Egalik tuyg‘usi – yurt va millat qayg‘usi


Saqlash
10:08 / 31.08.2022 1002 0

2016-yilning yozi kechagidek esimizda: Xotira va qadrlash kuni o‘tib, buyog‘iga – 31-avgustgacha, xudo xohlasa, “sokinlik” paytlari. Ko‘pchilik uyida yo ishida, kamchilik tog‘-bog‘larda, undan-da ozchilik Antaliyada. Xullas, Yangi yil – Navro‘z bayrami – 9-may – Mustaqillik bayrami – Konstitutsiya kuni beshligi o‘laroq “bir maromda” va bir xil kechadigan bir yillik umrimizning galdagi saratoni...

 

Iyul boshlarida ta’tilga chiqib, uyda ijod bilan band kunlarimizdan birida ko‘chadan shovqin-suron eshitilib qoldi. Tashqariga chiqib, gap gazdan “qarzdorlar”ning quvurini kesishga kelganlarga qarshi noroziliklar bilan bog‘liqligini bildik. Qisqasi, tegishli idoralarga qo‘ng‘iroq qilib, odamlar haqligi, ayniqsa, Istiqlolning 25 yillik to‘yi arafasida bunday qilish “siyosatga ham to‘g‘ri kelmasligi”ni uqdirdik, qattiq-qattiq so‘zlarni aytdik. “Kes-keslar” keyinga qoldirildi. Oradan ikki oy o‘tar-o‘tmas, endi bilsak, millatimiz va davlatimiz turish-turmushida butunlay boshqa, ayrim jihatlariga ko‘ra, yetti uxlab tushimizga kirmagan davr boshlandi...

 

Hademay, Yangi O‘zbekiston bosqichiga ham olti yil to‘ladi. Ushbu muddat tarix u yoqda tursin, bir kishi borlig‘i uchun ham o‘ta kichikdir. Biroq ko‘z o‘ngimizda yuz bergan va berayotgan sifat o‘zgarishlari juda ko‘p, o‘ta yangi, kutilmagan, desak hech kim inkor etolmaydi.

 

Atigi olti yil burun odamlarimizning yurish-turishi, quvonch-tashvishi, imkon-istagi nimalardan iborat edi? Axborot vositalarimiz, turli yig‘ilishlar, choyxonalar, tor doiralarda aytar so‘zlarimiz mazmuni-chi? Nimalarning tashvishini qilar edik?

 

To‘g‘ri, ularni xotirada tiklash bugun qiyin (balki istamasmiz). Negaki o‘sha hayotning ancha-munchasini esdan chiqarib qo‘ydik. U turmushimiz tarixga aylanib ulgurgani, u paytlardagi muammolarning asosiylari endi yo‘qligi, qaytarilmayotgani uchun shunday bo‘lmoqda! Orqaga qayrilib qarashga ehtiyoj va istak sezmayotganimiz uchun shunday bo‘lmoqda! Qizig‘i, ich va tashdagi ayrim “maxsus” odamlarni sanamaganda, so‘nggi yillarda mustamlaka zamoni, ayniqsa, uning sovet bosqichini qo‘msashlar ham quloqqa chalinmay qoldi. Yangi O‘zbekistonimiz afzalliklari – avloddan avlodga o‘tib kelgan turg‘un hayotdan butunlay boshqachasi ham bor ekanini ko‘rib, tuyib turganimiz o‘laroq shunday bo‘lmoqda!

 

Shu bilan birga, barcha ishlarimiz mixdek, desak egrilik qilamiz. Ayrimlari necha yuz yoki o‘n yillik, ba’zilari chorak asrlik tarjimai holga ega muammolarimiz, oldimizda turgan turli-tuman to‘siqlar yetarli. Ularni yengib o‘tish uchun ko‘p kuch, bilim, iroda va vaqt talab qilinishi ham tabiiy. Biroq ular orasida bittasi – qolganlarini hal etishda o‘ta asqotadigani bor. Bu – egalik tuyg‘usi!

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilk kunlardanoq millatimiz ongiga uzluksiz singdirib kelayotgan g‘oyalar sirasidagi ushbu tuyg‘uning o‘zi nima, unda qanday sir bor, uning kuch-qudrati-yu zarurati nimada?

 

O‘zbekning endigi avlodi uchun umuman tanish egalik tuyg‘usi tushunchasi ijtimoiy voqelik o‘laroq kamida yuz yil biz uchun yot bo‘lib kelgan, desak rostini aytgan bo‘lamiz. Holbuki, usiz har qanday tiriklik uchun bu dunyo qorong‘udir.

 

Oddiy odamlar orasida mehnatning o‘rnini ko‘pirtirgan kommunistik mafkura insonning shaxs, olomonning xalq bo‘lishi uchun qanday omillar zarurligi borasida g‘iq etmagani bejiz emas. Negaki u tuzumga quldek ishlaydigan “mehnatkash”, faqat qorin va arzon tomosha g‘amida yashaydigan olomon kerak edi. O‘rta va keksa avlod uchun siyqasi chiqib ketgan “proletariat” (proletarius) atamasi aslida urchituvchi ma’nosini anglatishini juda ko‘pchilik bilmasligiga ishonchimiz komil. O‘zlarini yo‘qsillar davlati, deya e’lon qilgan bolsheviklar dohi-yu yetakchilarining esa bunga aqllari yetmasligi mumkin emasdi. Yetgan va o‘z izzat-nafslarini qondirib, hokimiyatni qo‘lga olish uchun ularga aynan shu toifa ahli – nasl qoldirishdan o‘zgasiga yaramaydigan yo‘qsillar zarur edi.

 

Yer yuzining oltidan biridagi “xalqlar turmasi”da ro‘y bergan ushbu “tarixiy” o‘zgarishning fojiali oqibatiga hozirgi avlod, umuman aqli tetik kishilar ishonmasliklari aniq: asrlar ichra odamlarning o‘z mulki bo‘lib kelgan yeri, dalasi, bog‘i, uy-joyi, korxonasi, do‘koni, mol-holi, ish quroli, shaxsiy moddiy va madaniy boyligi shunchaki tortib olingan-qo‘yilgan. Bu ham yetmagandek, egalari otib tashlangan, surgun qilingan, qamalgan. Bolalariga esa kurakda turmas turli-tuman tavqi la’nat-u tamg‘alar yopishtirilgan.

 

Masjid, cherkov, kanisalar yopilib, diniy e’tiqod taqiqlangani-chi?!

 

Necha ming yillik milliy tarix, til, adabiyot, falsafa, san’at, jug‘rofiya ham o‘shanda yo‘q qilindi. Bolsheviklar iskanjasiga tushgan barcha xalqlar qatori biz o‘zbeklarning ham “chin tarixi” 1924-yildan boshlatib, quldor, feodal, kapitalist va kommunistga ajratib berildi. Tilimiz ruslashtirildi, adabiyot, san’at, falsafa, san’atimiz sovetlashtirildi.

 

Shu tariqa, qandaydir o‘n-o‘n besh yil ichida ayrim xalqlar, masalan, biz o‘zbeklar minglab yillar, ba’zi xalqlar asrlar osha yaratib kelgan moddiy, madaniy va ma’naviy meros chippakka chiqarildi-qo‘yildi. Yovvoyi insonni hazrati qilgan bunday tengsiz boylik – moddiy va aqliy mulkdan mosuvo qilinishi o‘laroq imperiyadagi salkam ikki yuz million kishi hech vaqosiz qoldi, yoppasiga yo‘qsil bo‘ldi-qo‘ydi.

 

Keyingi o‘n yilliklarda olib borilgan maqsadga muvofiq surbet siyosat oqibati hamda nimasidandir ayrilgan bo‘lsa-da, biroq kechagina mulki bo‘lgan qatlamlar tabiiy ravishda o‘tib ketganlari sharoitida, to imperiya birlamchi parchalangunga qadar kechgan katta muddatda ongida ham, qonida ham egalik tuyg‘usi yo‘q bo‘lgan avlodlar tarbiyalandi, obdon pishitildi...

 

Davlat mustaqilligimizni tiklagach lug‘atimizda yangi paydo bo‘lgan tushunchalardan biri “o‘z taqdirimizni o‘z qo‘limizga olganimiz”dir. Shaklan to‘g‘ri ushbu ta’kid aslida ham shundaymidi? Inson, jamoa, millatning taqdiri nimalarda namoyon bo‘ladi, bo‘lishi kerak?

 

So‘roqqa javoblar turlicha bo‘lishi tabiiy. Bizningcha, o‘sha inson, jamoa, millat o‘ziga tegishli moddiy va aqliy boylikka rostmana egalik qilishida! O‘ttiz bir yillik mustaqil taraqqiyotimiz, ayniqsa, uning yigirma besh va olti yillik ikki bosqichining tahlili shunday xulosa qilishimizga undamoqda. Yanada chuqurlashsak, o‘zlikni anglash, yutuq va kamchiliklarni xolis baholash, muammolarning eng oqilona yechimini topish yo‘lidagi yopiq eshiklarning kaliti xuddi shu omil bilan bog‘liqdir, deb ishonamiz.

 

1991-yili biz bosh siyosiy maqsadimizga erishdik – davlat mustaqilligimizni tikladik. Bu ishni yurtimizda erkin, farovon va ilg‘or hayot qurish uchun qildik. Shu bilan birga, bunday turmushni egalik tuyg‘usi bor ozod shaxslargina barpo etishi mumkin va kerakligiga bepisand bo‘ldik...

 

Qaramlik zanjirlari uzib tashlangach ham, davlat istagan paytida xohlaganini qilib tursa – dehqondan yer, yetishtirgan hosilini, ishbilarmondan korxonasi-yu bankdagi pulini tortib olsa, fuqarosining uy-joyini buzsa, paxta dalasiga haydasa, peshona terisi bilan topgan pensiyasidan urib qolsa, kasalini tuzatish, bolasini o‘qitishga imkon bermasa, ish o‘rni yaratmasa, xalq boyligi sanalmish oltin-u xorij valyuta, tashqariga ketayotgan boyliklarining hisobini bermasa, o‘zini chetga chiqarmasa, poytaxtiga kiritmasa, solig‘ini undirsa-yu, yo‘lini tuzatmasa, e’tiqod qilishiga g‘ashlik ko‘rsatsa, istagan kishisini qamasa, tashabbus ko‘rsatgan, o‘z fikrini bildirganni jazolasa, yaxshilarni yomonning qo‘liga topshirib qo‘ysa..., bir so‘z bilan aytganda, dushmanning yoki quldorning ishini qilsa, kim ham uni meniki deydi, unga talpinadi, mehr qo‘yadi?!

 

Oqibatda sovet davrining “bu – davlatniki, bu esa – meniki” oltin qoidasi ishlashda davom etavergan: davlat mablag‘larini talon-taroj etish, ishlab chiqarish, qurilishlarni o‘lda-jo‘lda qilish, ashyolarni o‘g‘irlash, dehqonchilikda qo‘shib yozish, yoqilg‘i, o‘g‘itni sotib yuborish, yerni ayovsiz “zo‘rlash”, ta’lim va sog‘liqni saqlashda poraxo‘rlik, ilm-fanda ko‘zbo‘yamachilik, dinda munofiqlik, to‘y-hashamlarda kim o‘zarlik va isrofgarchilik, adabiyot va san’atda iste’dodsizlik, yig‘ilishlarda qarsakbozlik, axborot makonida ura-urachilik avj oldi, gurkiradi, ko‘nikmaga aylandi. Xalq o‘zi manba bo‘lgan hokimiyat – davlatni hech qanaqisiga ayamay qo‘ydi! Davlatga qarshi qilib kelingan achchiqlik, millatimiz va yurtimiz ro‘shnoligiga qanchalar qimmatga tushganini chamalashga hatto qo‘rqasan kishi!

 

Shu yerda, yuz yil shu yo‘sin va muhitda yashab, to‘rt-besh avlod almashuvidan o‘tgan omma ongiga yurt va davlat egaligi hissini singdirish jarayoni qanchalar og‘ir kechishini bir tasavvur qilib ko‘raylik! Shu nuqtayi nazardan fikrlaganda, milliy yetakchimiz Shavkat Mirziyoyev 2016-yil kuzida o‘rtaga tashlagan ilk va birontamizning xayolimizda ham bo‘lmagan – bundan buyon odamlar davlatning emas, balki davlat odamlarning xizmatida bo‘lishi g‘oyasining o‘zagida aslida egalik tuyg‘usi omilini yuzaga chiqarish istagi yotgani ayonlashadi-qoladi. Negaki bu yurt, davlat meniki, uni men tuzaman, nazorat qilaman, unga boshdan-oyoq, ikir-chikirigacha men javobgarman qarashi bor fuqarogina uni asraydi, qo‘riqlaydi, kerak bo‘lsa, uning uchun jonini beradi. Shunday tuyg‘usi bor yoki unga intilgan millat, o‘z xudbinligini egalik va daxldorlikka yo‘g‘rita olgan odamlargina kattadan-katta, zaururdan-zarur ishlarga qodir bo‘ladi, har qanday qiyinchiliklarga chidab beradi!

 

Insonga xos bir yanglishish bor: ko‘pincha masalaning tashiga mahliyo bo‘lib, uning ichidagi mazmun va muddaoni esdan chiqarib qo‘yadi yoki hatto bilmaydi ham. Endilikda og‘izdan tushmas “demokratiya” xalq hokimiyatini anglatishi ma’lum. Biroq muayyan bir zamon va jamiyatda unga erishish yo‘llarini har kim ham ko‘rsatib, tushuntirib berolmaydi. Mazkur o‘ta zarur va og‘ir ish eplanmas ekan, ko‘pchilikni ko‘zlangan maqsad sari yetaklash qiyin yoki butunlay samarasiz bo‘lib qolaveradi.

 

Shu ma’noda, Prezidentimizning davlat xalq xizmatida bo‘lishiga oid siyosatining mag‘zi ham uch ming yil yakkahukmdorlik negizida faoliyat ko‘rsatib kelgan o‘zbek davlatchiligi uchun butunlay yangilik o‘laroq chinakam demokratiyani qaror toptirish bilan bog‘liqdir, desak adashmaymiz. O‘tgan qisqa yillar ichida bu borada erishilgan, tarixiy deb baholashga munosib marralarning qo‘lga kiritilishini ham mazkur xulosa orqali tushuntirgan bo‘lardik.

 

Xalq qabulxonalari tizimining yaratilishi, vakillik idoralari faoliyatining davlat hokimiyati taqsimoti talablariga ko‘ra yuritila boshlanishi, ayniqsa, ijro hokimiyatining Oliy Majlis va mahalliy kengashlar oldidagi hisobdorligining yo‘lga qo‘yilishi, siyosiy partiyalarning nisbatan jonlanishi va ayrolanishi, kuch ishlatar tuzilmalarning salkam bir asrlik zo‘ravonlik tabiatining bir yuz sakson darajaga o‘zgartirilishi, davlat tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va axborot olish erkinligini ta’minlash singari omillarning siyosiy hayotimizga kirib kelibgina qolmay, majburiylik kasb etib borayotganining qimmatini tushungan tushunadi, tushunmagan esa yo‘q.

 

Negaki davlatchilik va milliyatchiligimiz uchun hayot-mamot masalasi bo‘lmish mazkur jarayon o‘z-o‘zidan va osonlikcha kechayotgani yo‘q. Eskicha qarash tarafdorlarining sillasi hali ham qurib bo‘lmaganidan tashqari, yangicha sharoitdan xudbin manfaatlari yo‘lida foydalanishga chog‘lanib turganlar ham borligini ochiq aytishimiz shart. Faqat va faqat milliy yetakchimiz Shavkat Mirziyoyevning qat’iy irodasi, mustahkam sabri, sinmas e’tiqodi va ko‘zlangan maqsadga erishishga bo‘lgan qattiq ishonchi hamda tegishli moddiy va ma’naviy poydevorning yaratib kelinayotgani o‘laroq har qanday jamiyat uchun o‘ta qaltis sanalmish ushbu jarayon ortiqcha talo-to‘plarsiz kechmoqda.

 

Eng muhimi, shu tariqa – sezilgan-sezilmagan ravishda, siyosiy voqeligimiz uchun egalik tuyg‘usi tarbiyalanib bormoqda. Buni oy boshida “Qoraqalpog‘iston omili” orqali Yangi O‘zbekistonni silkitishga bo‘lgan urinishlar tahlili o‘laroq tug‘ilgan bosh xulosa ham isbotladi-qo‘ydi: dunyoqarashi, ijtimoiy qatlami, bilim darajasi, yashash yeri, yoshi va jinsidan qat’iy nazar mutlaq ko‘pchilik davlatimiz va yurtimiz bo‘linmasligi, xalqimiz tarqalmasligini qo‘llab chiqdi! Ya’ni O‘zbekistonning egasi bor va bu uning o‘ttiz besh millionlik xalqidir!

 

So‘nggi ikki yilda turmushimizda sodir bo‘lgan uch tarixiy voqea – dehqonchilikka mo‘ljallanmagan yer maydonlarini xususiylashtirish, elektron kimoshdi savdosida sotish hamda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli yer maydonlari jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganda, bozor bahosida qoplab berishning qonuniylashtirib qo‘yilishi egalik tuyg‘usini tarbiyalash va uning moddiy negizini mustahkamlashda tengsiz ahamiyatga ega, deb ishonamiz.

 

Yuz yil oldin sovet hokimiyati ota-bobolarimiz xususiy mulki bo‘lgan yerlarni zo‘rovonlik bilan tortib olgani bilan bog‘liq fojia va uning keyingi uzoq yillardagi oqibatlari inobatga olinsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu o‘zgarishlar chindan ham tarixiy bo‘ldi. Negaki oradan bir asr o‘tib tarixiy adolat tiklandi: odamlarimizda yerga nisbatan mulk huquqi – egalik tuyg‘usining qonuniy asosi yaratildi. O‘tmishda ota-bobolarimizning bosqinchilarga qarshi kurashlarda har bir qarich yer uchun jon olib, jon berganida mazkur omilning ham o‘z o‘rni bo‘lganiga shubha yo‘q.

 

O‘q ildizi kolxozlar-u “gulag”larga borib taqaladigan majburiy mehnatdan qutulganimiz, davlat tomonidan paxta va g‘alla xarid narxlarini qat’iy belgilash amaliyoti butunlay bekor qilingani insonning o‘z mehnati va uning mahsuliga bo‘lgan egalik tuyg‘usini qanchalar parvarishlashini tasavvur qilib ko‘raylik!

 

Bir oycha burun institutimizning o‘n besh chog‘liq yosh olimlari bilan Turkiyaga qilingan ilmiy safar paytida shaxsan guvohi bo‘lingan voqea 2017-yili milliy pulimizning xalqaro pul bozoridagi mavqeining o‘rnatilishi qorako‘zlarimiz uchun qanchalar katta ahamiyat kasb etganini isbotladi-qo‘ydi: har kim o‘z holiga ko‘ra so‘m (!) “solib” olib ketgan visa card orqali ushbu mamlakatda har qanday to‘lov hech bir gap-so‘zsiz amalga oshirildi. Buning egalik tuyg‘usiga qanday aloqasi bor? Turklar tegishli mablag‘ni lirada yechib oldi, biz esa so‘m – o‘z pulimizda to‘ladik. O‘zgalarning aqchasiga bog‘langanlikdan qutuldik, o‘z pulimizning haqiqiy egasi bo‘ldik!

 

Inson o‘z fikri, mustaqil dunyoqarashiga ega bo‘lishi borasida ko‘p gapiramiz. Biroq rostmana va zamonaviy bilimlarsiz bunday mustaqil fikrdan shaxs va jamiyatga ne foyda? Shu ma’noda, qandaydir ikki-uch yilda amalga oshirilgan yana bir tarixiy ish – ta’lim tizimida boshlangan tub o‘zgarishlarning qimmati vaqt o‘tgani sayin ayonlashib boraverishiga qattiq ishonamiz. Milliy yetakchimizning “najot – bilim”da chaqiriqlari uzoq yillar “zamon – zo‘rniki” bo‘lib kelgan jamiyat dunyoqarashi va borlig‘iga qanchalar kuchli ta’sir ko‘rsatgani va ko‘rsatayotganini hali ko‘p tan olamiz. Negaki endi bola-chaqalarimiz taqdiri – millatimiz va davlatimiz kelajagini “test” ortida turgan “shaytonlar”ga emas, balki farzandlarimizning qanchalar haqqoniy bilim egalari bo‘lishi milliy dunyoqarashmizga bog‘liq bo‘lib bormoqda!

 

Davlatimiz boshlig‘i ilk kunlardan olg‘a surib kelayotgan g‘oyalardan yana biri biz hali o‘z ustimizda ko‘p ishlashimiz, tinmay izlanishimiz va o‘rganishimiz lozimligi bilan bog‘liqdir. Ushbu jarayonni esa zamonaviy va milliy ilm-fan tizimisiz tasavvur qilib ham, boshqarib ham bo‘lmasligi ayon. Afsuski, mustaqillik yillarida bu borada olib borilgan g‘ayriilmiy va g‘ayrimilliy siyosat oqibatida ilm-fan sohasi iste’dodlar va fidoyilardan tashqari, yumshoqroq qilib aytganda, boshqa yo‘nalishlarda omadi chopmagan tasodifiy odamlarning ham panohiga aylanib qolganini ochiq aytishimiz lozim. So‘nggi yillarda ilm-fanga bo‘lgan alohida diqqat-e’tibor, nihoyat, bu borada davlat siyosatining paydo bo‘lishi, ayniqsa, ilmiy xodimlar oyligining uch marta oshirilib, erkin ijod qilish, xalqaro hamkorlikni bemalol yo‘lga qo‘yish imkoni tug‘dirib berilgani natijasida iqtidorli yoshlarning ilmiy faoliyatga intilishi yaqqol sezilmoqda. Boshqacha aytganda, juda katta qiyinchiliklar bilan bo‘lsa-da, mustamlaka zamoni va yevromarkazlashuv “ilmiy yondashuvlari” va ta’sirlaridan qutilish yo‘lidan borayotgan ilm-fanimizning ham o‘z egalari maydonga chiqmoqdalar.

 

Yangi O‘zbekiston bog‘ida yaratilib, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod hamda eng oliy darajadagi xorijiy mehmonlar ziyoratgohiga aylantirilgan Mustaqillik monumenti Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 3000 yillik milliy davlatchiligimizga qo‘yilgan o‘ziga xos yodgorlik bo‘lganini alohida urg‘ulagan bo‘lardik. Mustamlaka davrimiz va keyingi chorak asrni qo‘shganda, yuz ellik yil buyuk o‘tmishimiz, jumladan, Birinchi va Ikkinchi Uyg‘onish bosqichlarimiz talon-taroj qilingani, toptalgani va kamsitilgani, hatto endi ham shu maqsaddagi ayrim chiranishlar borligi ko‘zda tutilsa, ushbu voqeaning davlatchiligimiz va milliyatchiligimizdagi tengsiz ahamiyati oydinlashadi-qo‘yadi: 1991-yili davlat mustaqilligimizni tiklagan bo‘lsak, 2021-yili 3000 yillik milliy davlatchilik madaniyatiga egaligimiz – biz o‘zbeklar tarix maydonida kecha paydo bo‘lmagan millat ekanimizni muhrlab qo‘ydik. Davlatimiz rahbarining so‘zlari bilan aytganda, bitta millat, bitta davlat bo‘ldik!

 

Shu o‘rinda, yana bir o‘ta muhim masalaga diqqatni qaratgan bo‘lardik. Ming yillar ichra ko‘pincha jahon siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-madaniy markazi bo‘lib kelgan o‘zbek davlati ushbu maqomga mintaqalar, xalqlarni birlashtirish orqali erishganini uqdirish payti keldi, deb o‘ylaymiz. Murakkablashib borayotgan bu dunyoda qadimgi Turon, Turkiston – Markaziy Osiyo doirasidagi hamjihatlikni ta’minlash, Janubiy Osiyo bilan tabiiy va tarixiy bog‘liqliklarimizni tiklash, O‘rta va Yaqin Sharqqa nisbatan oqilona siyosat, Sharqiy Osiyo, Yevropa, Amerikaga qaratilgan salmoqli munosabat Yangi O‘zbekiston bosqichi tashqi siyosatida ham azaliy qadriyatlardan kuch olayotgan o‘z qarash va asoslarimizga ega bo‘lganimizdan dalolatdir, albatta.

 

Ota-bobolarimiz muqaddas dini bo‘lmish musulmonchilik barqarorligi va ravnaqida ustunlik e’tiqod erkinligi va ilmga berilishi har qanday jamiyat uchun o‘ta zarur ushbu sohaning ham donishmand egasi oyoqqa turganini ko‘rsatmoqda.

 

So‘nggi yillarda madaniy turmushimizda yuz bergan ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar orasida tarixiy-madaniy yodgorliklarimizni og‘izda emas, amalda asrash tizimining yo‘lga qo‘yilgani, Baxshichilik san’ati markazi,  O‘zbek milliy maqom san’ati markazi, “O‘zbek maqomi tarixi va nazariyasi” kafedrasi tashkil etilgani hamda pedagogik oliy musiqiy ta’lim yo‘nalishida maqom san’atini maxsus fan sifatida o‘qitish belgilanganini alohida urg‘ulagan bo‘lardik. Negaki, nihoyat, madaniy va ma’naviy borlig‘imizning ildizlarini o‘z qo‘limizga oldik, o‘zimizni ularning haqiqiy egalari o‘laroq tuta boshladik.

 

Erkinlik – ulug‘ va tengsiz boylik! Bu haqda aytilgan, yozilganlar juda ko‘p va xilma-xildir. Ular orasida tez-tez qo‘llanadigani va ta’sirlisi Muso payg‘ambarning o‘z qavmini qirq yil sarson-sargardonlikda olib yurib, qullik ruhiyatidan butunlay xalos qilgani bilan bog‘liq rivoyatdir. Xom sut emgan banda o‘zimiz ham undan ilhomlangan paytlarimiz bo‘lgan. Biroq dono, to‘zimli va shafqatsiz o‘qituvchi – turmush tajribasi boshqa muhimroq qoida ham borligini ko‘rsatmoqda. U ham bo‘lsa, inson shaxs va omma millat bo‘lishi uchun quruq, o‘shanda ham ko‘proq qog‘ozda-yu rivoyatlardagi erkinlikning o‘zi yetarli emas ekan. Buning uchun o‘z g‘oyalari, mafkurasi, qadriyatlari, moddiy va aqliy mulklariga bo‘lgan haqqoniy egalik tuyg‘usi o‘ta-o‘ta zarur ekan. 3000 yillik davlatchilik rivojimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tarixiy xizmati ham aslida ushbu tuyg‘uni har bir avlod ongiga singdirish orqali yangi O‘zbekistonning hech qachon yengilmas egalarini yetishtirish, yurt qayg‘usida yashash va ishlashga qodir millatni tarbiyalashdan iboratdir, deb ishonamiz.

 

Azamat ZIYO,

Tarix instituti direktori,

tarix fanlari doktori, professor

 

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi,

2022-yil 28-iyul, 152-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16822
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi