlakatlar xavfsizlik bilan birga koʻptomonlama oʻzaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, gumanitar, ijtimoiy va madaniy sohalarda keng koʻlamli hamkorlikni amalga oshirishga ham alohida eʼtibor qaratmoqda. Shu bois tashkilot keyingi yillarda har jabhada kengayib, dunyo hamjamiyati hayotidagi oʻrni ortib bormoqda.

 

SHHT hozirda uch qitʼani – Osiyo, Yevropa va Afrikani qamrab olgan dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilotga aylandi. U 8 ta doimiy aʼzo, 4 ta kuzatuvchi va 9 ta muloqot boʻyicha sherik davlatlarni oʻz atrofida birlashtirgan. Yildan-yilga nufuzi ortib borayotgan mazkur tashkilotning eng muhim tadbiri – aʼzo davlatlar rahbarlari ishtirok etadigan sammit yaqin kunlarda navqiron va qadimiy Samarqand shahrida boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston raisligi davrida sammit doirasida 80 ga yaqin turli tadbirlar, aʼzo davlatlar turli soha vakillarining uchrashuvlari oʻtkazilib, koʻplab oʻzaro manfaatli shartnoma va kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, sammitda tashkilotga aʼzo boʻlish yoki kuzatuvchi maqomi uchun yuborilgan 10 ga yaqin mamlakatlarning arizalari koʻrib chiqilishi kutilmoqda. Ayni vaqtda Eron Islom Respublikasining SHHTga toʻliq aʼzo boʻlishi uchun barcha hujjatlar shay holatga keltirilgan. Tashkilot faoliyatining yangi bosqichga koʻtarilishi, yanada salmoqdor boʻlishiga xizmat qiladigan ushbu hujjatlarning aynan Samarqandda sammitida koʻrilishi uning ahamiyatini yanada oshiradi. Ushbu muhim voqelikning Oʻzbekistonda boʻlishi esa, mamlakatimiz taraqqiyotini yana bir pogʻona yuksaltirishi, shubhasiz.

 

Samarqandda boʻlib oʻtadigan SHHT sammitiga tayyorgarlik bir necha yillar oldin boshlangan edi. Xususan, 2019-yilda hukumat qarori bilan Samarqandda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sammitini oʻtkazishga tayyorgarlik ishlarini moliyalashtirish tartibi belgilandi. Sammit doirasida oʻtkazilayotgan tadbirlarda yurtimizga tashrif buyurgan har bir xorijiy nufuzli vakillar bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsan oʻzi uchrashdi. Xususan, Shanxay hamkorlik Tashkilotining xotin-qizlar forumi, SHHT aʼzo davlatlarning mudofaa, xavfsizlik va tashqi ishlari vazirlari bilan uchrashuvlar barcha uchun birdek samarali boʻldi.

 

Sammitga tayyorgarlik davrida Samarqand viloyatidagi koʻpgina tarixiy inshootlar restovratsiya qilindi. Yangidan-yangi zamonaviy binolar qad rostladi. Xususan, davlat rahbari tashabbusi bilan yangi Oʻzbekistonning bir qismi sifatida qad rostlagan xalqaro turizm markazidagi 2 ta besh yulduzli va 6 ta toʻrt yulduzli mehmonxona, 3500 kishini qabul qilish quvvatiga ega kongress хoll sammit ishtirokchilari uchun barcha qulay shart-sharoitlarni taklif eta oladi. Ushbu muhtasham inshootlar shaharning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Albatta, ushbu bunyodkorliklar SHHT sammitining yuqori darajada oʻtishiga xizmat qilibgina qolmay, balki Oʻzbekiston turizmi rivojiga katta hissa qoʻshadi. Bugungi kunga kelib Samarqand purviqor tarix va yorqin kelajak uygʻunlashgan goʻzal bir maskanga aylandi.

 

Prezidentimiz bu haqida “Buyuk ipak yoʻli” markazi ochilish marosimida alohida toʻxtalib, “Yangidan qurilib, bugun ochilayotgan “Buyuk ipak yoʻli” markazi shu yoʻldagi yana bir ulkan qadam boʻldi. Yiliga 2 million turistga xizmat qiladigan bu koʻp tarmoqli markaz tarkibida “Boqiy shahar” majmuasi, Kongress xoll, 8 ta zamonaviy mehmonxona, amfiteatr va koʻplab boshqa obyektlar mavjud», deya taʼkidladi.

 

Shu bilan birga, “Bu ulkan markaz buyuk ajdodlarimiz bunyod etgan muhtasham meʼmoriy obidalarga munosib boʻlib, ularning tarixiy anʼanalarini davom ettiradi. Ushbu majmua mamlakatimizda hozirgi paytda poydevori qurilishi boshlangan Uchinchi Renessans va oldingi tarixiy davrlar oʻrtasidagi ramziy koʻprik boʻladi, deb ishonaman”, deya ishonch bildirdi.

 

Darvoqe, sammit doirasida “Ichki mintaqaviy savdoni rivojlantirish dasturi”, “Sanoat kooperatsiyasi dasturi”, “Transport bogʻliqligi strategiyasi” kabi hujjatlarning qabul qilinishi, tashkilotga aʼzo davlatlar bilan 20 dan ortiq kelishuv, shartnomalar imzolanishi yurtimiz taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. Xulosa qilib aytganda, Samarqand sammiti SHHT va Oʻzbekiston uchun yangi davrning boshlanish nuqtasiga aylanishi kutilmoqda.

 

Jahongir DAVLETOV

Qarshi Davlat universiteti

mustaqil tadqiqotchisi

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16823
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi